YuNISEF: Uch yilda 48 million bola yuqumli kasalliklarga qarshi emlanmagan
Tadqiqotlarga ko`ra, vaksinalar yiliga o`rtacha 4,5 million kishining hayotini saqlab qolishga yordam beradi. Agar emlash vositalari tanqisligi muammosi bartaraf etilsa, 2030 yilga borib, bu ko`rsatkich yana 30 foizga oshishi mumkin.
Biroq oxirgi yillar, xususan, pandemiya davrida dunyo bo`yicha aholining vaksinalarga bo`lgan ishonchi pasayib borayotgani xavotirli holat. YuNICEF tomonidan e`lon qilingan so`nggi hisobot ushbu muammo tahliliga bag`ishlandi.
Qayd etilishicha, ijtimoiy so`rovda ishtirok etgan 55 davlatdan 52 tasida uch yil ichida bolalarni emlashga nisbatan jamoatchilik ishtiyoqi pasaygan.
Hindiston, Vetnam, Xitoy davlatlarida immunizasiyaning ahamiyatini yuqori, Yaponiya, Janubiy Koreya va Papua-Yangi Gvineyada esa aksincha past baholashgan.
Evropa davlatlari o`rtasida Portugaliya, Shvesiya va Irlandiya aholisining vaksinalarga ishonchi baland. Xorvatiya, Latviya va Rossiyada esa buning aksi kuzatilgan.
Shunga qaramay, bolajonlarimiz sog`ligi uchun vaksinalar zarur, deb hisoblovchilar qatlami 80 foizdan yuqori bo`lib chiqdi.
Hisobotda keltirilishicha, 2019-2021 yillar davomida 48 million nafar o`g`il-qiz yuqumli kasalliklarga qarshi vaksina olmagan. 19 million bola esa to`liq bosqichda emlanmagan.
Bu, turli epidemiyalar, masalan, 2021-2022 yillarda qizamiq bilan kasallanish ko`rsatkichlari ikki baravar ko`payishiga sabab bo`ldi.
Qolaversa, ekspertlar bemorlar soni ortishi Afrika va Janubiy Osiyoda vaksinalar taqchilligi muammosi bilan ham bog`liq, degan xulosada.
Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
YuNISEF: Uch yilda 48 million bola yuqumli kasalliklarga qarshi emlanmagan