Ertakli topishmoqlar to’liq malumot oling

Ertakli topishmoqlar to’liq malumot oling

Huroyimning so‘rog‘iga javob

Sultonxon degan podsho umrining oxirida Huroyim degan qizga uylanmoqchi bo‘ladi. Sultonxon Huroyimga sovchi yuboribdi.

Huroyim qalinimga:

O’nta uloq,

Yigirmata bo‘ri,

O’ttizta yo‘lbars,

Qirqta tulki,

Ellikta no‘xta,

Oltmishta axta,

Yetmishta sarg‘aldoq,

Saksonta chaqaloq,

To‘qsonta tumaloq,

Yuzta jumaloq bersin

va shu so‘zimning ma’nosini ayirib bersin debdi. Podsho fikr qilib, Huroyimning aqlli ekanligini aytadi. Bu topishmoqning ma’nosi kishining hayotiga bog‘liqligini aytadi. Kishi:

O’nda uloqday bo‘ladi,

Yigirmada bo‘riday bo‘ladi,

O’ttizda yo‘lbarsday bo‘ladi,

Qirqda tulkiday bo‘ladi,

Ellikda no‘xtalangan otday aqli raso bo‘ladi,

Oltmishda axtalangan otday qaytib qoladi.

Yetmishda sarg‘aldoqday tilda boru dilda hech narsa bo‘lmaydi,

Saksonda go‘dak boladay bo‘lib qoladi.

To‘qsonda uydan chiqmay dumaloq bo‘ladi,

Yuzda bergiligidan nargiligi o‘ng‘ayliroq bo‘lib qoladi.

Sultonxon Huroyimning so‘rog‘iga javob bergandan keyin, Huroyim unga turmushga chiqib, Rustamxon degan bir o‘g‘il tug‘adi.

Bolaning javobi

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadimgi zamonda bir maqtanchoq podsho bor ekan. Bu podsho, «Yurtda mendan boshqa aqlli odam yo‘q», deb yurgan ekan.

Bir kun podsho ovga chiqibdi. Tushgacha ov qilibdi, hech ovi yurishmabdi. Keyin bir bolani uchratibdi. Podsho bolaga qarab:

— Hoy bola, bizni mehmon qilmaysanmi? — debdi.

Bola:

— Jonim bilan, yoshulli,— debdi.

Shunda podsho:

— Bizlarni nima so‘yib mehmon qilasan? — deb so‘rabdi. Bola:

— Topsak birni, topmasak ikkini so‘yamiz,— deb javob beribdi.

Podsho bolaning javobidan hayron qolibdi. Keyin vazirlariga:

— Bu bolaning gapida bir xosiyat bor, buni bir sinab ko‘ramiz,— debdi.

Podsho odamlari bilan bolaning uyiga boribdi. Bola podshoni, uning odamlarini yaxshilab mehmon qilibdi. Podsho boladan:

— Bola, sen nechta qo‘y so‘yding? — deb so‘rabdi. Shunda bola:

— Birni topmadik, shuning uchun ikkini so‘ydik,— deb javob qaytaribdi. Podsho yana taajjublanib:

— Birni topmasang, ikkini qaerdan topib so‘yasan? — debdi.

— Bizning bir bo‘g‘oz sovlig‘imiz bor edi. Boshqa bir qo‘y topolmay shu bo‘g‘oz qo‘yni so‘ydik. O’zini so‘ygandan keyin, bolasi ham o‘ldi. Ana, ikkisini so‘ydik, deganning ma’nisi shu,— debdi haligi bola.

Podsho buni eshitib, bolaning aqliga hayron qolibdi. Keyin uni o‘z saroyiga olib ketibdi. Bu bola o‘qib dono bo‘libdi, keyin podsho uni o‘ziga bosh vazir qilib olibdi.

ertakli topishmoqlar 1

Malikaning topishmog‘i

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda bir podsho bo‘lgan ekan. Uning Sohibjamol degan bir qizi bor ekan. Uning bir she’riy topishmog‘i bor bo‘lib, kimki topishmog‘imning mazmunini aytib bersa, o‘shanga tegaman. Kimki topolmasa, jallodga kallasini oldiraman, der ekan. Har tomondan shahzodalar, bekzodalar, boyvachchalar kelib uning topishmog‘ini topolmay kallalaridan judo bo‘laveribdilar.

O’sha mamlakatning kunchiqar tomonidan bir xaroba kulbada bitta kal qari onasi bilan yashar ekan. U bu xabarni eshitib:

— O’sha qizning topishmog‘iga men javob beraman,— debdi.

Onasi qo‘rqib, kalni yuborishga unamabdi.

— Qanchadan-qancha shahzodalar, bekvachchalar va boyvachchalar topolmaganini sen toparmiding, — deb qarg‘ab beribdi. Kal oxiri onasini unatibdi. Onasi o‘g‘liga ko‘moch qilib beribdi. Shundan keyin kal podshoning saroyi tomon boribdi. Kal podshoning taxti tagiga borib uch kun yotibdi. Shunda malikaning kanizaklaridan biri kalni ko‘rib qolib, so‘rabdi:

— Sen bu yerda nega yotibsan? Senga bu yerdan boshqa yotadigan joy yo‘qmi?

Shunda kal:

— Men malikaning topishmog‘ini topgani keldim,— debdi.

Kanizak malikaga kalning gapini aytibdi.

Malika: «Olib kelinglar!» —debdi. Kalni uning huzuriga olib kiribdilar. Malika unga topishmoqni aytibdi:

Uzoq yerda o‘t qo‘yur-o,

Ani toping, Axlantoz.

Sassiq soyda it hurar-o,

Ani toping, Axlantoz.

Chorbog‘imda juft chinor-o,

Ani toping, Axlantoz.

Eshigimda qo‘sh munguz-o,

Ani toping, Axlantoz.

Qora tolim butoqsiz-o,

Ani toping, Axlantoz.

Oqqina qo‘zim suyaksiz-o,

Ani toping, Axlantoz.

Shunda kal malikaning she’riy topishmog‘iga shu javobni aytibdi:

Uzoq yerda ko‘yur-o,

Bo‘ri ko‘zi, oyimqiz.

Sassiq soyda it hurur-o,

Qurbaqalar, oyimqiz.

Chorbog‘ingda juft chinor-o,

Ota-onang, oyimqiz.

Eshigingda qo‘sh munguz-o,

Ini-ogang, oyimqiz.

Qora toling butoqsiz-o,

Qora soching, oyimqiz.

Oqqina qo‘zing suyaksiz-o,

Qo‘sh anoring, oyimqiz, — deb javob beribdi kal.

Shunda malika, shu kal topishmog‘imning javobini topdi, deb kanizaklarga aytibdi. Kanizaklar darrov choparlarga xabar qilibdi. Choparlar tezda podshoga xabar qilibdilar.

Podsho choparlarga suyunchi beribdi. Podsho qirq kechayu-qirq kunduz to‘y qilib, malikani kalga beribdi va kalni o‘ziga o‘ng qo‘l vazir qilib olibdi. Kal malika bilan murodu maqsadiga yetibdi.

Topishmoqlar
Ertakli topishmoqlar