Yupiter tabiiy yo‘ldoshi Yevropada hayot bormi?  to’liq malumot oling

Yupiter tabiiy yo‘ldoshi Yevropada hayot bormi?  to’liq malumot oling

Sarlavhani oʻqib hayron qolmang, chunki Yevropa nafaqat qitʼa nomi, balki Quyosh tizimidagi eng katta sayyora — Yupiterning 95 ta yoʻldoshi ichidagi eng yirik tabiiy yoʻldoshlaridan biri hamdir. Bu tabiiy yoʻldosh (uni Yupiterning oyi deb ham atash mumkin) koʻplab olimlarda qiziqish uygʻotmoqda, sababi undagi baʼzi xususiyatlar bu osmon jismini Yerdan tashqaridagi hayot manbaiga ega eng yaqin asosiy nomzodga aylantirmoqda.

Qisqacha maʼlumot

Yevropa 1610-yilda Galileo Galiley hamda Simon Mariy tomonidan bir-biridan mustaqil holda kashf etilgan. U oʻzimizning Oy (diametri — 3474,8 km) dan birozgina kichik boʻlib, diametri taxminan 3100 km ni tashkil etadi. Taxminan 4,5 milliard yil ilgari shakllangani aytiladi. Samoviy miqyosdan olib qarasak, bu kichkinagina tabiiy yoʻldoshda muz va okean mavjudligi ehtimoli, tarkibida maʼlum bir moddalarning aniqlangani uning yashashga yaroqli boʻlishi, hatto hayotning ibtidoiy shakllarini uchratish ehtimoli borligi uni boshqa osmon jismlaridan ajratib turadi.

Nega Yevropada hayot boʻlishi mumkin?

Tadqiqotlar natijasida Yevropa oyining yuzasi 15–25 km qalin muz bilan qoplanganini bilish mumkin. Muz qatlami tozaligi hamda yuzasida kraterlarning kamligi yoʻldosh yuzasining hali yoshligini, paydo boʻlganiga taxminan 20–180 million yil boʻlganini koʻrsatadi. Muz qatlam ostida esa yirik okean joylashgan boʻlishi ehtimoli yuqori. Yevropa atrofida magnit maydon borligi, magnit maydon faqatgina elektr mavjud boʻlsagina hosil boʻlishi, oʻz navbatida, elektr ham tuzli suv kabi tok oʻtkazuvchi muhitda mavjud boʻlishi okean mavjudligining asosiy sabablaridan biri sifatida koʻrish mumkin. Bundan tashqari, muz qobigʻi 80° ga siljigani ham kuzatilgan. Agar muz sayyora tubiga yopishganida siljish ham kuzatilmagan boʻlar edi, shunday emasmi?

2013-yilning noyabrida olimlar Xabbl teleskopi uzatgan suratlarni tahlil qilib, Yevropaning janubiy qutbida geyzer — suv fontanlari mavjudligini aniqladi. Bu esa muz ostida ulkan okean yastanib yotganini isbotlovchi eng yaxshi dalil edi. Yevropani ayni shu jihati bilan Saturnning yoʻldoshi boʻlmish Enseladga ham qiyoslashadi. Geyzerlarga boy Enselad ham Yerdan tashqarida hayot shakllarini izlayotgan olimlar eʼtiborini tortmoqda, biroq Enselad Yevropadan ancha kichik (diametri — 504,2 km).

yupiter tabiiy yoldoshi yevropada hayot bormi 1

Oʻlchamlar solishtiruvi. Yevropa (pastki chap), Oy (yuqori chap) va Yer (oʻng) / wikipedia.org

Suv mavjudligining oʻzi organizmlar yashashi uchun yetarli emasligini oʻzingiz ham bilsangiz kerak. Tabiiy yoʻldosh tarkibida, shuningdek, vodorod peroksidining topilishi baʼzi turdagi bakteriyalar hayot kechirishi uchun energiya manbai mavjudligini koʻrsatadi. Kometa yoki asteroidlar tarkibida uchrovchi fillosilikatlarning borligi esa bu oyda hayot mavjudligi ehtimolini yanada oshirib yuboradi. Ustiga ustak, Yevropa atmosferasi, siyrak boʻlsa-da kislorod va suv bugʻidan iborat ekani unda sodda hayot shakllarini izlash istagini kuchaytirishi shubhasiz.

Biroq chemodaningizni yigʻib, Yevropaga koʻchib ketishga shoshilmang 😅. Bu osmon jismida hayot boʻlishi mumkinligini inkor etuvchi dalillar ham talaygina. Masalan, ushbu muzli yoʻldosh juda ham sovuq boʻlib, harorat Selsiy shkalasi boʻyicha −190° dan −150° gacha oraliqda boʻladi. Bunga yoʻldoshning nafaqat Quyoshdan uzoqda joylashgani, balki uning yadrosi nisbatan keyin shakllangani sabab qilib koʻrsatiladi. Soʻnggi izlanishlarga koʻra, Yevropa yadrosi yoʻldoshning oʻzidan milliard yillar oʻtganidan soʻng shakllana boshlagan, shu tufayli ham boshqa koʻplab osmon jismlarining yadrosi kabi qaynoq boʻlmasligi (yaʼni “qalbi sovuq” boʻlishi 🙂) mumkin. Bunday sovuq haroratda tirik jon boʻlishi deyarli imkonsiz. Bundan tashqari, Yevropadagi okean suvining haddan tashqari shoʻr va radiatsiya darajasi kuchli ekani ham Yerdan tashqarida hayot topish imkoniyatlarini kamaytirib yuboradi.

Yevropani tadqiq etish

Yevropani chuqur oʻrganish oʻtgan asrning soʻnggi choragida boshlanadi. 1973–1974-yillarda Yupiterga ilk parvozlar — Pioner 10 va Pioner 11 kosmik kemalari uchiriladi va Yevropaning yaqin plandagi suratlari olinadi. 5 yildan soʻng esa 2 ta Voyager zondi Yupiter yoʻldoshlari uzra sayohat qilib, Yevropaning muzli yuzasini batafsil rasmga olib yuboradi. Bu surat orqali muz kengliklari ostida okean borligi taxmin qilingan edi. 1994-yilda “Xabbl” teleskopi yordamida yoʻldosh atmosferasida molekulyar kislorod mavjudligi aniqlandi. 1995–2003-yilda Galileo avtomatik zondi Yevropa yuzasiga maksimal darajada yaqinlashadi — 201 km. Kerakli maʼlumotlar olinganidan soʻng Yerdagi mikroorganizmlar Yevropaga kirishga yoʻl qoʻymaslik uchun zond Yupiter atmosferasida yoʻq qilib yuboriladi. 2022-yilda Juno kosmik zondi Yevropaga 352 km yaqin keladi.

yupiter tabiiy yoldoshi yevropada hayot bormi 2

Yevropaning Voyager 2 zondidan olingan surati, 1979-yil iyul / wikipedia.org

2024-yil 6-oktabrda SpaceX Falcon Heavy raketasida Europa Clipper kosmik kemasi uchirish maqsad qilingan. 2030-yilda yoʻldoshga yetib borishi kutilayotgan bu kema yordamida Yevropadagi hayot ehtimolini oʻrganish reja qilingan.

Xulosa

Nima boʻlganda ham Yupiterning bu oyi biz uchun hali sir-sinoatlarga toʻla. U yerda qaysi turdagi hayot shakli mavjudligi, oʻzi umuman tirik jon bor yoki yoʻqligini aniqlash ilm-fan olamida katta burilish yasaydi. Balki aynan Yevropada yerda hayot bordir?

Muqova surat: wikipedia.org
Manbalar: nasa.gov, techinsider.ru, wikipedia.org, light-science.ru

Boshqa mavzular
Yupiter tabiiy yo‘ldoshi Yevropada hayot bormi?