Yuzni yoshartirish: yuz terisi yanada yoshroq ko’rinishi uchun vositalar
Ma’lum bir yoshdan keyin yuz terisida namlik, teri osti yog’lari yo’qoladi, yuzda xiralik paydo bo’ladi. Bu birinchi mimik ajinlar paydo bo’lishiga olib keladi. Ularning tashqi ko’rinishi hatto eng qudratli ayollarni ham tushkunlikka tushiradi — har kim ham yosh va chiroyli ko’rinishni orzu qiladi.
Yuz terisining qarishini to’xtatish hech kimning qo’lidan kelmaydi. Biroq har bir ayol bu jarayonni sekinlashtirish, ekologik ta’sir, stress, noto’g’ri ovqatlanish va uxlamaslik oqibatlarini sezilmas qila olishi mumkin. Buning uchun shunchaki uy sharoitida yuzni yoshartirish uchun tayyorlanadigan oson va yoqimli niqoblar retseptlaridan foydalanish kerak.
Yuz terisini yoshartirishning usullari orasida turli muolajalar mavjud — kosmetika, xalqona vositalar, apparat kosmetologiya va hatto plastik jarrohlik. Agar ayol har kuni o’zini parvarishlashda dangasalik qilmasa: makiyajini yuvib uxlasa, yuz terisini tozalasa, namlantirsa va oziqlantirsa, uy sharoitida yuzni yoshartirish ilojsiz narsa emasligiga amin bo’ladi.
Uyda yuzni yoshartiruvchi vositalar tayyorlash usullari
Yuzni yoshartirish muolajalari, albatta, yoqimli. Misol uchun, yoshartiruvchi massajni olaylik. Bu mushaklarni bo’shashtiradi va terini yangilaydi. Bunday muolajalarning natijalari yaqqol namoyon bo’ladi.
Agar yuzingizni yoshligini imkon qadar uzoqroq saqlashni istasangiz, ba’zi odatlardan voz kechishingiz kerak bo’ladi. Masalan, zararli odatlardan. Chekish, tez-tez siqilishlar, tana vaznining «o’ynab» turishi — bularning barchasi terini quruqlashtiradi, suvsizlantiadi va terining so’ligandek ko’rinishiga sabab bo’ladi. Quyoshda toblanish ham ehtiyotkorlik bilan amalga oshirilishi lozim. Quyoshli kunda ko’chaga chiqayotganda yuz terisiga quyosh nurlaridan himoya qiluvchi vositalarni qo’llash tavsiya etiladi.
Uyda yuzni yoshartirish o’z afzalliklariga ega. Bularga:
- Skrab, piling niqoblarni o’zingiz tayyorlashingiz mumkin;
- Ular odatda har bir xonadon oshxonasida mavjud masalliqlardan tayyorlanadi;
- Uy sharoitida yuzni yoshartirishga qaratilgan piling va niqoblar butunlay tabiiydir;
- Ularning tarkibida konservantlar, stabilizatorlar va sotib olinadigan kosmetikada to’lib yotgan boshqa narsalar yo’q.
Uyda yuzini yoshartirishning yana bir shubhasiz afzalligi — uning arzonligi hisoblanadi. O’z oshxonangizda tayyorlangan vositalar sizning byudjetingizning katta miqdorini tejashi mumkin. Kosmetologiya salonlarida bunday vositalar arzon emasligiga ishora qilmasak ham bo’ladi. Va agar sotib olingan kosmetika (hatto qimmat bo’lsa ham) va uy sharoitida tayyorlangan niqoblarni solishtiradigan bo’lsak, uy kosmetikasi birinchisiga ko’ra ancha samarali.
Yuzni yoshartirishni boshlash kerak bo’lgan birinchi narsa — oddiy, gazlanmagan suvni yetarli darajada iste’mol qilishdir. Har kuni kamida 1,5 litr toza suv ichish kerak. Ichiladigan suvning bir qismini shakarsiz ko’k choy bilan almashtirishingiz mumkin.
Ovqatlanishni qaytadan ko’rib chiqish kerak. Taomnoma to’liq va muvozanatli bo’lishi kerak. Unda albatta kletchatka, karotin va A vitamini bo’lishi kerak.
Bundan tashqari bir qator vositalar mavjud, ular asosan niqob shaklidadir, yuzni yoshartirish uchun juda samarali ta’sir ko’rsatadi.
Xalq tabobati yordamida yuzni yoshartirish
Turli xil dorivor o’simliklar va tabiiy mahsulotlarning foydali xususiyatlari to’g’risida soatlab gapirish mumkin. Yuz terisini yoshartirish uchun ishlatiladigan masalliqlar juda xilma-xil, ularni ushbu maqsadda ishlatish mumkinligini ko’plar bilishmasligi mumkin. Uyda yuzni yoshartiruvchi vositalarni tayyorlash zamonaviy ayollar orasida mashhur uslubdir.
O’simliklarning va quyoshning tabiiy energiyasidan foydalanish uchun siz turli xil fito-dorilarni tayyorlashingiz mumkin. Zero, azaldan dorivor o’tlar nafaqat go’zallik uchun, balki ko’pgina kasalliklarni davolash uchun ham qo’llanilgan.
Terini yoshartirish uchun uy sharoitida tayyorlanadigan turfa xil losyonlar juda yaxshi natija ko’rsatmoqda. Masalan:
Kashnichdan losyon
1 osh qoshiq kashnich barglari va ildizlarini oling (yangi yoki quritilgan). Bir stakan qaynoq suvga soling va 20-30 daqiqa davomida suv hammomida qoldiring. So’ngra, bir soatcha sovutishga qo’ying. Shundan so’ng damlamani tindirib, 50-70 g oq vino qo’shing. Losyon tayyor, har kecha u bilan yuzni artish tavsiya etiladi.
Yalpizdan losyon
Sizga 2 osh qoshiq quritilgan yoki kerak 4-5 osh qoshiq yangi to’g’ralgan yalpiz barglari kerak bo’ladi. Yalpiz ustidan 0,5 litr qaynoq suv solib, 10 daqiqa davomida past olovda ushlab turing. Keyin bir chetda sovutishga qoldiring. So’ngra 4 choy qoshiq borat spirti, 2 osh qoshiq tirnoqgul (kalendula) damlamasi, 1 choy qoshiqdan sirka va limon sharbati qo’shib, yaxshilab aralashtiring va qorong’u, salqin joyda saqlang. Ushbu xalq vositasini qo’llash orqali terining yosharishi, sog’lom ko’rinishga va rangga ega bo’layotganini sezasiz.
Bodringli losyon
Qadimda yuz terisini yumshatish, terining rangini yaxshilash va yoshartirish uchun quyidagi retsept ishlatilgan. Bodringni (po’stlog’i bilan) qirg’ichning katta tishidan o’tkazilib, tayyor bo’lgan bo’tqa 1 : 1 nisbatda 40 foizli spirt bilan (yoki aroq bilan) aralashtirib, shisha yoki plastik idishga solib, ikki hafta davomida quyosh nurlari ostida qoldiriladi. Shundan so’ng, har kuni yuzni losyon bilan artish kerak (suv bilan aralashtirmasdan). Ushbu yuzni yoshartirish usuli ayniqsa yog’li va kombinatsiyalangan teri sohiblariga mos keladi. Namlantiruvchi va oziqlantiadigan kremni ishlatmasangiz, ushbu losyon ta’sirida quruq terini yanada quruqlashtirishi mumkin.
Yuzni yoshartirish uchun niqoblar
Ko’pincha ayollar uyda yuzini yoshartirish uchun niqoblardan foydalanadilar. Bundan tashqari, ular sotib olingan kosmetikaga nisbatan bir qator konservantlar, bo’yoqlar va boshqa «kimyo» lardan holi ekanligi bilan ustunroq turadi.
Sutdan yuz uchun niqob
Biroz iliq sut olib, bir necha qoshiq un qo’shing. Niqobning quyuqligi qaymoq kabi bo’lishi kerak. Aralashmaga 1 ta tuxum sarig’ini qo’shib, yaxshilab aralashtiring va toza yuzga qo’llang. 20 daqiqadan keyin niqobni iliq suv bilan yuvib tashlang.
Yoshartiruvchi niqob
Tuxum oqini mustahkam ko’pirguniga qadar uring. Unga 2 choy qoshiq un va 1 choy qoshiq asal qo’shish kerak. Barchasi yaxshilab aralashtiriladi va 20 daqiqa davomida toza teriga qo’llaniladi. Bunday niqobni iliq suv bilan yuvish kerak.
Yuz qarishini sekinlashtiradigan o’tlardan niqob
Bu uy niqobini tayyorlash uchun zubturum, smorodina, qulupnay, lipa va bo’ymadaron barglarini teng miqdorda kerak bo’ladi. Hammasini maydalab, aralashtiring. 4 osh qoshiq aralashmani olib, bo’tqasimon massa hosil bo’lguncha issiq suv qo’shib aralashtiring. Ushbu aralashma sovigach, yuz va bo’yin terisiga surtib, 15 daqiqaga qoldiring. Niqobni sovuq suv bilan yuvib tashlang.
Yuz uchun kartoshkali niqob
Yuzni yoshartirish uchun bu niqob ko’proq quruq teriga ega bo’lganlarga mos keladi. Bu kichik va o’rtacha ajinlardan xalos bo’lishga yordam beradi. Ushbu yoshartiruvchi niqobni tayyorlash uchun kartoshkani qaynatib, pyure holatiga olib kelish kerak. Pyure iliqligida 20 daqiqa davomida yuzga qo’llash kerak. Niqob iliq suv bilan yuvib tashlanadi.
Behili niqob
Behi juda yaxshi yoshartiruvchi vositadir. Niqobni tayyorlash uchun qirg’ichning mayda tishidan pishgan behini o’tkazib, uni yuzga surtish kerak. 15-20 daqiqadan so’ng iliq suv bilan yuvib, yuzga namlantiruvchi vosita qo’llang. Behi nafaqat yuz terisi ajinlarini tekislaydi, balki yumshoq yuz uchun piling sifatida ta’sir ko’rsatib, terini o’lik hujayralardan tozalaydi.
Kosmetologlar kundalik terini tozalashda ham xalqona vositalardan foydalanishni tavsiya etadi. Misol uchun, shu tarzda makiyajni olib tashlash mumkin. Paxtali bolishcha olib, issiq suvda biroz namlantirib, so’ngra yuz teringizga mos keladigan o’simlik moyi surtib, aylana harakatlar bilan makiyajni arta boshlaysiz. Paxta bolishchalari ifloslanib qolgach, keyingisiga almashtirasiz va shu tariqa yuz toza bo’lmagunicha. O’simlik moylaridan eng yaxshilari bu zaytun, bodom moyi, uzum donaklari moyidir.
Yuzni chuqur tozalash uchun quyidagi aralashma samarali hisoblanadi. Bir choy qoshiqdan zaytun va kanakunjut moyini aralashtiring. Aralashmani yuzni yengil massaj qilib surta boshlang va bir muddatga qoldiring (qancha ko’p bo’lsa, shuncha yaxshi). Niqobni yuvib tashlash uchun paxta bolishchalari olib, issiq suvda namlab oling va niqobni arta boshlang. Siz birinchi muolajadan keyinoq natijani sezasiz. Chunki kanakunjut yuz teshikchalarini tozalaydi, zaytun esa yuz terisini silliqlaydi va yumshatadi.
Go’zallik sirlari
Yuzni yoshartirish: yuz terisi yanada yoshroq ko’rinishi uchun vositalar