Zakotga doir turli masalalar
islom.ziyouz.com/zakotZakotga doir turli masalalar
DO`STLARGA ULASHING:
1. Sog‘lom va ma’lum miqdor daromadi bo‘lsa ham, nisob miqdoridan oz puli bor kishining zakot berishi joizdir.
2. Banknot pullar mulk hisoblanadi. Qiymatlariga qarab, zakoti beriladi.
3. Kishi shaxsiy qanoati bilan oyati karimada bayon qilingan kishilardan deb o‘ylagan kishiga zakotini bersa-yu, keyinchalik u kishining bunday toifadan emasligy ma’lum bo‘lsa, zakoti maqbuldir. Ammo zakotni olgan kishi zakot berganning quli yoki mukotabi (ma’lum mablag‘ uchun ozod qilinishiga xo‘jayini bilan shartnoma tuzgan quli) bo‘lsa, zakot hisobga olinmaydi.
4. Nisob miqdoricha boylikka ega bo‘lgan kishining vakti kelmay turib, bir necha yilning yoki bir necha nisobning zakotini avvaldan berishi joizdir.
5. Zakoti beriladigan molning, zakoti berilishi lozim bo‘lgan ondagi (yil to‘lgandagi) qiymati e’tiborga olinadi.
6. O’lgan odam qoldirgan moldan, zakotim berilsin deya vasiyat qilmagan bo‘lsa, zakot olinmaydi. Agar vasiyati bo‘lsa, zakot qoldirgan molning uchdan biridan zakot chiqariladi.
7. Oltin, kumush va boshqa pullarning zakotini tijorat molidan, (bug‘doyga o‘xshash) o‘lchanadigan va tortiladigan narsalardan berish durustdir.
8. Nisob miqdorini to‘ldirish uchun tijorat mollarining qiymati, oltin va kumushning qiymatlari ham, boshqa pullar ham bir-biriga qo‘shib hisoblanadi.
10. Oltin va kumush (ichidagi boshqa moddalardan) ko‘p bo‘lsa, sof hisoblanadi. Agar bunday holda boshqa moddalar oltin va kumushdan ko‘p bo‘lsa, hamda tanga holida va muomaladagi pul hisoblansa, (zakot berishda) uning qiymati e’tiborga olinadi. Agar bu pullarning qiymati nisob miqdorini to‘ldirsa, zakoti beriladi. Aks holda berilmaydi. Mazkur sof bo‘lmagan oltin yoki kumush pullar muomalada o‘tmaydigan bo‘lsa, hamda kishi ularning tijorati bilan shug‘ullanishni niyat qilsa, hukmi tijorat mollari kabi bo‘ladi.
11. Kishining o‘z mulki bo‘lishiga qaramay, qo‘lida mavjud bo‘lmagan va qaytib olishga ko‘zi yetmagan molini (keyinchalik) qo‘liga kiritsa, o‘tib ketgan davri uchun zakot berishi lozim emas.
12. Nisob miqdorida puli bo‘lgan kishining yil o‘rtasida qarzdor bo‘lib qolishi, Imom Muhammadga ko‘ra, molning talofatga uchrab yo‘qolib ketishi kabidir. Imom Abu Yusufga ko‘ra esa, bu holat yil davomida nisob miqdoridan biroz kamayishi hisoblanadi. Yil oxirida zakot berish majburiyati yo‘qolmaydi.
13. Oltin va kumushdan zakot berishda vojib bo‘lganidek, zakot beriladigan paytda oltin va kumushni tortib, zakotini berish to‘g‘ri bo‘ladi.
14. Har qanday moldan nisobga erishgan kishi ayni yil uchun tijorat, meros va boshqa yo‘l bilan o‘sha moldan qo‘lga kiritgandaromadini qo‘shib zakot beradi.
15. Zakot berilishi lozim bo‘lgan mulk zakoti berilmay turib batamom zoe bo‘lsa, u mulkning zakoti bekor bo‘ladi. Bir qismi zoe bo‘lsa, qolgan qismining zakoti beriladi.
16. Faqirlarda qarzi bo‘lgan kishi, uni olmay zakot niyatida qarzidan kechsa, bu zakot o‘rniga o‘tmaydi. Zakot o‘rniga o‘tishi uchun, faqirdan qarzini olib, so‘ngra takror zakot niyatida berishi zarur.
Zakotga doir turli masalalar