Yurakdagi gaplar turkumidan (yohud dizaynerga quloq solmagan mijoz)Kitob muqovasi siz o’ylagandek emas!
Muqova – kitobning yuzi, o’ziga hos tashrif qog’ozi. Unga qarab nashr haqida ilk tasavvur uyg’onadi. Xaridor, avvalo kitobni emas, uning muqovasini sotib oladi. Shuning uchun yaxshi muqova kitob muvaffaqiyatining kamida ellik foizini ta’minlaydi.
Muqova – kitobxonda ma’lum hislar uyg’otadigan san’at asari! Aynan muqovaga qarab turib u kitobni o’qish yoki o’qimaslik qarorini beradi. Muqova kitobning tarixini ko’rsatishi, ammo ichida yozilganlarni butunlay aytib bermasligi kerak. Muqova tufayli o’quvchida qiziqish, kitobni o’qib chiqishga rag’bat paydo bo’ladi. Shu sababli men doim o’z ishlarimni kichkinagina jumboq bilan bezayman, toki intriga bo’lsin, o’quvchida ishtiyoq uyg’onsin, hayolida qolsin, shu kitob haqida o’ylashga, oxiri qaytib kelib uni olish va o’qishga majbur qilsin.
Ko’pchilik mualliflar yoki buyurtmachilar kitoblarining tashqi ko’rinishini oldindan tasavvur qilib oladilar va bu masalada dizaynerdan ko’ra bilimliroqman deb o’ylaydilar. Kitobingizda ko’tarilgan mavzu bo’yicha eng yaxshi mutaxassis bo’lsangiz ham, bu uning muqovasi borasida hamma narsani bilasiz degani emas. Ko’p dizaynerlar murakkab xarakterga ega, o’ziga bino qo’ygan va murosasiz odamlar. Lekin shunday insonlarning asarlari natijada hammaga manzur bo’ladi. Chunki ularning o’z ishiga jon-jahdi bilan kirishib, pozitsiyasini ehtiros bilan himoya qilib, injiqlik va qaysarlik bilan ko’zlagan maqsadiga erishishi professionalizmi hamda ishiga nisbatan mas’uliyatidan dalolat beradi. Mijoz nima desa bajarib, «menga nima, pulini olsam bo’ldi-da», – degich muloyimlardan ehtiyot bo’lish kerak.))
Ba’zida men ham mijozlarga yon berishga majbur bo’laman. O’zlari istagan, ko’ngillaridek muqovaga ega bo’lsinlar, qalblarida armon qolmasin, deyman-da. Ko’p marta o’zimnikini ma’qullab, bosim bilan bo’lsa-da o’tkazgan ishlarim oxirida ko’pchilikka manzur kelib, e’tirof qozongan. Ammo mijoz aytganini indamay bajarib bergan muqovalarimdan hech biri muvaffaqiyatli chiqmagan.
Dizayner original bir narsa chiqarishi, buyurtmachiga aynan shu yechim eng ma’qul va optimal ekanini uqdira bilishi kerak. Menimcha, dizaynerga quloq solmagan mualliflar doim yutqizadilar. Ko’pincha mualliflarga Photoshopdan sal-pal xabardor holatlarida o’zlaricha chizib yoki xayolan yaratib olgan muqovalari nima uchun zaif, bo’sh ekanini anglatolmay xunob bo’laman. Muqova shaxsiy tasavvurlar va mulohazalar emas, yaxshi did bilan professional darajada ishlanishi kerak. Shu sababli buyurtmachilarning muqova yaralishida eng katta foydasi dizaynerga xalaqit bermasligi deb bilaman.
© Bahriddin Bozorov
Dizayn, Grafika va Ovoz
Yurakdagi gaplar turkumidan (yohud dizaynerga quloq solmagan mijoz)Kitob muqovasi siz o’ylagandek emas!