Soch parvarishi — xalqona vositalar, usullari, tavsiyalar, sochlarni mustahkamlash
Parvarishlangan soch nafaqat go’zallik atributidir. Porloq va quyuq sochlar kishi salomat ekanligidan dalolat beradi. Sochlarni qanchalik tez-tez yuvish kerak, soch uchun shampun qanday tanlanadi, sochni yuvish uchun suvning optimal harorati qanday? Shu va boshqa savollarga soch parvarishi haqidagi maqolada batafsil to’xtalib o’tiladi.
Soch parvarishi
Uyda sochni parvarish qilishning oddiy usullaridan biri — uni muntazam yuvib turishdir. Muntazam — har kuni degani emas. Sochni 2-3 kunda bir marta yuvish yetarli darajada bo’ladi, bu mutaxassislar tomonidan tasdiqlangan.
Sochni to’g’ri yuvish uchun quyidagi muhim masalalarga e’tiboringizni qarating.
Soch turingizga mos bo’lgan to’g’ri shampunni tanlash muhimdir. Agar sochlar yuvilganidan so’ng ingichka, bir-biriga yopishib qolgandek ko’rinadigan bo’lsa yoki kiyim bilan aloqa qilganda elektrlashsa, bu noto’g’ri shampun tanlaganingizni bildiradi. To’g’ri tanlangan shampun bilan sochlar porloq va hajmli bo’ladi.
Professional seriyali shampunlarni sotib olish tavsiya etiladi, ular qiymat bobida ommaviy tarmoqlarda sotiladigan odatiy shampunlardan juda katta farq qilmaydi, lekin sifati ancha yaxshi.
Agar qimmatbaho shampunlarni sotib olish imkoni bo’lmasa, dorixonadan kosmetik moy sotib oling, masalan: atirgul, jasmin yoki jojoba. Ulardan shampunga 3-4 tomchidan qo’shing. Bu sochlarga porloqlik va hushbo’ylik bag’sh etadi.
Sochlar shampun bilan yuvilganidan keyin soch uchun balzam yoki konditsioner qo’llash kerak, shunda sochlar silliq va mukammal taraladi.
Konditsionerni yoki balzamni barcha sochlarga ildizidan qo’llash tavsiya etilmaydi, chunki bu holda sochlar yog’li bo’lib ketadi. Bunday vositalarni sochlarning o’rtasidan boshlab qo’llang, shunda ularning ta’siri maksimal bo’ladi.
Bizning onalarimiz va buvalarimiz sochlarga jilvakorlik bag’ishlash uchun maxsus eritma — 1 litr iliq suvga 1 osh qoshiq limkon sharbati yoki sirka kislotasi solingan aralashmadan foydalanishgan.
Sochlarni juda issiq suv bilan yuvish tavsiya etilmaydi, bu sochlar holatiga salbiy ta’sir ko’rsatadi va asta-sekin soch to’kilishiga olib kelishi mumkin. Sochni yuvish uchun iliqroq suv ishlatish, oxirida esa sovuqroq suv bilan chayish yaxshidir. Bu sochlarning ichki tangachalarini silliqlaydi va sochlarga sog’lom yaltirash beradi.
Qattiq suvni yumshatish uchun unga bir choy qoshiq iste’mol sodasi yoki nashatirli spirt qo’shiladi. Suv shunda yumshoq bo’ladi va sochlardagi yog’ni juda yaxshi oladi. Agar muntazam ravishda sochingizni yumshoq suv bilan yuvib tursangiz, ular sinuvchan bo’lmaydi, bosh terisi ta’sirlanmaydi.
Sochlar sog’lom bo’lishi uchun soch uchun vitaminlar ham muhim ahamiyatga ega. Bu haqida alohida maqolada o’qishingiz mumkin.
Soch uchun vitaminlar→
Sochlaringiz yanada hajmliroq ko’rinishini istasangiz, ularni yuvganingizdan keyin qichitqi o’t (gazanda) damlamasi bilan chayish kerak. Buning uchun 50 gramm maydalangan qichitqi o’t va qariqiz ildizi olinadi, teng miqdorda aralashtiriladi va 400 ml qattiq qaynayotgan suvda qaynatiladi. Damlamani yigirma daqiqa davomida qaynating, tindirib, suzib oling va uni sochingizni chayqaydigan suvga qo’shing.
Sochni parvarish qilish uchun xalqona vositalar — eng amaliy variantidir.
Sochlarni parvarishlash uchun uy sharoitida tayyorlanadigan vositalarda turli xil kimyoviy qoshimchalar bo’lmaydi, demak ular soch tuzilishiga zarar yetkazmaydi. Bundan tashqari, sochlarni parvarish qilish bo’yicha xalqona retseptlar hamma uchun manzur, chunki ularni tayyorlash uchun masalliqlar sotib olinadigan qimmatbaho tayyor vositalardan ancha arzon.
Sochlarni uy sharoitida parvarishlash uchun vositalar
Keling, uyda o’zingiz tayyorlashingiz mumkin bo’lgan eng mashhur sochni parvarish qilish vositalarini ko’rib chiqamiz
Bo’yalgan sochlarni parvarish qilish uchun losyon retsepti
Masalliqlar: 50 ml dan etil spirti va distillangan suv, 35 tomchi choy daraxti moyi.
Tayyorlanishi: suvga spirt va choy daraxti moyini qo’shing. Yaxshilab aralashtiring.
Qo’llash: Ishlatishdan oldin, losyonni chayqatib, nam soch ildizlariga yaxshilab surting. Losyon ayniqsa tez-tez bo’yalishdan charchagan sochlar uchun tavsiya etiladi.
Sochni mustahkamlash uchun malham
Masalliqlar: 1 osh qoshiq quritilgan qariqiz ildizi, 200 ml suv, 75 g hayvon (ichki) yog’i, 10-12 tomchi choy daraxti moyi.
Tayyorlanishi: Qariqiz ildizlari maydalanib, ustidan qaynoq suv quying va past olovda qaynatishga qo’ying. Damlama suyuqlikning yarmi bug’lanib ketganida, uni hayvon yog’i bilan aralashtiring va aralashtirib turgan holda, 5 daqiqagacha qizdirishda davom eting.
Tayyor bo’lgan aralashmaga choy daraxti moyini qo’shing. Yaxshilab aralashtirib, mahkam yopiq qopqoqli idishga soling, so’ng yog’li asos o’simlik tarkibi bilan to’yinishi uchun issiq pech yoki duxovkaga qo’ying.
Qo’llanilishi: Sochni mustahkamlash uchun malhamni issiq hoda, toza, yuvilgan sochlar ildizlariga surtib qo’llang.
Soch uchun konditsioner tayyorlash
Masalliqlar: 2 osh qoshiq kokos moyi (bodom yoki jojoba moyi ham ishlatish mumkin), 15 tomchi lavr (dafna) moyi, 6 tomchidan lavanda va rozmarin moylari.
Tayyorlanishi: asos-moyga lavr moyini, keyin lavanda va rozmarin moyini qo’shing. Tayyor aralashmani yaxshilab chayqatib, isitish uchun 2-3 daqiqa davomida issiqroq suv solingan idishga joylashtiring.
Qo’llanilishi: To’q rangli sochlarga aralashmani ehtiyotkorlik bilan surting, terini massaj qiling, boshini polietilen, ustidan sochiq bilan o’rang. 30 daqiqa kutib turing, so’ng soch turingiz uchun mos keladigan shampun bilan yaxshilab yuvib tashlang. Qichitqi o’t damlamasi bilan chayish mumkin.
Soch parvarishi uchun pivo achitqilari
Pivo achitqilari (rus. пивные дрожжи) haqida ko’pchilik eshitgan, uning sochlarga ham foydasi tegadi. Ularni nafaqat tashqi qo’llash, balki ichga qabul qilish ham mumkin. Pivo achitqilari tarkibida muhim aminokislotalar, B, D, E, K guruh vitaminlari, foydali mikroelementlar — magniy, kaltsiy, mis, rux, marganets, temir, fosfor, shuningdek qarishni sekinlashtiradigan ribonuklein kislota (RNK) mavjud.
Bu vosita qabul qilinganida sochlarni parvarishlaydi, o’sishiga yordam beradi, shuningdek ugrilarni yo’qotadi. Ular ishtahani biroz kuchaytiradi, shu sabab, ortiqcha vazn olmaslik uchun ovqat miqdorini avvalgidek qoldirish tavsiya etiladi. Ichish uchun tabletkalarni dorixonalardan sotib olish mumkin.
Pivo achitqilaridan soch uchun niqob tayyorlash mumkin. Buning uchun o’rtacha kattalikdagi piyoz sharbatiga 0,5 choy qoshiq chakamug’ moyi, 0,5 choy qoshiq osh tuzi, 1 osh qoshiq iliq suvda eritilgan pivo achitqilari qo’shiladi. Masalliqlar yaxshilab aralashtiriladi, so’ng 15-20 daqiqaga sochlarga surtiladi. Keyin iliq suvda yuvib tashlanadi.
Go’zallik sirlari
Soch parvarishi — xalqona vositalar, sochlarni mustahkamlash, tavsiyalar, usullari