1-qism. Kerakli toksin: selenning inson tanasiga xavfi va foydasi nimada? to’liq malumot oling

1-qism. Kerakli toksin: selenning inson tanasiga xavfi va foydasi nimada? to’liq malumot oling

Inson tanasida selen vitamin, ferment va biologik membranalar bilan oʻzaro taʼsir qiladi, metabolizmni tartibga solishda ishtirok etadi. U hayot uchun zarur boʻlgan 30 dan ortiq birikmaning tarkibiy qismi boʻlib, koʻplab fermentlarning faol markaziga kiradi va antioksidant xususiyatga ega. Selenning odamlar uchun zarur boʻlgan bir sutkalik dozasi kuniga 50—100 mikrogrammni tashkil qiladi. Agar bu miqdor bir necha martaga oshib ketsa, insonda jiddiy zaharlanish holati paydo boʻlishi mumkin. Zararsiz va zaharli selen miqdori oʻrtasidagi muvozanatni qanday saqlash kerak? Nima sababdan bu inson farovonligi uchun juda muhim? Bu va boshqa N + 1 savollariga RXDU universitetining tibbiy elementologiya kafedrasi boshligʻi va asoschisi, professor Anatoliy Skalniy javob berdi.

Selen inson tanasida nimalar uchun masʼul? Bu element qanchalik muhim?

Uzoq vaqt davomida selen juda zaharli element hisoblangan. Faqatgina XX asrning ikkinchi yarmida uning vazifasi detoksifikatsiya, yaʼni organizmning antioksidant tizimlarini faollashtirish bilan bogʻliqligi aniqlandi. U turli xil yangi oʻsimtalarning paydo boʻlishiga toʻsqinlik qiluvchi yalligʻlanishni bostiradigan vazifani bajaradi.

Selen mushak va biriktiruvchi toʻqimalarning oziqlanishi, rivojlanishi va faoliyatiga katta taʼsir koʻrsatadi. Bu modda yodning organizm tomonidan soʻrilishiga taʼsir qiluvchi asosiy elementlardan biri ekanini unutmaslik juda muhimdir. U toʻqimalarda qalqonsimon gormonlar faollashishiga yordam beruvchi deyodinaz 2 fermentiga taʼsir koʻrsatadi.

Odamlar uchun selen muhim, yaʼni u hayotiy ahamiyatga molik element hisoblanadi. Agar uning tanaga kirishi keskin kamaytirilsa yoki butunlay toʻsib qoʻyilsa, odam kasal boʻlib qoladi va bu holat hatto oʻlimga sabab boʻlishi mumkin.

Inson tanasida selen yetishmovchiligi nimalarga sabab boʻladi? Bunday yetishmaslik qanday namoyon boʻladi?

Bolalarda selen yetishmovchiligi tufayli oʻpka faoliyati yomonlashadi, qalqonsimon bezning vazifasi qiyinlashadi. Chaqaloqning toʻsatdan oʻlim sindromi (ChTOʻS) selen yetishmovchiligi bilan bogʻliq degan qarash ham mavjud.

1-qism. Kerakli toksin: selenning inson tanasiga xavfi va foydasi nimada?

gifer.com

Baʼzi tadqiqotlarga koʻra, selen yetishmovchiligi boʻlgan ChTOʻS qurbonlarida yurak mushaklari mitoxondriyasi tuzilishidagi oʻzgarishlar kuzatilgan. Bu ubixinon sintezining kamayishiga olib kelgan va natijada elektron tashish zanjirida kardiomiopatiya va yurak mushaklarining degenerativ kasalliklari kelib chiqishiga sabab boʻlgan. Selen hujayralarni oksidlovchi stressdan himoya qilishga qodir va aftidan hujayralarning ubixinonni sintez qilish qobiliyatini saqlab turadi.

Kuzatishlarga koʻra, vazni 2 kilogrammdan kam boʻlgan, erta tugʻilgan chaqaloqlarning deyarli barchasida selen tanqisligi kuzatilgan. Qizigʻi shundaki, ularning ota-onasida selen yetishmovchiligi aniqlanmagan, yaʼni yangi tugʻilgan chaqaloq tanasida ushbu element darajasi bolaning bachadonda joylashish muddatiga ham taʼsir qilgan.

Oʻsmirlarda selen yetishmovchiligi eng xavfli hisoblanadi, chunki u qalqonsimon bezning meʼyordagi faoliyatini yomonlashtirishi mumkin. Bu teri va yurak mushak kasalliklarining tez-tez yuzaga kelishiga sabab boʻladi.

Selen yetishmasligi kattalarda ham koʻplab asoratlarni keltirib chiqaradi. Selen qarishga qarshi elementdir. Shunga koʻra, selen yetishmovchiligi yuzaga kelgan odamlarda umr koʻrish davomiyligi odatda past boʻladi.

Yoshi kattalarda miokard infarkti, insult, prostata, bachadon, koʻkrak, jigar, teri va yoʻgʻon ichak kabi saraton kasalliklari koʻpayadi. Saratonning koʻpgina turlari selen yetishmovchiligi bilan bogʻliq.

Spirtli ichimliklarni koʻp miqdorda isteʼmol qiladigan odamlar, shuningdek, turli xil gepatit turi bilan kasallanganlarda ham selen yetishmovchiligi kuzatiladi.

Etanol erkin radikallar hosil boʻlishining asosiy manbai va ularning faollashtiruvchisidir. Spirtli ichimliklardan kuchli zaharlanish mitoxondriyalarda faol kislorod shakllarining (FKSh) yanada intensiv ravishda shakllanishiga sabab boʻladi.

FKSh darajasining oshishi mitoxondriyaning shikastlanishiga olib keladi. Bu oksidlovchi stressning rivojlanishini kuchaytiradi. Oksidlanish natijasida hujayraning shikastlanish jarayoni ham kuchayadi. Aksariyat antioksidant fermentlar toʻgʻri ishlashi uchun selen talab qilinadi, yaʼni uning isteʼmoli keskin oshib ketadi.

Qaysi mamlakatlar aholisi selen yetishmasligi bilan bogʻliq kasalliklarga koʻproq moyil? Rossiyada bunday kasalliklar qanchalik keng tarqalgan?

Yuqorida tavsiflangan kasalliklar endemik, yaʼni selen yetishmovchiligi mavjud boʻlgan joylarda keng tarqalgan. Selen yetishmasligidan aziyat chekayotgan milliard odamning aksariyat qismi, yaʼni deyarli yarmi Xitoyda yashaydi.

Koʻpincha selen yetishmovchiligi Xitoyning Rossiya bilan chegaradosh shimoli-sharqiy hududlarida, shuningdek, Markaziy Xitoyda uchraydi.

Xitoy uchun bu juda katta muammo, chunki bundan 30—40 yil avval aynan oʻsha yerda Keshan kasalligi keng tarqalgan boʻlib, unda kardiomiopatiyadan asosan yoshlar vafot etgan. Kasallik kardiogen shok, yurakning meʼyordan ortiq kattalashishi, yurak yetishmovchiligi, yurak aritmiyasi va EKG oʻzgarishi bilan tavsiflanadi.

Hozirgi vaqtda bu kasallik yaxshi oʻrganilgan va selen yetishmovchiligini kamaytirish boʻyicha koʻplab profilaktik muolajalar tufayli Keshan kasalligi oqibatida oʻlim soni yuzaga kelishi minimallashtirildi. Biroq mavjud vaziyat Xitoy rasmiylarini haligacha xavotirga solmoqda.

Venetsiyalik sayyoh Marko Polo 1265-yilda Xitoyning Sujou provinsiyasi boʻylab sayohat qilganida, mahalliy aholidan baland togʻlarda oʻsadigan zaharli oʻsimliklar haqida eshitgan. Agar bu oʻsimlikni ot yoki xachirlar isteʼmol qilsa, ular kasallanib, tuyoqlari tushib qola boshlagan.

Yevropaliklar, ehtimol, selen bilan birinchi marta oʻshanda tanishgan. Oʻsimlik xavfli edi, chunki u ushbu modda bilan toʻyingan tuproqda oʻsgan. Kimyogarlar selenning mavjudligi haqida faqatgina XIX asrning boshida bilgan.

XX asrda olimlar bu element hayvon va odamlar hayotida muhim rol oʻynashini tushuna boshladi. 1930-yillarda oʻsimliklarda selenning toʻplanishi qoramollarda uchraydigan “ishqoriy kasallik” sababi deya hisoblana boshlandi. Marko Polo XIII asrda aynan shu kasallikni tasvirlagan edi.

Rossiyada selen tanqisligi Xitoy bilan chegaradosh boʻlgan Baykal orti oʻlkasida kuzatilgan. Biroq mintaqa aholisi Xitoy bilan solishtirganda juda kam. Selen yetishmovchiligi boʻlgan yana bir yirik mintaqa Rossiyaning shimoli-gʻarbiy qismidir. Taldom va undan shimoliy qismlarda selen yetishmovchiligining yuqori darajasini kuzatish mumkin.

Orenburg viloyatida biz tuproqni atomik absorbsion spektrofotometriya yordamida tahlil qildik. Bundan tashqari, biz induktiv ravishda bogʻlangan plazma-massa spektrometriyasidan foydalangan holda asosiy oziq-ovqat mahsulotlarida va inson soch namunalarida selen miqdorini tekshirdik.

Bu mintaqada selen yetishmasligi juda keng tarqalgan va mintaqa selen hamda yod yetishmasligi bilan ajralib turadi.

Bizning saʼy-harakatlarimiz tufayli Orenburg viloyatida Bioelementologiya instituti va Federal biologik tizimlar va agrotexnologiyalar markazi tashkil etildi. Ushbu institutlar oziq-ovqat, hayvon yemi, atrof-muhitga selen va uni oʻz ichiga olgan birikmalarni qoʻshish orqali muvozanatni ushlab turishda faol ishtirok etmoqda.

Selenning miqdori juda koʻp boʻlgan joylar ham mavjud. U yerlarda, yaʼni Yakutiya, Oʻrta Uralda ham aholi siyrak yashaydi. Biroq selen miqdori koʻp boʻlgan hududlar u tanqis boʻlgan hududlarga qaraganda ancha kam.

Selenotoksikoz (selenning ortiqchaligi) selen yetishmasligidan xavfsizroq emas. Selenning ortiqcha boʻlishi koʻpincha soch toʻkilishi, tirnoqlarning ajrab tushishi va oshqozon-ichak traktining buzilishi bilan tavsiflanadi.

Xitoyda selenning ortiqchaligi toʻrt millionga yaqin aholi istiqomat qiladigan Xubey provinsiyasining Enshi tumanida yaqqol koʻzga tashlanadi. Selenga boy mahsulotlarni yetishtiruvchi tashkilotlar selenni u yetishmaydigan hududlarga yetkazib berish uchun ishlaydi.

Selen yetishmasligi Markaziy va Gʻarbiy Yevropada ham keng tarqalgan. Masalan, Germaniya va Finlandiyada ushbu element yetishmasligini oʻrganish, vaziyatni barqarorlashtirishga bagʻishlangan davlat dasturlari mavjud.

AQShda selen yetishmovchiligi xuddi Hindiston kabi juda kam uchraydi. Toʻgʻri, Hindistonda selen koʻp boʻlgan hududlar bor, xususan, Panjob shtatida biz hind olimlari bilan birgalikda selen boʻyicha tadqiqotlar olib bordik.

Maqolaning 2-qismini bu yerda o‘qing → sinaps.uz/maqola/18544/

Muallif: Dmitriy Ivanov. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Необходимый токсин. Чем опасен и чем полезен селен для человеческого организма” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: freepik.com

Boshqa mavzular
1-qism. Kerakli toksin: selenning inson tanasiga xavfi va foydasi nimada?