Yuz terisi go’zalligining 8ta dushmani haqida malumot

Yuz terisi go’zalligining 8ta dushmani haqida malumot

Makiyaj bilan uxlash, chekish teriga juda zararli — ko’pchilik buni biladi. Ammo uning holatiga juda salbiy ta’sir ko’rsatadigan boshqa tashqi va ichki omillar mavjud. Birgalikda ularni tahlil qilamiz.

8 2

1. Kam harakat turmush tarzi

Odamlar ko’p vaqtini ishda o’tkazadi, ko’pincha kompyuter qarshisida o’tiradi, bu sog’liqqa juda yomon ta’sir qiladi. Buni teri go’zalligiga ham ta’siri bor: u kislorodga to’yinmaydi va kerakli miqdorda ozuqa moddalarini olmaydi. Agar quruq teri va nosog’lom rang sizning doimiy hamrohingizga aylangan bo’lsa, kam harakat hayot tarzini olib borayotgandirsiz, o’ylab ko’ring.

Nima qilish kerak

Darhol sport zaliga yozilishingiz shart emas — shunchaki kunlik hayotingizga ko’proq harakat qo’shing. Uyda raqslar uyushtiring, parkda sayr qiling, liftdan voz keching yoki ishga bir bekat piyoda boring. Asosiysi, bularni muntazam ravishda qilishingiz kerak.

2. Suv tarkibi

Go’zallik va sog’liq uchun nafaqat siz ichadigan suvning tozaligi, balki tarkibi ham muhimdir. Yuzingizni qanday suv bilan yuvishingizga e’tibor bering. Qattiq, tuz miqdori yuqori bo’lgan suv na to’g’ri tozalikni, na namlikni ta’minlaydi va terining himoya funksiyasiga sezilarli darajada zarar yetkazishi mumkin. Agar teringiz ta’sirchan bo’lsa, bunday suv hatto qizarish va qichishishni keltirib chiqaradi.

Nima qilish kerak

Iloji bo’lsa, yuzingizni filtrlangan yoki buloq suv bilan yuving va namlovchi moddalar (gialuron kislotasi, provitamin B5, E vitamini, allantoin, o’simlik moylari) qo’shilgan kosmetikadan foydalaning. Suv qattiq ekanligini qanday tushunish mumkin? Unda tozalash vositasi yomonroq ko’piklanadi va tozalashdan so’ng siz terining qurishi va qattiqligini his qilasiz. Yana bir yechim — muz bo’laklari (ayniqsa, o’tlarning muzlatilgan damlamasi). Ammo ehtiyot bo’lish kerak: muzdan ortiqcha foydalanish terini quritishi va suvsizlantirishi mumkin, ayniqsa, agar u ilgari quruqlikdan aziyat chekkan bo’lsa.

3. Ifloslangan havo

Agar siz Alp tog’larida yashamasangiz, albatta, zamonaviy ekologik vaziyatning barcha oqibatlarini his qilayotgandirsiz. Ifloslangan havoning turli elementlari, shu jumladan azot dioksidi, SP hujayralarga zarar yetkazishi natijasida terining erta qarishiga olib keladi. Bundan tashqari, katta shahar havosidagi iflos moddalar bizning terimizga joylashadi. Natijada, teshiklar kengayadi, sebum ishlab chiqarilishi ko’payadi va akne paydo bo’ladi.

Nima qilish kerak

Har safar uyga qaytganingizda, darhol qo’lingizni yuving. Bu qoida yuzga ham taalluqli. Bir kun ichida zararli moddalarning millionlab zarralari yuzdagi kosmetika qatlamiga kirib, teshiklarni yopib qo’yadi va terining himoya qatlamini yo’q qiladi.

Tarkibida antioksidantlar yetarli miqdorda bo’lgan oziq-ovqat iste’mol qiling (yangi sabzavotlar, rezavorlar va mevalar, shuningdek baliq, choy va achchiq shokolad) va tarkibida E va C vitaminlari bo’lgan kosmetikadan foydalaning. Uyni tez-tez shamollatib turing, iloji bo’lsa, derazani ochiq qoldirgan holda uxlang.

4. Uyqusizlik

Kam uxlash terining holatiga yomon ta’sir qiladi. Umuman tanamiz uchun uyquning asosiy vazifasi dam olish va tiklanishdir. Siz yetarlicha uxlamasangiz, teringiz ham tiklanmaydi: uning himoya funksiyasi yomonlashadi, namlik darajasi pasayadi va ko’proq sebum ishlab chiqariladi. Ko’z ostidagi ko’karishlar, terining xiralashishi, quruqligi — kam uxlashning oqibatlari. Uyqusizlik umumiy sog’lig’ingizga salbiy ta’sir qiladi, bu juda yaqin kelajakda tashqi ko’rinishingizda aks etadi.

Nima qilish kerak

Kechasi kamida 7-8 soat uxlang. Har kuni bir vaqtda yotishga harakat qiling. Uyquga ketishdan oldin televizor ko’rmang, telefonga qaramang.

5. Muntazam niqob taqish

COVID-19 pandemiyasi davrida juda mashhur bo’lgan himoya niqoblari uzoq muddat foydalanilganda terida qizarish, achishish, toshma paydo bo’lishiga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, niqoblar ko’pincha terining ta’sirchanligini oshiradigan propilen tolalarini o’z ichiga oladi. Agar niqobni uzoq vaqt taqsangiz, uning ostidagi yuz terlaydi, ba’zi hollarda bu kontakt dermatitga olib kelishi mumkin.

Nima qilish kerak

Agar yuzingizda niqob taqishning salbiy oqibatlarini ko’rgan bo’lsangiz, xushbo’y hidsiz va bo’yoqsiz yumshoq tozalash mahsulotlari va intensiv namlantiruvchi kremlarga o’ting. Bundan tashqari, tarkibida lipidlar bo’lgan go’zallik mahsulotlari muammoni hal qilishga yordam beradi: keramidlar, xolesterin va yog’ kislotalari (Omega 6‑va 9 -). Terini yanada bezovta qiladigan va quritadigan tonal kremlardan bir muddat voz keching.

6. SPFdan kam foydalanish

Quyoshdan himoyalovchi kremni sovuq mavsumda ham ishlatish kerak. Osmon bulutlar bilan qoplangan yoki yomg’ir yog’ayotgan bo’lsa ham, nurlar bulutlarga kirib boradi. Bundan tashqari, issiqlik nurlanishi (infraqizil nurlar) va changning ta’siri terini quritadigan salbiy omillardir.

Nima qilish kerak

Hatto shahar sharoitida va yozdan boshqa fasllarda ham quyoshdan himoyalovchi vositalar haqida unutmang. Spfni o’z ichiga olgan yengilroq teksturali mahsulotlar: fluidlar, kunduzgi kremlar va emulsiyalardan foydalaning.

7. Harorat o’zgarishi

Haroratning o’zgarishi terining holatiga yomon ta’sir qiladi. Sovuq ko’chadan isitiladigan xonaga kirish va chiqish teriga katta salbiy ta’sir ko’rsatadi. Xonani tark etganingizda, terining qon tomirlari avval issiqlikni ushlab turish uchun torayadi va keyin kengayadi — bu haroratning pasayishiga tabiiy reaksiya. Bir muncha vaqt o’tgach, tomirlar asl holatiga qaytadi, lekin siz qanchalik tez-tez tashqariga chiqsangiz, teringizga shunchalik tez-tez zarba bo’ladi. U tez va samarali tiklanish qobiliyatini yo’qotadi, kosmetikadan ozuqa moddalarini yomon o’zlashtiradi va elastikligini yo’qotadi.

Nima qilish kerak

Shamolli va sovuq havoda terining tabiiy himoyasini tiklashga yordam beradigan kosmetikasidan foydalangan yaxshi. Uyga havoni namlantiruvchi uskunani qo’yish va namlik darajasini kuzatish kerak (norma 30dan 50% gacha).

8. Noto’g’ri parvarish

Kosmetik parvarishning vazifasi terining barcha ehtiyojlarini qondirishdir. Agar noto’g’ri tanlangan vositalar (masalan, agressiv skrab) shunchaki foydasiz bo’lsa, omadingiz hisoblanadi. Aks holda, siz dermatologning doimiy mijozi bo’lish xavfi ostidasiz. Allergiya, qizarish, yosh dog’lari yoki yallig’lanishning paydo bo’lishi noto’g’ri parvarishning oqibatlaridir.

Nima qilish kerak

Kundalik terini parvarish qilishning asosiy bosqichlarini e’tiborsiz qoldirmang. Bu tozalash, tonik surish , namlantirish va oziqlantirish. Agar siz muntazam ravishda dekorativ kosmetikadan foydalansangiz, unda  pardozni o’chirish ro’yxatda birinchi o’rinda turadi.  Agar qaysi kosmetika sizga mos kelishini tushunolmasangiz, mutaxassislar bilan maslahatlashganingiz yaxshiroqdir. Ular sizning teringiz turini aniqlaydi va kosmetik vositalarni tanlashda yordam beradi, shuningdek ularni qanday qilib to’g’ri ishlatishni aytib beradi.

Unutmang, tashqi zararli omillarning ta’siri ko’pligi sababli, teringiz maxsus himoya va alohida parvarishga muhtoj.

Kasalliklar
Yuz terisi go’zalligining 8ta dushmani