Yuz terisini torttirishda birgina xato falajlikka olib kelishi mumkin
CCV Matbuot xizmatining plastik jarrohlik haqidagi savollariga Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo`lim mudiri Bobur Toirov javob berdi.
— Yuz terisini tarangldashtirish operasiyalari kutilganidek chiqmasligi ham mumkin, shunday emasmi?
«— To`g`ri, lifting muolajasining bir turi bo`lgan mezoiplar yordamida terini taranglashtirish, afsuski, doim ham kutilgan natijani beravermaydi. Masalan, bunday muolajadan so`ng gematomalar, terining ko`karib qolishi, iplar noto`g`ri joylashganida teri yuzasi tekisligining yo`qolishi, hatto mezoiplar o`rni yiringlab ketishi ham mumkin.
Ba`zan shishlar ta`sirida yuz mimikasi harakatiga javobgar nerv tolalari siqilib qoladi. Oqibatda yuzning ma`lum qismi ishlamay qolishi mumkin. Yoki iplar joylashtirilayotganida qaysidir nerv tolasiga tegib ketilsa ham yuz mimikasi yo`qoladi.
Mezoiplar haddan tashqari tortilgan bo`lsa, yuzning tabiiy ko`rinishi yo`qoladi. Bunda qoshlar yuqoriga ko`tarilib qolishi, yonoqlar yaqqol ajralib turishi seziladi va ba`zan teri yuzasida to`lqinsimon burmalar yuzaga keladi.
Amaliyot gigiena qoidalariga rioya etilmagan holda bajarilsa yoki mutaxassis kerakli malakaga ega bo`lmasa, teriga infeksiya tushishi ehtimoli ortadi. Bu esa o`tkazilgan muolajadan so`ng ortga qaytarib bo`lmas asoratlar va xunuk chandiqlarni paydo bo`lishiga olib keladi.
Iplar tuzilishiga ko`ra farqlanadi. Agar u juda ingichka bo`lsa, ma`lum vaqtdan so`ng yig`ilib qolishi va teri yuzasida sezilishi mumkin», deydi Bobur Toirov.
Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
Yuz terisini torttirishda birgina xato falajlikka olib kelishi mumkin