Yuz terisi turini aniqlash uchun nima qilish kerak? haqida malumot

Yuz terisi turini aniqlash uchun nima qilish kerak? haqida malumot

Yuz terisini parvarish qilishda terining turini bilish muhim ahamiyatga ega. Teri turiga qarab tozalovchi va oziqlantiruvchi vositalar tanlanadi.

teri turini aniqlash

Terining turini aniqlashdan oldin yuzni tozalash zarur. Teri bir necha soat davomida kosmetik vositalarsiz dam olganidan keyin uni kunduzgi tabiiy yorug‘likda diqqat bilan kuzatish kerak.

Agar sizning teringizda:
– teri teshikchalari kengroq bo‘lsa;
– teri qalin ko‘rinsa;
– yuvilgandan so‘ng yaltirab qolsa;
– unda toshmalar bo‘lsa, teringiz yog‘li hisoblanadi.

Agar:
– teridagi teshikchalar bilinmasa;
– teringiz yupqa pergament kabi bo‘lsa;
– teringiz yaltiramasa;
– teringiz juda och qizg‘ish rangda bo‘lsa, quruq turiga oid hisoblanadi.

Terining aralash xiliga oidligini quyidagi belgilardan aniqlash mumkin:
– teshikchalarning bilinar-bilinmas bo‘lishi;
– yuzning hamma sohasidagi terilarning bir xil emasligi;
– peshana, burun va iyak sohasi terisining haddan tashqari yaltillashi;
– terining bir tekis qoramtir rangda bo‘lishi.

Ta’sirchan terini quyidagi belgilardan bilish mumkin:
– kosmetik vositalar yoqmasligi;
– yorilgan va qizil tomirlarning ko‘rinib turishi;
– ba’zi mahsulotlarning allergiya chaqirishi.

Normal teri esa bir xil rangda bo‘ladi. Silliq, tarang va toza ko‘rinishga ega bo‘lib, sovunli suv va boshqa kosmetik vositalar ta’siri sezilmaydi.

Agar aniqlashda qiynalayotgan bo‘lsangiz, quyidagi mini testni yechib ko‘ring.

1. Chayinganingizdan so‘ng yuzingiz qanday holatda bo‘ladi?

A. Taranglashadi;
B. Yaltillab qoladi;
V. Sog‘lom va tekis;
G. Peshona va dahan qismi yaltillab, yonoqlar quruq lashadi;
D. Salgina qizaradi.

2. Oziqlantiruvchi pardoz vositalaridan foydalanmasangiz nima o‘zgaradi?

A. Quruqlashadi, teri tortishib qoladi;
B. Yog‘lashib ketadi;
V. Me’yoriy holatda bo‘ladi;
G. Peshona va daxan qismi yog‘lashib, yonoqlar tabiiy ko‘rinishda bo‘ladi;
D. Teri ta’sirchanligi ortadi.

3. Yuzingizning teri kataklari qanday tuzilgan?

A. Deyarli bilinmaydi;
B. Kattalashgan;
V. Ko‘zguda yaqqol ko‘zga tashlanadi, ammo pardoz qilinganida bilinmaydi;
G. Yuzning «T» qismida yaqqol ko‘zga tashlanadi, yonoqlarda esa kichraygan;
D. Ba’zida bilinidi, ba’zida esa yo‘q.

4. Iste’mol qilayotganlaringiz yuz terisiga ta’sir etadimi?

A. Ko‘p miqdorda gazlangan ichimliklar yuzimni quruqlashtirib yuboradi;
B. Yog‘li taomlardan so‘ng yuzim yaltirab qolganday bo‘ladi;
V. Hech qanday ta’siri yo‘q;
G. Meva va sabzavotlardan tanovul qilmasam, peshona va dahan qismida toshmalar yuzaga keladi;
D. Achchiq ta’mli eguliklardan so‘ng yuzim qichishadi.

Yuz teringiz qaysi turga mansub ekanligini bilish uchun javoblarni quyidagicha belgilang.

  • Javoblar orasida A harfi ko‘p bo‘lsa, demak yuzingiz quruq.
  • B javobi ko‘p bo‘lsa, yuzingiz yog‘li.
  • V javobi etakchilik qilsa, normal yuz terisiga egasiz.
  • G javobi ustun bo‘lganida, aralash turldagi yuz terisi mavjud bo‘ladi.
  • D javobi ko‘p bo‘lganida esa yuz teringiz ta’sirchan turga mansubdir.

Yuz terisini turlariga ko‘ra parvarishlashda nimalarga ahamiyat berish kerak?

© Daryo.uz / Darakchi.uz

Kasalliklar
Yuz terisi turini aniqlash uchun nima qilish kerak?