Homiladorlikda hayz ko’rish: sabablari, nimadan dalolat berishi, xavfi, tavsiyalar

Homiladorlikda hayz ko’rish: sabablari, nimadan dalolat berishi, xavfi, tavsiyalar

Avvalambor, ayollar bir narsani bilishlari va yodda tutishlari kerak: homiladorlik davrida hayz tushunchasi tom ma’noda sodir bo’lishi mumkin bo’lmagan narsa. Ha, homiladorlik paytida qon ketishi ayol hayz ko’rishi kerak bo’lgan paytlarda sodir bo’lishi mumkin, lekin birinchi navbatda ularning tabiati odatdagi normal menstruatsiyadan juda farq qiladi, bu narsa nimadir noto’g’ri ekanligidan shubhalanishga undaydi, ikkinchidan, har qanday holatda ham bu normadan chetlanish hisoblanadi va shuning uchun shifokor bilan maslahatlashishni talab qiladi.

svg%3EHomiladorlikda hayz ko'rish

Vaziyat shunisi bilan murakkablashadiki, homiladorlikning erta davrida hayz kelishi ayolni noto’g’ri fikrga olib keladi va shu sababli u homilador bo’lganini bilmasligi mumkin. Ayniqsa homiladorlikda hayz ko’rish va homiladorlikka testning inkoriy natijalari birgalikda aniqlansa. Aynan shu uchun ko’pincha shunday holatlar kuzatiladiki, ayollar 3-4 oylikkacha o’zlarining vaziyati haqida bilishmaydi. Biroq, ba’zan faqatgina homiladorlikni dastlabki bosqichlarda aniqlashgina uni saqlab qolishning hal etuvchi omili bo’ladi.

Hayz nima? Homiladorlikda hayz ko’rish mumkinmi?

Nima uchun odatiy talqindagi hayz va homiladorlik bir-biriga mos kelmasligini tushunish uchun, barchamizga maktabda anatomiyadan olingan boshlang’ich bilimlarni esga olish kifoya, ammo aksariyat ayollar allaqachon ularni foydasiz deb hisoblab, unutib yuborishgan.
Hayz nima?→

Bachadon uch qatlamdan iborat: tashqi shilliq qavat, silliq mushaklardan iborat o’rta qavat va ichki shilliq qavatdan iborat. Ushbu qatlamlarning har biri o’zining vazifasini bajaradi. Misol uchun, miometriy, mushaklar qatlami, homilani tashqi ta’sirlardan himoya qiladi, shuningdek, tug’ruq jarayonida faol ishtirok etadi va uning qisqarishlari chaqaloqni tashqariga itaradi.

Bachadonning eng harakatchan va o’zgaruvchan qatlami endometriy deyiladi. U hayz siklining birinchi yarmida o’sadi. Endometriy qalinlashuvining maqsadi yo’ldosh hosil bo’lgunga qadar homiladorlikni saqlab qolishdir. Shilliq qavatga urug’lantirilgan tuxum hujayraning implantatsiyasi sodir bo’ladi.

Hayz — bu homiladorlik boshlanmasa, endometriyning to’liq rad etilishi. Shilliq shikastlangan qon tomirlaridan chiqgan qon bilan birga tanadan chiqib ketadi va jarayon boshidan boshlanadi. Eng sodda mantiqiy hisob-kitoblar bizni tabiiy xulosaga olib keladi: homiladorlik davrida endometriyning to’liq rad etilishi homila tushishiga olib keladi, chunki endi birikkan homilalik tuxumni ham o’zi bilan olib ketadi.

Shunday qilib, «Homiladorlikda hayz kelishi mumkinmi?» va «Homiladorlik davrida hayz ko’rish qanday kechadi?» degan savollar hech qanday mazmunga ega emas, chunki ayol homilador bo’lganidan keyin hayz ko’rishi ilojsiz narsadir. Homiladorlik paytida qon ketish haqida gapirish ko’proq mantiqqa to’g’ri keladi va bu ko’pincha xavf belgisidir.

Homiladorlik davridagi hayz xavflimi?

Aksariyat hollarda, lekin, baxtga ko’ra, har doim emas. Albatta, homiladorlikning dastlabki bosqichlarda hayz doimo g’ayritabiiydir, lekin har doim ham ular onaning va bolaning sog’lig’iga tahdid solmaydi, ba’zi hollarda vaziyat mutlaqo xavfsizdir. Bir necha hafta davomida qon ketishining eng oddiy va eng xavfsiz sababi — homilalik tuxumning implantatsiya davri hisoblanadi. Ushbu jarayon qon tomirlariga shikast yetkazishi mumkin, demak qindan qon ajralishi mumkin. Biroq, ba’zan implantatsiya qon ketish shaklidagi alomatsiz ham o’tishi mumkin.

Homiladorlik paytida tanqis hayz organizmga zarar yetkazmaydigan boshqa hollarda ham sodir bo’lishi mumkin. Misol uchun, agar urug’lantirilgan tuxum hujayra shilliq qavatga hayz ko’rish boshlanishidan oldin birikishga ulgurmasa. Bu jarayon 7 kundan 15 kungacha davom etadi, shuning uchun uning kechikishi qayd qilinishi me’yoriy holat, ammo juda kam uchraydi. Ushbu bosqichda hech qanday gormonal o’zgarishlar sodir bo’lmaydi, demak, menstrual qon ketishi ham bekor qilinmaydi. Kechikish esa faqat keyingi siklda sodir bo’ladi. Bo’lishi kerak bo’lgan vaqtdan bir oy o’tib. Kamdan kam hollarda, bir vaqtning o’zida yoki deyarli bir vaqtning o’zida turli tuxumdonlarda 2 ta boshqa-boshqa tuxum hujayralar rivojlanadi. Agar ulardan biri urug’lantirilsa va ikkinchisi rad etilsa, unda hayz homiladorlik davrida ham sodir bo’ladi.

Homiladorlik paytida hayz ko’rishning yana bir sababi: turli gormonal kasalliklar. Misol uchun, progesteron yetishmovchiligi yoki erkaklar gormonlari — androgenlarning ko’pligi. Unisi ham, bunisi ham ma’lum bir vaqtga qadar homiladorlikni xavf ostiga qo’ymaydi, albatta agar aniq chegaralarni kesib o’tmasa. Murakkab vaziyatlarda asoratlar ham jiddiyroq bo’lishi mumkin. Yaxshiyamki, har ikkalasi ham gormonal dori-darmonlarni qabul qilish orqali osonlikcha tuzatiladi, lekin u o’z vaqtida shifokorga murojaat qilishni talab qiladi. Bu dori-darmonlarni o’zingiz mustaqil «belgilashingiz» xavflidir.

Homiladorlikda hayz ko’rishga sabab bo’ladigan patologiyalar

Homiladorlik paytida qanday hayz o’rin egallashiga ko’ra turli tashxislarni qo’yish mumkin va ular har doim ham ahamiyatsiz emas. Dastlabki bosqichlarda qon ketishi ko’pincha homilalik tuxumning ko’chishi va natijada homila tushishi xavfini ko’rsatadi.

Agar ko’chish kichik bo’lsa, organizm homiladorlikni saqlab qolish uchun progesteron ishlab chiqarish hajmini oshirib, vaziyatni o’zi mustaqil hal qila oladi. Bunday holda, ajralmalar tanqis, ehtimol, qorishtiruvchi bo’ladi. Bulardan boshqa alomatlar bo’lmasligi ham mumkin. Ancha murakkab va xavfliroq hollarda homiladorlik davrida og’riqli, ko’p qon ketishli hayz ko’rish sodir bo’lishi mumkin. Bunday alomatlar darhol shifokorga murojaat qilish, shuningdek, yotoq tartibiga amal qilish va to’liq dam olish uchun ko’rsatma hisoblanadi. Oxirgisiga amal qilish yoki qilmaslik homiladorlikni saqlab qolish masalasida yakuniy hal qiluvchi omil bo’lishi mumkin, shuning uchun uni e’tiborsiz qoldirib bo’lmaydi.

Afsuski, ushbu tavsiyaga ko’plab ayollar jiddiy yondashishmaydi va uydagi yengil ishlarni bajarish yotoq tartibi bilan bir xil deb hisoblashadi: albatta, kechqurun turmush o’rtig’i ishdan och qolib kelsa, to’shakda yotib bo’larmidi? Aslida, yengil supurish ham homila tushishi xavfi bo’lgan taqdirda juda kuchli zo’riqish sanalishi mumkin. Shuning uchun ham bu tashxis qo’yilgan bemorlarni iloji boricha kasalxonaga yotqizishga harakat qilishadi, bu esa ayollarning yotoqda dam olishlarini kafolatlaydi.

Homilalik tuxumning ko’chishi turli sabablar tomonidan chaqirilgan bo’lishi mumkin. Misol uchun, miometriydagi o’smalar yoki endometrioz o’chog’i (agar birikish aynan shikastlangan joyda sodir bo’lsa). Bu homilada kislorod yetishmasligiga olib keladi va natijada uning o’limi qayd qilinadi.

Irsiy kasalliklar yoki ona qornida o’tkazilgan kasalliklar (asosan infektsion) natijasida patologik o’zgarishlar ham homila tushishiga sabab bo’lishi mumkin. Bunday holda, ehtimol, homiladorlikni saqlab qolib bo’lmaydi, faqatgina rad etilgan homilani o’rganish va kelajakda bunday holatlarni oldini olish uchun harakat qilsa bo’ladi.

Ba’zi ayollarning homiladorlik paytida hayz ko’rishiga olib keladigan boshqa tashvishga soaldigan tashxis — bachadondan tashqari homiladorlikdir. Bunday holda urug’lantirilgan tuxum hujayra bachadonga emas, fallopiy nayiga birikadi. Embrion o’sib borishi bilan unga joy kamlik qila boshlaydi, natijada nay yorilishi mumkin, bu ichki qon ketish tufayli ona hayotiga tahdid soladi. Shifokorlar ona hayotini saqlab qolishni uddalashsa ham (bu esa yuqori ehtimoldir), ayollarning reproduktiv vazifasi yo’qotiladi, chunki yorilgan bachadon nayini tiklab bo’lmaydi.

Agar ayol va uning ginekologi bachadondan tashqari (ektopik) homiladorlikka shubha qilishsa, tashxisga aniqlik kiritish uchun bemor darhol UTTga yuboriladi, agar tashxis tasdiqlansa, zudlik bilan jarrohlik aralashuvi zarur bo’ladi. Ilgari, bu qorin operatsiyalarini talab qilardi, endi esa ektopik homiladorlik laparoskopiya bilan olib tashlandi. Laparoskopiyada uchta kichik tirqish ochilib, bittasidan qorin bo’shlig’iga videokamera, qolganlaridan manipulyatorlar kiritiladi va ular yordamida homilalik tuxum olib tashlanadi.

Laparoskopiya qorin operatsiyasidan ko’ra ancha shafqatli usul. Ushbu operatsiyadan keyingi reabilitatsiya (tiklanish) davri taxminan 2 baravar kam. Ikkinchi kunda ayol mustaqil o’rnidan tura oladi. Oziq-ovqat mahsulotlaridan majburan voz kechish vaqti ham kamayadi. Va laparoskopiya estetik nuqtai nazardan ham yaxshiroqdir — uchta kichik, deyarli ko’rinmas chandiq butun qorin bo’ylab o’takzilgan kesmadan ancha yaxshiroq ko’rinadi.

Homiladorlik paytida hayz nimasi bilan xavfli?

Tushunish qiyin emas, o’z-o’zidan homiladorlikda hayz (test natijalari ijobiy bo’lganida) xavfli emas, faqat, agar qon ketish juda kuchli bo’lmasa va jiddiy qon yo’qotish kuzatilmasa. Ko’p hollarda homiladorlik paytida faqatgina hayzning sababchilari xavflidir.

Aksariyat hollarda bo’lgani kabi, bu holda ham ayollar ginekolog bilan maslahatlashmasdan mustaqil tashxis qo’ya olmaydi. Lekin bunga juda tez-tez harakat qilishadi: dugonalari bilan maslahatlashadi, ayollar forumlarini ko’rib chiqishadi va vaqtlarini yo’qotishadi. Afsuski, bir qator hollarda buning oqibatida homiladorlik va ayolning sog’lig’i yomonlashadi.

Shuning uchun homilador ayollar ham, homilador bo’lmagan ayollar ham o’z organizmiga ehtiyotkor va e’tiborli bo’lishlari kerak. Menstrual siklning har qanday o’zgarishlari: hayzning tabiati, konsistentsiyasi, to’kisligi va shunga o’xshash o’zgarishlar tashvishga sabab bo’lishi mumkin. Tashxisni aniqlashtirish uchun zudlik bilan shifokorga murojaat qilish tavsiya etiladi.

Va shuni yana bir bor ta’kidlab o’tish kerak: nima uchun homiladorlikda hayz kelishi sababi muhim emas, muhimi o’z vaqtida shifokorga murojaat qilishdir. Qanchalik tez tashxis qo’yilsa va davolash boshlansa, homiladorlikni saqlab qolish ehtimoli shunchalik yuqori bo’ladi.

Va hatto shifokor tashvishlanish uchun hech qanday sabab topmasa ham, u homilador ayolni tinchlantiradi. Ayol hech qanday dahshatli voqea sodir bo’lmaganligini va barcha o’zgarishlar mutlaqo xavfsiz ekanligini bilib oladi. Zero bo’lajak ona uchun qo’shimcha stress va havotir mutlaqo kerak emas.

Homiladorlik
Homiladorlikda hayz ko’rish: sabablari, nimadan dalolat berishi, tavsiyalar, xavfi