YUNUSXON haqida

YUNUSXON haqida

YUNUSXON

YUNUSXON (1415/17 1487) Toshkent hokimi (1485—87). Vaysxonshtt oʻgʻli. Boburning onasi Qutlugʻ Nigorxonimning otasi. «Boburnoma»da aytilishicha, «Yunusxon Chingizxonning ikkinchi oʻgʻli Chigʻatoyxonning naslidindur». Vaysxon vafotidan (1428) keyin to 1434-yilgacha ulusda notinchlik hukm surgan. Oʻzaro taxt talashishlardan soʻng 1434-yiltaxtga Vaysxonning kichik oʻgʻli Eson Bugʻaxon oʻtiradi. Katta oʻgʻli Yunusxonni esa tarafdorlari — amirlar Irzon Bayran va Turkman miraklar 30 ming kishi bilan Movarounnahrga, Ulugʻbek huzuriga olib borishadi. Ulugʻbek Yunusxonni 1434 yil Xurosonga Shohrux huzuriga joʻnatgan. Yu. Xurosonda mashhur tarixchi Sharafuddin Ali Yazdiylan taʼlim olgan, koʻp ilmlarni egallagan. Yazdiy vafotidan soʻng Iroq va Eronda kasb-hunar egallagan. Sherozda yashab ulamolar majlislarida qatnashadi. Bu yerda u «Usta Yunus» nomi bilan mashhur boʻladi. Abu Said mirzo Yu. ni Sherozdan chaqirtirib, Jetikent, Fargʻona va Yettisuv hududini boshqarishni topshirgan (1456). Eson Bugʻaxon oʻlgach (1462), Abu Said yordamida Moʻgʻuliston taxtiga oʻtirgan. Oʻzaro nizolar girdobiga tushib qolgan Yunusxon Temuriylar saltanatidagi oʻzaro ichki nizolardan foydalanib Sayramni (1482) bosib olgan. Toshkentni oʻz tasarrufiga kiritish uchun Abu Saidning oʻgʻillari — Umarshayx (Boburning otasi) va Sulton Axmad Mirzo bilan jangga tayyorgarlik koʻra boshlagan. Lekin raqiblarni Xoja Ahror yarashtirib, muzokara natijasida Toshkent shahri va viloyati Yunusxonga berilgan (1485). Tarixiy manbalarda uni madrasa, masjidlardan tashqari Tuproqqalʼa qurdirgani haqida maʼlumotlar saqlangan. Yu. Toshkentdagi Shayx Xovandi Tohur qabristoniga dafn etilgan (q. Yunusxon maqbarasi). Yu. dan keyin xonlik taxtiga uning oʻgʻli Sulton Mahmudxon oʻtirgan.

Omonbek Jalilov.

Ensiklopediya.uz
YUNUSXON