Xoll effekti to’liq malumot oling

Xoll effekti to’liq malumot oling

1879-yilda amerikalik fizik Edvin Xoll qiziq bir fizik tajriba oʻtkazdi. U yupqa toʻrtburchak oltin plastinani kuchli magnit maydoniga, ushbu magnit maydoni tekisligiga perpendikulyar tarzda joylashtirdi. Keling, x va xʼ oʻsha tilla toʻrtburchakning ikkita qarama-qarshi tomonini ifodalasin, y va yʼ esa qolgan yana ikkita qarama-qarshi tomoni boʻlsin.

Olim tilla toʻrtburchakning x va xʼ tomonlariga batareykaning qutblarini uladi va tok x yoʻnalishda oqishni boshladi. Shunda Xoll hayrat bilan shuni kuzatdiki, y va yʼ tomonlar orasida ham muayyan elektr kuchlanishi yuzaga keldi. Ushbu kuchlanish esa tokning zichligi va magnit maydoni qiymati Bz ning koʻpaytmasiga proporsional ekan. 

Koʻp yillar mobaynida Xoll effektidan amaliy foydalanish sohasini topish qiyin boʻldi. Chunki bunda hosil boʻlayotgan kuchlanish qiymati juda past edi. Lekin ushbu effekt XX asrning ikkinchi yarmida butun dunyo boʻylab son-sanoqsiz sondagi ilmiy tadqiqot va tajriba-sinov ishlanmalarida anchayin foydali manba sifatida qoʻllanildi. 

Aytish joizki, Xoll tomonidan bunday past kuchlanishning kashf qilishi elektron kashf qilinishidan naq 18 yil avvalroq sodir boʻlgan edi.

Xoll konstantasi RH — induksiyalangan elektr maydoni Ey ning tok zichligi jx va Bz koʻpaytmasi bilan oʻzaro nisbatiga teng:

Xoll effekti

Y oʻqi boʻylab yuzaga keladigan kuchlanish va tok kuchining oʻzaro nisbati xoll qarshiligi deyiladi. Xoll konstantasi ham, xoll qarshiligi ham qaralayotgan moddaning xossasi boʻladi. Xoll effekti magnit maydoni va tok tashuvchilarining zichligini oʻlchashda juda ham qoʻl keluvchi, muhim fizik effekt boʻlib chiqdi. Biz ataylab “tok tashuvchilari” degan jumlani qoʻllamoqdamiz.

Chunki biz bilgan elektr tokini nafaqat elektronlar, balki boshqa turdagi zaryadlangan zarralar ham tashishi mumkin. Masalan, musbat zaryadlangan tok tashuvchilaridan teshiklarni eslash oʻrinli.

xoll effekti 2

Zamonaviy peyntbol qurilmalarida Xoll effekti otish tezligini oshirish uchun qoʻllaniladi

Hozirgi kunda Xoll effektidan foydalanib ishlovchi qurilmalar talaygina. Xususan, magnit maydonini yoki suyuqlik oqimlarini qayd qiluvchi datchiklar, bosim datchiklari hamda avtomobilni oʻt oldirish taqsimlagichlari shular jumlasidandir.

1980-yilda nemis fizigi Klaus fon Klitsing kvant miqyosidagi Xoll effektini ham kashf qildi. Aniqlanishicha, kuchli magnit maydoni va past haroratlarda xoll qarshiligining magnit maydoni bilan bogʻliqlik grafigida sakrashlar kuzatilar ekan.

Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Xoll effekti
Muqova surat: phywe.com

Boshqa mavzular
Xoll effekti