KINIKLAR

KINIKLAR

KINIKLAR, kinik maktabi — Yunonistondagi Sokrat falsafa maktablaridan biri. Mil. av. 4-a. da Antisfen asos solgan. Diogen Sinoplik, Kratet va b. uning vakillari boʻlgan. Antisfen Afinadagi Kinosarg tepaligida (K. nomi shundan) shogirdlari b-n shugʻullangan. K. Sokrat va Platonning yaxshilik, adolat, goʻzallik gʻoyalari kabi umumiy tushunchalarning obyektiv mavjudligi toʻgʻrisidagi taʼlimotini tanqid qildi va aniq, odamlar hissiy qabul qiluvchi narsalargina real mavjuddir, deb hisobladi. Etika masalalariga alohida eʼtibor berdi. Boylik, hashamdorlik, madaniyat yutuqlaridan voz kechib, «tabiiy holat»ga qaytishni talab qildi. Kiniklarning axloqiy qarashlari insonning ijtimoiy hayotdan ajralib yashashi, biron-bir qonun, ijtimoiy meʼyorlarga boʻysunishdan voz kechishiga asoslangan edi. K. Yunonistonda axloqiy gʻoyalarning rivojlanishiga, xususan, antik stoiklarning qarashlariga taʼsir koʻrsatgan.

Ensiklopediya.uz
KINIKLAR