TELEGRAF ALOQA
TELEGRAF ALOQA — diskret (harfraqamli) xabarlarni uzok, masofaga tez uzatish va qabul qilish hamda qabul punktida qayd etish; elektr aloqaning bir turi. Sim orqali uzatiladigan elektr signallar va simsiz radiosignallar orqali, telegraf apparati va fototelegraf (faksimil) apparat yordamida amalga oshiriladi. Telegraf aloqa elektr aloqaning bir turi sifatida 19-a. 30y. larida paydo boʻlgan. Axborotlarni uzatishda dastlab (pochta aloqasidan tashqari) yorugʻlik va tovush signallaridan foydalanilgan (q. Optik telegraf). Rossiyada 1832-y. da P. L. Shilling tomonidan telegraf apparati yaratilishi bilan Telegraf aloqaga asos solindi. Soʻngra B. S. Yakobi tomonidan elektromagnit telegraf apparati (1839) va harf bosish telegraf apparati (1850), S. Morze tomonidan elektromexanik telegraf apparati (1844) yaratilishi (q. Morze apparati) T. a. ning rivojlanishiga yordam berdi. Oʻzbekistonda Telegraf aloqa 19-a. oxiriga kelib Toshkent Orenburg telegraf liniyasi ochilishi bilan boshlangan. Hozir «Oʻzbektelekom» aksionerlik kompaniyasi telegraf va telefon aloqani tashkil etadi. Oʻnlab shaharlar bilan Telegraf aloqa bogʻlangan.
Ensiklopediya.uz
TELEGRAF ALOQA