KOLIBRILAR

KOLIBRILAR

KOLIBRILAR (Trochili) – uzun qanotlilar turkumining kenja turkumi. 319 turni birlashtiradi. Asosan, Markaziy va Jan. Amerika, ayrim turlari Shim. Amerikada tarqalgan. Qushlar orasida eng kichigi, baʼzilarining kattaligi qovogʻaridek keladi. Ogʻirligi 1,6— 20 g. Tashqi koʻrinishi har xil, patlari rang-barang. Tumshugi uzun va ingichka, toʻgʻri yoki bir oz qayrilgan. Juda tez uchadi, qanotini tez qoqib, havoda muallaq tura oladi. Togʻ, tekislik, oʻrmon, bogʻ va choʻllarda yashaydi. Koʻp vaqtini havoda oʻtkazadi. Yerda yurolmaydi. Vazni 0,2 g lik 2 ta tuxum qoʻyadi. Tuxumini 14—19 kun bosadi. Bolasi bir oyda uchirma boʻladi. Kolibrilar, gul nektari, qisman mayda hasharotlar bilan oziqlanadi.

Ensiklopediya.uz
KOLIBRILAR