BRUTSELLYOZ haqida malumot bilib oling.
BRUTSELLYOZ, malta isitmasi, qora oqsoq — odam va hayvonlarda uchraydigan infeksion kasallik; B. ni brutsella bakteriyalari qoʻzgʻatadi, ular tashqi muhitda (suv, tuproq, teri va h. k.) bir necha oy saqlana oladi; dezinfeksiyalovchi vositalarda bir necha minutda nobud boʻladi. Brutsellalar kasal hayvonning suti, siydigi, goʻngi, tushgan bolasi bilan tashqariga chiqadi, ular shu hayvonning goʻshtida ham boʻladi. Organizmga brutsellalar hazm va nafas yoʻllarining shilliq pardalari, shuningdek shikastlangan teri orqali tushadi. Brutsellyoz bilan ogʻrigan molning xom suti va sut mahsulotlari (pishloq, moy), shuningdek chala pishirilgan goʻshti isteʼmol qilinganda kasallik odamga yuqadi. Brutsellyoz bilan koʻproq molboqarlar, choʻponlar, kushxona, terini oshlash korxonasi ishchilari va b. kasallanadi. Brutsellyozda asosan nerv, yuraktomir sistemasi va suyakboʻgʻim apparati zararlanadi. Kasallikning yashirin davri 1—3 hafta. Uning kechishi va belgilari xilmaxil boʻladi. Oʻtkir boshlanganida isitma koʻtariladi, bemor gʻaraqgʻaraq terlaydi, lohaslik alomatlari kuzatiladi; oyoqqoʻl, bel, muskul va boʻgʻimlar zirqirab ogʻriydi. Isitma goh koʻtarilib, goh pasayib turadi, jigar, qora taloq kattalashadi, keyinroq boʻgʻimlar yalligʻlanadi va b. Bir necha oy oʻtgach, bemor tuzala boshlaydi, baʼzan yillab choʻzilishi mumkin. Ayollarda chala tugʻish yoki bola tashlash kuzatiladi. Brutsellyoz koʻpincha astasekin boshlanadi. Tayanchharakat apparati jarohatlangandan keyingina bemor vrachga murojaat qiladi.
Bemor kasalxonada davolanadi. Davo bemorning umumiy ahvoliga qarab tayinlanadi; antibiotiklar, fizioterapiya va b. buyuriladi. Brutsellyozning oldini olish uchun kasal hayvonlarni vaqtida aniklab, alohida boqish va soʻyish; goʻsht va sutini maxsus usullar bilan zararsizlantirish kerak. Brutsellyoz odamlarga yuqmasligi uchun mol bilan bevosita muloqotda boʻladigan kasb kishilarini Brutsellyozga qarshi emlash va ularni maxsus kiyimbosh, korjoma bilan taʼminlash lozim.
Hayvonlarda Brutsellyozni brutsellalar avlodiga mansub uch turdagi bakteriyalar, jumladan qoʻyechkilarda Brucella melitensis, qoramollarda V. abortus, choʻchqalarda V. suis qoʻzgʻatadi. Boshqa uy hayvonlarida ham uchrashi mumkin. Qoʻy va echkilarda uchraydigan Brutsellyoz odam uchun eng xavfli hisoblanadi. Hayvonlarga infeksiya yemxashak yoki suvdan, shuningdek sunʼiy qochirishda zararlangan sperma va b. dan yuqadi. Urgʻochi hayvonlarda Brutsellyoz boʻgʻozlikning ikkinchi yarmida bola tashlash (sigirlarda 5—8, qoʻyechkilarda 3—4 oylikda, choʻchqalarda 4—12 haftalik boʻlganda), yoʻldoshning bachadon devorida tutilib qolishi, erkak hayvonlarda orxitlar (moyaklarning shamollashi), boʻgʻimlarning kasallanishi kabi koʻrinishlarda kechadi. Koʻp hollarda Brutsellyoz yashirin ravishda oʻtadi. Kasallik klinik belgilar, bakteriologik, serologik tekshirishlar asosida aniqlanadi, qoʻy, echki, choʻchqalarda brutsellin biol. preparati yordamida allergik tekshiruv oʻtkaziladi.
Oldini olish va kurash choralari. Kasallik tarqalgan hududlardan mollar chetga chiqarilmaydi. Brutsellyoz aniqlangan xoʻjaliklarda kasal hayvonlar soʻyishga topshiriladi, sut, goʻsht kabi mahsulotlar maxsus usullarda zararsizlantiriladi, sogʻlom hayvonlar emlanadi.
Ensiklopediya.uz
Brutsellyoz