21-oktyabr (Til bayrami) Ona tilim jarangi olam uzra taralgay mavzusida bayram ssenariysi to’liq malumot oling

21-oktyabr (Til bayrami) Ona tilim jarangi olam uzra taralgay mavzusida bayram ssenariysi to’liq malumot oling

21-oktyabr (Til bayrami) Ona tilim jarangi olam uzra taralgay mavzusida bayram ssenariysi
Mundarija скрыть

 

“Ona tilim jarangi olam uzra taralgay”

 

Madhiya

Hikmatli so‘zlar

So‘zdurki nishon berur o‘likka jondin,

    So‘zdurki berur jonga xabar jonondin.

    Insonni so‘z ayladi judo hayvondin,

    Bilkim, guhari sharifroq yo‘q ondin. (Alisher Navoiy).________________.

Til tufayli ko‘zlarga taralar ziyo,

    Shuning uchun tilni qadrlar dunyo. ______________

Har kimni chuchuk so‘z elga izhor aylar,

    Har negaki ag‘yor durur yor aylar.

    So‘z qattig‘i el ko‘nglini ozor aylar,

    Yumshog‘i ko‘ngillarni giriftor aylar. (Alisher Navoiy) ____________

Ko‘ngil mahzanining qulfi til,

    Va ul mahzanning kalitin so‘z bil. (Alisher Navoiy) _____________

Qachonki, bir millat tilini yo‘qotsa, u muqaddas dinini va millatini ham yo‘qotur

                                                                (________________)

O‘z tilining qadriga yetgan har odam,

    Izzat-u hurmatda yashaydi har dam.       _____________________

Har bir millatning dunyoda borligini ko‘rsatadurg‘on oyinai hayoti-til va adabiyotdir. Milliy tilni yo‘qotmak, millatning ruhini yo‘qotmakdir. (Abdulla Avloniy) ______________.

Tilingni avayla, omondir boshing,

     So‘zingni avayla, uzayar yoshing.

     Kishi so‘z tufali bo‘ladi malik,

     Ortiq so‘z qiladi bu boshni egik. (Yusuf Xos Hojib)_________________.

Qilichdan ham o‘tkir, olmosdan ham keskir,

     Daryodan qudratli, buyuk kuchdir – til.        _________________.

Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga, avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. Ona tili bu millatning ruhidir. (Islom Karimov) ___________________

Shuning uchun ona tiliga,

      Qattiq mehr qo‘yaylik, do‘stlar.

      Ona tili gulshanlarida.

      Kezmoqlikni suyaylik, do‘stlar.

III. 1-boshlovchi: Asl o‘zbegimning o‘chmas nomidan

                   Shoirlar e’zozda xush kalomidan.

                   So‘zim boshlayurman, qaddim tutib tik,

                   O‘zbekning o‘zbekcha assalomidan.

2-boshlovchi: Dunyoda eng buyuk muqaddas so‘zni,

Shu tilda aytganim bilan baxtliman.

Yurak mahzanining ochqichi, sensan,

Sening borliging-la men qudratliman.

 

1-boshlovchi: Assalomu alaykum qalblari bilim va mehrga, dillari sehrga to‘la hurmatli ustozlar. Yana bir ulug‘ bayram bahonasida siz bilan ajoyib davrada yig‘ilib turganimizdan benihoya xursandmiz.

 

2-boshlovchi: Assalomu alaykum, xush kelibsiz deymiz , „Ona tilim jarangi olam uzra taralgay“ mavzusidagi adabiy-badiiy kechamizga. Mana bugun o‘zbek tiliga „Davlat tili“ maqomi berilganiga ham 24 yil to‘ldi. Ana shu bayram, shodiyona munosabati bilan barcha ta’lim fidoyilari, qalbi quyosh, mehri daryo ustozlarimizni muborakbod etib, ishlariga omad, ulkan zafarlar tilaymiz.

         

1-boshlovchi: Tadbirimiz avvalida ilk so‘zni _______________________________________________ beramiz.

1-boshlovchi: Mir Alisher, Bobur uni maqtadi ko‘p.

                   Jahon ahli hayratidan lol qoldi xo‘p,

                   Xalqimizning iftixori, yuragi bo‘p,

                   Kelgan tilim, jon-u dilim, dur-gavharim.

                   Onajonim tilidir bu, mening tilim.

2-boshlovchi: Endi tabrik uchun so‘z __________________________________

___________________________________________________marhamat ustoz!

Onam aytgan allalarda taralgan til,

 Bobom aytgan hikmatlarda yo‘g‘rilgan til.

    Hofiz qo‘shiq kuylaganda yangragan til,

      So‘zlaganda so‘zlarimdan bolday tomgan

         Onajonim tilidir bu, mening tilim.

1-boshlovchi: Inson go‘zalligi, ma’naviyati, buyuk merosi hatto olam barqarorligining asosi ham bu – tildir. Til ijtimoiy – siyosiy, ruhiy hodisa. Tilni xalq yaratadi. Milliy til millatning bir belgisidir.

2-boshlovchi:      Dunyoda turli-tuman xalqlar yashaydi. Demakki, bu xalqlarning o‘zlari uchun topilmas merosi, bir-biridan ko‘rkam ona tili mavjud. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatdagi barcha tillarning tengligi va erkinligini ta’minlaydi.

1-boshlovchi: Mustaqil O‘zbekistonimizda 130dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qilib, jumladan, Navoiy viloyatimizda 80dan ortiq millat vakillari totuv va inoq yashab kelmoqdalar.

Millat vakillari 5 ta (rus, qozoq, ingliz, tojik, o‘zbek).

1-boshlovchi: Men tinglagan allalar yodi,

    Yuragimga ildizdek botgan.

     Ilk so‘zimni aytganim chog‘i.

     Boshim uzra oppoq tong otgan.

2-boshlovchi: Qo‘shiq. “Vatanimiz, chamanimizsan” Ijro etadi Musiqa kursi tinglovchilari

1-boshlovchi: Barchamizga ma’lumki 1989-yil 21-oktabr kuni o‘zbek tiliga “Davlat tili” maqomi berilgan. Bu o‘zbek tili bayramini o‘tkazish uchun barcha ta’lim muassasalarida, turli idora va tashkilotlarda katta tayyorgarlik ko‘riladi.

2-boshlovchi: Azizlar, bilasizki, barchamiz uchun qadrli bo‘lgan o‘z ona tilimizning tarixi naqadar buyuk. Keling, endi e’tiboringizni o‘zbek tili tarixiga qaratsak. Buyuk ajdodlarimiz yaratgan til haqidagi ibratli so‘zlarga bir nazar tashlasak.

Buyuk allomalar chiqishi. (Mahmud Qoshg‘ariy, Alisher Navoiy, Uvaysiy, Nodira, Abdulla Qodiriy, Muhammad Yusuf )

Mahmud Qoshg‘ariy(Parda ortidan)- Mahmud Qoshg‘ariy. “Devoni lug‘otit-turk” asarini yaratish bilan turkiy tilning shakllanishiga asos soldi.

(M.Q ning gapi)  Men turklar, turkmanlar, chigillar, yag‘molar, qirg‘izlarning shaharlarini, qishloq va yaylovlarini ko‘p yillar kezib chiqdim, lug‘atlarini to‘pladim, turli xil so‘z xususiyatlarini o‘rganib chiqdim. Men bu ishlarni til bilmaganim uchun emas balki bu tillardagi har bir kichik farqlarni aniqlash uchun qildim.

Alisher Navoiy(Parda ortidan)- Alisher Navoiy. Navoiy so‘z mulkining sultoni deya e’tirof etildi. Turkiy tilning rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shdi.

(A.Nning gapi)     So‘zdurki nishon berur o‘likka jondin,

                            So‘zdurki, berur jonga xabar jonondin.

                            Insonni so‘z ayladi judo hayvondin,

                            Bilkim, guhari sharifroq yo‘q ondin.

Uvaysiy-(Parda ortidan)- Jahon otin Uvaysiy. Uvaysiy o‘z g‘azallarini turkiy tilda yaratdi.

(U.ning gapi)       O‘z tilin sevganlarga mahliyo Uvaysiyman,

                            Qayda o‘z elim bo‘lsa, oshno Uvaysiyman.

                            Bulbulsifat nutq aylab, zabonimni rost etgum,

                            Til qadrin bilganlarga jonfido Uvaysiyman.

Nodira-(Parda ortidan)- Nodirabegim. Jahon mamlakatlarini Bilqisi deya ta’riflandi.

(N.ning gapi)       Maqsad na edi jahona kelding?

                            Kayfiyatini bayon etib ket.

Fosh etma ulusqa ishq sirrin,

Ko‘ngulda ani nihon etib ket.

Abdulla Qodiriy- (Parda ortidan)-Abdulla Qodiriy. O‘zbek romanchilik maktabining asoschisi. O‘zining “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” asarlari bilan o‘zbek tilining boy til ekanligini yana bir bor isbotladi.

(A.Qning gapi) Assalom, Abdulla Qodiriydurman,

                        So‘z mulkida daho, Qodiriydurman.

                        Bir bulbuli go‘yo Qodiriydurman,

                         Netay, baxti qaro Qodiriydurman.

                         Men yaratgan mayoq “Otkan kunlar”im,

                         Bir bor varaqlab boq “O‘tkan kunlar”im

 

 

Mirtemir-(Parda ortidan)-Mirtemir. O‘zbek tili naqadar ulug‘ligini e’tirof etdi.

                   Ona tilim, onajonim tili bu.

                   Beshikdanoq singgan jon-u quloqqa.

                   El-u yurtim xonumonim tili bu,

                   Qadimlikda o‘xshar ona tuproqqa.

Muhammad Yusuf-(Parda ortidan)- Muhammad Yusuf.  Uning qalbidan otilib chiqqan she’rlar ona tilining zojibasini yana bir bor isbotladi.

(M.Yusuf gapi)    Garchi zug‘um qilganlarni yoqtirmadim,

                            She’r yozdim-u bo‘lak ishni qotirmadim.

                            Tilim turib o‘z tilimda gapirmadim,

                            Bir eslasam eziladi bag‘ri dilim,

                            Ona tilim kechir meni ona tilim.

1-boshlovchi: Sen o‘sha Navoiy qalbiga solgan vola,

                   Sen shoh Mashrab satrlaridan tomgan jola.

                   Sen Bobur ash’orlaridan to‘kilgan nola,

                   Orombaxsh, nazikta’b nuktadonim mening,

                   Bol kabi shirin turkiyzabonim mening.

2-boshlovchi: Bizga ma’lumki, buyuk mutafakkir Alisher Navoiy o‘zbek  adabiyotini yuqori pog‘onaga ko‘tarish bilan birga, o‘zbek                         adabibiy tiliga ham asos soldi. Bu tilning rivojida, uning betakror jozibaga ega ekanligini isbotlashda Navoiyning  xizmati beqiyos. Navoiy yoshligidanoq turkiy tilga –ona tilimizga kuchli mehr qo‘ygan edi.

Sahna ko‘rinishi. Sahnada ustoz Lutfiy va yosh Alisherbek.

Sahna ko‘rinishi:

Alisher – Assalomu alaykum, ustoz!

Lutfiy –  Vaalaykum assalom, bo‘tam, keling. Qanday, o‘g‘lim, ota-onangiz sihat-salomatmi?

Alisher – rahmat ustoz, sizga duoyi salom aytdilar.

Lutfiy – rahmat, rahmar. O‘zingiz yaxshi tahsil olib, she’rlar mashq qilyapsizmi.

Alisher – oz-oz mashq qilib turibman.

Lutfiy – Qani menga yangi mashqlaringizdan o‘qib bering.

Alisher – xo‘p, ustoz.

         Orazin yopqach ko‘zimdin sochilur har lahza yosh,

         Bo‘ylakim paydo bo‘lur, yulduz nihon bo‘lg‘och quyosh.

Lutfiy – borakallo bo‘tam, borakallo. Ajoyib tashbeh etibsiz. Qani endi mumkin bo‘lganida erdi men o‘zimning 10-12 ming bayt ash’orimni shu g‘azalg‘a alishg‘on bo‘lar erdim.

Alisher – rahmat ustoz. Meni juda ham maqtab yubordingiz.

(Lutfiy mehr bilan yelkasiga qo‘l tashlab)

Lutfiy –     Alisherbek, o‘g‘lim, oqil yigitsiz,

                   Go‘yo so‘z tog‘ida uchmish burgutsiz.

                   Lafzingiz bezamish turkiy gavhari,

                   Nazmingiz bezamish el-u yurt zari.

                   Faqir nazmi sizga yoshlikdan ayon,

                   Dil rozin turkiyda etdim namoyon.

                   Turkiyga baxshida etdim o‘zimni,

                   Vasfida xok-i sor tutdim o‘zimni.

                   Jon kabi ardoqlab ona tilimni,

                   O‘zdin rizo etdim, balki elimni.

                   Kimki ona tilin yetmas qadriga,

                   Kelajak naslining uchrar qahriga.

                   Armonli dunyoda umidim sizdan,

                   Qadr-u kamol toping el aro so‘zdan.

Alisher –    Ustoz, toki tanda bor ekan jonim,

                   Ona sutidek pok o‘lg‘ay iymonim.

                   Sut birla kirmishdir turkiy qonimga,

                   Qon ila hayotbaxsh etmish jonimga.

                   Turkiyda cheksamda qancha alam-ranj,

                   Aning maxzanig‘a qo‘shg‘aymen dur-ganj.

Lutfiy – borakallo, o‘g‘lim, xudo yor bo‘lsin.

Raqs (E’lon qilinmaydi)

1-boshlovchi:      Ona tilim sen borsan shaksiz,

Bulbul kuyin she’rga solaman.

Sen yo‘qolgan kuning shubhasiz,

Men ham to‘ti bo‘lib qolaman.

2-boshlovchi: Prezidentimizning “Yuksak ma’naviyat-yengilmas kuch” kitobida ona tilimiz haqida g‘oyatda sermazmun fikrlar bildirilgan. “Ma’lumki, o‘zlikni anglash, milliy ong-tafakkurning ifodasi ajdodlar o‘rtasidagi ruhiy-ma’naviy bog‘liqlik til orqali namoyon bo‘ladi. Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. Ona tili- bu millatning ruhidir”.

1-boshlovchi: Darhaqiqat, bugun davlat tili maqomiga ega bo‘lgan o‘zbek tili mustaqil davlatimizning bayrog‘i, gerbi, madhiyasi, Konstitutsiyasi qatorida turadigan qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas timsollardan biriga aylangani har bir zamondoshimiz qalbida faxr-iftixor tuyg‘usini uyg‘otadi.

2-boshlovchi: Ona tilimizning betakror jozibasi shoirlar tomonidan go‘zal tashbehlar ila madh etilganligini, Ona tili va adabiyot kursi tinglovchilari tomonidan aytiladigan she’rlar misolida tinglaymiz. Marhamat.

______________

Har so‘zida ilohiylik bor,

         Haq Ollohdan bir vahiylik bor.

         Bag‘rikenglik, zo‘r saxiylik bor,

Imonimsan, o‘zbek tilim, o‘zbek tilim.

Allasiga duo qo‘shilgan,

Lafzlariga shifo qo‘shilgan.

Ezgu tilab – nido qo‘shilgan

Senda – hayot.

Senda – baxt yo‘lim,

O‘zbek tilim, o‘zbek tilim.

_____________

         Hamid Olimjonlar kuylagan Vatan,

         Ruhlari hali ham tinchlik bermaydi.

         Aylanay o‘zbegim aytgan so‘zidan,

         Yurtim tuprog‘ida oltin gullaydi.

         Hamma sharofatlar mustaqillikdan,

         Bugunda o‘zbekni dunyo taniydi.

         Qodiriy, Cho‘lpon-u, Usmon Nosirlar

         Bu kunni bir kelib ko‘rsa qaniydi.

_____________________

Ona tilim, oy tilim,

Sen bilan mag‘rur elim.

O‘lmasin, iftixorim,

Ko‘rkam, mangu bahorim.

Kim tinglasa o‘ylatgan,

Buyuklarni so‘ylatgan.

Tillar ichra boy tilim,

Go‘zallikka oy tilim.

Men chaqaloq pallalar,

Onam aytgan allalar.

Bilan singding qonimga,

Hamda shirin jonimga

Jahonda eng boy tilim,

Go‘zallakda oy tilim.

___________________

Paxtalar xalqimning dilidek jo‘shqin,

Bahordek ilhombaxsh, ona tilimsan.

O‘zbekcha hse’r o‘qir Lermontov, pushkin,

Tuganmas xazina, bitmas bilimsan.

Navoiy g‘azalin har bir satrida,

Nafosat, go‘zallik shu tilga xosdir.

Shunchalar ma’no bor so‘zning atrida,

Har bir so‘z durdona yoki olmosdir.

___________________

         Ona tilim, sen ruhimning qanoti,

         Abu turk nafasi, Oltoy chechagi.

         Xun davridan omon keldi G‘iroting,

         Qutlug‘ Enasoyning ezgu ertagi.

         O‘rxun bo‘ylarida toshga aylanding,

         Ko‘klarga sanchilding, turon bo‘lding, sen.

         Mangulik safarga qachon shaylanding,

         Qachon bu olamda kuchga to‘lding, sen.

_____________________

         Beshik quchib, munisam onam,

         Alla aytdi singding quloqqa.

         Ona tilim seni o‘xshatdim,

         Zilol suvga, chashma buloqqa.

         Navoiyni tanidi olam,

         Sen tufayli jonajon tilim.

         Uvaysiyning kamoli bo‘lib,

         Yuraklardan  mangu olding joy.

         Nodiraning salomi bo‘lib,

         Oy misoli taratding chiroy.

Sendan chiqdi tillari zukko,

Bo‘lsa neki o‘zbekda daho.

Oq sut kabi poksan, sen tilim,

Onam kabi bebaho tilim.

_____________________

         Ona tilin tinglab, kirdi menga jon,

         Ohista tirildim va shunda bildim.

         Meni tuzatolmas hech dori-darmon.

         Jonimga masihdir shu ona tilim.

         Mayli qashshoq bo‘lsin, mayli behasham,

         Lekin mening uchun aziz va suyuk.

         Jahon minbarida yangramasa ham,

         Ona tilim menga muqaddas, buyuk!

1-boshlovchi: Ota-bobolarimiz tilga ehtiyot bo‘linglar, kishi dilini og‘ritadigan, ko‘nglini qoldiradigan, izzat-nafsiga tegadigan, or-nomusi, sha’nini oyoq osti qiladigan so‘zni so‘zlamanglar, hamma vaqt shirinso‘z bo‘linglar, deb ta’kidlaganlar.

2-boshlovchi: Chunki tildan keladigan ozor nayza ozoridan yomon, deb aytadilar. Shunday ekan, hamisha tilimiz shirin, so‘zimiz go‘zal bo‘lsin.

1-boshlovchi: Istardim qalblarni titratsin so‘zlar,

                   Jonlantirsin yurtning rasm-u holini.

                   Jonlantirsin, toki muntazir ko‘zlar,

                   Ko‘ra olsin elning istiqbbolini.

2-boshlovchi: Navoiy – bu oltin xirmon sohibi,

                   Hayratin olamga etarkan izhor.

                   Qalbida bir dunyo g‘urur bor  edi.

                   “Xamsa” bo‘lib yog‘di o‘shal iftixor.

Qo‘shiq. Ijro etadi ______________________________________________

1-boshlovchi: Ona tili bor ekan, Vatan bor. Xalqning umr o‘lchovini til belgilaydi. Jamiyatdagi bor go‘zallik va sehr — til orqali namoyon bo‘ladi.

2-boshlovchi: Darhaqiqat, ona tilimizni shakllantirish va rivojlantirish faqat soha vakillarining emas, balki butun jamiyatning vazifasi hamdir

1-boshlovchi: Inson odobini ko‘z-ko‘z qiladigan ayni chog‘da qilich tig‘idan keskir, ilon zahridan o‘tkir, boldan shirin bu tildir. Dono xalqimizning so‘zlash qoidasida tilga ehtiyot bo‘lish va qisqa so‘zlash madaniyati juda ko‘p ibratli fikrlar bilan e’tirof etilgan.

2-boshlovchi: Sahna ko‘rinishi “Til odobi” ijro etadi geografiya kursi tinglovchilari

 Sahna ko‘rinishi. “Til odobi”

    Bir kuni tolibi ilm ustozi piri komildan so‘radi:

Ustod til odobi nima?

Yaxshi so‘z jon ozig‘i, yomon so‘z bosh qozig‘i

      Tolibi ilm yana so‘radi:

nimalardan tilni tiyish lozim?

Quyidagi sakkiz vaziyatdan: biri yolg‘on gapirishdan, zero yolg‘onchilik dushmandir; va’daga xilof ish qilishdan, chunki bu ikkiyuzlamachilik nishonasidir; g‘iybat va bo‘htondan, sababi bu fosiqlar ishidir; janjaldan, xusumatdan, gap tashishdan; o‘zini maqtash va ta’riflashdan, chunki bu takabburlikdan alomatdir; kichiklarni la’natlashdan, chunki bu lozimlar fe’lidir; yomon duo va haqoratdan; odamlarning ranjishiga sabab bo‘ladigan kulgi va masxaralashdan. Bu qoidalarga rioya qilish har birimizning farzimizdur.

Tushundim ustod.

Raqs (E’lon qilinmaydi)

1-boshlovchi: Oradan necha asrlar o‘tgan bo‘lsa-da, o‘zbek tili o‘z mavqeini yo‘qotgani yo‘q. So‘z mulkining sultoni Navoiy bobomiz tilimizni bog‘ga, xalqimizni bulbulga o‘xshatganlar, shoir ana shu bog‘ga gard yuqmasin deb niyat qilganlar.

2-boshlovchi: Shukurki ona tilimiz asrlar silsilasida yanada sayqallanib, rivojlanib bormoqda. Biz ham kelajak avlodga ona tilimizga gard yuqtirmay, yanada rivojlantirib, yetkazish uchun qo‘limizdan kelgancha harakat qilishimiz lozim.

1-boshlovchi: To‘lin oy ishvasin tarjimoni, sen,

                   Men faqir bir qulning xonumoni, sen.

                   Turkiy degan xalqning toza qoni, sen,

                   Mening o‘zbek tilim, onajon tilim.

2-boshlovchi: Sen tilni sharafla, el uchun nomus bil,

Tarixni tavof ayla, buyuk qomus bil.

Bu ko‘hna kitobni sen kitob bilma faqat,

Yo‘llarni yoritguvchi go‘zal fonus bil.

She’rlar

____________________

Ona tilimga alyor (Oydin Hojiyeva)

         Og‘zimdagi novvotim,

         Boshimdagi minnatim,

         Bobokalonlarimdan

         Qolgan ulug‘ davlatim.

         Tanglayimni ko‘targan,

Kindik momom qo‘lisan,

“Besh kecham”da sirlashgan

Shamchirog‘im tilisan.

Onamning oq sutisan,

O‘chog‘imning o‘tisan,

Asli toza yurtimsan.

Bahorda boychechagim,

Tiramoda turnamsan,

Kashtamdagi ipagim

Yoqamdagi yo‘rmamsan.

Kelinchaklar suzilsa,

Ko‘zlardagi nozisan,

Atirgullar uzilsa,

Shabnamlar hayosisan.

Senda qimiz ta’mi bor,

Mo‘miyo malhami bor,

Ohanrabo afsuni,

Qilichlarning dami bor.

Tuproq olsang oltin-u,

Kul olsang kumush bo‘lsin,

Seni tinglab ulg‘aygan,

Ullar Alpomish bo‘lsin.

Onaliging chin bo‘lsin,

Qizlaring lochin bo‘lsin.

Yo‘lingdagi xarsanglar,

Iloyo, parchin bo‘lsin,

Qadim turkiy taxtingga,

Yayrab o‘tir yarashgay,

Oq sutingni oqlay deb,

Farzandlaring kurahgay.

Kurashmasa non-tuzing,

Ikki dunyo haromdir.

Ona g‘arib bo‘lgan xalq,

Olomondir, avomdir.

_________________

O‘zbek tilim o‘zbek elim (Normurod Narzullayev)

         Oq sut bilan jon-jonimga kirgansan,

         Hayot bo‘lib ol qonimga kirgansan.

         Qasamyodim, paynonimga kirgansan,

         Vijdonimga, iymonimga kirgansan,

O‘zbek tilim, ona tilim, o‘z tilim.

O‘zbek elim, ona elim, o‘z elim.

Nasibim ham, millatim ham, irqim ham,

G‘arb-u shimol, janubim ham, sharqim ham.

Shodligim ham, g‘azabim ham, zavqim ham,

O‘zligim ham, o‘galardan farqim ham,

O‘zbek tilim, ona tilim, o‘z tilim.

O‘zbek elim, ona elim, o‘z elim.

Allam mening, yallam mening, ko‘k qirim,

Bog‘im mening, tog‘im mening, tandirim.

Tangrim mening, ishonganim – ruh pirim,

Tirikligim, o‘lmasligim, taqdirim.

O‘zbek tilim, ona tilim, o‘z tilim.

O‘zbek elim, ona elim, o‘z elim.

Zargarimsan, gavharimsan, so‘zimsan,

Oq-qorani tanituvchi ko‘zimsan.

Pok tuprog‘im rizq-u ro‘zim, tuzimsan,

Ostonamsan, koshonamsan, izimsan.

O‘zbek tilim, ona tilim, o‘z tilim.

O‘zbek elim, ona elim, o‘z elim.

Qon-qardoshlar davrasida o‘rning bor,

O‘z bayrog‘ing, madhiyang-u tug‘rong bor.

Mardliging bor, subuting bor, qadring bor,

Quvon, Narziy, qalb qo‘shig‘ing, she’ring bor.

O‘zbek tilim, ona tilim, o‘z tilim.

O‘zbek elim, ona elim, o‘z elim.

(__________)

O‘zbekiston (Muhammad Yusuf)

O, ota makonim, onajon o‘lkam,

O‘zbekiston, jonim to‘shay soyangga,

Senday mehribon yo‘q, seningdek ko‘rkam,

Rimni alishmasman bedapoyangga

           Bir go‘sha suv bo‘lsa, bir go‘sha qirlar,

Qancha yurtni ko‘rdim, qancha taqdirlar.

Qayga borsam suyab, boshni tik tut deb,

Tog‘laring izimdan ergashib yurar .

Ko‘rdim suluvlarning eng faranglarin,

Yo xudbinman yo bir soda kasman men:

           Parijning eng go‘zal restaranlarin,

Bitta tandiringga alishmasman men.

Na gapga ko‘nayin ,

          Na til bilayin,

          Ko‘zdan uyqu qochdi,dildan halovat .

Uch kunda sog‘insam nima qilayin?..

      Chala qolar bo’ldi hamma sayohat.

      Bildimki, baridan ulug’im o’zing,

      Bildimki, yaqini shu tupoq menga.

      Bahorda Baxmalda tug’ilgan qo’zing

      Arab ohusidan azizroq menga.

      Sen bilan o’tgan har kun bayram-bazm,

      Sensiz bir on qolsam rahmim keladi.

      Seni bilganlarga qilaman ta’zim,

      Sini bilmaslarga rahmim keladi.

„Kundan-kun yaxshi“ qo‘shig‘i

Monolog  “Ona tilimga”

Ona tilim-sen halqimning ko‘zgusisan. Elimning toza qalbi senda jilvalanadi. Yuragimning orzulari, tub-tubiga cho‘kkan armonlari, olamlarga sig‘maguvchi hayajonlari senla tillashadi, senda yangraydi

Sen – quyoshsan, sen – nursan, beshikdagi go‘dakning ilk tinglagan so‘zisan.

Sen-bizning g‘ururimiz, orimizsan! Sening qadring shunchalar buyukki, to‘fonlardan, suronlardan opichlab o‘tdik. Avlodlarning qo‘liga avaylab tutdik.

Sening oring uchun, sening boring uchun ko‘ksi qalqonmiz!

Biz, sening jonkuyarlaring kamoloting uchun yonib yashashga, fido bo‘lishga, shogirdlar yuragiga mehring solishga qasamyod qilamiz, qasamyod qilamiz, qasamyod qilamiz.

Notiq dedi:

Taqdir shul,

Bu jahoniy iroda.

Tillar yo‘qolur butkul,

Bir til qolur dunyoda.

Ey, voiz pastga tushgin,

Bu gap chiqdi qayerdan.

Navoiy bilan Pushkin,

Turib keldi qabrdan.

     Kim darg‘azab, kim hayron,

Chiqib keldilar qator:

 Dante, Shiller va Bayron,

 Firdavsiy, Balzak, Tagor.

Vazingni qo‘y birodar,

    Sen aytganing bo‘lmaydi.

Barcha dedi barobar,

Ona tilim o‘lmaydi.

1-boshlovchi: Mana shuning bilan “Ona tilim jarangi olam uzra taralgay” mavzusidagi adabiy-badiiy kechamiz o‘z nihoyasiga yetdi. Xayr, ko‘rishguncha sog‘-omon bo‘ling.

Darsliklar
21-oktyabr (Til bayrami) Ona tilim jarangi olam uzra taralgay mavzusida bayram ssenariysi