Sulola. Dolimovlar shajarasi. “Ukangga yaxshiroq o‘rgatsang bo‘lmaydimi?..” haqida to’liq ma’lumot oling

Sulola. Dolimovlar shajarasi. “Ukangga yaxshiroq o‘rgatsang bo‘lmaydimi?..” haqida to’liq ma’lumot oling


Post Views:
508

O‘tgan asrning 40 – 50-yillari boshlarida Sag‘bondagi Dolimbekning kichkina hovlisida to‘rt nafar oliy ma’lumotli doktor-shifokor yashar edi. Ular: Ziyodbek, Sultonbek amakilarim, Jo‘raxon kelinoyim (Sultonbek amakimning xotinlari) va Fotima ammam. O‘zbekning oilasi katta, bolasi ko‘p, eski shaharda aholi zich, tibbiy xizmat nochor ahvolda – sho‘rolar davrida hamma sohada ham shaharning o‘zbeklar yashaydigan qismida ahvol shunday edi. Shuning uchun uzoq-yaqin mahallalardan najot so‘rab keluvchilar juda ko‘p edi. Mash’um 20-30-yillarda Dolimbek, Komilbek, Karimbek buvalarimizni “xalq dushmani”, “millatchi”likda ayblab, adam va amakilarimiz, tog‘alarimiz boshiga bo‘hton toshlarini yog‘dirgan, ishdan, o‘qishdan haydalishlariga bosh-qosh bo‘lgan Sag‘bon va qo‘shni mahalladoshlariga kechani kecha, kunduzni kunduz demay, tibbiy yordam ko‘rsatishar, shifoxonalarga joylashtirishar, ularning qilmishlarini hech vaqt yuziga solishmas, ularning dilini og‘ritishmas ekan. Dolimbek otam hamma vaqt ko‘p takrorlaydigan so‘zlari bor edi: “Yaxshilikka yaxshilik – inson ishi, yomonlikka yaxshilik – mard ishi”. Farzandlar bu naqlga hammavaqt amal qilishar edi, shekilli. O‘sha vaqtlarda Toshkent davlat universitetiga hamda Toshkent davlat Tibbiyot institutiga mahalladoshlarimizdan o‘qishga kirish uchun yordam so‘rab kelishsa yoki o‘qiyotganlar biror fandan o‘ta olmasa, ko‘p hollarda stipendiya ololmay iqtisodiy qiyin ahvolga tushib qolishsa, ularni hech qachon noumid qilib jo‘natishmas, iloji boricha ularga yordam berishar ekan. Chunki ular o‘qishda, ishda har qancha qattiqqo‘l, jiddiy bo‘lishmasin, o‘z ona-xalqiga nisbatan hech qachon gina-kudurat saqlagan emaslar. Mahalladoshlarining bunday qilmishlarini jaholatdan, ilmsizlikdan, nochorlikdan va ayniqsa o‘lim saltanati oldidagi qo‘rquvdan deb bilishar edi. Darhaqaqat, bechora o‘zbek xalqi otani-bolaga, akani-ukaga dushman qilgan bolsheviklar, oq va qizil imperiya qo‘lida 130 yil qo‘g‘irchoq bo‘ldi. Bunday jadidona qarashlar Dolimbek farzandlarining ota-bobalaridan, qarindosh-urug‘laridan qolgan ulug‘ meros edi.

Ma’lumki, “Dolimov” familiyasi “Abdullaev”, “Karimov”, “Olimov”, “Komilov” kabi familiyalarga nisbatan ancha kam uchraydi. Men o‘zim universitet qabul komissiyasida bir necha o‘n yillar ishlab, abiturientlar orasida birorta “Dolimov” familiyalikni uchratmadim. Sag‘bon mahallamizda bizning oilamizga hech bir aloqasi bo‘lmagan Dolimov familiyali bir oila bor ekan (buni keyinroq bilib qoldim). 40-yillarning oxiri va 50-yillarning boshlarida shu oiladan chiqqan Aziz Dolimov ToshMIda o‘qigan va ba’zi hollarda, qiynalib qolsa, (o‘zi ancha bilimli talabalardan bo‘lgan ekan) “Sulton Dolimovning ukasiman” deb, baho olib yurar, bir mahalladan bo‘lgani uchun domlalar ishonishar ekan. Kunlarning birida eski professorlardan domlasi B.A.Stekol’nikov o‘sha vaqtlarda davolash fakul’teti dekan muovini amakim S.Dolimovga:

– Ukangga yaxshiroq o‘rgatsang bo‘lmaydimi, ikki semestrdan beri sening nomingni aytib baho oladi, – debdi.

– Qaysi ukam, Boris Abramovich?

– Aziz Dolimov-da!

– Yaxshi aytdingiz, Boris Abramovich, men albatta yaxshilab tushuntirib qo‘yaman, – debdi.

Albatta, bu gaplardan keyin Sulton Aminovich o‘z tabiatiga yarasha Aziz Dolimovni dekanatga chaqirib, qattiq tanbeh bergan ekan. Bu haqda Aziz akaning o‘zi ham bir necha marta gapirgan edi. Keyinchalik Sultonbek amakim imtihon sessiyasi vaqtlarida uni dekanatda olib qolib, ovqatlantirar, yaxshi o‘zlashtira olmagan mavzularni tushuntirar, qo‘shimcha kitoblar berar, shu tariqa mahalladoshlariga o‘qish jarayonida ham yordam berar ekan. Aziz aka ToshMIni tugatib, uzoq yillar talabalar shaharchasidagi 32-poliklinikada terapevt-shifokor, S.Rahimov (Olmazor) tumani harbiy komissariatida bosh shifokor bo‘lib ishladi, u odam bilan ko‘p uchrashishga, muomalada bo‘lishga to‘g‘ri keldi. Chunki fakul’tetimiz talabalari, “Chimboy” mahallamiz aholisi ham shu poliklinikada davolanar edi. Yillar o‘tib, Sultonbek amakim vafot etib, ularning qabrlariga tuproq tortayotganimizda, Aziz aka qo‘limdan ketmonni olib, “Tug‘ishganimdan ham afzal akam edingiz, joyingiz jannatda bo‘lsin, Sultonbek aka!” deb ho‘ngrab yig‘lab, qabrga tuproq torta boshladi, ta’ziya kunlari ham biz bilan birga bo‘ldi. Aziz aka Dolimov vafotidan keyin qizlari Mohira Dolimova otasining o‘rnida 32-poliklinikada terapevt lavozimida ishlab kelmoqda.

Biz yashagan Sag‘bon, 24-oxiri berk ko‘chadagi Dolimbek qurdirgan 29-hovli gir aylangan imoratdan iborat bo‘lib, uning asosiy qismi (oshxona qismi jigarrang tunika edi) oq tunika bilan yopilgan edi. U vaqtlarda Eski shaharda oq tunika bilan yopilgan uylar u yoqda tursin, umuman, jigarrang tunikali uylar ham juda kam bo‘lib, asosan loy tomli uylar bo‘lar edi. 40-50-yillarda ham Toshkentning Eski shahar qismiga vodoprovod kirib kelmagan, kanalizasiya to‘g‘risida gap ham bo‘lishi mumkin emas edi, hamma Kaykovus arig‘i tarmoqlaridan suv ichar edi. Ba’zi mahallalar Kaykovus arig‘idan ancha uzoq bo‘lib, qahraton qish, yog‘ingarchilik kezlari suv tashish juda og‘ir kechar edi. Uyimizning tomi oq tunika bo‘lgani uchun hamma qo‘ni-qo‘shnilar, ayniqsa, yog‘ingarchilik, eruvchanlik mavsumlarida bizning uyimizdan suv ichishar edi. Uch tarnov tagiga keng qilib pishiq g‘isht terilgan bo‘lib, katta-katta bochkalar qo‘yilgan, peshayvon ustunlariga katta-katta yog‘log‘ilar osig‘liq bo‘lardi, tarnov tagida kir-pir, qo‘l-oyoq yuvish qat’iy man etilgan edi. Ertalabdan bochkalar tiniq suv bilan to‘lib turar, kechgacha suvga keluvchilarning keti uzilmas edi. Bochkalar yozda tozalab, olib qo‘yilar edi.

O‘sha 40-50-yillarda hovlimizda to‘rt nafar shifokor bo‘lgani uchunmi, bilmadim, har holda, mahallamizda faqat bizning xonadonda telefon bo‘lar (rayon ijroiya qo‘mitasidan hovlimizga o‘tkazilgan edi), u uyda emas, hamma vaqt peshayvonga qo‘yilgan bo‘lib, mahalla-ko‘y erkin foydalanar edi. Ba’zi bir xalq ehtiyoji uchun eng zarur tashkilotlarning telefon raqamlari yozilgan daftar ham bo‘lardi. Eshigimiz kechasi soat 12-1 gacha ochiq bo‘lar edi. Ba’zan kechasi ham bezovta qilishar, lekin hech birlari norozilik alomatini bildirishmas edi. Shu tariqa, Dolimovlar mahalla-ko‘y ahli o‘rtasida ham katta hurmat-e’tiborga ega edi.

Davomi bor…

Ulug‘bek Dolimov
«Ahli irfon»

Toshkent, «Akademnashr», 2015

Sulola. Dolimovlar shajarasi. “Ukangga yaxshiroq o‘rgatsang bo‘lmaydimi?..”

Malumotlar
Sulola. Dolimovlar shajarasi. “Ukangga yaxshiroq o‘rgatsang bo‘lmaydimi?..”