60 yoshdan oshganlarning har 6 nafarida kuzatiladigan xastalik haqida
Afsuski, 60 yoshdan oshganlarning har 6 tasida ko`zga parda (oq) tushishi kuzatiladi. Ko`zga oq tushishi vaqtida davolanmasa, ko`rlikka olib keladi. Bu katarakta kasalligi bilan bog`liq alomat bo`lib, hech shubhasiz ko`rish qobiliyatimiz uchun eng xavflilar sirasiga kiritiladi. Kasallikning kelib chiqish sabablari, davosi haqida ma`lumot beramiz.
EKSPERT: BAHODIR XO`JABOEV, OFTALMOLOG
— “Katarakta” tug`ma va orttirilgan bo`lishi mumkin. Kataraktaning orttirilgan turi shiddat bilan rivojlanishi bilan xavfli. Bunga quyidagilar sabab bo`ladi:
- keksayish – tanadagi barcha a`zolar singari ko`z gavhari ham yillar o`tgani sayin o`z yorqinligini yo`qotadi;
- nasl – oila a`zolarining birida bu kasallik kuzatilgan bo`lsa, avlodida takrorlanish xavfi yuqori bo`ladi;
- organizmda A,V,S vitaminlarining etishmasligi;
- ko`z jarohatlari (urilish, yiqilish, kuyish), ko`zning yallig`lanish kasalliklari;
- qandli diabet, revmatizm, artrit, buqoq, bronxial astma, bronxit, o`pka kasalliklarining asorati sifatida rivojlanishi mumkin;
- nur kasalliklari, rentgen nuri, ionli nurlanish ta`sirida;
- kimyoviy birikmalar (naftalin va hasharotlarga qo`llanadigan boshqa dorilar), dori vositalaridan zaharlanish.
KUTILMAGANDA RO`Y BERADI…
Bu kasallikda dunyo o`z ranglarini yo`qotadi. Bemor narsalarni aniq-tiniq ko`rolmaydi, ko`zdagi “parda” unga to`sqinliq qiladi. Afsus, ko`zoynakning bu borada foydasi tegmaydi. Agar katarakta ko`zning markaziy qismini zararlagan bo`lsa, uning belgilari kuchli bo`ladi:
Odam narsalarni juda xira ko`radi. Ammo bemor tunda kunduzgiga qaraganda aniqroq ko`rishi mumkin. Bundan tashqari, yorug`lik nuri ko`zga yoqmaydi, odam hamma narsani ikkitadan ko`radi, o`qish, mayda narsalar bilan bog`liq ishlarni bajarish ancha qiyinlashadi. UTT tekshiruvi yordamida shifokor ko`z gavharidagi pardaning tarqalishini aniqlashga yordam beradi. Operasiyadan oldin bemor qonning umumiy tahlili, rentgen tekshiruvi va tor doiradagi mutaxassislar ko`rigidan o`tishi shart.
DAVOSI – OPERASIYa
— Hozirgi kunda kataraktani davolashda eng zamonaviy va asoratsiz, ko`rish qobiliyatini tiklab beradigan davo jarrohlikdir. Operasiya mikroskop ostida bajariladi. Bunda ko`zning shoxpardasi kesilib, ko`z gavharining kapsulasi ochiladi, ko`z gavhari ultratovush yordamida olinadi, o`rniga sun`iy gavhar qo`yiladi. Operasiyadan keyin bemor bemalol mayda jismlar bilan ishlashi, kitob o`qishi, televizor ko`rishi mumkin. Zamonaviy linzalar yordamida insonning ko`rish qobiliyati tiklanadi.
Operasiyadan keyin bir oy davomida bemor engashmasligi, og`ir ish qilmasligi, 1 kg.dan og`ir yuk ko`tarmasligi kerak. Shuningdek, sauna, basseynga borish ham taqiqlanadi.
KO`ZGA PARDA TUShMASIN, DESANGIZ…
Buning uchun har 6 oyda tibbiy ko`rikdan o`tib, yondosh kasalliklar – yallig`lanish, shamollashning asoratlari, bo`g`im xastaliklarini vaqtida davolating, qandli diabet, qalqonsimon bez kasalliklaringiz mavjud bo`lsa, ularni zo`rayish holatiga keltirmang, doimo tegishli davo kursini olib boring. Ko`rish qobiliyatini oshirish, organizmni kuchaytirish maqsadida sog`lom turmush tarziga ham rioya qilish muhim.
- 40 yoshdan keyin ovqatlanishda qovurma, yog`li, sekin hazm bo`ladigan mahsulotlarni cheklash lozim.
- Ko`rish o`tkirligini oshirish uchun har kuni bir dona qizil sabzini qirg`ichdan o`tkazib, qaymoq aralashtirib tanovul qilish foydali. Bunday salat tarkibida karotin miqdori ko`p bo`ladi, u ko`rish o`tkirligini oshiradi.
- Ismaloq, gulkaram, makkajo`xori katarakta kasalligining oldini olishga xizmat qiladi. Ularni dimlab, suvda pishirib, salat ko`rinishida tanovul qilish mumkin.
- Kuniga 4-5 donadan o`rik, bir siqim yong`oq yoki bodom mag`zi iste`mol qilishingiz ham ko`z kasalliklarining oldini olishga, ko`z gavharini ravshanlashtirishga xizmat qiladi.
- Ovqatlar orasida (ayniqsa, kunduzgi soat 16.00 gacha) na`matak, sitrus mevalarni tanovul qilish ko`zlar uchun foyda.
Barno HOJIMIRZAEVA tayyorladi, «Darakchi» gazetasi 25 (1152) 24 iyun 2021
Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
60 yoshdan oshganlarning har 6 nafarida kuzatiladigan xastalik haqida