KONYAK

KONYAK

KONYAK (Fransiyadagi Konyak sh. nomidan) — oq uzumdan olingan konyak spirtidan tayyorlanadigan ichimlik. Olingan 65—70% li spirt eman (dub) bochkalarda saqlanadi. Bochka taxtachalarining orasidan kirgan kislorod hisobiga yangi Konyak spirti oksidlanadi va hosil boʻlgan uchuvchan organik kislotalar, emanning oʻziga xos hidli moddalari unga sargʻish rang va Konyak boʻyini beradi. Tayyorlanish texnologiyasiga koʻra, oddiy (3—5 yillik spirtdan), markali va kolleksion turlarga boʻlinadi (markali Konyak 6 y. dan 50 y. gacha saqlangan Konyak spirtidan tayyorlanadi). Oʻtkir Konyak spirtidan 40—41° li Konyak tayyorlash uchun unga distillangan suv qoʻshiladi. Konyak spirti 3, 4, 5 y. saqlansa va spirt hajmi 41% boʻlsa, shishadagi yorlikda ham 3, 4, 5 yulduz surati koʻrsatiladi. Saqlash muddati 6—7 yil, spirt hajmi 42% boʻlsa uzoq saqlangan oliy sifatli Konyak, 10 yildan oshiq saqlangani eski Konyak deyiladi va shisha yorligʻiga saqlangan muddatlarini koʻrsatuvchi maxsus belgilar qoʻyiladi. Konyak ishlab chiqarish Fransiyadagi Konyak sh. da keng rivojlangani uchun bu ichimlik shu shahar nomi bilan atalgan. Oʻzbekistonda Yangiyoʻl va Samarqand vinochilik korxonalarida «Oʻzbekiston», «Shodlik», «Anhor», «Samarqand», «Afrosiyob» va b. markali Konyaklar yuqori sifatli hisoblanadi. 2000-y. da Oʻzbekistonda 131 ming dal Konyak ishlab chiqarildi.

Ensiklopediya.uz
KONYAK