Zahm yoxud sifilis xavfli kasallikmi? haqida malumot
Zahm yoki sifilis – tanosil kasalliklarining klassik turi boʻlib, qoʻzgʻatuvchisi oqish treponemadir va bu qoʻzgʻatuvchi jinsiy aʼzolardan tashqari boshqa organlarni ham zararlashi mumkin. Zahm jinsiy aloqa yoʻli orqali yuqadi. Kasallik turli tuman klinik simptomlar yuzaga chiqishi va sekin-asta rivojlanishi bilan ajralib turadi.
Zahm kasalligi davolanmasa, ichki aʼzolar va nerv tizimidagi jiddiy oʻzgarishlarga olib keladi. Soʻngi yillar davomida dunyo boʻyicha sifilis kasalligi bilan zararlanish 5 barobar ortdi.
Sifilis qanday yuqadi?
Ushbu kasallik quyidagi yoʻllar orqali yuqishi mumkin:
- Jinsiy aloqa yoʻli (95 %) – kasallangan inson bilan jinsiy aloqaga kirishganda;
- Maishiy yoʻl bilan zahm kasalligi yuqishi kam holatlarda kuzatiladi (buning sababi bakteriya tashqi muhit omillariga chidamsiz);
- Homilaga yuqishi – kasallangan onadan bolaga tugʻruq vaqtida jinsiy yoʻllar orqali yuqishi, chaqaloqlarga esa ona sutidan oʻtishi mumkin;
- Qon quyish orqali (hozirgi kunda deyarli uchramaydi).
Zahm bilan kasallangan insonlar bilan kontaktga kirishilganda faqatgina 20 foiz odamlar zahm bilan zararlanmaydilar. Buning sababi zararlangan biomaterialda treponemaning yetarlicha boʻlmasligi, mikrojarohatlar yuzasining kichikligi (kirish darvozasi kichik). Bundan tashqari, sifili qoʻzgʻatuvchisi yuqmaydigan insonlar ham bor, ular organizmida maxsus oqsillar treponemalarni lizisga uchratadi.
Agar bakteriyalar miqdori yetarlicha boʻlsa va jinsiy aʼzolar shilliq qavatlarida jarohat boʻlsa, infeksiya kirgan joyda toshma va eroziyalar paydo boʻladi.
Zahm kasalligi belgilari
Qoʻzgʻatuvchi organizmga tushgach gematogen va limfogen yoʻl orqali organizmga tarqaladi. Inkubatsion davr 1 haftadan 4 oygacha boʻlishi mumkin.
Muhim: koʻpincha sifilis kasalligining ilk belgilari zararlangandan 21 kun oʻtib yuzaga chiqadi. Bu kunlar ichida bemorda hech qanday simptomlar yuzaga chiqmaydi, bemorda hech qanday shikoyatlar boʻlmaydi, ammo uning qonida infeksiya boʻladi va bu yuqishi ham mumkin.
Zahm kasalligi belgilari turli tuman boʻlib, kasallik kechish davriga bogʻliq. Koʻpincha kasallik tipik kechadi va shifokorlar kasallikni tashxislashda qiyinchiliklarga uchramaydilar.
Birlamchi zahm klinik belgilari
- Treponema kirgan sohada “shankir” – dogʻ paydo boʻladi va keyinchalik bu dogʻ papula va eroziyaga aylanadi;
- Yaralar shilliq qavatda aniq chegaraga ega, toʻq qizil rangda va tubi zich boʻladi;
- Shankr – bir necha millimetr boʻlishi va butun jinsiy aʼzolarga tarqalishi mumkin;
- Yaralar hosil boʻlishi ogʻriq hissini chaqirmaydi;
- Agar shankr ogʻiz atrofida paydo boʻlsa – yara, chuqurcha va ogʻriq paydo boʻladi;
- Anal teshigi atrofida paydo boʻlgan shankr esa yoriqli yara koʻrinishida boʻladi va ich kelgan vaqtda kuchli ogʻriqqa sabab boʻladi;
- Shankr paydo boʻlgan sohada mahalliy limfa tugunlari kattalashadi, palpatsiyada esa ogʻriqsiz boʻladi.
Ikkilamchi zahm belgilari
Birlamchi zahm davolanmasa ikkinchi bosqich – 60-90 kundan soʻng ikkilamchi zahm rivojlanadi.
Bunda quyidagi belgilar yuzaga chiqadi:
- Terida toshma (eritema, papula, pustula koʻrinishida);
- Tana harorati oshmaydi, bemor oʻzini yaxshi his qiladi;
- Toshmalar rangi xiralashadi, oʻzining yorqin koʻrinishini yoʻqotadi;
- Teridagi toshmalar bir biridan uzoqda joylashadi;
- Bir vaqtning oʻzida turli xil koʻrinishdagi toshmalar yuzaga chiqishi ham mumkin;
- Soch toʻkilishi mumkin;
- Ichki aʼzolar faoliyatida muammolar kelib chiqishi mumkin.
Uchlamchi zahm klinik belgilari
Kasallikning bu bosqichi 3-5 yil ichida rivojlanadi va 10 yil davom etishi mumkin.
Klinik belgilar quyidagicha namoyon:
- Terida boʻrtiqchalar paydo boʻladi;
- Terida chuqur joylashib olgan tugunchalar (gumma);
- Boʻrtiqchalar yorib koʻrilganda ichidan quyuq suyuqlik chiqadi, yara va chandiq paydo boʻladi;
- Ichki aʼzolar zararlanadi (qon tomirlar, suyaklar, miya, yurak, jigar, buyrak);
Uchlamchi zahmda oʻlim holati ichki aʼzolardagi qon tomirlar yorilishi natijasida roʻy beradi.
Tugʻma zahm belgilari
Zahm qoʻzgʻatuvchisi bolaga kasallangan onadan tugʻruq vaqtida jinsiy yoʻllar shilliq qavatidan yuqishi yoki homiladorlik vaqtida yuqishi mumkin. Koʻpincha sifilis homiladorlikning toʻxtashi (tabiiy abort), homilaning ona qornida oʻlimiga sabab boʻladi. Agar kasallangan homila tugʻruqdan keyin yashab qolsa, 6 oy ichida nobud boʻlish ehtimoli bor. Bunga sabab, oqish treponema ajratadigan kuchli toksinlardir.
Yashirin zahm belgilari
Yashirin zahm tashxisi — kasallik belgilari yuzaga chiqmaganda, ammo tekshiruv uchun olingan biomaterialda qoʻzgʻatuvchi aniqlansa qoʻyiladi.
Visseral zahm
Bu kasallik bakteriyalarning ichki aʼzolarni zararlashi natijasida kelib chiqadi, masalan jigar, yurak, oshqozon, aorta, qon tomirlar, bezlar, oʻpka.
Erkaklarda sifilis
Koʻpincha erkaklar oʻzlarining sifilis bilan zararlanganliklarini bilishmaydi, ular paydo boʻlgan toshmalar jiddiy eʼtibor qaratishmaydi. Vaqt oʻtishi bilan toshmalar yoʻqoladi va bemorlar oʻzlarini sogʻaygan his etadilar, ammo kasallik davom etayotgan boʻladi.
Erkaklarda zahmning birlamchi belgilari
Olatda yara va eroziyalar, ureter va anus atrofida ham toshmalar toshishi (qattiq shankr) kuzatiladi.
Yaralar tananing boshqa sohalarida ham toshishi mumkin, bu albatta zahm kasalligi boshlanishidan dalolat beradi. Shankr oʻlchami 5 mm.dan katta, rangi qizil, yumaloq shaklda, ogʻriqsiz boʻladi.
Yaralar paydo boʻlganidan soʻng 7 kun davomida mahalliy limfa tugunlari kattalashadi, bemor tana harorati koʻtariladi, ammo umumiy ahvol oʻzgarmaydi. Bu vaqtda kasallik klinik belgilari bemorni bezovta qilmaganligi sababli shifokorga murojaat qilmaydi.
Terida toshmalar toshib ketishi – ikkilamchi zahmdan dalolat beradi, yaʼni organizmda jiddiy oʻzgarishlar roʻy beradi. Aynan mana shu davrda davo muolajalari oʻtkazilmasa, bir necha yildan soʻng ichki aʼzolar funksiyasi buziladi va jarayonni ortga qaytarib boʻlmaydi.
Ayollarda sifilis
Ayollarda sifilis kasalligi belgilari erkaklarda namoyon boʻladigan belgilardan biroz farq qiladi, ularda ilk simptomlar qisqa muddatda yuzaga chiqadi – 14 kundan soʻng. Bunda quyidagi holatlar kuzatiladi:
- Jinsiy lablar, shilliq qavatlarda yaralar paydo boʻlishi;
- Umumiy holsizlik;
- Mahalliy limfa tugunlarining kattalashishi.
Kasallikning ikkinchi bosqichi boshlanganda tananing barcha sohalarida toshma toshishi, barcha limfa tugunlari kattalashishi, tana haroratining oshishi, suyaklarda ogʻriq va bosh ogʻrigʻi kelib chiqadi. Uchlamchi zahmda bemor ichki aʼzolari zararlanadi.
Zahm kasalligi diagnostikasi
Zahm kasalligini tashxislashda quyidagi tekshiruvlar kerak boʻladi:
Bemordan anamnez yigʻish, kasallik yuqish manbasi va yuqish yoʻlini aniqlashga yordam beradi. Toshmalarning qachon paydo boʻlganligini aniqlash va umumiy ahvolida oʻzgarish boʻlganmi yoʻqmi bilib olish zarur. Obyektiv koʻruvda toshmalarning joylashgan sohasi, ularning shakli, rangi, oʻziga xosligiga eʼtibor qaratadi. Laborator tekshiruvlardan: rentgenografiya, MRT, KT, UTT tekshiruvlari ichki aʼzolarda shankrlarni aniqlashga yordam beradi. Bu kabi tekshiruvlar kasallikning uchinchi bosqichini istisno qilish maqsadida oʻtkaziladi.
- Zahmni aniqlash analizi. Biomaterial (qon, orqa miya suyuqligi, teridagi ajralmalar) mikroskop ostida tekshirilganda oqish treponemalar aniqlanadi.
- Vasserman reaksiyasi (RW). Bemordan qon olinadi, qonda antitelolar aniqlanadi, yaʼni treponema qarshi shakllangan antitelolar hosil boʻladi. Bu tekshiruv baʼzida yolgʻon natija berishi ham mumkin.
- PZR. Polimeraza zanjir reaksiyasi – bemordan olingan biomaterialda treponemani aniqlashning ishonarli usuli.
- Serologik tekshiruvlar. RPGA, RIBT, RIF, IFA – bularning barchasi qoʻzgʻatuvchi antigeni va antitelolarni aniqlab beradi.
Sifilisni davolash
Kasallik tashxisi tasdiqlangunga qadar mahalliy qoʻllaniluvchi antibiotik va boshqa preparatlarni qoʻllash mumkin emas, bu kabi chora tadbirlar zahm tashxisini qoʻyishda qiyinchiliklar tugʻdirishi mumkin.
Antibiotiklar ishlab chiqarilgunga qadar zahm kasalligining oqibati 100 % oʻlim edi. Hozirgi kunda esa bu kasallik toʻliq tuzaladi, muhimi oʻz vaqtida shifokorga murojaat etishdir. Davo muolajalari oʻtkazilgandan soʻng qayta tekshiruvdan oʻtish kerak boʻladi, hamda 3, 6 va 12 oydan soʻng yana qayta tekshiruvlardan qayta oʻtish zarur. Birlamchi zahm davo muolajalari 3 oy davomida olib boriladi va ikkilamchi zahmda esa 24 oy. Muolajalar vaqtida jinsiy aloqaga kirishish qatʼiyan mumkin emas!
Bu vaqtda bemor maishiy-xoʻjalik buyumlaridan, shaxsiy gigiyena vositalaridan faqatgina oʻzi foydalanishi kerak boʻladi. Sogʻlom odamlar bemor bilan har qanday kontaktdan saqlanishlari kerak.
Antibiotiklar:
- Penitsillin;
- Ftorxinolonlar;
- Makrolidlar;
- Tetratsiklinlar.
Asosiy davolovchi antibiotik – bu penitsillin guruhi antibiotiklaridir. Agar bemorda ushbu antibiotiklarga sezuvchanligi yuqori boʻlsa, yoki allergik reaksiyalar kuzatiladigan boʻlsa, boshqa guruh antibiotiklardan foydalaniladi. Statsionar sharoitda antibiotiklar sutka davomida har 3 soatda 8 marotaba beriladi. Davo muoalajalariga immunostimulyatorlar ham qoʻshiladi.
Ichki aʼzolarda kuzatiladigan oʻzgarishlarni davolash esa vaziyatdan kelib chiqib belgilanadi.
Zahm oqibati
Agar zahm kasalligi oʻz vaqtida davolanmasa, infeksiya ichki aʼzolarga tarqaydi va ularning funksiyasini buzilishiga sabab boʻladi. Koʻpincha kasallik belgilari avvaliga kamayadi, soʻngra bemorning ahvoli birdan ogʻirlashadi. Kasallik asoratlari uning bosqichiga bogʻliq boʻladi.
Birlamchi zahm natijasida quyidagi asoratlar qolishi mumkin:
- Fimoz;
- Parafimoz;
- Shankr hosil boʻlgan sohada toʻqimalar nekrozi;
- Balanit.
Ikkilamchi zahm asoratlari:
- Suyaklar zararlanishi;
- Ichki aʼzolar zararlanishi;
- Nerv tizimidagi oʻzgarishlar.
Uchlamchi zahm asoratlari:
- Ichki aʼzolarda jiddiy oʻzgarishlar;
- Suyaklarning patologik sinuvchanligi;
- Aʼzolarda qon tomirlar yoriluvchanligi sababli qon ketishlar va qon quyilishlari;
- Bosh miya zararlanishi;
- Boʻyin va yuz sohasi toʻqimalarining triponema bilan zararlanishi.
Sifilisning oldini olish usullari
Zahm profilaktikasida quyidagi chora tadbirlar qoʻllaniladi:
- Tartibli jinsiy hayotga rioya qilish;
- Shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etish;
- Jinsiy aloqaga kirishish vaqtida barer kontraseptiv vositalardan foydalanish.
Agar kasallikning ilk belgilari paydo boʻlsa va bu bemorni aytarli bezovta qilmasa ham shifokor tekshiruvlaridan oʻtish kerak boʻladi, aks holda kasallik oqibatlari salbiy yakun topishi mumkin.
Kasalliklar
Zahm yoxud sifilis xavfli kasallikmi?