Turkiston xalqlari tomonidan Muxtoriyat hukumatining qo‘llab- quvvatlanishi haqida to’liq ma’lumot oling

Turkiston xalqlari tomonidan Muxtoriyat hukumatining qo‘llab- quvvatlanishi haqida to’liq ma’lumot oling


Post Views:
42

Tub yerli xalqlar davlatchiligi tarixida 1917 yil 28 noyabrdan boshlab “Turkiston Muxtoriyati” deb atalgan hukumatning tashkil topishi muhim voqea bo‘ldi. 1917 yil 26-28 noyabrda Qo‘qon shahrida Butunturkiston o‘lka musulmonlarining favqulodda IV qurultoyi tugagach, 1 dekabrda Turkiston Muxtoriyatining Muvaqqat hukumati aʼzolari (8 kishi) imzolagan maxsus Murojatnoma eʼlon qilindi. Ushbu murojatnomada Turkistondagi barcha aholi: irqi, millati, dini, jinsi, yoshi va siyosiy eʼtiqodlaridan qaʼtiy nazar, yakdillik va hamjihatlikka daʼvat etilgan edi.

Tarixiy maʼlumotlar shundan dalolat beradiki, Muxtoriyat hukumati Turkiston xalqlari tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlangan. 1917 yil 6 dekabrda Toshkentdagi Jomeʼ masjidida o‘tkazilgan miting buning yorqin dalilidir. Mitingda 60 ming kishi qatnashgan edi. “Ulug‘ Turkiston” gazetasida keltirilgan maʼlumotlarga ko‘ra, “Masjidning ichki sahni va tomlari odam bilan liq to‘lgan”. Miting Saidg‘ani Mahmud raisligida o‘tib, Munavvar qori, Mulla Odil, Sherali Lapin va boshqalar uning o‘rinbosarlari edi. Mitingga yig‘ilganlar Muxtoriyatni bir ovozdan maʼqulladilar va bundan buyon Turkistonda ana shu Muvaqqat hukumatdan boshqa hech qanday hukumatni tan olmaslikka qaror qildilar. Miting yakunida Turkiston Muxtoriyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qaror qabul qilindi. Unda shunday deyilgan edi: “Biz musulmonlar sinf va daraja ayirilmalariga qaramasdan, Turkiston Muxtoriyatini olqishlagan holda, Qo‘qondagi favqulodda syezd tarafidan eʼlon etilgan Turkiston xalq hukumati vujudga keltiruv haqidagi qarorga butun vujudimiz birla қўшилиб…, biz o‘lkamizdagi hamma musulmonlarni Muxtoriyatli Turkiston hukumati atrofida jipslashib, hozirga o‘lka idorasi boshida bo‘lib turgan muvaqqat tashkilotlar bilan qanday bo‘lmasin dushmanlarcha muomala qiluvdan saqlanishga daʼvat qilamiz.

Turkiston Muxtoriyati amaliy suratda tezroq vujudga kelishi uchun tinch va totuvlikni saqlashimiz kerak. Yashasin Muxtoriyatli Turkiston !”

Turkiston xalqlari tomonidan muxtoriyat hukumatining qo‘llab-quvvatlanganini o‘lkaning turli shahar va qishloqlarida Muxtoriyatni olqishlab, ko‘p ming kishilik namoyishlar bo‘lib o‘tganligida ham ko‘rish mumkin. Masalan, 1 dekabrda Namangan uyezdida 100 mingga qadar kishi ishtirok etgan namoyish bo‘lib o‘tdi. Unda namoyishchilarning bayroqlariga “Yashasin muxtoriyatli Turkiston va uning hukumati!” -deb yozilgan so‘zlari hilpirab turar edi.

6 dekabrda Jalolobod volostiga qarashli Xonobod qishlog‘ida ham Muxtoriyat eʼlon etilishi munosabati bilan namoyish o‘tkazildi. Bir necha mingdan ortiq kishi Fozilxon mozoridan to bozorga qadar yig‘ilib turdi. Namoyishda Abdulla eshon va Huseyn Validiy so‘zga chiqib, xalqqa Muxtoriyatning tashkil etilishi, maqsadlarini tushuntirishdi. 7 dekabrda esa Qo‘qon shahrida, dekabr oyida Samarqandda ham tub yerli aholining Muxtoriyatni qo‘llab-quvvatlagan majlislari bo‘lib o‘tdi. Kaspiyorti viloyatida chaqirilgan viloyat soveti sʼyezdida Turkiston Muxtoriyatiga qo‘shilishhaqida qaror qabul qilindi.

Milliy matbuotda Turkistonning taniqli maʼrifatparvarlari, siyosiy va jamoat arboblari o‘z maqolalarida muxtoriyatni tabrikladilar. Jumladan, Abdurauf Fitrat “Muxtoriyat” deb nomlangan maqolasida Turkiston muxtoriyati haqidagi o‘z fikr–mulohazalarini quyidagicha ifodalaydi: “Turkiston muxtoriyati… Temur hoqonining chin bolalari yonida, turkistonli tubchak turklari orasinda, mundan ug‘urli, mundan muqaddas, mundan suyunchli bir so‘zni borlig‘iga ishonmayman. Turkiston turkning qonini qaynatuvchi, iymonini yuksaltiruvchi bir quvvat bor esa yolg‘uz shu so‘zda bordur: Turkiston Muxtoriyati!

Ellik yildan beri ezildik, tahqir etildik, qo‘limiz bog‘landi, tilimiz kesildi, og‘zimiz qopondi, yerimiz bosildi, molimiz talandi, sharafimiz yumuruldi, nomusimiz g‘asb qilindi, huquqimizga tajovuzlar bo‘ldi, insonligimiz oyog‘lar ostig‘a olindi – tuzumli turdik, sabr etdik. Kuchga tayangan har buyruqg‘a bo‘ysundik, butun borlig‘imizni qo‘ldan berdik. Yolg‘iz bir fikrni bermadik, yashuntirdik, iymonlarimizla avrab saqladik: Turkiston Muxtoriyati!

Mahkama eshiklaridan yig‘lab qaytganda, yoruqsiz turmalarda yotganda, yirtg‘uvchi jandarmaning tepgusi bilan yiqilg‘anda, yurtlarimiz yondurilg‘anda, dindoshlarimiz osilg‘anda ongimiz yo‘qoldi, miyamiz buzuldi, ko‘zimiz yoruqsiz qoldi, biror narsani ko‘rolmadik. Shul chog‘da, tushgun ruhimizni ko‘tarmak uchun shul qop qorong‘u dunyoning uzoq bir yerinda oydin bir yulduz yalqillab turar edi. Biror narsaga o‘tmagan ko‘zimiz shuni ko‘ra edi. Ul nima edi? Turkiston Muxtoriyati!

Turkiston Muxtoriyati” haqidagi maʼlumotlarni tub yerli aholiga yetkazish uchun gazeta va jurnallar sahifalaridan keng foydalanildi. “El bayrog‘i, “Birlik tug‘i”, “Svabodniy Turkestan”, “Izvestiya Vremennogo Pravitelstva Avtonomnogo Turkestana” kabi hukumat gazetalari o‘zbek, qozoq va rus tillarida nashr qilina boshladi. Ayniqsa, avval chiqayotgan “Ulug‘ Turkiston” gazetasi o‘z sahifalarida muxtoriyat hukumati faoliyatiga alohida o‘rin bera boshladi. Nashr ishlarini yaxshilash uchun O.Mahmudovning bosmaxonasi hukumat ixtiyoriga o‘tdi.

Turkiston Muxtoriyati hukumati aʼzolari imzo chekkan “Murojatnoma”da syezd qarorlari va hukumatning yaqin ish rejalari xususidagi maʼlumotlar bilan birga, butun Turkiston ahliga chaqiriq ham bor edi. Unda Turkistonning barcha fuqarolari-musulmonlar, ruslar, yahudiylar, ishchilar, askarlar va dehqonlar, o‘lkada yashab turgan barcha elatlar va xalqlar, shahar va zemstvo boshqarmalari, siyosiy, ijtimoiy va kasaba uyushmalari, barcha davlat, jamoat va xususiy muassasalar Turkiston xalq hokimiyati atrofida birlashib, uning zimmasiga yuklangan vazifalarni hayotga joriy etishda ko‘mak berishga chaqirilgan edi.

Turkiston Muxtoriyati eʼlon qilinganining dastlabki davrlarida tub yer aholisining muxtoriyat hukumatini qo‘llab quvvatlagan miting va namoyishlari yana-da jonlandi. Toshsovetga o‘sha kunlari Eski shahar aholisi nomidan miting va namoyish uchun ariza tushdi.

Toshsovet qaroriga ko‘ra, miting va namoyish Toshkentning Eski shahar qismida o‘tkazilishi maʼqullanib, Yangi shaharda o‘tkazilishiga ruxsat berilmadi. Turkiston bolsheviklarining nashriga aylangan “Nasha gazeta»ning axborotiga ko‘ra, “Toshsovet bu bilan musulmon aholisining keng ommasi rus aksilinqilobchi to‘dalarining nayranglariga uchib, ko‘r-ko‘rona ravishda jabrdiyda bo‘lib qolmasligining oldini olgan” edi. “13 dekabr kuni erta tongda Eski shahar bayram qiyofasida edi”-deb yoziladi “Ulug‘ Turkiston” gazetasida. Har tarafdan, ko‘cha va tor ko‘chalardan Shayxontohur masjidi tomon guruh-guruh odamlar oqib kela boshladi. Soat 12 larda ko‘p ming kishilik yig‘in to‘plandi. Hukumron partiyalarning rahbarlari va Xalq Komissarlari Soveti (Sovnarkom) aʼzolari mitinga qo‘shildi”. Namoyishga musulmonlardan tashqari ruslar, yahudiylar, armanlar, shuningdek bolsheviklardan boshqa turli ijtimoiy siyosiy tashkilotlarning vakillari ham chiqishdi. Namoyishchilar Shayxontohur masjidi oldida yig‘ildi. To‘planganlarning boshlari uzra 100 ga yaqin qizil- moviy va yashil bayroqlar hilpirardi. Mitingni Munavvarqori ochadi. Mitingda turli tashkilot va uyushmalar vakillari nutq so‘zladi. Ushbu miting qatnashchilari Muxtor Turkiston hukumatini bir ovozdan maʼqulladilar va Turkistonda endi ushbu muvaqqat hukumatdan boshqa hech qanday hukumatni tan olmaslikka qaror qilganliklarini eʼlon qiladilar.

Muxtoriyat hukumati milliy qo‘shin tashkil qilishga kirishdi. Harbiy vazir Ubaydulla Xo‘jayev ishtirokida 1918 yil boshlarida o‘tkazilgan ko‘rik vaqtida askarlar 2000 kishi bo‘lgan. Hukumat iqtisodiy sohada 30 million so‘m miqdorida ichki zayom chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Shuningdek, hukumat aʼzolari ocharchilik changalida qolgan Turkiston aholisiga Kavkazdan Orenburg orqali g‘alla keltirish muammosini hal qilish uchun amaliy qadamlar tashladi.

Turkiston Muxtoriyati hukumati qisqa muddat ichida xalq orasida katta eʼtibor qozondi. Fitrat, Cho‘lpon, Hamza singari o‘zbek xalqining otashin shoirlari muxtoriyat hukumatini alqab sheʼrlar bitdilar.

Turkiston Muxtoriyati hukumati atigi 72 kun mavjud bo‘lgan bo‘lsa ham, u erksevar xalqimizni milliy mustaqillik va istiqlol uchun kurashga daʼvat etdi. Turkiston Muxtoriyati hukumati tashkil topganining 100 yilligi nishonlanayotgan faraxbaxsh kunlarda milliy davlatchiligimizning tarixi haqida yosh avlodga kengroq maʼlumot berishda Turkiston Muxtoriyati hukumatining qisqa fursatda amalga oshirgan tadbirlari, tub yerli aholining bu hukumatni qo‘llab-quvvatlashi masalalarini ilmiy asosda tahlil qilish muhim ahamiyat kasb etadi.

Umar RASHIDOV

Bux DU, t.f.n., dotsent

Yu.HAYDAROV

t.f.n., dotsent.

“O‘zbek milliy davlatchiligi tarixida Turkiston Muxtoriyatining o‘rni va roli” mavzuidagi Respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari,
2017 йил 12 октябрь

Turkiston xalqlari tomonidan Muxtoriyat hukumatining qo‘llab- quvvatlanishi

Malumotlar
Turkiston xalqlari tomonidan Muxtoriyat hukumatining qo‘llab- quvvatlanishi