“Yoshlar daftari”ga kiritilgan bemor yoshlarga davolanish xarajatlari uchun subsidiya ajratish tartibi to’liq malumot oling
«Yoshlar daftari»ga kiritilgan bemor yoshlarga mamlakatda yoki xorijiy davlatlarda davolanish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun yoshlar etakchisining ijobiy tavsiyasi asosida BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda «Yoshlar daftari» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan sxemaga muvofiq subsidiya ajratiladi.
Ariza beruvchi subsidiya ajratishni so‘rab murojaat qilganda mahalladagi yoshlar etakchisi 3 ish kuni ichida hududiy birlamchi tibbiy-sanitariya muassasasidan shifokor jalb qilishga ko‘maklashadi va ariza beruvchining sog‘lig‘i holati baholanadi.
O‘rganish natijasida ariza beruvchiga tibbiy yordam ko‘rsatish zarurati aniqlanganda, ariza beruvchining sog‘lig‘i holatiga qarab belgilangan tartibda davolash uchun tegishli birlamchi, viloyat yoki respublika darajasidagi tibbiyot muassasasiga yo‘naltiriladi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy yordam ko‘rsatiladigan imtiyozli toifaga kiradigan (ariza beruvchining ushbu toifaga kirishi yoki kirmasligi tibbiyot muassasasi xulosasiga ko‘ra aniqlanadi), viloyat yoki respublika darajasida davolanishi lozim deb topilgan «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlar davolanish uchun belgilangan tartibda elektron navbatga qo‘yilishi ta’minlanadi.
Ushbu toifaga kirmaydigan, birlamchi tibbiy-sanitariya muassasasi tomonidan viloyat, respublika darajasida yoki xorijiy davlatda davolanishi lozim deb topilgan «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarning davolanishi yoki jarrohlik amaliyotidan o‘tishi bilan bog‘liq xarajatlar uchun mahalladagi yoshlar etakchisining tavsiyasiga asosan «Yoshlar daftari» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya ajratiladi.
Ariza beruvchi shifokor ko‘rigidan o‘tgandan so‘ng mahalladagi yoshlar etakchisi 3 ish kuni ichida subsidiya ajratish haqidagi tavsiyanomani yoki rad etish haqidagi xabarnomani Vasiylik kengashiga yuboradi. Bunda subsidiya ajratishni rad etish haqida xabarnoma yuborilganda rad etish sabablari asoslanishi talab etiladi.
Agar mahalladagi yoshlar etakchisi murojaat unga tushgan paytdan boshlab 3 ish kuni ichida ariza beruvchining sog‘lig‘ini baholash uchun shifokor jalb qilishga ko‘maklashmasa yoki subsidiya ajratishni asossiz rad etish haqida xabarnoma bersa, ariza beruvchining murojaati ushbu paragraf talablariga muvofiq bo‘lganda Vasiylik kengashi uning murojaatini qanoatlantirish huquqiga ega bo‘ladi.
Nogironlik belgilari aniq namoyon bo‘lgan yoshlar belgilangan tartibda ko‘rikdan o‘tish uchun Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalariga yuboriladi.
Foydali Maslahatlar
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan bemor yoshlarga davolanish xarajatlari uchun subsidiya ajratish tartibi