1-qism. “Lunoxodlar qishlog‘i”: Xitoy va Rossiya Oyni qanday o‘zlashtirmoqchi? to’liq malumot oling
Yil boshida “Roskosmos” uzoq davom etgan tanlov azoblaridan so‘ng Amerikaning Gateway Oy yaqinidagi stansiya loyihasida ishtirok etishdan bosh tortdi. Buning o‘rniga Rossiya Oyni Xitoy bilan birga o‘zlashtiradi va unda avval robotlar, keyin esa odamlar uchun ham baza yaratadi. Shu paytgacha ikki mamlakatning kosmik agentliklari tomonidan Oyga taalluqli qo‘shma rejalar haqida faqat umumiy tarzda gapirilardi, ammo amerikaliklar bilan “ajralish”dan keyin so‘zlar yanada aniqroq yangray boshladi. Iyun o‘rtalarida Rossiya — Xitoy stansiyasini yaratish dasturi rasmiy ravishda taqdim etildi. N+1 Xitoy va Rossiya Oyda nima qurmoqchi ekanligini ko‘rib chiqadi.
Bir necha yil oldin rus (nafaqat rus) kosmonavtikasining kelajagi ozmi-ko‘pmi aniqdek tuyulardi: XKS okeanga cho‘ktiriladi, NASA, “Roskosmos” va boshqa hamkorlar esa insonning Oyga qaytishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan Oy yaqinidagi stansiyani yaratishga o‘tadi.
2017-yilning kuzida NASA va “Roskosmos” ushbu stansiyani birgalikda tashkil etish to‘g‘risida shartnoma imzoladi. RKK “Energiya” “Pirs” XKS modulidagi ishlanmalar asosida stansiya modullaridan biri — shlyuzni quradi, deb taxmin qilingan edi (o‘sha paytda bizning Oy yaqinidagi tayanch postining tuzilishi va vazifalari qanday bo‘lishi haqidagi “Oraliq stansiya” maqolamizda o‘qishingiz mumkin).
Bir necha yil o‘tgach, NASA va “Roskosmos”ning Oy bo‘yicha ittifoqi darz ketdi, keyinchalik esa umuman parchalanib ketdi. Rossiya loyihaning teng huquqli ishtirokchisi bo‘lishni xohlardi, NASA esa o‘z yetakchiligini talab qilib, turib oldi. 2021-yil yanvar oyida “Roskosmos” Gateway loyihasida ishtirok etishdan bosh tortdi. Oy hamkorligidan voz kechganidan so‘ng Rossiya tomon AQSh bilan boshqa loyihalarni ham qisqartirishni boshladi — shu yilning may oyida ular Rossiya XKS loyihasi ishtirokchilari orasidan 2030-yilda emas, balki 2025-yilda chiqib ketishi va diqqat-e’tiborni o‘z stansiyasini yaratishga qaratishi haqida gapira boshladi (bu haqda “Kelajakning ajoyib ROSS’i” maqolasida o‘qing).
Biroq “Roskosmos” Oydan voz kechmadi. Shunchaki, u boshqa mamlakat — Xitoy bilan uchishga shaylanmoqda. Ahamiyatli tomoni, amerikaliklar singari Oy orbitasida ushlanib qolmasdan, darhol yuzaga qo‘nmoqchi.
“Qishloq” va “poligon”
Xitoy uchun Yerning tabiiy yo‘ldoshi allaqachon to‘liq o‘zlashtirilgan jismdir. 2007-yildan beri xitoylik olim va muhandislar sovetlarning yarim asr oldingi lunoxodlaridan tortib, Yerga tuproq olib kelishgacha bo‘lgan barcha Oydagi yutuqlarini takrorladi. Oy yuzasida dastlab avtomatik, keyinchalik esa yashash mumkin bo‘lgan bazaning qurilishi Xitoy Oy dasturining muvaffaqiyatlar cho‘qqisi bo‘lishi kerak. ILRS stansiyasi (International Research Lunar Station) XXR kosmik tashkilotlarining ma’ruzalarida 2010-yilning ikkinchi yarmida, shunda ham tafsilotlarni oshkor qilinmasdan tilga olina boshlandi.
Yaqin kunlarga qadar Xitoy rejasining eng batafsil tavsifi Xitoy kosmik agentligining Oy tadqiqotlari markazi direktori o‘rinbosari, Chjaoyu Pey tomonidan 2019-yilning fevral oyida qilgan ma’ruzasi edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, XXR loyihani uch yildan beri ishlab chiqmoqda va Yevropaning 2016-yilda taklif qilingan, yashash uchun mo‘ljallangan “Oydagi qishloq” bazasi loyihasi (uning asosiy xususiyati — stansiya binolarini qurish uchun 3D bosib chiqarish texnologiyalari bilan Oy regolitidan foydalanish) hamda Rossiyaning Oy bazasini qurish rejalari ular uchun ilhom manbaidir.
Oydagi bo‘lajak Xitoy ILRS bazasining 2019-yilgi renderi. Markazda “Luna-27” qo‘nish apparati ko‘rinmoqda. CNSA
Rossiyaning Oy yuzasidagi “Oydagi poligon” stansiyasi loyihasi o‘n yildan ko‘proq vaqt davomida ma’ruza va hisobotlarda aylanib yurdi. Kosmik korxonalar rahbarlari uchun energiya infratuzilmasi, rover, qo‘nish va uchish modullari bo‘lgan robotlarning joylashtirilishi, bir qator qo‘nish va orbital zond, lunoxod va Yerga tuproq yetkazib beruvchi transport vositalaridan keyingi yakunlovchi bosqich edi.
Qurilmalarni uchirish vaqti surilib, stansiya tarkibi o‘zgarib bordi. Loyihaning ba’zi variantlarida Yerga keltirilishi uchun Oy regolitidan kam uchraydigan metallar va geliy-3 hamda Oyning o‘zida quyosh panellarini ishlab chiqarish uchun kremniy qazib olish ko‘zlangan edi.
Shunga qaramay, “Oydagi poligon”ning negizi o‘zgarmadi. Uning quyidagilardan iborat bo‘lishi taxmin qilingan edi:
— bir necha avtomatik qurilmalar (tadqiqot va xizmat ko‘rsatish), xususan, qurilish va ta’mirlash ishlari uchun robotlashtirilgan mobil modullar;
— statsionar aloqa va energiya modullari;
— mobil laboratoriya;
— yuklarni Oy yuzasidan orbitaga yetkazish va qaytarib olib kelish raketalari.
Aloqa retranslyator sun’iy yo‘ldoshlar tomonidan ta’minlanishi kerak edi.
Rejalarda bir necha o‘n kvadrat kilometr maydonga ega radioteleskop ham bor edi. Aytgancha, NASA ham shunga o‘xshash loyihaga ega: uning mutaxassislari katta tekis kraterni topishni va uning yuzasiga qabul qiluvchilar (priyomnik) o‘rnatilgan troslar yozib chiqishni taklif qilmoqda.
Poligon maydoni shartli ravishda funksional hududlar — ilmiy, xizmat-energetika, texnologik va uchish-qo‘nish yo‘lagiga bo‘lingan. Poligon markazida yuzaga taxminan 45 daraja burchak ostida, doira shaklida o‘rnatilgan quyosh panellaridan iborat, katta elektr stansiyasi bo‘lishi kerak.
“Oydagi poligon”ning 2012-yilda ko‘zda tutilgan ko‘rinishi. Lavochkin nomidagi IIChB
Oyning bosh rejasi
2021-yil iyun oyi o‘rtalarida “Roskosmos” va Xitoy kosmik agentligi bo‘lajak stansiyani yaratish “yo‘l xaritasi”ni e’lon qildi. Diagramma va chizmalarda Rossiya hujjatlari orqali tanilishga ulgurgan, Oy bazasining yaratilishi bilan yakunlanadigan Oy zondlari ketma-ketligini ko‘rish mumkin.
2021-yilgi “yo‘l xaritasi”ga binoan to‘liq qurilgan ILRS bazasining umumiy ko‘rinishi. “Roskosmos”
Stansiyani yaratish dasturi uch bosqichga bo‘lingan: hududni qidirish, stansiyani qurish va undan amaliy foydalanish.
Birinchi bosqich 2021-yildan 2025-yilgacha davom etadi. Shuning uchun ham u faqat Oyda bo‘lgan yoki yaratilishining yakuniy bosqichlaridan o‘tayotgan, oldindan rejalashtirilgan missiyalarni o‘z ichiga oladi:
— 2019-yilning birinchi kunlarida Oyga qo‘ndirilgan “Chane-4” lunoxodi va qo‘nish platformasi;
— 2020-yil oxirida o‘z vazifalarini muvaffaqiyatli bajargan “Chane-5” bilan deyarli bir xil bo‘lgan Yerga tuproq yetkazib berishga mo‘ljallangan “Chane-6” missiyasi;
— Orbital modul, qo‘nish moslamasi, lunoxod va uchar apparatga ega “Chane-7”. Hali ushbu qurilmaning nima ekani noma’lum, ammo so‘nggi bosqichlarning birida olingan qo‘shma videoda reaktiv dvigatellari bo‘lgan “sakrovchi” apparat ko‘rsatilgan va unga berilgan nomga ko‘ra, u bir nuqtadan boshqasiga uchib o‘tadi.
Birinchi bosqichga kiritilgan Rossiya missiyalari — “Luna-25” (ushbu missiya haqida batafsil “Oydan ‘Oygacha’” maqolasida o‘qing) va “Luna-27” qo‘nish, shuningdek, “Luna-26” orbital apparatlari. Ushbu bosqichda Xitoy va Rossiya stansiyani qurish joyini tanlab, belgilangan joyga aniq qo‘nish texnologiyalarini takomillashtiradi.
Ikkinchi bosqich 2026—2031-yillar oralig‘ida bo‘lib o‘tadi va u ikki davrga bo‘linadi.
Birinchi davr ikki missiyadan iborat bo‘lib (agar loyihaga o‘z rejalari bilan yangi hamkorlar qo‘shilmasa), ikkalasi ham ishlab chiqilmoqda:
— Rossiyaning 1976-yildan beri Oydan tuproq olib kelish bo‘yicha birinchi missiyasi — “Luna-28”;
— ILRS boshqaruv modulining prototipiga aylanadigan Xitoyning “Chane-8” apparati. Avvalroq, Xitoy ommaviy axborot vositalarida ushbu missiya Oy resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini sinab ko‘rishi haqida ma’lumotlar paydo bo‘lgan edi.
Modomiki, ushbu missiyalarning yuborilish vaqtiga kelib, baza quriladigan joy tasdiqlangan bo‘lishi va rejada mamlakatlar aniq qo‘nish mahoratini oshirib, qo‘shma faoliyatni boshlashi ko‘rsatilgan ekan, aftidan “Luna-28” va “Chane-8” Oy yuzasida bir-biriga yaqin joylarga qo‘ndiriladi.
Nihoyat, 2031-yildan 2035-yilgacha eng qiziqarli narsa — aslida oy bazasini qurishning asosiy bosqichi bo‘lgan ikkinchi davr boshlanadi.
Hujjatda beshta missiya sanab o‘tilgan: ILRS-1, ILRS-2 va boshqalar. Biroq bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkinligi ta’kidlangan. Dastlab og‘ir raketa (Xitoyning o‘ta og‘ir “Chanchjen-9” yoki Rossiyaning “Angara-5B”) yordamida bazaga energiya — yadro va quyosh modullari yetkazib beriladi. Shu vaqtning o‘zida stansiyaga boshqaruv moduli va telekommunikatsiya uskunalari olib kelinadi. Uning qanday ko‘rinishga ega bo‘lishi hali noma’lum, ammo ILRS haqidagi konseptual videoda ixtisoslashgan (maxsus) aloqa minorasi mavjud.
Ushbu missiyalar doirasida bazaga ilmiy-tadqiqot apparatlari keltiriladi. Ular orasida hujjat mualliflari quyidagilarni sanab o‘tgan:
— tuproq namunalarini yig‘ish apparati;
— regolitdan 3D tuzilmalarni yaratish uchun rover;
— Oydagi lava naychalarini tekshirish uchun robot-ilon.
Uchinchi missiya Oy resurslarini qazib olish va qayta ishlash uchun bazaga bir yoki bir nechta modullarni yuboradi. ILRS-4’ning maqsadi navbatdagi missiyalar uchun texnologiyani sinovdan o‘tkazish, shu jumladan, biologik tajribalar o‘tkazish, tuproq namunalarini taqsimlab yig‘ish va ularni Yerga yetkazib berishdir. Eng so‘nggi e’lon qilingan missiyalarda astronomik kuzatishlar va Yerni suratga olish uchun teleskoplar o‘rnatiladi.
Render va videolarda vazifasi hali noma’lum bo‘lgan bazaning boshqa “aholisi” — yuradigan robot va bir-biriga ba’zi namunalarni uzatadigan roverlar to‘dasi ham bor. Shuningdek, baza haqidagi materiallarda retranslyator sun’iy yo‘ldosh ham o‘rin olgan, lekin buning uchun Xitoyning Oyning orqa tarafidagi lunoxodini aloqa bilan ta’minlash uchun 2018-yilda uchirilgan apparatdan foydalanilishi ham mumkin.
2036-yildan boshlab uchinchi bosqich boshlanadi — bazaga birinchi marta odamlar yuboriladi. Bu borada Xitoyning yondashuvi amerikaliklarnikidan sezilarli darajada farq qiladi — AQSh boshqariladigan missiyalarni 2024-yilda boshlashni rejalashtirmoqda, biroq bu rejalarning amalga oshishi hatto NASA rahbarida ham savollar tug‘dirmoqda.
Azaldan stansiya boshqa mamlakatlar ham ishtirok etishi uchun ochiq dastur sifatida ishlab chiqilgan. Ta’sischilar IRLS’ning umumiy konsepsiyasiga muvofiq missiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga rozi bo‘lgan har qanday mamlakat, xalqaro tashkilot va hatto xususiy kompaniyalar bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildiradi. Shu bilan birga, ular yangi ishtirokchilar “ikkinchi rollarda” bo‘lmaslikni, dasturning istalgan qismini Xitoy va Rossiya bilan teng ravishda boshqarishi mumkinligini ta’kidlaydi.
“Roskosmos” va Xitoy kosmik agentligi allaqachon Xitoy bilan kosmonavtlarni orbital stansiyaga uchirish uchun birgalikda uzoq vaqtdan beri hamkorlik qilib kelayotgan ESA loyihasini rasman taklif qilgan.
Ammo amerikaliklar — NASA ham, xususiy ishtirokchilar ham Xitoy kosmik tashkilotlari bilan har qanday hamkorlik taqiqlanganligi tufayli loyihada ishtirok etmasa kerak.
Maqolaning 2-qismini bu yerda o‘qing → sinaps.uz/maqola/13632
Mualliflar: Grigoriy Kopiyev, Ilya Ferapontov ishtirokida. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Деревня луноходов. Как Китай и Россия собираются осваивать Луну” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: nplus1.ru
Boshqa mavzular
1-qism. “Lunoxodlar qishlog‘i”: Xitoy va Rossiya Oyni qanday o‘zlashtirmoqchi?