Fosfor — yog‘dulanuvchi element to’liq malumot oling
1669-yilda olmon kimyogari Xennig Brandt siydik tarkibini tahlil qilish uchun undagi suvni bugʻlatib yubordi va idishda qolgan choʻkindi quyqalarni sinchiklab tekshirib chiqdi. Shu asnoda Brandt davriy jadvaldagi biz bilgan 15-raqamli element –– fosforni kashf qilgan edi. Bu yumshoq mumsimon modda holida boʻlib, oddiy xona sharoitida ochiq havoda oʻz-oʻzidan yonardi va shu sababli oʻzidan muayyan yorugʻlik chiqarardi. Oʻzi kashf qilgan moddaning yashil nur chiqarayotgani sababli Brandt unga yunoncha fosfor, yaʼni ʼʼnur taratuvchiʼʼ deb nom bergan.
Brandt kashf etgan fosfor moddasi dastlabki paytlarda gugurt ishlab chiqarish uchun keng qoʻllanila boshlagan. Sababi uni olish va qayta ishlash texnologiyasi sodda boʻlib, mazkur tur fosfor ʼʼoq fosforʼʼ deb atalgan. Biroq oq fosfor juda zaharli modda boʻlib, gugurt ishlab chiqarish korxonalarida ishlagan koʻplab odamlarning hayotiga zomin boʻlgan. Odamlar ish jarayonida oʻzlari bilmagan holda oq fosfor changi va bugʻlaridan nafas olishgan. Zaharli modda vaqt oʻtishi bilan odam organizmida, asosan, suyaklarda toʻplanib, bedavo kasalliklarga sabab boʻlgan. Haqiqatan ham tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, atigi 0.1 gramm oq fosforning odam tanasiga tushishi oʻlimga olib kelishi mumkin. Shu sababli oq fosforni har qanday maqsadlarda qoʻllash oʻsha zamonlardayoq taqiqlab qoʻyilgan.
Lekin fosforning inson manfaati uchun foydalansa boʻladigan boshqa allotropik shakllari ham mavjud. Agar oq fosfor bir necha soat mobaynida kislorod taʼsiridan xoli ravishda qizdirilsa (yaʼni uning yonishiga yoʻl qoʻymay, shunchaki qizdirilsa) u qizil fosforga aylanadi. Oq fosforni qizil fosforga aylantirish usuli 1845-yilda kashf etilgan. Fosforning mazkur ikki xil koʻrinishi faqatgina rangiga koʻra farqlanmaydi. Ularni bir-biridan ajratib turuvchi boshqa muhim fizik va kimyoviy sifatlari ham mavjud. Xususan, oq fosfor atigi 44 °C haroratda eriy boshlaydi. Qizil fosforning erishi uchun 600 °C harorat kerak boʻladi. Qizil fosforning kimyoviy faolligi oq fosforga nisbatan pastroq. Shuningdek, qizil fosfor yogʻdulanmaydi va juda yomon yonadi. Eng asosiysi esa qizil fosforning zaharlilik darajasi ancha past va shu sababli u bilan ishlash birmuncha xavfsiz. Biz xoʻjalikda ishlatadigan hozirgi gugurtlarning ham sifati koʻp jihatdan fosforga bogʻliq. Ishqalash natijasida oʻt oladigan oddiy gugurtning boshchasida tetrafosfor trisulfid (P4S3) moddasi mavjud boʻladi. Yaʼni bu modda molekulasi toʻrtta fosfor va uchta oltingugurt atomlaridan iborat. Ushbu modda zaharli emas va juda oson alangalanadi. Uni dagʻal sirtga ishqalanish natijasida hosil boʻladigan issiqlik miqdori avvaliga gugurt boshchasining va u orqali gugurt choʻpining yona boshlashi uchun kifoya qiladi.
Gugurtning oson yonishini va tez oʻchib qolmasligini taʼminlash uchun gugurt ishlab chiqaruvchi kimyogar-texnologlar tetrafosfor trisulfidga maxsus boshqa kimyoviy birikmalar ham aralashtirib tayyorlashadi. Oʻsha aralashmalar qiziganda oʻzidan kislorod ajratib chiqaradi. Bilasizki, kislorod yonishga yordam beradi. Kislorod moʻl boʻlgan sharoitda tetrafosfor trisulfid shiddat bilan yonadi. Biz kundalik ishlataverib eʼtibor ham bermaydigan oddiy gugurt shunday kimyoviy jarayonlarni oʻzida namoyon qiladi.
Biroq fosforli gugurtlarda baribir muayyan zaharlilik xavfi saqlanib qoladi. Fosforsiz gugurtlar esa zaharli boʻlmasa-da, ularni oddiy ishqalanish issiqligi hisobiga yoqa olmaysiz. Fosforning yonishi jarayonida fosfor (V) oksid (P2O5) ajralib chiqadi. Uning molekulasida ikkita fosfor va beshta kislorod atomlari mavjud boʻlib, oq rangli qattiq modda shaklida boʻladi. Fosforning mazkur oksidi namlikni oʻziga singdirish boʻyicha eng samarador vositalardan biri sanaladi va undan xuddi silikagel singari namlikdan himoya vositasi sifatida foydalanish mumkin. Qaytanga u silikageldan ham yaxshiroq foyda beradi. Lekin u biroz injiq modda boʻlib, agar kerakli choralar koʻrilmasa, oʻziga haddan ziyod namlikni yigʻib oladi va choʻziluvchan yopishqoq moddaga aylanib, oʻz xossalarini birdaniga yoʻqotadi. Fosfor (V) oksidning suv bilan birikishidan fosfor kislotasi hosil boʻladi. Sanoat ishlab chiqarilishi hajmiga koʻra fosfor kislotasi faqat oltingugurt kislotasidan keyingi oʻrinda turadi. Fosfor kislotasining boshqa elementlar atomlari bilan birikishi natijasida hosil boʻladigan moddalar fosfatlar deyiladi.
orbita.uz
Fosforni birinchi marta siydik tarkibidan olinganini yuqorida ham aytib oʻtdik. Bu faktga nisbatan sizda “Demak, fosfor tirik organizmlar tanasida mavjud boʻlar ekan-da!ʼʼ –– degan fikr paydo boʻlgan boʻlsa kerak. Albatta! Fosfor –– hayot uchun muhim elementlardan biri. Odam organizmida fosfatlar koʻrinishida doimo fosfor elementi mavjud boʻladi. Odamning ham, shuningdek, fildan tortib sichqongacha boʻlgan boshqa hayvonlarning ham suyaklari, asosan, fosfatlardan tashkil topgan boʻladi. Suyaklar tarkibidagi mazkur fosfatlar fizik xossalariga koʻra oddiy toshlarga yoki gidroksiapatitlarga oʻxshab ketadi. Albatta, bu gap suyaklarning qattiq, yaʼni ʼʼminerallashganʼʼ qismiga taalluqlidir. Suyakda fosfatlardan tashqari, shuningdek, boshqa murakkab organik molekulalar mavjudki, ularni toshlarda ham, gidroksiapatitlarda ham uchratmaysiz. Mazkur murakkab organik molekulalar tufayli suyaklarimiz zich va pishiq, ayni damda, zarbalarga juda bardoshli boʻlib turadi. Suyaklarimizdagi oʻsha organik molekulalar tufayli odam skleti, masalan, oddiy toshni pachoqlab tashlashga qodir zoʻriqishlarga ham bardosh bera oladi. Agar suyak faqat fosfatlardan iborat boʻlganida, skelet ancha moʻrt va egiluvchanligi ham kamroq boʻlgan boʻlur edi. Yosh ulgʻaygan sari odam suyaklarida fosfatlar miqdori koʻpayib, murakkab organik molekulalar esa kamayib boradi. Natijada suyaklar moʻrtlashib qoladi. Shu sababli ham katta yoshli keksalarning suyagi oson sinadigan boʻlib qoladi.
Fosfatlar, shuningdek, organizmning yumshoq toʻqimalari tarkibida ham mavjud boʻladi. Organizm oziq-ovqat mahsulotlarini oʻzlashtirayotganida ulardan olinayotgan energiya miqdorini maxsus fosfatlar koʻrinishida toʻplaydi va oʻzlashtiradi. Fosfatlarning bu turi yuqori kaloriyali fosfatlar deyiladi. Bunday fosfatlari oʻzida energiyani yaxshi saqlay oladi va zarur paytda juda oson parchalanib, kerakli energiya miqdorini ajratib chiqaradi. Biz qachonki qoʻllarimizni siqqanimizda, biror narsani gapirganimizda, suvda suzganimizda va hokazo istalgan harakatni amalga oshirganimizda ushbu harakat uchun energiyani organizmimiz aynan yuqori kaloriyali fosfatlarni parchalash hisobiga yetkazib beradi. Yerda yashovchi tirik organizmlarning barchasi yashashi uchun fosfatlarga ehtiyoj sezadi. Shu jumladan, oʻsimliklar ham fosfat oʻgʻitlar orqali oziqlantiriladi. Tarkibida eng koʻp fosfat tutuvchi oʻgʻit superfosfat (Ca(H2PO4)2·H2O) hisoblanadi. Xabaringiz boʻlsa, suv ostida parchalanadigan oʻsimlik qoldiqlaridan metan ajralib chiqadi. Xuddi shunga oʻxshab suv ostidagi parchalanish jarayonida oʻsimliklar tanasida mavjud boʻlgan fosfor tufayli fosfin (PH3) ham ajralib chiqadi. Fosfin juda qoʻlansa hidli, rangsiz va zaharli gaz boʻlib, irigan baliq hidini eslatadi. Fosfin oddiy sharoitda ochiq havoda oʻz-oʻzidan yonadi. Botqoqlik va koʻlmak koʻp boʻlgan qalin chakalakzor-oʻrmonlarda shom gʻira-shirasiga yaqin va tunda havoda fosfin yonishidan hosil boʻladigan juda xira yogʻduni kuzatish mumkin. Oʻrmonlarda yashovchi qadimgi odamlar bunday yorugʻlikni ʼʼsharpalar yogʻdusiʼʼ deb ishonishgan. Chunki qorongʻi oʻrmonda adashib qolgan odamlar, oʻrmonning ichkarisidan koʻrinayotgan bunday yorugʻlikni mashʼala koʻtarib kelayotgan odam deb oʻylashgan va oʻsha tomonga yura boshlashgan. Lekin bu xuddi sahrodagi sarob singari aldamchi narsa boʻlib chiqqan. Koʻpincha odamlar bunday sharpa yorugʻlikka aldanib battar adashib qolishgan va juda achinarli oqibatlarga giriftor boʻlishgan.
Fosfatlar, shuningdek, hayvon va parrandalarning goʻngi tarkibidan ham koʻp miqdorda mavjud boʻladi. Peru mamlakatining sohil boʻyida yashovchi millionlab dengiz qushlaridan qoladigan goʻngni mahalliy aholi guano deb ataydi. U tarkibida fosfor juda koʻpligi tufayli qimmatbaho oʻgʻit hisoblanadi. Tarkibida fosfor tutadigan ayrim gazlar odam va hayvonlarning asab tizimiga salbiy taʼsir koʻrsatish xususiyatiga ega. Ular asabni paralichlovchi gazlar deyiladi. Bunday gazlardan nafas olgan odamning asab tizimi karaxt boʻlib qoladi. Natijada organizmdagi biror-bir aʼzo harakatlana olmay qoladi. Chunki hamma aʼzolarni asab tizimi boshqaradi. Asab tizimidan buyruq kelmasa, aʼzolar oʻz-oʻzidan harakatlana olmaydi. Agar asabni paralichlovchi gaz taʼsiriga tushib qolgan odamga zudlik bilan tibbiy yordam koʻrsatilmasa, tana bir necha daqiqa ichida oʻlimga yuz tutadi. Bunday gazlarning eng kuchlisi 1936-yilda fashistlar tomonidan kashf qilingan boʻlib, ikki jahon urushi vaqtida ular tomonidan konslagerlarda asirlarni qiynoqqa solish va oʻq-dori sarflamasdan ommaviy qirgʻin qilish uchun qoʻllanilgan. Hozirda bunday gazlardan har qanday maqsadlarda, jumladan, harbiy maqsadlarda ham foydalanish Xalqaro hujjatlar orqali man qilingan. Xususan, 1993-yil 13-yanvarida Parijda imzolangan Kimyoviy qurollarni taqiqlash haqidagi Xalqaro Konvensiyaga koʻra asab tizimini paralichlovchi fosforli gazlarning ham ishlab chiqarilishi, tashilishi va saqlanishini taqiqlangan. 2016-yil iyun oyi holatiga koʻra, ushbu muhim xalqaro konvensiyani jahonning 188 mamlakati tomonidan imzolangan va ijro uchun qabul qilingan. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi ham 1995-yil 25-noyabrda mazkur Konvensiyani imzolagan va mamlakatimiz Parlamentining 1997-yil 29-apreldagi ratifikatsiya aktiga koʻra, davlatimiz hududida kuchga kirgan.
Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Fosfor — yog‘dulanuvchi element
Muqova surat: freepik.com
Boshqa mavzular
Fosfor — yog‘dulanuvchi element