Кийим кийиш дуоси

Кийим кийиш дуоси

Masbuq ulgurmay kech qolgan joyini birinchi navbatda o‘qib olib, so‘ngra imom bilan qolgan qismini o‘qisa namozi buzilmaydi. Lekin sunnatga xilof ish qilgani uchun makruh hisoblanadi.

Namozga doir fatvolar (“Ming bir fatvo”, 2-qism)

Namozning farzlaridan biri — bu qibla, ya’ni Makkai mukarrama shahridagi Ka’ba (Baytulloh) tomonga yuzlanish. Makka aholisi uchun qibla Ka’baning o‘ziga bevosita va bilvosita yuzlanish, deb ittifoq qilingan. Ammo Makkadan uzoqda yashovchi musulmonlar oldingi paytlarda yulduzlar va boshqa taxminlar asosida qiblani aniqlaganlar va masjidlar qiblasini ham shunga ko‘ra belgilaganlar. Masalan, bizning diyorimiz uchun Shayx Abu Mansur Moturidiy (quddisa sirruh)ning qibla to‘g‘risida bergan fatvosi asos qilib olingan. Ul zot shunday degan ekanlar: «Yozning eng uzun kunida Quyosh botgan joyni belgilab qo‘y! So‘ngra qishning eng qisqa kuni Quyosh botgan joyni ham aniqlab, belgilab qo‘y! Shu ikki alomat o‘rtasidagi oraliqni uchga bo‘lib, o‘ng tomoningga ikki hissasini, chap tomoningga bir qissasini taqsimlab, o‘rtasiga yuzlangsang, shu qibladir».

Izoh: Hozirgi ilm – fan taraqqiy etgan davrda, falakiyot va jug‘rofiya ilmlari chuqur o‘rganilib kelinayotgan bizning asrimizda qadim zamondagi taxminiy ma’lumotlar bilan qanoatlanish ma’qul emasligini hisobga olib, hozirgi vaqtda faqat kompas va qiblanamo kabi asboblar yordamida qiblani aniqlash tavsiya etiladi.

91- FATVO

Dushman, yirtqich, o‘g‘ri kabilardan xavfi bor odam xohlagan tomoniga yuzlanib namoz o‘qishi mumkin. Ammo kemada xavfsiz paytda faqat Ka’ba tomonga yuzlaniladi.

92- FATVO

Begona joyda qiblani aniqlayolmay turganida ikki kishi qibla bu yoqda deb guvohlik bersa, qaraladi — agar u ikkisi shu joylik bo‘lsa, so‘zlariga amal qilish shart. Bordi-yu, ular bu yerlik bo‘lmasa, so‘zlariga parvo qilmay, o‘zining ijtihodi (qasdi) bilan bir tomonni qibla deb e’tiqod qilgan holda namozini o‘qiyveradi. Keyin qibla boshqa tarafda ekani ma’lum bo‘lsa ham, o‘qigan namozini qayta o‘qimaydi.

«Qozixon», «Olamgiriya», «Xulosa»

93- FATVO

Chuqur yerto‘la, baland tog‘ va qirlarda ham Ka’ba tomonga yuzlanib o‘qish joiz. Zero, Ka’baning qibla hisoblanish hududi Yerning yettinchi qavatidan osmonning yettinchi qavatigachadir. Shuning uchun Ka’ba tomida o‘qilgan namoz ham joiz, deyilgan.

94- FATVO

Begona joydagi masjidga kirib, mehrobi bo‘lmagani uchun qiblani aniqlay olmasdan bir tomonni qibla deb qasd qilib o‘qigandan keyin qiblada adashgani ma’lum bo‘lsa, so‘ramagani uchun namozni qayta o‘qiydi. Adashmagan bo‘lsa, namozi durust.

95- FATVO

Bir kishi sahroda qiblani bir tomonga qasd qilib namoz o‘qib turganida boshqa bir odam kelib qiblani qasd qilmay shak bilan unga iqtido qilib namoz o‘qidi. Keyin qiblaga to‘g‘ri yuzlanganlari ma’lum bo‘lsa ikkisining namozi ham durust. Ammo qibla xato chiqsa, imomning namozi durust, qasdsiz iqtido qilgan kishining namozi nodurust.

96- FATVO

Qaysi namozni o‘qishga kirishayotganini dilida niyat bilan idrok etib turishi shart. Masalan, birov bexos «Qaysi namozni o‘qiyapsan» — deb so‘rab qolsa, hech o‘ylanib o‘tirmasdan to‘g‘ri javob qila olsa, qilgan niyati hisobga o‘tadi. Necha rak’atligini ham niyat qilishi yaxshi, lekin shart emas. Farzdan boshqa namozlarda faqat namoz o‘qishni niyat qilishning o‘zi kifoyadir.

«Olamgiriya», «Sharhi Viqoya», «Qozixon»

97- FATVO

Imom mabodo boshqa namozxonlarga imomlik qilishni emas, yakka namoz o‘qishni niyat qilsa ham unga iqtido qilganlarning namozi durust bo‘laveradi. Ayollarga imomlik qilganda esa, niyat shart.

«Olamgiriya», «Qozixon», «Muhit»

98- FATVO

Imomga iqtido qilish niyat qilinadi. Imom «takbiri tahrima»ni aytmay turib iqtidoni niyat qilsa ham joiz deyilgan. Lekin imom «Allohu akbar» degandan so‘ng iqtidoni niyat qilish afzaldir.

«Olamgiriya», «Qozixon», «Muhit»

99- FATVO

Agar «shu turgan Abdulloh ismli imomga iqtido qildim», — deb niyat qilib namoz o‘qigandan keyin imom Abdulloh emas, Nasrulloh ekani ma’lum bo‘lib qolsa zarari yo‘q.

100- FATVO

Namozni farz deb o‘qiyotgan bo‘lsa-yu, «Farz» so‘zining ma’nosini bilmasa yoki namozning farz ekanini bilmay o‘qib yurgan bo‘lsa o‘qigan namozi durust bo‘lmaydi.

«Olamgiriya», «Kunya», «Qozixon»

101- FATVO

Namoz boshlanganda kelgan namozxon imomning farz yoki taroveh o‘qiyotganini bilmagani uchun «Agar xufton namozi bo‘lsa iqtido qildim. Taroveh namozi bo‘lsa iqtido qilmadim», — desa, namozi durust bo‘lmaydi, garchi xufton o‘qilayotgan bo‘lsa ham.

102- FATVO

Abu Hanifa (rahimahulloh) so‘ziga ko‘ra, asr namozining qazosini peshin namozining qazosi deb niyat qilish durust emas. Shuningdek, zimmamdagi to‘rt rak’at qazosini o‘qiyman, deb niyat qilishi ham durust emas. Yana bir kecha-kunduz ichida bir vaqt namozni o‘qiyolmagan bo‘lsa, uning aniq qaysi namoz ekanini tayin qilib keyin qazosini o‘qishi kerak. Agar eslay olmasa besh vaqt namozning hammasini qaytadan o‘qishi kerak.

«Qozixon», «al – Muntaqo»

103- FATVO

Namozni boshida farz deb boshlab, keyin namoz davomida nafl o‘qiyapman, degan niyat bilan o‘qib tamomlasa yoki boshida nafl deb niyat qilib, namoz davomida farz o‘qiyapman, degan niyat bilan o‘qib tamomlasa namoz boshidagi niyati e’tiborga olinadi.

104- FATVO

Peshin vaqti chiqqanidan bexabar peshin namozini niyat qilib o‘qisa – namozi durustdir. Zero, vaqt chiqishi bilan peshin namozining qazosi zimmasiga tushadi. Qazo namozni ado namoz niyati bilan o‘qish esa joizdir.

105- FATVO

Agar namozxon «takbiri tahrima»ni imomdan oldin aytib qo‘ysa, imomga iqtido qilgan bo‘lsa, namozi durust emas. Iqtido qilmagan bo‘lsa yakka o‘quvchi sifatida namozni boshlagan bo‘ladi.

106- FATVO

Namoz qiyomida uzrsiz bir oyoqda turib o‘qish makruhdir. Agar uzri bo‘lsa zarari yo‘q.

«Olamgiriya», «Javhara», «Sirojiya»

107- FATVO

Namozda avrat hisoblanadigan a’zolarni o‘zgalardan berkitish farz. Ammo namozxonning o‘zidan berkitishi shart emas. Masalan, lozimsiz uzun kuylak kiyib o‘qiyotgan kishi engashib ruku’ qilganda yoqadan avratiga ko‘zi tushsa namozi buzilmaydi.

108- FATVO

Farz namozlarini zaruratsiz buzish joiz emas. Zarurat deganda biror kishi suvga g‘arq bo‘layotgan, yirtqich hayvon hamla qilayotgan, yordam so‘rab chaqirayotgani kabi holatlar nazarda tutilgan. Nafl namozlarda namozda ekanini bilmagan odam chaqirsagina namozni buzib javob qilinadi. Namoz o‘qiyotganini bilib turib ota-onasidan biri chaqirsa ham javob bermasligi mumkin.

«al – Fath ar – Rahmoniy»

109- FATVO

Namozda avrati ochilib ketsa, darhol yopib olsa zarari yo‘q. Ammo bir rukn miqdorida ochiq qoldirsa namozi buziladi.

110- FATVO

Erkak kishi ko‘ylak, lozim, salla bilan namoz o‘qishi mustahab hisoblanadi. Ammo faqat bir uzun ko‘ylak bilan o‘qisa ham makruh emas. Lekin bir lozimning o‘zi bilan o‘qishi makruhdir.

111- FATVO

Namoz uchun kiyim, badan, joynamoz pok bo‘lishi shart. Ularda bir dirham miqdorida najosat bo‘lsa namoz buziladi. Kiyimida bir dirham miqdoridan ortiq g‘aliz najosat borligini ko‘rib qoldi. Lekin qachondan beri shunday ekanini bilmaydi. Shu kiyim bilan o‘qigan biror namozini qaytadan o‘qimaydi.

112- FATVO

Kiyimdagi najosat bilan joynamozdagi najosatni qo‘shganda dirham miqdoricha bo‘ladigan bo‘lsa namozni buzmaydi.

113- FATVO

Agar kalish yoki unga o‘xshash oson yechiladigan oyoq kiyimini yechib, ustiga oyoqlarini qo‘yib namoz o‘qisa zarari yo‘q. Bunda oyoq kiyimining osti pok yoki nopokligining daxli yo‘q.

114- FATVO

Qatnov yo‘l ustida, molxona, axlatxona, qassobxona (qushxona), g‘uslxona, hammom, qabriston kabi joylarda va Ka’ba tomida namoz o‘qish makruhdir. Yaylov, bo‘ryo, gilam kabi narsalar ustida namoz o‘qishning zarari yo‘q.

115- FATVO

To‘qqizta vaqt borki, o‘sha paytlarda qazo namozi, janoza, tilovat sajdasi joiz, lekin nafl namoz o‘qish joiz emas: Bomdod namozining — farzidan oldin (sunnati bundan mustasno), farzdan keyin to Quyosh chiqqunga qadar, asr namozidan keyin shomgacha, shom namozidan oldin, jum’a namozining (arabcha) xutbasi paytida, ikki hayit namozining (arabcha) xutbasi paytida, Quyosh, Oy tutilganda o‘qiladigan namoz xutbasi o‘qilayotganda.

116- FATVO

Makruh vaqtlarda nafl namozini boshlab qo‘ygan odam namozni buzishi va keyin qazosini o‘qishi kerak.

117- FATVO

Ikki vaqt namozini qo‘shib bir vaqtda o‘qish bizning hanafiy mazhabimiz bo‘yicha faqat ikki joyda joiz: Birinchisi — arafa kuni Arafotda peshin bilan asrni peshin paytida, ikkinchisi — Muzdalifada shom bilan xufton namozlari xufton vaqtida ketma-ket o‘qiladi. Ammo shofiiy mazhabida safar, kasallik, yomg‘ir kabi uzrlar bilan mazkur namozlarni jam qilib bir vaqtda o‘qilaveradi.

118- FATVO

Sajda qilishga peshonasi va burnida uzri bo‘lsa, yuzini yoki iyagini yerga tekkazib sajda qilishi joiz emas. Bunday odam o‘tirgan holda sajda niyati bilan boshi bilan imo-ishora qiladi.

119- FATVO

Namozda qilgan jahriy qiroatni eng kami — o‘zidan boshqa kishiga eshittirib o‘qish, maxfiy o‘qishning eng kami – o‘ziga eshittirib o‘qishdir. Mabodo harflarni tili bilan o‘z joyidan chiqarib to‘g‘ri o‘qisa-yu, o‘ziga eshittirmasa qiroat qilgan hisoblanmaydi. Shunga ko‘ra, jonliq so‘yganda aytiladigan «basmala», taloq iboralari, qasamdagi istisno, savdolashuvdagi kelishuv so‘zlari ham loaqal gapiruvchining o‘ziga eshitilishi shart.

«Muxtasar», «Olamgiriya», «Muhit», «Sirojiya»

119- FATVO

Bomdod namozining birinchi rak’atida qiroat miqdorini ikkinchi rak’atdagidan uzun qilish sunnatdir. Imom Muhammad (rahimahulloh) so‘ziga ko‘ra, barcha namozlarda ham birinchi rak’atda «Fotiha»dan keyin uzun, ikkinchisida qisqaroq sura zam qilish maqbuldir. Fatvo ham shunga berilgan.

«Olamgiriya», «Zohidiy», «Tatarxoniya»

120- FATVO

Ikkinchi rak’at zamsurasining mikdori birinchi rak’atda o‘qilgan zamsuradan uch yoki undan ortiq bo‘lsa makruh hisoblanadi. Agar uch oyatdan kam bo‘lsa makruh emas.

121- FATVO

Farz namozlarning har ikki rak’atida «Fotiha» surasi bilan birga butun bir surani o‘qishlik afzaldir. Agar birinchi rak’atda suraning ayrim oyatlarini, ikkinchi rak’atida boshqa oyatlarini o‘qisa, ba’zi ulamolar bu makruh desalar, boshqalari makruh emas, debdurlar.

122- FATVO

Bir rak’atda bir necha suralarni o‘qib, ular orasidan bir yoki ko‘proq surani qoldirib o‘qisa, bu makruh. Ammo ikki rak’atda o‘qiganida esa, o‘rtada bir necha sura qoldirsa makruh emas, bir sura qoldirsa makruhdir. Ba’zi ulamolar o‘rtada qoldirilgan bir sura uzun bo‘lsa makruh emas debdurlar. Shuningdek, o‘rtada ikki kichik sura qoldirilsa ham makruh emas. Ba’zi ulamolar, o‘rtada sura qoldirib o‘qish mutlaqo makruh emas, ham deganlar. Ammo sunnat va nafl namozlarda suralar orasida sura qoldirib o‘qish mutlaqo makruh emasdir.

«Olamgiriya», «Muhit», «Xulosa»

123- FATVO

Namozda Qur’oni karimni xatm qilgan qori oxirgi rak’atda «Fotiha» surasi bilan yana xohlagan joyidan oyatlarni o‘qib tugatishi tavsiya etiladi.

124- FATVO

Namozda «yetti qiroat»ning qaysi biri asosida o‘qisa joiz, lekin odamlarni taajjubga soladigan g‘arib, shozz qiroatlarni o‘qimagani ma’qul.

125- FATVO

Namozxonning tili ba’zi harflarni o‘z maxrajidan chiqara olmaydigan bo‘lsa, o‘sha harflar uchramaydigan oyatlarni o‘qishi kerak bo‘ladi. Agar shunday oyatlar uchramasa, noiloj o‘qiyveradi. Lekin tili kelmayditan harflar uchramaydigan oyatlar bo‘laturib, qiyin oyatlarni o‘qisa namozi durust bo‘lmaydi.

126- FATVO

Namozda o‘qigan oyatlari orasidan biror harf yoki kalima (so‘z) tushib qolsa, qaraladi — agar bu bilan ma’no o‘zgarib ketadigan bo‘lsa, namoz buziladi. Ma’no o‘zgarmaydigan bo‘lsa namoz ham buzilmaydi.

127- FATVO

O‘qigan oyatlari orasiga biror harf qo‘shib o‘qisa ham qaraladi — agar bu bilan oyat ma’nosi o‘zgarib ketadigan bo‘lsa namoz buziladi. O‘zgarmasa buzilmaydi.

«Olamgiriya», «Muhit», «Xulosa»

128- FATVO

Agar oyatdagi bir kalima o‘rniga boshqa kalimani o‘qib qo‘ysa, qaraladi — agar Qur’onda bor kalimalardan bo‘lib, ma’nosi ham qoldirilgan kalima ma’nosiga yaqin bo‘lsa namoz buzilmaydi. Masalan: «al-Hakim» o‘rniga «al-Alim» o‘qigani kabi. Bordi-yu, Qur’onda yo‘q kalimani o‘qib qo‘ysa, Abu Hanifa bilan Muhammad (rahimahulloh)lar nazdida agar ma’nosi qoldirilgan kalima ma’nosiga yaqin bo‘lsa namoz buzilmaydi. Abu Yusuf (rahimahulloh) nazdida esa namoz buziladi. Masalan: «Tavvobin» o‘rniga «tayyobin» o‘qigani kabi. Bordi-yu, mazkur kalima Qur’onda ham yo‘q, ma’nosi ham yaqin kelmasa bil-ittifoq namoz buziladi. Ma’nosi e’tiqod jihatidan kufr sanaladigan so‘zlarga almashtirib o‘qib qo‘ysa ham namoz buziladi.

129- FATVO

Agar qiroatda farzand nisbatini begona otaga berib o‘qib qo‘ysa va u nom Qur’onda yo‘q nom bo‘lsa bil-ittifoq namoz buziladi. Qur’onda kelgan nomlardan bo‘lsa, Imom Muhammad va barcha mashoyix ulamolar nazdida buzilmaydi. Ammo Iso (alayhissalom) bundan mustasno. Masalan: Qiroatda «Iso ibn Luqmon» deb o‘qib qo‘ysa namoz buziladi. Lekin «Muso ibn Iso» deb o‘qib qo‘ysa namoz buzilmaydi.

«Olamgiriya», «Vajizi Kardariy»

130- FATVO

Namozdagi qiroatda oyat kalimalaridagi harakat belgilarini (zer-zabarni) xato o‘qib qo‘ysa namoz buzilmaydi.

Izoh: Magar ma’no buziladigan bo‘lsa namoz ham buziladi.

131- FATVO

Farz namozlarni jamoat bilan ado etish ta’kidlangan sunnatlar sirasiga kiradi. Uni beuzr tark etish gunoh hisoblanadi. Lekin bir necha uzr sanalgan ishlar borki, ular tufayli masjidga va jamoatga chiqmaslik joiz hisoblanadi. Masalan, bemor, oyoqlari shol bo‘lgan, keksalik tufayli bedarmonlikka uchragan, ko‘zi ojiz kishilar jamoatga chiqmasdan uylarida o‘qishlari mumkin. Shuningdek, yomg‘ir, yo‘lning loyligi, qattiq sovuq havo, qalin qorong‘ulik, tundagi shamol kabilar ham uzr hisoblanadi.

«Olamgiriya», «Sirojul – vahhoj»

132- FATVO

Burhoniddin Marg‘inoniy (rahimahulloh) so‘zlariga ko‘ra, «havoyi fikr va bid’at egalari» deb nomlanuvchi firqalarning ayrim ashaddiylariga iqtido qilib namoz o‘qish joiz emas. Masalan: ravofiz, jahmiy, qadariy, mushabbiha, Qur’on — maxluh deb e’tiqod qiluvchilarga iqtido qilinmaydi. Xulosa qilib aytish mumkinki, imomlikka o‘tuvchi firqa vakili e’tiqodida kufrga sabab bo‘ladigan aqida bo‘lmasa karohiyati bo‘lsa-da, iqtido qilish joizdir. Masalan Payg‘ambarimiz Muhammad (alayhissalom)ning Makkadan Masjidi Aqsoga qilgan sayrlari (isro)ni inkor etuvchi firqadan bo‘lsa, unga iqtido qilinmaydi. Zero u (isro) ma’nosi aniq oyat bilan sobit bo‘lgan. Ammo Aqso masjididan osmonlarga qilgan sayrlari (me’roj)ni inkor etadigan firqalardan bo‘lsa, unga iqtido qilish joiz. Zero, me’roj «zanniy dalil» (aniq bo‘lmagan dalil) bilan sobit bo‘lgan.

«Olamgiriya», «Tabyin», «Xulosa»

133- FATVO

Tahoratga doir uzrli kishilar bir-birlariga iqtido qilishlari joiz. Lekin uzrlari bir xil bo‘lishi shart. Masalan, doimiy ravishda yel chiqish kasaliga chalingan odam doimiy siydigi tomib turuvchi kishiga iqtido qilishi joiz emas.

«Olamgiriya», «Bahrul – roiq», «Tabyin»

134- FATVO

A’robiy, ko‘zi ojiz, qul, valadi zino va fosiq kishilardan biri imom bo‘lib namoz o‘qilsa, unga iqtido qilish joiz, lekin karohiyati bor.

Izoh: Valadi zinoga iqtido qilish karohiyatining sababi – odamlar o‘rtasida shov – shuv gaplarning paydo bo‘lish xavfidir.

135- FATVO

Erkak kishining ayollarga imom bo‘lib namoz o‘qishining shartlari — ularga imomlik qilishni niyat qilishi va xilvat joyda bo‘lmasligidir. Ammo ayollarning hammasi yoki ayrimlari imomga mahram bo‘lsa xilvatda o‘qishlari ham joiz. Lekin, faqat ayollar jamoatiga imom bo‘lib o‘qishning karohiyati bordir. Jum’a va hayit namozlarida imomga iqtido qilgan ayollarga imomlikni niyat qilmasa ham joizdir. Ammo erkak kishining ayolga iqtido qilishi mutlaqo joiz emas.

«Olamgiriya», «Nihoya», «Xulosa», «Hidoya»

136- FATVO

Ayollardan biri imomlik qilgan holda xoh farz, xoh boshqa namozlarni ado etishlari makruhdir. Janoza namozi bundan mustasno. Jamoat bilan namoz o‘qigan taqdirda ham imomlikka o‘tgan ayol oldinga chiqib olmay birinchi saf orasida turgani yaxshi, deyilgan. Aslida ayollar yakka hodda namoz o‘qiganlari afzaldir.

137- FATVO

Namoz qiroatiga yarasha Qur’on suralaridan o‘rganib olish hammaga farzi ayn bo‘lganidek, savodsiz kishi ham namozda o‘qilishi farz bo‘lgan miqdorida qiroatni to‘g‘ri o‘qishga kechayu kunduz harakat kilishi kerak bo‘ladi. Agar harakat qilmasa Allohning huzurida uzrli sanalmaydi. Toqati boricha harakat qilsa ham to‘g‘ri talaffuz bilan o‘qiyolmasa, namozni o‘qiyveradi. Xato o‘qilgan qiroati uzrli hisoblanadi. Qiroati durust odam qiroati uzrli kishiga, qiroati uzrli odam soqovga, kiyimli odam kiyimsizga, masbuq masbuqqa, lohiq lohiqqa, yerdagi odam otliqqa iqtido qilishlari joiz emas.

«Olamgiriya», «Qozixon», «Xulosa»

138- FATVO

Imom bilan unga iqtido qiluvchi (muqtadiy) o‘rtasida yupqa devor bo‘lsa yoki qalin bo‘lsa ham ovoz o‘tkazadigan teshikchalar qo‘yilgan bo‘lsa, ular orqali imomning engashayotgan, turayotgan harakatlari ko‘rinib tursa yoki takbirlari eshitilib tursa namozi joizdir.

Izoh: Shunga qaraganda hozirda masjid hududida, lekin imomdan olisda alohida xonalarda safdan ajralgan holda imomga iqtido qilib namoz o‘qishlar, ovoz kuchaytirgichlar orqali imomning holati bilinib turgani uchun joizdir.

139- FATVO

Hovlisi masjidga qo‘shni bo‘lgan odam o‘z uyida turib masjid imomiga iqtido qilishining sharti — o‘rtada qatnov yo‘lining bo‘lmasligi yoki bo‘lsa ham yo‘l uzra saf tortilib uni to‘ldirib turgan bo‘lishidir.

140- FATVO

Imomga iqtido qiluvchi bir erkak yoki namozni tushunadigan yoshga yetgan norasida (sag‘ir) bo‘lsa imomning o‘ng yonida turib namoz o‘qiydi. Agar chap tomonida turib o‘qisa, namozi joiz bo‘lsa-da, yomon ish qilgan bo‘ladi. Yakka odam imom ortida turib iqtido qilsa ham namozi durust bo‘ladi. Lekin karohiyati bo‘lish-bo‘lmasligida ulamolar ikki xil xulosaga kelganlar.

«Olamgiriya», «Muhit», «Badoye»

141- FATVO

Iqtido qiluvchi ikki erkak bo‘lsa, imomning ortida turishlari lozim. Bordi-yu, imomning ikki yonida turib o‘qishsa ham namozlari joizdir.

142- FATVO

Agar turli jins va yoshdagi namozxonlar bir jamoatda bo‘lib qolsalar, imom orqasidagi saflarga katta yoshdagi erkaklar, ularning ortidagi saflarga norasida o‘g‘il bolalar, ularning ortidagi safga xunasalar turib, ular ortidan ayollar, ular ortidan norasida qizlar saf tortgaylar.

«Olamgiriya», «Sharhi Tahoviy»

143- FATVO

Ayollarning masjidga qatnab erkaklar jamoatiga qo‘shilib namoz o‘qishlari makruhdir. Keksa yoshdagi ayollarning bomdod, shom, xufton namozlariga kelishlari bundan mustasno. Lekin «Kofiy» kitobida: «Buzg‘unchilik tufayli bugungi kunda ayollarning barcha namozlarga kelishi makruh, deb fatvo berildi» deyilgan.

«Olamgiriya», «Kofiy», «Tabyin»

144- FATVO

Erkaklar safiga kirib namoz o‘qigan bitta ayol uchta erkak kishining namozi buzilishiga sabab bo‘ladi: o‘ng, chap va orqa tomonidagi namozxonlar. Boshqalarning namozi buzilmaydi. Ikkita ayol to‘rtta kishining namozini buzadi: o‘ng, chap va orqadagi ikki kishi. Uchta ayol bo‘lsa ularning ikki yonidagi ikki kishi bilan birga ayollarning ortidagi uch kishi bilan yana saf oxirigacha uch nafardan kishilarning namozi buziladi.

«Olamgiriya», «Tabyin», «Tatarxoniya»

145- FATVO

Iqtido qilgan odam «Attahiyyot»dan keyingi salavot yoki duoni o‘qib bo‘lmasdan turib imom salom berib yuborsa, u ham salom berib namozdan chiqaveradi. Ruku’ va sajdadagi tasbehlarni uch marta aytmay turib imom boshini ko‘tarsa, muqtadiy ham unga tobe bo‘lib boshini ko‘taraveradi.

146- FATVO

Imomdan oldin ruku’dan yoki sajdadan boshini ko‘tarib yuborgan odam darhol ruku’ va sajda holatiga qaytishi lozim. Bu bilan ruku’ yoki sajdani ikki bor qilgan bo‘lmaydi.

147- FATVO

Namozda shunday beshta amal borki, ularni imom bajarmasa muqtadiy ham bajarmaydi — ikki hayit namozidagi qo‘shimcha takbirlar, uch, to‘rt rak’atli namozlardagi birinchi qa’da (o‘tirib «Attahiyyot» o‘qish), tilovat sajdasi, sajdai sahv, duoi qunut. Yana to‘rt amal borki, imom bajarsa ham muqtadiy bajarmaydi — biror sajdani ortiqcha qilsa, hayit namozidagi takbirlar soniga qo‘shsa, janoza namozida 5-takbir aytsa, beshinchi rak’atga sahvan turib ketsa. Agar imom esiga tushib, 5-rak’atga sajda qilmay turib qaytib salom bersa, muqtadiy ham birga salom beradi. Bordi-yu, imom sajda qilsa, muqtadiy unga qo‘shilmaydi, balki salom beradi. Imom beshinchi rak’at sajdasini qilmay turib muqtadiy salom berib qo‘ysa, har ikkisining namozi ham buziladi.

«Olamgiriya», «Vajizi Kardariy», «Xulosa»

148- FATVO

Namozga kech kelib qo‘shilgan kishi (masbuq), agar imom tovush chiqarib (jahriy) qiroat qilayotgan bo‘lsa «tahrima takbiri»ni aytib iqtido qiladi. Lekin «sano» o‘qimaydi. Namoz oxirida qolgan qismini o‘qish oldidan sano bilan «auzu»ni o‘qib qiroat qiladi. Imom tovushsiz qiroat qilayotganda iqtido qilgan odam «sano» o‘qiydi. Abu Yusuf (rahimahulloh) «Auzu»ni sanodan keyin ham, qiroatdan oldin ham o‘qiydi, degan ekanlar.

«Olamgiriya», «Vajiz», «Zahiriya», «Qozixon»

149- FATVO

Masbuq imom salom berishi bilanoq qolgan qismini o‘qish uchun turib ketmay, imom boshqa sunnat yoki nafl namozga turib ketishini yoki mehrobdan yuz o‘girib ketishini kutib turadi. Zero, imom sajdai sahv qilib qolishi ehtimoli ham bo‘lishi mumkin.

«Olamgiriya», «Bahrur – roiq»

150- FATVO

Imom oxirgi qa’da (o‘tirish)da «Attahiyyot»dan keyingi salavot va duolarni o‘qiyotganida masbuq faqat «tashahhud»ni o‘qiydi. Vaqti ortib qolsa, «tashahhud»ni takroran o‘qiydi, ya’ni «ashhadu allo iloha illallohu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rasuluh»ni qayta-qayta o‘qib turadi. Masbuq «Attahiyyot»ni bir marta sekin-asta, cho‘zib o‘qib, imom bilan birga tugatishga harakat qiladi, degan ulamolar ham bor.

«Olamgiriya», «Vajiz», «Qozixon» «Xulosa»

151- FATVO

To‘rt rak’atli namoz tugagach, qavm imomga: «Uch rak’at o‘qidingiz», — desa, imom: «to‘rt rak’at o‘qidim» desa, qaraladi. Imom shubhasiz, ishonch bilan o‘z so‘zida turib olsa, namoz qayta o‘qilmaydi. Aks holda qavmning so‘zi e’tiborga olinib, namoz qayta o‘qiladi.

152- FATVO

Agar necha rak’at namoz o‘qilgani to‘g‘risida namozxonlar o‘rtasida tortishuv paydo bo‘lsa, imom qaysi tomonga qo‘shilsa, o‘sha tomonning so‘zi e’tiborga olinadi, garchi imom qo‘shilgan tomonda faqat bir kishi bo‘lsa ham.

153- FATVO

Namozni tik turib o‘qiydigan kishi uzr bilan o‘tirib o‘qiydigan kishiga iqtido qilishi joiz bo‘lganidek qomati rost kishi bukri kishiga iqtido qilishi joizdir.

154- FATVO

Imom qavmdan o‘rta bo‘yli odam barobarida baland joyda namoz o‘qishi makruhdir. Aksincha, imom pastlikda, qavm tepalikda o‘qisalar makruh emas. Bu Imom Karxiydan naql qilingan.

155- FATVO

Imomning ikki oyog‘i mehrobdan tashqarida bo‘lishi kerak. Ammo namozxon ko‘pligidan izdihom hosil bo‘lgan bo‘lsa, imom mehrob ichiga kirib o‘qishi ham joiz.

156- FATVO

Muqtadiyning bo‘yi imomga qaraganda uzunroq bo‘lib sajdada imomdan oldinroq joyga sajda qilsa ham namozi durust. Zero, muqtadiyning oyoqlari imom oyoqlaridan oldinga o‘tib ketmasligi shart. Ammo boshi sajdada o‘tib ketsa, zarari yo‘q.

157- FATVO

Namozga kechroq kelgan kishi imomni ruku’da turganda topsa, tik turgan holda «takbiri tahrima»ni aytib, so‘ngra ruku’ga engashishi kerak. Bordi-yu, engashgan holda takbir aytsa namozi durust bo‘lmaydi.

Izoh: Zero, takbiri tahrima tik holda aytilishi shart. Engashgan holda aytilgan takbir na tahrima va na ruku’ uchun o‘tmaydi.

158- FATVO

Imom ruku’da turganida iqtido qilgan kishi tik holda ruku’ uchun takbir aytsa ham «takbiri tahrima» uchun aytgan hisobiga o‘tadi. Ammo «tahrima» uchun bir takbir, ruku’ uchun yana bir takbir aytsa yanada yaxshi.

159- FATVO

Birinchi «qa’da»da muqtadiy «Attahiyyot»ni o‘qib bo‘lmasdan imom uchinchi rak’atga turib ketsa, u bilan birga turib ketmasdan «abduhu va rasuluh»gacha o‘qib, so‘ngra turishi kerak. Ammo namoz oxirida «Attahiyyot»dan keyin salavot yoki duoni o‘qib bo‘lmasidan oldin imom salom berib yuborsa, muqtadiy ham bilan birga salom beraveradi.

160- FATVO

Muqtadiy vitr namozida duoi qunutni o‘qib bo‘lmay turib imom ruku’ga ketsa, qunutni chala qoldirib, u bilan birga ruku’ qilaveradi. Bordi-yu, qunut duosini oxirigacha yetkazsa ruku’dan imom bosh ko‘tarib yuborish ehtimoli bo‘lmasa qunutni oxirigacha yoki ulgurgan joyigacha o‘qiydi.

161- FATVO

Imom ruku’dan turgan paytda unga iqtido qilgan kishi «takbiri tahrima»ni aytib, ruku’ qilgach, imom bilan birga ikki sajda qilsa ham shu rak’atni topmagan bo‘ladi. Lekin imom bilan o‘qigan boshqa rak’atlari durust bo‘lib, imomdan so‘ng o‘sha qolgan rak’atni o‘qiydi.

Izoh: Jamoatga kech kelgan kishi imomni qaysi holatda topsa, «takbiri tahrima» ni aytib o‘sha joyidan boshlab imom bilan namozni davom ettirishi lozim. Arkonlari but ado etilgan rak’atlar hisobga o‘tadi. Boshqalarining qazosi o‘qiladi.

162- FATVO

Imom birinchi sajdadan boshini ko‘tarmay turib muqtadiy boshini ko‘tarib imom sajdada ekanini bilgach, boshini sajdaga qo‘ysa, bu yerda ikki mas’ala bor. Birinchidan, muqtadiy imom birinchi sajdada deb bilgan holda boshini qayta qo‘yishda bu birinchi sajda deb niyat qilgan bo‘lsa, namozi durust. Bordi-yu, imomdan oldin bosh ko‘targanda, imom ikkinchi sajdaga bosh qo‘ygan ekan, deb bilib qo‘ygan bo‘lsa, ya’ni ikkinchi sajdaga bosh qo‘ydim, deb niyat qilgan bo‘lsa, shu paytda imom boshini ko‘tarib, ikkinchi sajdani qilganini ham anglamagan bo‘lsa, muqtadiyning namozi buziladi. Ammo anglab, ikkinchi sajdani qo‘shsa namozi durust bo‘ladi.

163- FATVO

Hayit namoziga kech kelib, imomni ruku’da topsa, «takbiri tahrima»ni aytib, sano aytmay ruku’ qiladi va ruku’dagi tasbehlar o‘rniga uch takbirni aytadi. Zero, tasbeh aytish — sunnat, hayit namozining oltita takbiri — vojib. Ikkisi bir vaqtga to‘g‘ri kelib qolganda vojib ado etiladi.

164- FATVO

Imom jamoat namozi adosidan so‘ng sunnat yoki nafl namoz o‘qimoqchi bo‘lsa imomlik kilgan joyidan (mehrobdan) boshqa joyga o‘tib o‘qishi lozim. Agar jamoatga qarab o‘tirmoqchi bo‘lsa, qiblaning o‘ngi, o‘zining chapi bilan aylanishi mustahab amallardandir.

Izoh: Muqtadiyga ishtiboh bo‘lmasligi uchun imom boshqa joyga o‘tib olishi yoki yoniga boshqa bir – ikki namozxonni chorlab olishi lozim.

165- FATVO

Namozga kech kelgan ikki masbuq imom salomidan keyin namozning qolgan qismini alohida mustaqil ravishda o‘qib olishlari kerak. Mabodo biri ikkinchisiga iqtido qilsa, iqtido qilganning namozi buziladi.

166- FATVO

Masbuq namoz oxirida imom bilan birga sahvan salom berib qo‘ysa, unga sajdai sahv lozim bo‘lmaydi. Bordi-yu, imomdan keyin salom bersa, sajdai sahv qiladi. Zero, imom salomidan keyin masbuq mustaqil namozxonga aylanadi.

167- FATVO

Imom peshin namozini to‘rt rak’at o‘qib o‘tirib, so‘ngra sahvan beshinchi rak’atga tursa va shu paytda bir kishi kelib unga iqtido qilsa, iqtidosi durust. Lekin imom beshinchi rak’atga sajda qilib qo‘ysa, imomning farz namozi buzilmaydi, chunki u «qa’dai axir»ga o‘tirgan. Keyingi rak’atlari naflga o‘tadi. Ammo masbuqning namozi buziladi. Zero, nafl o‘qiguvchiga farz o‘qiguvchi iqtido qilishi joiz emas. Qa’daga o‘tirmagan bo‘lsa, hammasining namozi buziladi.

168- FATVO

Imom shom namozida uchinchi rak’at oxirida o‘tirish o‘rniga to‘rtinchi rak’atga turib ketsa, muqtadiy imom sajda qilmay turib, «tashahhud»ni o‘qib, salom bersa namozi buziladi.

169- FATVO

Masbuq ulgurmay kech qolgan joyini birinchi navbatda o‘qib olib, so‘ngra imom bilan qolgan qismini o‘qisa namozi buzilmaydi. Lekin sunnatga xilof ish qilgani uchun makruh hisoblanadi.

170- FATVO

Zimmasida sajdai sahv bo‘lgan imom ham, yakka o‘quvchi ham sajdai sahvdan oldingi o‘qiydigan «tashahhud»dan keyin salavot va duoni o‘qimaydi.

171- FATVO

Imom ruku’da turganida safga bir noma’lum kishi kelib qo‘shilayotganini sezib, ruku’ga ulgursin deb, bir-ikki tasbeh qo‘shib o‘qisa zarari yo‘q. Ammo unga tanish odam uchun ruku’ yoki qiroatni cho‘zish mumkin emas.

172- FATVO

Jum’a kuni imom xutba o‘qib turganida bir namozxonning yodiga bomdod namozini o‘qimagani tushsa, darhol turib ikki rak’at bomdod farzini o‘qib oladi. Bunday paytda xutbani tinglash vojibligi soqit bo‘ladi. Zero, xutbadan keyin o‘qib ulgurmaydi.

173- FATVO

Namozning ichida bir rak’at kam o‘qigandek tuyulib, shubha qilsa, ehtiyotan bir rak’at qo‘shib qo‘yadi. Ammo namozni o‘qib bo‘lganidan keyin biror rak’at kam o‘qidim deb shubha qilsa, namozni qayta o‘qimaydi.

174- FATVO

Imomga bir-ikki rak’at keyin kelib iqtido qilgan masbuq imom namozining oxirida salavot va duo o‘qib o‘tirishini kutsa, oldidan odamlar o‘tib gunohkor bo‘lishidan qo‘rqsa, «tashahhud»ni o‘qigach, kutmasdan qiyomga turib, qolgan joyini o‘qishi mumkin.

175- FATVO

Namozda ovoz bilan yoki o‘zi eshitadigan darajada gapirib qo‘yish namozni buzadi. Bu xoh qasddan bo‘lsin, xoh unutish bilan, xoh xatolik yuzasidan bo‘lsin, xoh oz, xoh ko‘p so‘zlasin, baribir namoz buziladi. Ovozini chiqarmay, faqat tilini qimirlatib gapirsa namoz buzilmaydi.

176- FATVO

Namoz ichida uxlab qolgan paytida gapirsa ham namoz buziladi. Ba’zi ulamolar buning aksini aytgan bo‘lsalar-da, lekin namozning buzilishi amalga tatbiq uchun tanlangan.

177- FATVO

Xufton namozining ikki rak’atini o‘qib bo‘lgach, bu taroveh namozi deb o‘ylab, salom berib qo‘ysa, shuningdek, peshinning ikki rak’atidan keyin bu jum’a deb o‘ylab, salom berib qo‘ysa yoki muqim to‘rt rak’atli namozning ikki rak’atidan keyin o‘zini safarda deb o‘ylab, salom berib qo‘ysa, namozini qaytadan o‘qiydi. Ammo mazkur holatlarda namozning oxiri deb o‘ylab salom berib qo‘ysa, namozi buzilmaydi, balki davomini o‘qib, oxirida «sajdai sahv» qiladi.

178- FATVO

Namoz o‘qiyottan kishiga namozdan tashqaridagi odam qiroatda yordam bersa, ya’ni esiga kelmay qolgan joyini esiga solsa yoki xato o‘kigan joyini tuzatib qo‘ysa va bu yordamni namozxon qabul qilsa, namozi buziladi.

«Olamgiriya», «Munyatul – musalliy»

179- FATVO

Imom qiroatda yordamga muhtoj bo‘lgan taqdirda muqtadiy darhol yordam berishga shoshilmasligi lozim, balki o‘ziga biroz qo‘yib berib, agar o‘zi uddasidan chiqmasa yoki sukut saqlab qolsa, shundagina yordam berish lozim bo‘ladi. Lekin imom ham, agar namozga yarasha qiroat qilgan bo‘lsa, qavmni yordam berishga majbur qilmasligi, balki ruku’ga ketaverishi mumkin.

«Olamgiriya», «Muhit», «Kofiy»

180- FATVO

Namozda ingrasa, oh tortsa yoki ovoz bilan yig‘lasa, qaraladi — agar jannat, do‘zax kabi uxraviy narsalarni o‘ylab shunday qilgan bo‘lsa, namozi buzilmaydi. Bordi-yu, og‘riq, kasallik, biror musibat tufayli bo‘lsa namozi buziladi.

181- FATVO

Sajdagohdagi chang yoki tuproqni namoz ichida puflab ketkazsa, qaraladi — agar ovozsiz va harflarsiz nafas chiqargan bo‘lsa namoz buzilmaydi. Aks holda namoz buziladi.

182- FATVO

Namoz ichida it, mushuk, qo‘y, echki kabi hayvonlarni qo‘risa yoki o‘ziga chorlasa, qaraladi — agar harf hosil bo‘ladigan ovoz bilan bo‘lsa namoz buziladi, harfsiz bo‘lsa buzilmaydi.

183- FATVO

Yo‘talish, ingrash, oh tortish kabilar uzr bilan beixtiyor bo‘lsa, aksirganda yoki kekirganda garchi harf chiqsa ham buzilmaganidek namoz buzilmaydi.

184- FATVO

Namozda qiroatga ovozini sozlash uchun yo‘talsa yoki imom qiroatda adashganda uni ogohlantirish uchun yoxud o‘zini namozda ekanini bildirish uchun yo‘talsa namozi buzilmaydi.

185- FATVO

Namozda qiroatni Qur’oni karim kitobidan o‘qib qilsa, Abu Hanifa (rahimahulloh) nazdida namoz buziladi. Zero, Kitobni ko‘tarib turish, uni varaqlash, unga ko‘z tashlash ko‘p harakatni talab qiladi. Ko‘p amal va harakat esa, namozni buzuvchi omillardan. Shunga ko‘ra, agar Kitobni biror narsa ustiga qo‘yilsa, varaqlamasa yoki mehrob devoriga yozilgan bitikdan o‘qib qiroat qilsa namoz buzilmaydi. Lekin Abu Hanifa (rahimahulloh)ning namoz buzilishiga yana boshqa dalili ham bor. U ham bo‘lsa Kitobdan o‘qish — bu ta’lim olish, o‘rganish demakdir. Bu esa, namozning amallaridan emas. Demak, Kitobni ko‘tarib o‘qiydimi yoki qo‘yilgan holda o‘qiydimi barobardir. Qaysi holatda bo‘lsa ham namoz buziladi. Shu javob sahih deb topilgai. Ammo Abu Yusuf va Muhammad (rahimahulloh)lar nazdida namozda Qur’on kitobidan o‘qib qiroat qilish joiz. Yana Qur’onni yod biluvchi kishi Kitobdan o‘qib qiroat qilsa namozi buzilmaydi, debdurlar.

186- FATVO

Mehrob devoriga fiqh kabi Qur’ondan boshqa narsalar yozilgan bo‘lib, namozxon uni ma’nosini tushinib yoki tushunmagan holda o‘qisa Imom Muhammad (rahimahulloh)dan boshqa mujtahidlar namoz buzilmaydi, deganlar.

«Olamgiriya», «Tabyin», «Zaxira», «Hidoya»

187- FATVO

Namozda keraksiz ish va harakat (amali kasir) qilib qo‘ysa namoz buziladi. Uning miqdori to‘g‘risida uch xil ta’rif bor. Birinchisi — ikki qo‘l bilan qilinadigan ishlar. Masalan: salla o‘rash, ko‘ylak kiyish, ishton bog‘ini bog‘lash, kamondan o‘q otish. Ammo ko‘ylak yoki shalvarni yechish, do‘ppi kiyish yoki uni yechish kabi bir qo‘l bilan qilinadigan ishlarni ikki qo‘l bilan bajarsa ham namoz buzilmaydi. Ikkinchisi — namozxon o‘zini ko‘p ish qilib yuborgandek sezsa, shuning o‘zi «amali kasir»dir, degan rivoyat bor bo‘lib, u Abu Hanifa (rahimahulloh) ra’ylariga ham yaqindir. Uchinchisi — namozxonning harakatlarini uzoqdan ko‘rgan kishi u namozdan tashqarida deb bilsa. Ammo shak qilsa hisob emas. Bu ta’rif ko‘pchilik ulamolar tomonidan ma’qullangan.

«Olamgiriya», «Tabyin», «Qozixon», «Xulosa»

188- FATVO

Namoz ichida bir saf miqdorida yursa namozi buzilmaydi. Agar ikki saf oldinga yurmoqchi bo‘lsa, oldin birinchi safgacha yurib borib, biroz to‘xtab, so‘ngra ikkinchi safga yurib borishi kerak. Birdaniga ikki saf mikdorida yursa namozi buziladi.

189- FATVO

Namozda yuzning o‘zini u yoq-bu yoqqa bursa, garchi makruh bo‘lsa-da, namoz buzilmaydi. Ammo ko‘kragi bilan birga burilsa, namoz buziladi.

190- FATVO

Namoz ichida ilon va chayon o‘ldirsa namoz buzilmaydi. Ammo hech kimga ziyon yetkazmaslik ehtimoli bo‘lsa, ularni o‘ldirishga harakat qilish makruhdir. Kimgadir aziyat yetkazish xavfi bo‘lganda esa, ularni masjid ichida quvib yurib, hatto imomning oldidan o‘tib bo‘lsa ham o‘ldirish joiz.

«Olamgiriya», «Navozil», «Xulosa», «Muhit»

191- FATVO

Agar namozda bir vaqtning o‘zida uch marta tosh otsa yoki bit, burga, chivin kabilarni o‘ldirsa yoxud soqoli yo sochining uch tolasini bittadan yulsa namozi buziladi. Agar toshni qulochini keng ochib, kuchining boricha otsa bir martada ham namoz buziladi.

«Olamgiriya», «Zahiriya», «Tasharxoniya»

192- FATVO

Namozda turib uchta so‘z yozsa namoz buziladi. Undan kam bo‘lsa buzilmaydi. Agar havoga yoki o‘z badaniga barmog‘i bilan yozsa uch so‘zdan ko‘p bo‘lsa ham namoz buzilmaydi.

«Olamgiriya», «Xulosa», «Sirojiya»

193- FATVO

Namozning bir ruknida uch marta qo‘lini ko‘tarib yuzi, bo‘yni kabi joylarni qashisa namozi buziladi. Ammo qo‘lini bir ko‘targanicha uch marta qashisa namozi buzilmaydi. Lekin namozda beuzr qashinish makruhdir.

194- FATVO

Namozda imomning oyoqlaridan ko‘ra muqtadiyning oyoqlari oldinga o‘tib ketsa, muqtadiyning namozi buziladi.

195- FATVO

Ayol kishi namozda bolasini emizsa, namozi buziladi. Agar bola o‘zi kelib, uch marta emsa, sut chiqsa yoki chiqmasa ham namoz buziladi. Bir-ikki marta emganida sut chiqmasa namoz buzilmaydi.

196- FATVO

Namozxondan tashqaridagi odam biror narsa so‘rasa yoki unga savol bersa, u boshi bilan «ha» yoki «yo‘q» ishorasini qilsa namozi buzilmaydi.

197- FATVO

Namozda turib, chiroqning piligini ko‘tarsa (hozirgi paytda lampa o‘chirgichini bossa) namozi buzilmaydi.

198- FATVO

Namozda ayol kishining boshidagi sochidan to‘rtdan bir qismining ochilib qolishi bilan namoz buziladi. Lekin bu miqdor uning quloqlari ustidagi qismidan hisoblanadi. Quloqlaridan pastga osilib turgan qismining ochilib qolishi namozni buzmaydi. Ammo erkaklar nazari tushishining taqiqlanishida quloq ustidagi bilan ostidagi sochlar barobardir.

199- FATVO

Imom Abu Yusuf (rahimahulloh) so‘ziga binoan ayol kishining oyoq boldirlari namozda avrat hisoblanmaydi. Bilaklari esa, qorni bilan barobardir. Abu Yusuf bilan Abu Hanifa (rahimahulloh)lardan yana shunday rivoyat borki, namozda ayol kishining bilaklari ham avrat sanalmaydi. Ya’ni, ikki bilaklari ochiq holda o‘qigan namozi durust hisoblanadi.

200- FATVO

Namoz ichida tahorati sinib qolgan kishi tahoratini yangilab kelib, namozining qolgan qismini davom ettirib o‘qishi mumkin. Lekin tahoratga doir ishlardan boshqa ish qilib qo‘ysa yoki istinjo qilayotganda avrati ochilib qolsa namozi buziladi. Shuning uchun namoz ichida tahorati singan kishi boshidan qayta o‘qigani afzaldir.

MING BIR FATVO (2-qism)

Shamsiddinxon BOBOXON
Shayx Abdulaziz MANSUR

«O‘zbekiston milliy endiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyoti
Toshkent — 2005

Кийим кийиш дуоси

Ассалому алайкум! Биламизки, кўпгина одамлар янги кийимга эга бўлиб, уни илк бор кийганида негадир қалбида хурсандчилик пайдо бўлади. Шундай холларда қайси дуо айтилади? Мунтазам фойдаланиб юрган (эски) кийимини кийганда эса қандай дуо ёки зикрлар айтган маъқул? Раҳмат, Аллоҳ рози бўлсин.

«Зикр аҳлидан сўранг» ҳайъати:

Ва алайкум ассалом! “Бисмиллаҳир Роҳмаани Роҳийм” деб кийилади. Муоз ибн Анас розияллоҳу анҳудан ривоят қилинади: Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи васаллам: «Ким бирор янги кийим кийиб,

الْحَمْدُ للهِ الَّذِي كَسَانِي هَذَا وَرَزَقَنِيهِ مِنْ غَيْرِ حَوْلٍ مِنِّي وَلاَ قُوَّةٍ

«Алҳамду лиллаҳиллазий касаний ҳаза ва розақонийҳи мин ғойри ҳавлин минний ва ла қувваҳ», деса, Аллоҳ унинг олдинги гуноҳларини кечиради», дедилар. (Маъноси: Ўзгартирмасдан, қувватимни кетказмасдан менга ризқ берган ва мени кийинтирган Аллоҳга ҳамд бўлсин). Ибн Сунний ривоятлари. Валлоҳу аълам!

Kiyim yechish duosi

Мусулмон эркак қизил кийим кийса бўладими? 18.08.2015

Савол:

Ассалому алайкум, қори ака! Исломда йигит киши учун қизил рангдаги кийим кийиш ҳаром қилинганми? Илтимос, шу ҳақида маълумот берсангиз! Жавоб учун олдиндан раҳмат!

Жавоб:

Ва алайкум ассалом. Бу масалада турли ривоятлар нақл қилинган. Мисол учун, Бухорий ва Муслим ривоят қилишича, Бароъ ибн Озиб розияллоҳу анҳу Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламни қизил либосда кўрган экан.
Имом Бухорийнинг “Саҳиҳ” тўпламида “Қизил рангдаги либос кийиш” боби бор. Термизийнинг “Сунан” китобида эса, “Эркаклар учун қизил рангдаги либос кийиш жоизлиги ҳақида келган хабарлар” боби мавжуд.
Насоий Ибн Аббос розияллоҳу анҳудан саҳиҳ санад билан нақл қилинишича, Набий соллаллоҳу алайҳи ва саллам: “Мен қизил либосдан, тилло узукдан ва рукуда қироат қилишдан қайтарилдим”, деганлар.
Бу бобда сиртдан бир-бирига зид ривоятлар мавжудлиги учун уламолар томонидан турли қавллар айтилган. Жумладан, ҳофиз Ибн Ҳажар “Фатҳул борий”да зийнат ва шуҳрат учун қизил рангдаги либос кийиш макруҳ экани, уйда ё хизматда бўлса, бунинг жоизлиги ҳақидаги қавлни рожиҳ (тўғри, маъқул) санаган. Асқалоний бу қавлни Ибн Аббос ва Молик ибн Анасга нисбат берган.
Ҳанафий, Моликий ва Шофеий мазҳабига кўра эркаклар учун қизил ва қизғиш кийимларни кийиш ҳечқандай қайдсиз ва кароҳатсиз мутлақо жоиз ҳисобланади. Тўғри, баъзи китобларимизда қизил рангли кийим кийиш макруҳ дейилган жойлари ҳам учрайди. Макруҳ дейилар экан танзиҳий (енгил) макруҳ назарда тутилмоқда. Аммо, мазҳабимиздаги муҳаққиқ уламоларимиз сўзига кўра қизил, сариқ, қизғиш, сарғиш ва яшил либосларни кийиш кароҳатсиз жоиз саналади. Жумладан, ҳанафий мазҳабида машҳур ва мўътабар бўлган “радду-л-муҳтор” китобининг соҳиби Ибн Обидийн “жомеъу-л-фатово” номли манбадан нақл қилишича, Имом Абу Ҳанифа, Имом Молик ва Имом Шофеийлар муасфар яъни қизғиш рангга бўялган кийимни кийишни жоиз деганлар.
Демак, қизил рангдаги кийимларни кийиш жоиз, ҳаром эмас. Аммо киймаслик афзал. Унинг ўрнига оқ ва яшил рангли либосларни танлаган маъқул. Валлоҳу аълам!

Кун ояти

(Эй Муҳаммад,) ўз жонларига зулм қилган бандаларимга айтинг: Аллоҳнинг раҳматидан ноумид бўлмангиз! Албатта, Аллоҳ барча гуноҳларни мағфират қилур. …

Сўнгги янгиликлар

2019 йил 12 сентябрь куни Ўзбекистон мусулмонлари идораси раисининг ўринбосари Шайх Абдулазиз Мансур…

12.9.2019 11085 Батафсил

Тошкент шаҳарга янги бош имом хатиб тайинланди. Андижон вилоят бош имом хатиби сифатида ишлаб келган…

25.8.2019 10185 Батафсил

Муҳтарам ватандошлар! Халқимиз бутун мусулмон уммати билан биргаликда катта шоду хуррамлик ила кутиб…

Qiziqarli malumotlar
Кийим кийиш дуоси