Bachadon bo’yni eroziyasi — alomatlari, sabablari, davolash, oldini olish, tavsiyalar

Bachadon bo’yni eroziyasi — alomatlari, sabablari, davolash, oldini olish, tavsiyalar

Barcha ayollar ginekologga har olti oyda bir marta borib, ko’rikdan o’tib turishlari kerakligini biladi. Ammo odatda kamdan-kam hollarda bunga amal qilishadi, noxush alomatlar paydo bo’lishi yoki homiladorlik boshlanishini kutishadi. Bachadon bo’yni kasalliklari esa odatda yashirincha kechadi va butun ayol organizmi uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shuning uchun ginekologga shikoyat mavjud emasligi yoki ba’zi bir shaxsiy noto’g’ri fikr va qo’rquvlar sababli tashrif buyurishdan bosh tortmaslik kerak.svg%3EBachadon bo'yni eroziyasi kasalligi haqida to'liq ma'lumot

Bachadon bo’yni eroziyasi nima?

Ginekolog qabulida deyarli har ikkinchi bemorga bachadon bo’yni eroziyasi tashxisi qo’yiladi. Umuman olganda, bu kasallik bola tug’ish yoshidagi ayollarda eng tez-tez uchraydigan patologiyalardan biridir. Bachdon bo’yni eroziyasi (endoservikoz, bachadon bo’yni ektopiyasi) — uning vaginal qismidagi shilliq qavatining yaxlitligi buzilishi, defekti yoki yaralar bilan qoplanishidir. Eroziya bachadon va uning ortiqlariga infektsiya kirishiga yo’l ochadi va kichik tosning surunkali yallig’lanish kasalliklari rivojlanishiga sabab bo’ladi, hatto bepushtlikka olib kelishi mumkin. Bachadon eroziyasining eng xavfli asorati uning yomon sifatli o’simtaga aylanishidir. Shuning uchun bu kasallikni imkon qadar tezroq aniqlash juda muhim ahamiyatga ega.

Kasallik rivojlanishi sabablari

Ushbu kasallikning ko’plab sabablari va rivojlanishiga turtki bo’luvchi omillar mavjud, ammo ular orasida asosiylari:

  • Gormonal buzilishlar va immunitetning pasayishi, hayz sikli buzilishlari;
  • Jinsiy hayotning juda erta boshlanishi, shuningdek, erta homiladorlik va tug’ruq;
  • Jinsiy hamrohlarning tez-tez o’zgarishi;
  • Qoniqarsiz shaxsiy gigiena;
  • Og’ir tug’ruq, abort va boshqa tibbiy manipulyatsiya natijasidagi mexanik jarohatlar; vaginal kontratseptivlarni noto’g’ri ishlatish yoki noto’g’ri chayish, juda qo’pol jinsiy aloqa tufayli;
  • Siydik-tanosil tizimining yallig’lanish va infektsion kasalliklari, shu jumladan ularni kech va noto’g’ri davolash;
  • Bakterial va virusli kasalliklar;
  • Yomon irsiyat.

Bachadon bo’yni eroziyasi alomatlari

Bachadon bo’yni eroziyasi bilan bog’liq vaziyat bu kasallikning aniq belgilari yo’qligi va ko’p hollarda o’zini umuman namoyon qilmasligi bilan murakkablashadi. Ammo eroziya rivojlanib borishi bilan bemorlar o’zlarida quyidagi belgilarni aniqlashlari mumkin:

  • Menstruatsiyalar orasida qonli, ba’zan esa yiringli ajralmalar ajralishi, masalan jinsiy aloqadan keyin sodir bo’lishi mumkin;
  • Qindan yoqimsiz hidli ajralmalar kelishi;
  • Ko’rpoq qon kelishli va uzoq muddatli menstruatsiya;
  • Siydik chiqarish yoki jinsiy aloqa paytida qorinning pastki qismidagi og’riqlar.

Bemorni tekshirish vaqtida ginekolog dastlab bachadon bo’ynini ko’zgular yordamida tekshiradi. Natijada, uning shilliq qavatida ginekologik asbob bilan aloqa qilganda qondaydigan, sog’lom to’qimalar fonidagi yorqin qizil rangli dog’ ko’rinishdagi epiteliy nuqsonlari aniqlanishi mumkin. Eroziya turiga qarab, kasallikning boshqa tashqi belgilari ham mavjud bo’ladi.

Ammo har qanday holatda, shuningdek kolposkopiya ham amalga oshiriladi (bachadon bo’yni va qinni kattalashtiruv ostida tekshirish) va onkologik kasalliklarni istisno qilish uchun eroziya yuzasidan surtma olinadi va tahlil qilinadi. Bachadon bo’ynini tasvirni 25-32 marta oshiradigan optik asbob bilan tekshirish mutlaqo og’riqsizdir. Ushbu manipulyatsiya shifokorga aniq tashxis qo’yish va to’g’ri davolashni belgilash imkonini beradi. Bundan tashqari, jinsiy yo’l bilan yuqadigan infektsiyalar va viruslar, OIV va gepatitlar, flora sinovlari va boshqa kasalliklar uchun tahlillar o’tkaziladi.

Bachadon bo’yni eroziyasining turlari

Ginekologiyada kasallikning bir necha turlari ajratiladi: chin, psevdoeroziya va tug’ma. Chin eroziya deyilganda aynan o’sha ginekologik tekshiruvlarda bosilganida qonaydigan yorqin qizil dog’ tushuniladi. Bunday eroziya shunisi bilan xavfliki, zararlangan hududlarda yiring paydo bo’lishi mumkin. Qoida tariqasida, chin eroziya ikki hafta davom etadi, keyin u biriktiruvchi to’qima bilan qoplanadi va psevdoeroziyaga aylanadi.

Bachadon bo’ynining psevdoeroziyasi — bu diametri 5 mm ga teng bo’lgan dumaloq qizil hududni nazarda tutadi, uning ustida ham yiring hosil bo’lishi mumkin, ayniqsa, kasallik uzoq vaqtdan beri davom etayotgan bo’lsa, ko’pchilik hollarda esa aynan shunday bo’ladi. Psevdoeroziya qonida ayol gormonlari yuqori bo’lgan qizlar uchun xosdir va bachadon bo’yni kanali chegarasidan tashqariga chiqib ketishi mumkin. Psevdoeroziyaning xavfi uning yomon sifatli shaklga aylanishi mumkinligi bilan bog’liq.

Ba’zan, yosh yoki o’smir qizlarni ko’rikdan o’tkazayotganda, ginekolog bachadon bo’ynida silindrik epiteliya siljishini aniqlaydi, kolposkopiyada esa uni yorqin qizil rangga bo’yalganini ko’rish mumkin. Bu, tug’ma eroziya deb ataladi va uni davolashga hojat yo’q, chunki amalda u hech qachon onkologik kasallikka aylanmaydi.

Bachadon bo’yni eroziyasini davolash

Bachadon bo’yni eroziyasini davolash majburiy hisoblanadi, chunki bu kasallikni e’tiborsiz qoldirish yomon yoki yaxshi sifatli o’smalar, shuningdek, kasallikning og’ir shakllari rivojlanishiga olib keladi. O’z vaqtida o’tkazilgan keng qamrovli davolash nafaqat ayollarning sog’lig’iga hech qanday zarar yetkazmaydi, balki umuman olganda ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Albatta, davolanish individual bo’lishi kerak.

Kasallikni operatsiyasiz davolash ham samarali bo’lishi mumkin, bunda muayyan usul kasallikning og’irlik darajasi, kattaligi, shiakstlanish tuzilishi va birgalikda kechayotgan kasalliklar mavjudligiga qarab tanlanadi. Eroziyani davolashning bir bo’lagi sifatida bemorlarga yallig’lanishga qarshi va gormonal, shuningdek antibakterial va antivirus preparatlar, jumladan, mahalliy ta’sir ko’rsatuvchi preparatlar buyuriladi. Yordamchi davolash sifatida odatda immunitetni oshiruvchi va umumiy mustahkamlovchi vositalar belgilanadi. Agar patologiya erta bosqichda aniqlansa, u jarrohlik usullaridan foydalanmasdan ham butunlay davolanishi mumkin.

Jarrohlik usuli bilan davolash

Ba’zi bachadon eroziyasi hollari jarrohlik yordamida davolanishni talab qiladi, ular hozirgi kunda bir necha samarali usulda o’tkazilishi mumkin:

  1. Lazerli olib tashlash — eng samarali va eng zamonaviy usuldir, u sog’lom to’qimalarga zarar yetkazmasdan eng yuqori darajadagi aniqlik bilan kesish imkonini beradi. Natijada, operatsiya joyi tezda (4-6 haftagacha) va chandiqlanmasdan tuzalib ketadi. Odatda, lazerli davolash ilgari tug’magan ayollar uchun tavsiya etiladi.
  2. Kriodestruktsiya — bachadon bo’yniga suyultirilgan azot bilan ishlov berish, ya’ni uni muzlatish bilan davolash. Azot bilan aloqada bo’lganda, to’qima hujayrasidagi suv kristallga aylanadi, natijada bachadon bo’ynining zararlangan sohasi hujayraviy tuzilmasi buziladi. Bunday holatda tuzalib ketish muddati 8-10 hafta bo’ladi, lekin ushbu davolash usuli keyingi uzoq muddatli shifokor nazorati ostida bo’lishni nazarda tutadi, chunki nosog’lom hujayralar bilan birga sirt qatlamiga ham zarar yetkazilishi mumkin.
  3. Diatermokoagulyatsiya — bachadon bo’yni eroziyasini yuqori chastotali elektr toki bilan kuydirish. Bu ayollar konsultatsiyasida ushbu patologiyani davolashning eng keng tarqalgan usul hisoblanadi, ammo u juda og’riqli bo’lib, keyinchalik chandiq hosil bo’ladi. Bunday davolanish farzandlari bo’lgan va tug’ishni rejalashtirmayotgan ayollarga tavsiya etiladi.
  4. Kimyoviy koagulyatsiya — bu usulda zararlangan bachadon bo’yni sohasiga kasal hujayralarni yemirishga qaratilgan maxsus preparatlar bilan ishlov beriladi. Bu muolajadan keyin chandiqlar qolmaydi, shuning uchun davolash usuli tug’magan ayollarga ham mos keladi.
  5. Radioto’lqinli davolash — eroziyali bachadon bo’yni sohasiga radioto’lqinlarning yuoqri energiyasi bilan ishlov beriladi va to’qimaga hech qanday bosim tushmasligi sababli to’qimalar minimal darajada zararlanadi. Kuyish butunlay mustasnodir, chunki bu usul zararlangan hujayralardagi suv molekulalarining bug’lanishiga asoslanadi. Natijada, chandiq shakllanmaydi va tuzalish vaqti 3-5 haftaga teng. Radioto’lqinli davolash og’riqsizdir.
  6. Elektroekstsiziya — bachadon bo’ynining zararlangan hududini kesib tashlash.

Tug’magan ayollarda bachadon bo’yni eroziyasini davolash shart emas degan fikr mavjud. Ha, agar bachadon bo’yni eroziyasi hajmi kichik bo’lsa, bu ba’zan fiziologik norma hisoblanadi va doimiy nazorat qilishdan tashqari, organizmga boshqa aralashuvlar belgilanmaydi. Ammo shuni yodda tutish kerakki, hatto bunday kichik eroziya ham infektsiya uchun kirish eshigi hisoblanadi, demak jinsiy a’zolar kasalliklari paydo bo’lishiga bilvosita yordam berishi mumkin.

Yana bir sababi, oldingi vaqtlarda, tug’magan ayollarga kuchli zarar yetkazmaydigan usullar mavjud emas edi, barchasi chandiq va boshqa murakkabliklar qoldirardi. Ammo bugungi kunda barcha shart-sharoitlar mavjud, shuning uchun eroziyani davolashni kechiktirish kerak emas.

Davolanishdan keyin nimalar mumkin va nimalar mumkin emas

Bachadon eroziyasini davolash usuli qanday bo’lishidan qat’iy nazar, ba’zi tavsiyalarga amal qilish kerak, jumladan, 6 hafta davomida jinsiy faoliyatni to’liq rad etish. Jinsiy aloqa qilishni davom ettirish faqatgina bachadon bo’yni tekshiruvini o’takzish asosida olingan ma’lumotlarga ko’ra ginekolog ruxsatidan keyin mumkin hisoblanadi.

Bundan tashqari, bu vaqtda vannalar, saunalar, suzish havzalariga borish, hammomga kirishdan saqlanish kerak. Gigienik tamponlarni ham vaqtincha ishlatmaslik tavsiya etiladi. Og’irlik ko’tarish va jismoniy faollik bo’yicha cheklovlar mavjud.

Eroziyani xalqona tabobat yordamida davolash usullari, odatda, u yoki bu vositali tamponlardan foydalanish yoki turli chayishlarni o’z ichiga oladi, ular esa bu patologiyani davolay olmaydi. Biroq, ulardan ba’zilari operatsiyadan keyingi davrda tiklanish uchun yordam beradi.

Bundan tashqari, davolanishdan so’ng, ayollar qin ajralmari holatini kuzatish kerak, ularning ko’payishi tiklanishning normal qismidir. Agar ajralma pushti yoki jigarrang, biroz qon aralashgan shaffof suyuqlik bo’lsa va miqdori ko’p bo’lmasa, u holda tashvishlanishning hojati yo’q. Barchasi asoratlarsiz kechmoqda. Operatsiyadan 8-20 kun o’tgach, bir necha soat ichida yakunlanadigan yengil qon ketishi kuzatilishi mumkin. Bu oddiy fiziologik jarayondir. Ammo agar ajralmalar qonsimon va miqdori ko’p bo’lsa, og’riq va isitma bilan davom etsa, imkon qadar tezroq shifokor bilan bog’lanish yoki tez yordam chaqirish kerak, chunki bunday holat darhol aralashuvni talab qiladi.

Bachadon eroziyasini muvaffaqiyatli davolashdan keyin ayollar homiladorlikni har qanday qo’rquvsiz rejalashtirishlari mumkin. Ayniqsa, bunda barcha surunkali kasalliklar ham davolangan bo’lsa. Zamonaviy operatsiyalardan keyin hech qanday qarshi ko’rsatmalar yo’q, ayniqsa agar eroziya operatsiyasiz davolangan bo’lsa.

Bachadon bo’yni eroziyasini oldini olish

Bachadon bo’yni eroziyasi nima degan savolga javob berib, uni oldini olish choralari haqida gapirmay bo’lmaydi. Eng asosiy va muhim profilaktik chora — bu ginekolog tekshiruvlaridan muntazam o’tib turish (shifokor doimiy bo’lgani yaxshi), shunda shifokor bachadon bo’yni va qin shilliq qavatidagi barcha o’zgarishlarni vaqtida aniqlab, bartaraf etishga kirishadi. Bundan tashqari, reproduktiv tizimning boshqa kasalliklarini davolashga ham e’tibor qaratish lozim, chunki ular shilliq qavatning shikastlanishiga olib kelishi, bu esa kelajakda eroziyaga olib sabab bo’lishi mumkin. Ushbu patologiyada odatda bemor ayolda hech qanday alomat yo’qligi (jinsiy aloqa vaqtida ba’zan noxush his-tuyg’ular va unda keyin kichik qon ketishlardan tashqari) sababli, aniq tavsiyalar mavjud emas.

Albatta, shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qilish va tasodifiy jinsiy aloqalardan qochish bilan doimiy jinsiy hamrohning mavjudligiga e’tibor berish kerak, ammo bu ayol sog’lig’ini saqlashning umumiy normalaridir. Bachadon bo’yni eroziyasini aniqlash va davolash uchun jiddiy oqibatlarni kutmasdan, uni o’z vaqtida aniqlashga faqatgina har olti oyda bir marotaba ginekolog huzurida profilaktik tekshiruvlardan o’tish orqali erishish mumkin. Bu kasallikni oldini olishning asosiy chorasi. Kasallik aniqlanganda undan qo’rqmaslik kerak, ayniqsa bugungi kunda shafqatli juda ko’p usullar mavjudligini hisobga olganda. Buning o’rniga, o’z vaqtida davolanmaslik oqibatlaridan ehtiyot bo’lish kerak, chunki bu saraton kasalligining boshlanishiga qadar turli xil asoratlarga olib keladi. Bugungi kunda eroziya samarali davolanmoqda, shu sababli uni uy sharoitida mustaqil davolashga, xalq tabobati vositlarini qo’llashga hojat yo’q, ular bir ko’rinishda samara berishidek taassurot uyg’otsa ham, mavjud vaziyatni og’irlashtirib yuborishi mumkin.

Kasalliklar
Bachadon bo’yni eroziyasi — alomatlari, davolash, oldini olish, sabablari, tavsiyalar