1-qism. Axborot osonlikcha yo‘q bo‘lmaydi: ma’lumot markazlarining xavfsizligi har taraflama ta’minlanganmi? to’liq malumot oling
Biz har kuni oʻnlab onlayn xizmatlardan foydalanamiz va bu orqali ularga oʻzimiz haqimizda yanada koʻproq maʼlumotni taqdim etamiz. Aloqalarimiz, suratlarimiz, eslatmalarimiz, yozishmalar yoki onlayn-doʻkonlardagi buyurtmalarimiz tarixiy maʼlumotlar boʻlib, ularning barchasi biror joyda saqlanishi kerak. Odatda, buning uchun fizik infratuzilma – serverlardan foydalaniladi, hatto maʼlumotlar “nomaʼlum bulut”ga joylangan boʻlsa ham. Maʼlumotlarning doimiy saqlanishini taʼminlash qiyin va qimmatga tushadi, shuning uchun kompaniyalar maʼlumot markazlari xizmatidan foydalanadi. Ular haqida hamma eshitgan, ammo markazlarning tashqi koʻrinishi, ichida nima borligi, kimlar ishlashi va qanday xizmat koʻrsatishini kamdan kam odam biladi. Selectel firmasi bilan birgalikda biz sizga zamonaviy maʼlumot markazlari qanday tashkil etilgani, maʼlumotlar xavfsizligini qanday taʼminlashi va bu biznesni kelajakda nima kutayotgani haqida maʼlumot beramiz.
Kompyuterlar oʻlchami katta boʻlgan davrlarda…
Zamonaviy maʼlumot markazlari yoki DPC (maʼlumotlarni qayta ishlash markazlari) hajmi elektronika sanoatining dastlabki davrlarida kompyuterlar bilan ishlaganlarni hayratda qoldirmaydi. 1946-yilda ishlab chiqilgan birinchi Eniak lampali kompyuter uzunligi 26 metr, balandligi olti metr, ogʻirligi 30 tonna edi. Kompyuterga yuzlab kilometr kabellarni joylashtirish zamonaviy Google yoki Amazon maʼlumot markazlariga qaraganda osonroq edi.
Keyingi oʻn yillikda kompyuterlar oʻlchami kichrayib, 1970-yillarda shaxsiy kompyuterlarga aylandi. Yirik kompaniya va muassasalarning xodimlari katta kompyuterlardan navbatma-navbat foydalanish oʻrniga ish stollarida shaxsiy kompyuterlariga ega boʻla boshlashdi. Biroz vaqt oʻtgach, uyda foydalanish mumkin boʻlgan IBM PC (1981) va Commodore 64 (1982)ning arzon, foydalanish uchun qulay modellari yaratildi. 1983-yilda Time jurnali shaxsiy kompyuterlarni “Yil mashinasi” deb eʼlon qildi.
Birinchi kompyuterlar zamonaviy maʼlumot markazlari kabi katta maydon va texnik xizmat koʻrsatishni talab qilgan.
Birinchi maʼlumot markazlari qanday paydo boʻlgan?
Avval mahalliy, keyin esa global (Internet va undan oldingi ARPANET) kompyuter tarmoqlarining yaratilishi tarmoq arxitekturasini oʻzgartirishni talab qildi. 80–90-yillarning oxirida mijoz-server arxitekturasining rivojlanishi zamonaviy maʼlumot markazlarini eslatuvchi birinchi server xonalari paydo boʻlishiga olib keldi. Shu vaqtda arzonlashgan maxsus kompyuterlar – server va tarmoq uskunalari keng tarqala boshladi.
Oʻshandan beri maʼlumot markazlarining arxitekturasida katta oʻzgarishlar boʻldi. U dastlab mijoz-server modeliga mos keladigan mahalliy tarmoqlar arxitekturasini eslatgan boʻlsa, vaqt oʻtishi bilan maʼlumot markazlaridagi bir turli serverlar oʻrtasida tarmoq ulanishlariga koʻproq eʼtibor berila boshlandi. Ushbu arxitekturada mijoz-server aloqasidan tashqari serverlar bir-biri bilan faol muloqot qiladi.
2010-yillarning oxirida maʼlumotlarni uskunalarda saqlash tizimidan voz kechildi. Maʼlumotlar koʻplab anʼanaviy serverlar boʻylab tarqatila boshlandi. Bu yondashuv dasturiy taʼminot tomonidan belgilangan maʼlumotlarni saqlash deb ataladi. Katta maʼlumotlarni kerakli tezlikda qayta ishlay olmaydigan yagona maʼlumotlarni saqlash tizimi oʻrniga, turli serverlarning resurslari yagona virtual xotiraga birlashtiriladi. Bunday maʼlumotlar omborlarini deyarli cheklovsiz kengaytirish mumkin. Shunchaki yangi serverlarni ulash kifoya.
Zamonaviy maʼlumot markazlari nimalardan iborat?
Keling, Selectelʼga tegishli “Berzarina” maʼlumot markazlari tuzilishini koʻrib chiqaylik. Ushbu maʼlumot markazlarining mashina zali maydoni 2 400 kvadrat metrni tashkil etadi. Bu yerda 1 010 ta server ustunlari joylashgan. Oʻnlab serverlar bitta server ustuniga oʻrnatiladi. Uy kompyuterlaridan farqli oʻlaroq, serverlar maʼlumot markazlarida kecha-yu kunduz ishlash uchun moʻljallangan. Ularning tarkibiy qismlari ham mana shunday bosimga chidamli qilib ishlab chiqarilgan. Elektr taʼminoti, sovitish, yongʻinni oʻchirish, doimiy kuzatuv va tegishli uskunalar tizimlari bilan birgalikda markaz 6,5 megavatt elektr energiyasi sarflaydi.
Xonada saqlanadigan meʼyordagi harorat 24 daraja boʻlishi kerak. Muayyan maʼlumot markazlari turiga qarab (Selectel uchta hududda oltita markazga ega), kompaniya sovitish uchun freon va chiller tizimi, ABHM (tabiiy gazda ishlovchi sovitish tizimi) birliklaridan, shuningdek, erkin sovitish, yaʼni tashqi havo yordamida sovitish usulidan foydalanadi. Freon va chiller sovitish tizimi oʻrtasidagi asosiy farq shundaki, chiller tizimida freon oʻrniga muzlamaydigan glikol eritmasi quvurlar orqali aylantiriladi. U gaz holatiga oʻtmaydi.
Freon server xonalariga suyuq holatda kiradi va ulardagi havoni sovitadi. Jarayonda modda qiziydi va gazsimon shaklda kondensatorga qaytib boradi. U yerda freonning harorati pasayib, yana suyuqlikka aylanadi. Kondensatorlar maʼlumot markazlaridan issiqlikni chiqarib tashlash uchun kompyuter xonasidan tashqariga oʻrnatiladi. Chiller tizimlarida qizib ketgan eritma sovitkichlarda sovitiladi. U ham server xonalaridan tashqarida joylashgan. Berzarina maʼlumot markazlari ham shunday sovitiladi. Maʼlumot markazlarida server xonasining ichida ikkita iqlim hududini tashkil etuvchi server shkaflarining klassik tartibidan foydalaniladi. Ikki qatorli tokchalar bir-birining old qismida joylashgan. Sovuq havo pol ostidan kiradi va uni serverlar qabul qilib oladi. Shu tariqa “sovuq” yoʻlak paydo boʻladi. Serverlarni sovitish jarayonida qizib ketgan havo tokchaning orqa qismiga chiqariladi. Bu “issiq” yoʻlak boʻladi. Unda chiqarilgan issiq havoni qabul qiluvchi fankoyl (havoni qabul qilib oluvchi uskuna) birliklari joylashgan. Tizim navbatchi muhandisi har 30 soniyada server xonasidagi harorat haqida maʼlumot olib turadi. Agar harorat koʻtarilsa, signal eshitiladi. Muhandislar uskuna haroratini kontaktsiz infraqizil pirometrlar bilan oʻlchaydi va muammo haqida mijozga xabar berishadi.
Berzarina maʼlumot markazida Frikuling tizimi / Selectel
Ammo maʼlumot markazlarining infratuzilmasi nafaqat ichki aloqaga, balki tashqi dunyo bilan oʻzaro muloqotga ham moʻljallangan. Xuddi shu maʼlumot markazidagi server tokchalari oʻrtasida maʼlumot almashish tezligi birliklarga va soniyasiga oʻnlab terabitlarga yetadi. Maʼlumot markazlari bir-biri bilan soniyasiga yuzlab gigabit tezlikda aloqa oʻrnatishga qodir. Bu uyingizdagi chiroqning yonish tezligidan ming marta tezroq.
Shunday qilib, murakkab arxitektura, oʻlcham va qoʻllab-quvvatlash usullarining mavjudligi maʼlumot markazini 10 ta tokchali standart server xonasidan ajratib turadi. Standart server xonasini sovitish uchun baʼzan oddiy havoli sovitish va yoʻnaltirish yetarli boʻladi.
Maqolaning 2-qismini bu yerda o‘qing → sinaps.uz/maqola/16827/
Muallif: Margarita Morar. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Данные не горят. Что делает ЦОДы безопасными и внутри, и снаружи” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: freepik.com
Boshqa mavzular
1-qism. Axborot osonlikcha yo‘q bo‘lmaydi: ma’lumot markazlarining xavfsizligi har taraflama ta’minlanganmi?