2-qism. “Dalillarga asoslangan” ruhshunoslik: ruhshunoslik muolajalarining samaradorligi haqida nimalar ma’lum? to’liq malumot oling

2-qism. “Dalillarga asoslangan” ruhshunoslik: ruhshunoslik muolajalarining samaradorligi haqida nimalar ma’lum? to’liq malumot oling

Maqolaning 1-qismini bu yerda o‘qing → sinaps.uz/maqola/15075

Psixofarmakologik dorilarning klinik sinovlari qanday oʻtkaziladi?

Psixiatriyaning ichki qiyinchiliklaridan qatʼi nazar, ruhiy kasallikka chalingan odamlar davolanishga muhtoj. Buning uchun psixofarmakologik preparatlar kerak.

Psixiatrik dorilarning klinik sinovlari boshqa har qanday dori kabi olib boriladi. Mendelevich aytishicha, “Psixofarmakologik dori vositasiga aylanishi mumkin boʻlgan yangi dori paydo boʻlganda, u dalillarga asoslangan tibbiyot mezonlariga muvofiq sinovdan oʻtkaziladi. Dorilar bir martalik, ikki martalik va hatto uch martalik sinovlardan oʻtkaziladi. Bu mexanizmlarning barchasi allaqachon ishlab chiqilgan. Shunga oʻxshash tadqiqot usullari bilan sinovdan oʻtgan dorilarga ishonmaslik uchun hech qanday sabab yoʻq.

Biroq psixiatriyaning tibbiyot sohasi sifatidagi oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda aytadigan boʻlsak, dori vositalarining samaradorligini baholash muqarrar ravishda bir qator qiyinchiliklarga duch keladi.

1. Dori taʼsirini platsebo effektidan ajratish qiyin

21 ta antidepressantning meta-tahlili yordamida dori va platsebo oʻrtasida statistik farq borligi aniqlandi. Biroq baʼzi mutaxassislarning taʼkidlashicha, bunday farq har doim ham klinik ahamiyatga ega emas, yaʼni doimo bemorlarga foyda keltirmaydi.

Dori vositalari ishlab chiquvchilarining taʼkidlashicha, barcha joriy dori sinovlari ikki tomonlama platsebo-nazorat ostida amalga oshiriladi. Biroq ular yetarlicha uzun, koʻpincha sinov boshida paydo boʻladigan, lekin uzoq vaqt davom etmaydigan platsebo effekti natijalarga taʼsir qilmaydi.

2. Bir xil preparatning sinov natijalari koʻpincha bir-biriga zid keladi

Bu antidepressant sinovlarida juda aniq koʻrinib qoladi. Ushbu dorilar samaradorligi koʻp jihatdan tushkunlikning darajasiga bogʻliq. Shu sababli dorilar taʼsir kuchini solishtirish uchun ularning “bir xil turdagi” tushkunlikka nisbatan qoʻllanganiga ishonch hosil qilish kerak. Shu bilan birga, ogʻir tushkunlikka chalingan bemorlarni yengil tushkunlik bilan kasallangan bemorlardan ajratish mumkin boʻlgan aniq mezonlar hali ham mavjud emas.

Mendelevichning taʼkidlashicha, muammo turli darajadagi tushkunlik bilan bogʻliq chalkashlik tufayli emas, balki bir tomondan psixologlar va psixoterapevtlar, ikkinchi tomondan psixiatrlar va psixofarmakologlar oʻrtasidagi kurash tufayli yuzaga keladi.

“Davolovchi psixologlar va psixoterapevtlar tushkunlikning paydo boʻlishi miyadagi neyrotransmitterlarning nomutanosibligi natijasi boʻlishi mumkinligini tan olishni xohlamaydi”, – deb tushuntiradi olim qarama-qarshilik haqida gapirar ekan. “Psixiatrlar esa ruhiy tushkunlik psixologik sabablarga koʻra yuzaga kelishi mumkinligini tan olishmaydi. Ruhiyatga bogʻliq boʻlmagan tibbiyotda ham emlash tarafdorlari va unga qarshilar bor boʻlganidek, psixiatriyada ham tushkunlikka qarshi davolash tarafdorlari va unga qarshi qatʼiy muxoliflar mavjud. Muxoliflarga koʻpincha psixolog va psixoterapevtlar kiradi.

“Gedeon Rixter” kompaniyasida aytilishicha, ikkita klinik sinov natijalaridagi farqlar turli omillar, masalan, ishtirokchilar qanday davolanayotgani (haqiqatda dori-darmonlarni qabul qilmoqdami) yoki bemorlar qanday tanlanganiga bogʻliq boʻlishi mumkin. Eng ishonchli maʼlumotlarni olish uchun tajribani boshlashdan oldin uni iloji boricha ehtiyotkorlik bilan ishlab chiqish kerak. Hozirda kompaniya mana shu ish bilan shugʻullanmoqda.

3. Sinov subyektlari koʻpincha haqiqiy bemorlar emas

Robert Levin va Maks Finklarning taʼkidlashicha, bir xil “professional” bemorlar (tushkunlikka chalingan) koʻpincha pul topish ilinjida turli dorilarning klinik sinovlarida qatnashadi. Ushbu guruh boʻyicha olingan maʼlumotlar tijorat maqsadlariga ega boʻlmagan “tashqaridagi” bemorlardan olingan maʼlumotlardan sezilarli darajada farq qilishi aniq.

Dori-darmonlarni ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning taʼkidlashicha, ular har doim natijalarning aniqligini taʼminlash uchun iloji boricha koʻproq bemorlarni jalb qiladi. Shu sababli preparat samaradorligi baholanadigan uchinchi bosqichning klinik sinovlari xarajatlari juda yuqori boʻlishi mumkin.

Subyektlar boʻyicha yana bir keng tarqalgan shikoyat asosan yondosh kasalliklarga chalingan bemorlarni guruhdan chiqarib tashlash boʻyicha boʻladi. Ular hayotda ham yondosh kasalliklari uchun dori-darmonlarni qabul qiladi. Bu birinchi navbatda preparatning asosiy davolash yoʻnalishi samaradorligiga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan barcha omillarni yoʻq qilish uchun amalga oshiriladi. Keyinroq kompaniya qoʻshimcha xavfsizlik choralarini koʻrish uchun “nostandart” ishtirokchilar bilan qoʻshimcha sinovlar oʻtkazadi.

4. Preparatning samarasizligini aks ettiradigan tadqiqotlarni nashr qilmaslikka harakat qilishadi.

Aslida gap nimada? Birinchidan, farmatsevtika kompaniyalari dori-darmonlarni sinovdan oʻtkazadi va sinovlarning “nol”ga teng natijasi ularning obroʻsiga putur yetkazishi mumkinligidan xavotirda boʻladi. Chunki investorlar “xafa” boʻlishadi, tadqiqot amaliyotining oʻziga xos xususiyatlarini tushunmaydigan bemorlar esa doridan shubha qilishadi.

Bundan tashqari, salbiy natijalar tadqiqotchilarning oʻziga ham yoqmaydi. Hatto mana shunday holatlar uchun maxsus “nashr qiyaligi” degan atama (publication bias) ham mavjud.

Maʼlumki, ilmiy jurnallar gʻoya tasdiqlangani yozilgan maqolalarning nashr etilishiga ustunlik beradi va gipotezaning notoʻgʻriligini ochib bergan maqolalar nashr etilmay qoladi. Buni bilgan holda koʻplab olimlar navbatdagi sinovning “salbiy” xulosasini yuborishni xohlamaydi. Bu akademik oʻlchovning “avvalo isbotlang” tamoyilining yaqqol isbotidir.

“Farmatsevtika kompaniyasi yangi dorining muvaffaqiyatidan manfaatdor ekani aniq”, – deya tan oladi Mendelevich. “Tadqiqot ularning puliga oʻtkaziladi. Ammo sinovchilar tajribada koʻr-koʻrona qatnashishadi va tanlovlarning qaysi biri platsebo va qaysinisi dori ekanini bilishmaydi. Bundan tashqari, ular farmatsevtika kompaniyasiga kerak boʻlgan natijani bergani uchun emas, balki tajribada qatnashgani uchun haq oladi.

Shu bilan birga klinik sinovlar natijalari tobora oshkoralik tamoyiliga amal qilmoqda. Mendelevich nafaqat psixiatriyada, balki umuman tibbiyotda ham boshlangan barcha tajribalarni nashr qilish muhokama etilayotganini taʼkidlaydi. “Dalilga asoslangan tibbiyotning oʻziga xos nashr tamoyillari bor. Siz biron bir jiddiy jurnalda [samarasiz dori haqidagi maqolani] shunchaki nashr eta olmaysiz. Ha, psixofarmakologiya bilan bogʻliq muammolar mavjud – ammo psixiatriya psixofarmakologik dorilar samaradorligini baholash bilan shugʻullanadi”.

Qandaydir tarzda “nashr qiyaligi”ga qarshi kurashish uchun Yevropa Ittifoqi va AQShda barcha klinik sinovlar oldindan roʻyxatdan oʻtkaziladi, yaʼni ular tayyorgarlik bosqichidayoq maxsus maʼlumotlar bazasiga (masalan, ClinicalTrials.gov) kiritiladi. Shunday qilib, agar maqola ish natijalariga koʻra nashr qilinmagan boʻlsa ham (masalan, sinov muvaffaqiyatsiz yakunlangan boʻlsa, mablagʻ muvaffaqiyatsizlik sabablarini aniqlash uchun yoʻnaltiriladi), siz nimalar qilinganini koʻrishingiz mumkin.

2 qism dalillarga asoslangan ruhshunoslik ruhshunoslik muolajalarining samaradorligi haqida nimalar malum 1

nplus1.ru
Psixoterapevtik usullar qanday sinovdan oʻtkaziladi?

Dori-darmonlar bilan davolashdan tashqari psixoterapiya ham kasallik bilan kurashadi. Koʻplab psixoterapevtik usullar mavjud va ularning barchasi ruhiyatning faoliyati haqida turli xil gʻoyalarga asoslangan. Psixoterapiya usullarining samaradorligi turlicha boʻlishi kerak deb taxmin qilish mantiqan toʻgʻri. Biroq baʼzi maʼlumotlarga [bir, ikki, uch, toʻrt] koʻra, barcha psixoterapevtik usullar, hatto bir usulga qarama-qarshi yondashuvlarga asoslanganlari ham odamlarga bir xil taʼsir koʻrsatar ekan.

Bu hatto tajriba uchun maxsus ixtiro qilingan psixoterapiya usullariga ham tegishli. Platsebo usulining ishlashi uchun undan foydalanadigan “psixoterapevt”ning yetarlicha hamdard va xayrixoh boʻlishi kifoya.

Bugungi kunda psixoterapiyada uchta muammo mavjud:

• biz haligacha psixoterapiya qanday ishlashini aniq bilmaymiz;
• psixoterapevtik davolanish samaradorligini baholash uchun moʻljallangan tajribalarda platsebo guruhining ishtiroki deyarli mumkin emas, yaʼni tasodifiy nazorat ostida sinov oʻtkazib boʻlmaydi;
• psixoterapevtik usullarning samaradorligi boʻyicha tadqiqotlarning aksariyati kuzatuv tadqiqotlari yoki holatlari jamlanmasi va bu noaniq dalillardir.

Psixoterapiyaning turli usullari samaradorligi boʻyicha 96 ta meta-tahlil va tizimli sharhlar natijalari shuni koʻrsatdiki, psixoterapiyani “dalillarga asoslangan soha” deb atashga hali erta. Tadqiqot fan olamidagi eng mustaqil va obyektiv tashkilot boʻlgan Kokreyn jamiyati kutubxonasida nashr etilgan.

Psixiatriyaning kelajagi qanday?

Vladimir Mendelevichning soʻzlariga koʻra, psixiatriya jamoasida qiyin vaziyat yuzaga kelgan. Agar boshqa tibbiy fanlar doirasidagi dalillarga asoslangan tibbiyot sohalari – kardiologiya, onkologiya, pulmonologiyada toʻgʻri davolashni tanlashning odatiy va muntazam usuli qoʻllansa, psixiatriya turli yondashuvlarga ega boʻlgan ikkita sohaga boʻlingan.

Shifokorlar va tadqiqotchilar tomonidan ilgari suriladigan birinchi psixiatriya “biz faqat dalillarga asoslangan tibbiyot tamoyillari asosida ishlashimiz kerak”, deya taʼkidlaydi, yaʼni davolash usulini tanlash faqat samaradorlik va xavfsizlik boʻyicha ilmiy maʼlumotlar asosida amalga oshirilishi lozim.

Baʼzi amaliyotchi psixiatrlar va psixoterapevtlar tomonidan ilgari suriladigan ikkinchi psixiatriyada inson ruhiyatini oʻlchab boʻlmasligi va individualligi taʼkidlanadi. Ushbu mutaxassislar davolanishni buyurishda maʼlum bir mutaxassisning tibbiy tajribasiga tayanishni maʼqul deb hisoblashadi.

Ammo dalillarga asoslangan tibbiyotdan yaxshiroq yondashuv yoʻq. Agar bemorga toʻgʻri tashxis qoʻyilishi kerak boʻlsa, unda faqat bir mutaxassisning klinik tajribasiga tayanish mumkin emas. Mabodo siz shu usul tarafdori boʻlsangiz, unda ekstrasensga, folbinga yoki tegishli hujjati yoʻq boshqa mutaxassislarga murojaat qilishingiz mumkin.

Agar isteʼmolchi kafolat olishni istasa, kafolat faqat dalillarga asoslangan yondashuvlar asosida olinishi mumkinligini anglashi kerak. Aytgancha, sugʻurta kompaniyalari ham faqat tasdiqlangan samaradorlik va xavfsizlikka ega usullar uchun toʻlov qilishga rozi boʻladi. Bu butun dunyo yuradigan yagona yoʻl. Rossiyaning dalillarga asoslangan psixiatriyasi ham bundan mustasno emas.

Muallif: Olga Dobrovidova. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “«Доказательная» психиатрия. Что мы знаем об эффективности психиатрических методов лечения” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: nplus.ru

Boshqa mavzular
2-qism. “Dalillarga asoslangan” ruhshunoslik: ruhshunoslik muolajalarining samaradorligi haqida nimalar ma’lum?