Angstrem — maxsus uzunlik o‘lchov birligi to’liq malumot oling
Bu Angstremning oʻzbekcha va xalqaro belgilanishi (shved alifbosidagi harf), SI tizimiga kirmaydigan, tizimlashmagan maxsus uzunlik oʻlchov birligi. 1 angstrem 10−10 metrga (1 metrning oʻn ming milliarddan bir ulushiga), boshqacha aytganda, 0,1 nanometrga teng. Ushbu birlik 1868-yilda shved fizigi va astronomi Anders Yonas Angstrem (1814–1874) tomonidan fanga taklif etilgan va keyinchalik olimning oʻz familiyasi bilan atala boshlagan. Qoidaga koʻra, birlik belgisini ifodalash uchun Å tarzida yozilaveradi. Lekin matn ichida toʻliq yozma shaklda keltirganda, kichik harflar bilan angstrem koʻrinishida yoziladi. Ushbu oʻrinda olim familiyasi emas, aynan birlik nomi yozilayotgani eʼtiborga olinadi (olim familiyasi boʻlsa, har qanday oʻrinda, albatta, bosh harf bilan yozilishi shart).
Angstrem birligi garchi Xalqaro birliklar tizimiga kirmasa-da, fizikaning atom va yadro fizikasi boʻlimlarida, elementar zarralar fizikasida, spektroskopiya, kristallografiya, qattiq jism fizikasi, optika sohalarida, molekulyar biologiyada, biokimyo, biofizika, neyrobiologiyada, shuningdek, umuman kimyo fanida keng qoʻllaniladi. 1 angstrem bu — qoʻzgʻatilmagan vodorod atomi elektronining orbitasi diametriga taqriban teng boʻlgan uzunlik. Shuningdek, aksariyat kristallarning atom panjarasidagi atomlarning oʻzaro joylashuvi ham taxminan shuncha masofani tashkil qiladi. Odam koʻziga koʻrinadigan nurlanishlar spektri, yaʼni koʻrinadigan yorugʻlik spektri 4000–7000 toʻlqin uzunligiga ega boʻladi.
Andres Yonas Angstrem spektroskopiya sohasiga tamal toshini qoʻygan olimlardan biri sanaladi. Shuningdek, Angstremning astrofizika, issiqlik oʻtkazuvchanlik, Yer magnetizmi hamda qutb yogʻdusini tadqiq qilish boʻyicha ham ilgʻor ilmiy ishlari maʼlum. Angstrem oʻzining spektroskopiya sohasidagi ilmiy ishlarini 1852-yilda chop etilgan ʼʼOptik tadqiqotlarʼʼ nomli asarida bayon qilgan. Uning ushbu asarida bayon qilgan tamoyillarini keyinchalik Kirxgof rivojlantirgan va Kirxgofning issiqlik nurlanish qonuni sifatida qayta shakllantirgan.
1868-yilda Angstrem Quyosh nurlarining spektrini tuzib chiqdi. Unda olim koʻrinadigan yorugʻlik nurlari spektridagi toʻlqin uzunliklarini bir millimetrning oʻn milliondan bir qismiga (10−7 mm ga) karrali tarzda ifodalagan edi. Odam koʻzi seza oladigan yorugʻlik nurlari 4000–7000 toʻlqin uzunligida boʻlishi tufayli Angstrem qoʻllagan ushbu birlik, yaʼni 10−7 mm uzunlikka asoslanish spektr qismlarini oʻrganishda matematik qulaylikni taqdim etgan. Yaʼni bu orqali optika sohasi mutaxassislari kasrlar va juda kichik miqdorlarni hisoblash bilan bogʻliq qoʻshimcha matematik yumushlardan xalos boʻlishgan. Ushbu qulaylikni eʼtiborga olib, spektroskopiyadagi singari oʻxshash miqyoslar bilan ish olib boruvchi boshqa fan sohasi mutaxassislari ham ushbu birlikdan foydalanishga oʻta boshlashgan.
1907-yilda Xalqaro astronomiya ittifoqi angstremning xalqaro taʼrifini qabul qilgan edi. Unga koʻra, angstrem kadmiy elementining havodagi qizil spektrining toʻlqin uzunligiga koʻra aniqlanadigan boʻlgan. Kadmiy qizil chizigʻining havodagi toʻlqin uzunligi 6438,46963 angstremga teng deb qabul qilingan. Angstremning ushbu taʼrifi Oʼlchov va tarozilar xalqaro qoʻmitasi tomonidan 1927-yilda rasman tan olingan edi. 1927–1960-yillar oraligʻida angstrem spektroskopiya uchun maxsus uzunlik birligi sifatida qoʻllanishda davom etgan. 1960-yilgacha metrning oʻzi ham maxsus etalon orqali aniqlanardi. Lekin 1960-yilgi Bosh konferensiyada metrning oʻz aniqlanishi va taʼrifi ham spektroskopik kattaliklar nuqtai nazaridan qayta koʻrib chiqildi. Shundan soʻng angstremning taʼrifi ham metr taʼrifiga binoan oʻzgardi. Oʻshanda 1 angstrem 0,1 nanometrga teng deb belgilab qoʻyilgan.
Garchi angstrem birligi xalqaro tan olingan va maxsus fan sohalari uchun nihoyatda qulay birlik boʻlsa-da, u SI tizimi tarkibiga kirmaydi va SI tizimini targʻibot qiluvchi mutaxassislar angstrem oʻrniga nanometr yoki mikrometr birligidan foydalanishni doimo tavsiya etishadi.
Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Angstrem
Muqova surat: freepik.com
Boshqa mavzular
Angstrem — maxsus uzunlik o‘lchov birligi