Imom al-Buxoriyning hadis ilmi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi to’liq malumot oling
Imom al-Buxoriyning hadis ilmi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi
Mundarija
скрыть
Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy milodiy 810-yilda (194-hijriy) Buxoro shahrida dunyoga kelib, bolalik chog‘laridanoq Buxorodagi yetuk allomalardan dars olib, hadis ilmida kuchli xotira va o‘tkir zehn sohibi bo‘lib voyaga yetdi. Imom al-Buxoriy o‘n olti yoshida onasi va akasi Ahmad hamrohligida Makka shahriga haj qilgani borib, o‘sha yerda qoldi va hadis ilmini o‘rganishda davom etdi. U yerdagi zabardast ulamolardan Payg‘ambarimiz sallolohu alayhi vasallamning hadislarini yozib olib, o‘sha davrdagi Islom olamida mashhur bo‘lgan ilmiy markazlarga safar qildi, qishloq va shaharlarni kezdi, hadis ilmidagi bahs-munozalarda ishtirok etdi. Natijada, Imom al-Buxoriy hadis ilmida kamolotga erishib, o‘zi yod olgan 600 mingga yaqin hadislarni sahih va g‘ayri sahihlariga ajratdi.
Imom al-Buxoriy Islom olami va muhaddislar orasida “Imom ul-Muhaddisiyn” (Barcha muhaddislarning peshvosi) deb hurmat bilan tilga olinadi. Imom al-Buxoriyning “Al-Jomi’ as-Sahih” (Ishonarli to‘plam) asari haqida so‘z ketganda shuni aytish mumkinki, mazkur manba Islom dini ta’limotida Qur’oni karimdan keyin asosiy manba sifatida foydalaniladi. Imom al-Buxoriy yashagan davrdan oldin ta’lif etilgan hadis kitoblarida sahih va g‘ayri sahih hadislar aralash holda berilgan bo‘lib, o‘quvchi ulardagi biror hadisni to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini, hadis rivoyat qiluvchining ahvolini tekshirmay va aniqlamay turib, bilolmasdi. Buning uchun o‘quvchi o‘sha hadisga aniqlik kiritish maqsadida ulamolardan so‘rashga majbur bo‘lardi.
Mana shunday og‘ir davrda Imom al-Buxoriy “Al-Jomi’ as-Sahih” kitobini 16 yilda yozib tugatib, unga 7275 dan ortiq sahih hadislarni boblarga ajratib tartibli ravishda jamladi.
Imom al-Buxoriyning “Al-Jomi’ as-Sahih” kitobiga mashhur olimlar tomonidan yuzdan ziyod sharh va xoshiyalar bitilgan. Jumladan, “Fathul-Boriy”, “Al-Kavkab ad-Daroriy”, “Irshodus-Sariy”, “Umdat al-Qoriy”, “Fayzul Boriy” va boshqa ko‘plab sharhlarni misol qilib keltirish mumkin.
Bundan tashqari, Imom al Buxoriyning “Al-Adab al-Mufrad” (Odob durdonalari), “Birr ul-Volidayn” (Ota-onani hurmat qilish), “At-Tarix al-Kabir” (Katta tarix), “At-Tarix al-Avsat” (O‘rtacha tarix), “At-Tarix as-Sag‘iyr” (Kichik tarix), “Al-Jome’ al-Kabir” (Katta hadislar to‘plami), “Kitab al-Ilal” (Nuqsonli hadislar kitobi), “Kitab al-Kunya” (Hadis roviylarining taxalluslari) kabi yigirmadan ortiq asarlarlari mavjud.
Imom Buxoriyning ijodiy merosi o‘zining hajmi, zamonasining diniy va ijtimoiy fanlarini to‘la-to‘kis qamrab olganligi bilan kishini hayratga soladi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
Ta’lim bo‘limi
religions.uz
Boshqa mavzular
Imom al-Buxoriyning hadis ilmi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi