YOZUV MASHINKASI haqida
YOZUV MASHINKASI
YOZUV MASHINKASI, harf bosish mashinasi — harf, raqam va b. belgilarning standart tasvirlarini qogʻozga navbatmanavbat tushirib, matn, jadval va b. ni bosish uchun moʻljallangan qurilma. Klaviaturali bosish mexanizmi Yozuv mashinkasining asosiy elementa hisoblanadi. Klaviatura uchlariga bosiladigan belgilar (harf, raqam va b.)ning boʻrtma tasviri tushirilgan richagga yoki uchlarida bosish belgilari joylashtirilgan segmentli (diskli) shrift eltgichlarga birlashtirilgan. Bundan tashqari, Yozuv mashinkasiga valikli karetka, karetkani harakatlantirish mexanizmi, lenta tortish mexanizmi, karetkani bosish mexanizmiga nisbatan avtomatik oʻrnatadigan tabulyator kiradi. Bosish mexanizmini harakatlantirish usuliga koʻra, Yozuv mashinkasi mexanik va elektr xillarga; vazifasiga koʻra, qoʻlda olib yuriladigan (portativ), idorada ishlatiladigan va maxsus xillarga boʻlinadi. Kompyuterlar paydo boʻlgandan soʻng Yozuv mashinkasiga ehtiyoj bir oz susaydi. Yozuv mashinkasini yaratishga urinish 16a. da boshlangan, birinchi patentni ingliz ixtirochisi G. Mill 1714-y. da olgan, 19a. oxirlariga kelib ommaviy tarzda ishlab chiqarila boshlangan (AQSH).
Ensiklopediya.uz
YOZUV MASHINKASI