Hayvonot dunyosi haqida topishmoqlar to’liq malumot oling
Shildir-shildir suv kechar,
Oyog‘i suvga tegmas.
(Tug‘ilmagan qulun)
Suvday chopadi,
Manzilga yetadi.
(Ot)
To‘rt oyoqli,
Temir tuyoqli.
(Ot)
To‘rt oy, yigirma to‘rt yulduz.
(Otning taqasi, mixi)
Suvga tushsa mingta,
Suvdan chiqsa bitta.
(Otning dumi)
Quyon emas,
Uzun quloq,
Ot emas,
To‘rtta tuyoq.
(Eshak)
Katta takam besoqol.
(Eshak)
Tapir-tupir to‘rtovlon,
Hangragani birovlon.
(Eshak)
Oyog‘i popik,
Og‘zi ko‘pik.
(Tuya)
Og‘zi qulqulum,
Uzun oyog‘u kalta dum.
(Tuya)
Bu yoqqa o‘tdi lop-lop,
U yoqqa o‘tdi lop-lop.
«Sho‘ra» dedi, qo‘ymadi,
Yutaverdi soplab.
(Tuya)
O’zi katta,
Dumi kalta.
(Tuya)
Momom ketib borayotir,
Kulchasi qolib borayotir.
(Tuya oyog‘ining izi)
Boraveradi, boraveradi,
Bo‘yraday yerni olib yotadi.
(Sigir)
Ikki tortar,
Bir yirtar.
(Ho‘kiz, omoch)
Yamog‘i boru
Yirtig‘i yo‘q.
(Sigirning olasi)
Ko‘prik tagida to‘rtta qoziq.
(Sigir yelini)
To‘shak osti to‘rt bo‘g‘irsoq.
(Sigir yelini)
To‘rt mergan
Bir quduqqa o‘q otar.
(Sigir sog‘ish)
Tomga tayoq suyovli.
(Mol dumi)
Bo‘pon-bo‘pon,
Yengi yamoq,
Eski chopon.
Dardi tomoq.
(Tuya)
Kichkintoygina bo‘yi bor,
Aylantirgan to‘ni bor.
(Quy)
Buyuk tog‘ning boshida
Bukri qo‘chqor o‘ynaydi.
(Olqor)
Soqoli bor,
Mo‘ylovi yo‘q.
(Echki)
Soqoli bor,
Aqli yo‘q.
(Echki)
Chorva ichida shayton,
Soqoli uzun sulton.
(Taka)
Hamma yotsa ham
Hasan-Avaz yotmaydi.
(Echki shoxi)
Olis yerdan chang chiqar.
(Ko‘pkari)
Yerda yuradi,
Osmonni ko‘rmaydi.
(Cho‘chqa)
Ketaveradi, ketaveradi,
Savatdek yerni oladi.
(It)
Soyada yotar,
Ming qo‘y boqar.
(It)
El yotsa ham,
Shalpangquloq yotmaydi.
(It)
Kichkinagina qumg‘on,
O’tirib ko‘zini yumg‘on.
(Mushuk)
Mo‘ylovi bor,
Soqoli yo‘q.
(Mushuk)
Uyday joyni olar,
Sichqondan qo‘rqar.
(Fil)
Tuya desam, kattakon,
Usti keng, bir makon.
(Fil)
Yo‘l-yo‘l to‘ni bor,
Odam qo‘rqar turqi bor.
(Yo‘lbars)
Kelganda to‘rt oyoq,
Ketganda ikki oyoq.
(Ayiq)
Dalama-dala qidiradi,
Qo‘y bilan echki oh uradi.
(Bo‘ri)
Go‘ng tepada o‘t yonar.
(Bo’ri)
Qashqir mingan,
Eshak o‘ngargan,
Echki haydagan,
Tuya yetaklagan.
(Tulki)
Kechasi ovda,
Kunduzi uyda.
(Tulki)
Shoxlari bor, qo‘chqordek,
Bo‘yi misli daraxtdek.
(Kiyik)
O’zi yo‘rtiq,
Labi tirtiq.
(Quyon)
Soy ichida sariq echki.
(Quyon)
Jar bo‘yida jar qilich.
(Jayra)
Yer tagida qubba igna.
(Tipratikan)
Yerdan chiqadi qoziq,
Isi juda sassiq.
(Yumronqoziq)
Tokchama-tokcha,
Azamat xo‘ja.
(Sichqon)
Yer tagida yeznam oti kishnaydi.
(Sichqon)
Bir kulrang buzog‘im bor,
Uydagilar undan bezor,
Bozorga olib borsam,
Topilmaydi xaridor.
(Sichqon)
Xuddiboy cho‘loq go‘r qazir,
Go‘r qazisa ham yo‘l qazir.
(Sichqon)
Tirik kelib, o‘likdan osh so‘radi,
O’lik turib, tirikni bo‘g‘ib oldi.
(Sichqon, qopqon)
Qanotli, sut beradi.
(Ko‘rshapalak)
Suvda tug‘di,
Yerda o‘ldi.
(Baliq)
Qanoti bor uchmaydi,
Quruqlikda yurmaydi.
(Baliq)
Qishda bir joyda,
Yozda ming joyda.
(Baliq)
Suv tagida oltin baldoq.
(Baliq)
Qamish tagi qaltirar.
(Baliq)
Joni bor jondan,
Suv ichar qo‘ldan.
Ko‘zlari nurdan,
Terisi puldan.
(Baliq)
Boshi boru sochi yo‘q,
Ko‘zi boru qoshi yo‘q.
Tangasi bor, puli yo‘q,
Qanoti bor, uchuvi yo‘q.
(Baliq)
Sassiq ko‘lda it hurar.
(Baqa)
Uzoq soyda it hurar.
(Baqa)
Hovuz yonida Sultonboyvachcha o‘tiradi.
(Baqa)
Suv bo‘yida pochcham oti kishnaydi.
(Baqa)
Qiya-qiya yerlarda,
Qiyma sulton o‘tirar.
Tirnoqlari kumushdan,
Hofiz juvon o‘tirar.
(Baqa)
Osti tosh, usti tosh,
O’rtasida chandir bosh.
(Toshbaqa)
Tog‘u toshlarda toshtovoq,
Ichi to‘la go‘shtu yog‘.
(Toshbaqa)
Ikki toboq,
Orasida qashqaldoq.
(Toshbaqa)
Janzak bobo tuyasi,
Jar yoqalab o‘tlaydi.
(Toshbaqa)
Emaklagan toshni ko‘rdim,
Toshdan chiqqan boshni ko‘rdim:
(Toshbaqa)
Yer ustida o‘rmalar,
Chopay desa chopolmas.
(Toshbaqa)
Yer tagida ho‘l gavron.
(Ilon)
Yer tagida yog‘li qamchi.
(Ilon)
Ko‘prik ostida yog‘li hasip.
(Ilon)
Uzun ichak,
Uchi tugunchak.
Tanasi chipor,
O’rmondan chiqar.
(Ilon)
Ola qamchi uradi,
Chumchuqlarni suvradi.
(Ilon)
Uzun-uzun iz qolgan,
Zar kokilli qiz borgan.
Boshi qaltiroq,
Ko‘zi g‘ilayroq.
(Ilon)
Qoragina popish,
Devolga yopish.
(Kaltakesak)
Yer tagida qizil ximich.
Topishmoqlar
Hayvonot dunyosi haqida topishmoqlar