Yolg‘onchi va qo‘rqoq xalqqa aylanib qoldik – “Qo‘rqma” romani muallifi bilan suhbat

Yolg‘onchi va qo‘rqoq xalqqa aylanib qoldik – “Qo‘rqma” romani muallifi bilan suhbat

J.J.: — Yo‘q, afsuslanmaganman! “Qo‘rqma” romanim chiqishidan oldin o‘z oldimga qo‘ygan maqsadim bor edi. Yozishim kerak bo‘lgan mavzularni reja qilib olganman. Shuni yozmasam bo‘lmaydi, deb o‘zimga ahd qilganman. O‘qiyotgan paytimda ham yozuvchi bo‘lishni maqsad qilgandim va boshqa yo‘nalishda o‘zimni tasavvur qila olmayman. Menga boshqa yo‘l yo‘q ekanligini, menga Alloh bergan qismat, men bajarishim kerak bo‘lgan missiya shu ekanligini anglab yetganman. Boshqa bahona yo‘q.

Lirotragik roman — “Qo‘rqma”

Avvaliga aynan chet elda, xususan, Germaniyada ta’lim olgan talabalarning taqdiri bilan qiziqqanim, Berlindagi arxiv va kutubxonalarda ularning izlarini izlaganim, deylik, o‘sha pallada Fitratning “Hind ixtilolchilari” dramasi nashri yoki “Ko‘mak” majmuasini aynan ko‘rib, qo‘l bilan ushlaganim uchun bu asar menga qiziq ko‘rindi, shuning uchun shiddat bilan juda qisqa muddat – uch-to‘rt kun ichida o‘qidim, deb o‘yladim. Boshqalarga taassurotlar aytsam, Javlon Jovliyevning romanini boshqalar ham deyarli xuddi shunday kayfiyatda, tez va qiziqish bilan o‘qishibdi. Shiddat bilan, ilhom bilan yozilgan, ulkan dardli asarlar shunday o‘qiladi, degan xayolga bordim. Demak, bunda muhokamaga munosib bir hikmat bor, bunda bir ibrat va saboq bor. Romanning o‘quvchini o‘z o‘pqoniga, uyirim-girdobiga tortib ketishi yaxshilikdan, badiiyatdan, toza va cho‘ng niyat ijrosidan darak beradi.

“Qo‘rqma” yangi davrning yangi va dardchil, yangicha uslubda va o‘ziga xos yangi ohang bilan yozilgan yangi romanidir. Javlon o‘z fikri, niyati ifodasi uchun shunday – hech kimda o‘ylamagan bir badiiy usul-yo‘lni topibdi. Yangilik topildiqlar bilan go‘zal va adabiyotdagi orginallik taqliddan qutulish bilan, yangicha rang bilan betakror bo‘ladi.

Yaqin o‘tmishdagi barchaga ma’lum va mashhur alamli hodisalar va Germaniyaga borib o‘qigan talabalar taqdirini bayon etishda roviy — so‘zamol yigit roman markazida turadi. Bu bolaning tug‘ilishi qiziq. Olti oyligidayoq ota-onasidan ajralgan, ammo yozuvchi fantaziyasiga ko‘ra, u aynan o‘sha mahali tafakkur va tasavvur egasiga aylanadi. Olti oylik chaqaloq hech qachon tevaragida nimalar bo‘layotganini bilmaydi, albatta. Ammo yozuvchining qalami sizni shu g‘aroyibotga ishontiradi. Badiiy ijodda qalamning ishontirish kuch va quvvati juda muhim sanaladi.

Romanda lirika bilan fojia uyg‘unlashib ketadi. Dramatik turda tragikomediya degan janr mavjud. Lekin lirotragik roman degan adabiy-nazariy tushuncha mavjud emas. “Qo‘rqma” — shunday roman. Roviy kulib yashaydi, o‘ylanadi, mudraydi, uxlaydi, uyg‘onadi. Darvoqe, bu roman tush va xush, uyqu va uyg‘oqlik, muhabbat va nafrat — shu kabi bir qator kontrastlar uyg‘unligidan maydonga kelgan. Shu­ning uchun yozuvchi o‘z roviy qahramoni xayoliga istagan bir voqea-hodisani singdira oladi va buni o‘quvchi ko‘pincha juda tabiiy va samimiy qabul qiladi. Ba’zida ko‘ngliga o‘tirmagan allanimadan g‘ashlanadi ham.

Roman qahramoni fikrchan odam, juda ulkan oshkora taftishchi. O‘zini va o‘ziga yaqin-yiroq odamlarni, ularning oilasini, o‘ziga tengqur talabalarni real hayotda va xayol ko‘zgusida ayovsiz taftish etadi, eng muhimi, o‘tgan asr boshlarida xorijga ketgan talabalar dunyosini, orzu-istaklarini tahlil etib, zamona yoshlarining turmush tarzi bilan taqqoslaydi.

“Qo‘rqma” – his-hayajon romani. Undagi badiiy g‘oya keng miqyosli, unda millat va Vatan dardi bor. Bu muammo bugun va bir asr oldingi yoshlar hayoti miso­lida tush va xush oralig‘ida, tajohili orifona yo‘sinda ba’zan piching va kesatiq qamrovida badiiy ifoda etiladi. Muallif mudroq ko‘ngillarni uyg‘otishni istaydi; odamlar o‘z yaratilish tiynatiga chuqur nazar solishini xohlaydi.

“Qo‘rqma”ning roviysi dardga chalingan tarixchi talaba. Dard-u xayolini ramziy ma’no tashiydigan yetmish talaba egallab olgan. Arxiv titkilaydi; muallim buvasidan gap olishni xohlaydi. Uning fikri toza, teran, milliy mezoni aniq. U atrofida yurgan sotqinlardan, eshakqurtlardan, qo‘ylardan, xoinlardan, qoni ayniganlardan, jigari qotib, yuragi yurmayotganlardan norozi bo‘lib yuradi.

Romanning o‘ziga xos uslubida vaqt va voqelik tizimi, xronologik ketma-ketligi, ularning chegaralari istalgan mahali buzilishi mumkin va bu hol tabiiydek tuyuladi ham.

Go‘ri Amir maqbarasiga borib, Vatanga xizmat borasida ont ichib, Germaniyaga o‘qishga ketgan talabalar qismati juda murakkab, juda qiziq. Sattor Jabbor, Maryam Sultonmurodova, Ahmad Shukriy, Abduvahob Murodiy, Xayrinisa Majid­xonova kabi talabalarni, u yerda “Ko‘mak” jurnali chiqarganini, teatr truppasi tashkil etishganini ko‘pchilik tarixchilar yaxshi biladi. Romanda ularning maktublari, tergovchilar bilan bo‘lgan savol-javoblari keltiriladi. Bular badiiy adabiyotning ramz tiliga mahorat bilan ko‘chiriladi. Talabalarning o‘qishida Olimjon Idrisiy degan shaxs Buxoro va Turkiston hukumati bilan Germaniya o‘rtasida tilmochlik qiladi. Grigoriy Meyerson degan g‘alati shaxs talabalarni majburlab ortiga qaytarish uchun Sobiq ittifoq vakili bo‘lib Berlinga boradi. Germaniyada o‘qiyotgan talabalar qarshiligiga uchragan Meyerson “Qo‘rqma” muallifining ham nafratidan bebahra qolmaydi. “Sichqon yaxmalak uchsa arzigulik bosh! Toshbaqa bo‘yniday bujmaygan quloq! Qishloq yo‘liday notekis bashara! Itbaliqlar suzgudek ko‘z! Boyo‘g‘li qidirgan ikki vayrona — burun! Bularning barchasi, Meyerson shaxsiy mulki”. Sochilmagan, bir joyga jamlangan, noan’anaviy va yozuvchining antipatiyasi bilan chizilgan portret.

Romanning ifoda yo‘sinida ortiqcha “dedi-dedi”lar ham, zerikarli uzun­dan-uzun dialoglar ham yo‘q. Jumlalari ma’nili, ta’sirli va pishiq. Biror qisqa jumla boshini o‘qiysiz, uning davomi siz o‘ylagancha tugamaydi. Boshqacha fikr, boshqacha so‘z va qo‘shimchalar bilan tuganchiga yetadi gap. Shuning uchun o‘sha jumlani qayta o‘qishga zarurat sezasiz. Haddan tashqari faylasuf, oqil-u dono bo‘lishga ruju qo‘yish ham kuzatilmaydi. Romanda alg‘ov-dalg‘ovli asr voqealari, o‘tgan zamon va uning ichida harakatlanayotgan insonlar obrazi bor. Asosiy sahnada — roviy.

“Qo‘rqma” — taqdirlar, tahqirlar, ta’bir va tadbirlar romani. Unda tarix, ingranish, chorlov, nadomat, nafrat, mehr-muruvvat mujassam.

“Qo‘rqma” — dardlar garmoniyasi. Bu romanni fikrlab, xayol va aqlni ishga solib, ora-sira chalkash syujetning uzilgan iplarini ulab o‘qish kerak.

Kitobda deyarli hamma bilib, aytib, ammo yoza olmay, ko‘pchilik ichida yurgan hodisalar bayon qilinadi. Ularni Javlon Jovliyev original uslubda ifoda etadi. Voqelik haqiqatini ayta olish yo‘rig‘i – bu uslubiy yangilik har kimning e’tiborini tortadi.

Shu romani bilan Javlon Jovliyev katta odamga aylandi. Ilm, mahorat, madaniyat, iste’dod namoyishi odamning, ayniqsa, ijodkorning martabasini belgilab beradi. To‘g‘risi, kitobdagi bugun va tarix manzaralari haliga qadar, esga olinsa, asriy g‘am-tashvish, orzu-armonlar odamning yuragini o‘rtaydi.

O‘zbekning or-nomusi, hayosi-iffati, harakati-intilishlari — “Qo‘rqma” shular yuziga tutilgan ko‘zgu sanaladi.

“Qo‘rqma” nima u? Nima uchun “Qo‘rqma”? Xavf nimada? Xavfning ildizi har bir kimsaning o‘zida; o‘zining kimli­gini anglamasligidan paydo bo‘ladi. Roman nomidan undov sezilib turibdi. Mard, oriyatli, botir, bahodir, sheryurak, pahlavon bo‘lib, qo‘rqmay yashamoq kerak. Roman o‘quvchini elparvar, vatanparvar, millatparvar, haqiqatparvar bo‘lishga chaqiradi.

Qo‘rqoqlik yomon, el-yurtni qultabiat, qulfitratlar, qulfarzandlar bilan to‘ldirish fojia. Hikmat: “Mardlarning onasigina onadir faqat”. Tanbehli savol: “Onalar, siz kimlarni tug‘ayotibsiz?!”. Mulohaza: “Ona tirik, ota tirik, ammo bola yetim qo‘yday o‘sdi. Bolalikdan mardikor bo‘lib o‘sdi”. O‘zi esa boshqacha ekanini biladi: “Men esa bariga tupurib o‘sdim. bobomning qo‘ynida qiyqirib o‘sdim”. Yozuvchining bunday og‘riqli o‘ylari o‘quvchini sergaklantiradi.

Asarda mustabid zamonlarni qo‘msab qolgan chollar tasvirlangan sahifalar keladi va roviy bunday o‘rinlarda tahdiddan ham toymaydi: “Men shu chollarning og‘zini tuproq bilan to‘ldirgim keladi”. Ayrim og‘riqlar asosiy mavzuga o‘xshatish san’ati bilan oson bog‘lanadi: “Orol kabi yo‘qlikka singib ketgan yigitlarni topa olarmikanman?”, “Orol dengizi kabi mamlakatda qahramon ham qurigan bo‘lsa abadulabad!.” Yozuvchi ba’zan ilgari surilayotgan adabiy tezis bayoni uchun o‘tgan asrning 20-yillari talabalari tafakkuridan foydalanadi: “Biz mag‘lub millatmiz, g‘ururni unutgan, qorin uchun yashashga o‘rgangan va ko‘ngan!”. Berlinda o‘qiyotgan zamonaviy talabalarga baho beriladi: “O‘qish bahona daromad uchun kelganlari ham hisobsiz”. Haqiqat achchiq bo‘ladi. Lolani izlab Berlinga borgan yigitdan u yerda o‘qiyotgan hech kim Vatan to‘g‘ri­sida bir og‘iz so‘z so‘ramaydi. Shuning uchun ularga “ziyoli ko‘rinishidagi jaholatsan, vafo niqobidagi xiyonatsan”, deb ochiq aytadi. Ziyoli qiyofasidagi johilning bir qirrasi asarda Ulug‘ Kursdosh obrazi orqali ko‘rsatiladi. Ulug‘ Kursdoshlar galereyasi – bular millatni, ma’naviyatni, ilm-fanni bir necha o‘n yillar yemirgan eshakqurtlar, madaniy qo‘ylar.

E’tibor berilsa, romandagi obrazlarga ismlar berilmagan. Xususan, amakilarini to‘ng‘ich, suvchi, domla, traktorchi, tabelchi, kenja deb atay umumiy nom bilan ataydi. Nom berishga arzimaydigan toifa ular.

Asarni mehr bilan hikmat va haqiqat izlab o‘qigan odam “Sevgi ham besh harf, kafan ham”, “O‘lim qahramonlik bo‘lmagan, tiriklar kerak millatga!”, “Tarixga tupurish san’ati fan qilib o‘qitildi” kabi jumlalarga duch keladi. “Yo Xudoyim, to qiyomat Vatan bizga omonatdir, omonatdir, unga xiyonat – qiyomatdir, qiyomatdir, qiyomatdir!”. Roman shunday xitob bilan tuganchiga yetadi.

Tanqid va xato – izlagan uni ham romandan bemalol topadi. “Haqiqatni topishdan ko‘ra, xatolarni topish oson bo‘ladi” (I.V.Gyote). Negiziga achchiq haqiqatlar singdirilgan asarlarning haqiqatini topib o‘qish va uqish kerak.

Tabiiyki, “Qo‘rqma” romanini o‘qish jarayonida fikrlar paydo bo‘ladi: badiiy asar his-tuyg‘uli, hayrat-hayajonli, quvonch-qayg‘uli, fayzli bo‘lsa, misoli gurkiragan yam-yashil daraxtga o‘xshab ko‘rinadi. Bunday sifatlarga ega bo‘lmagan asar ham daraxt. Ammo uning barglarini sovuq urgan, ildizi bo‘sh, shoxlari qurib qotgan bo‘ladi. Ko‘zga xunuk ko‘rinadi, soyasi o‘ziga tushmaydi. “Qo‘rqma” — gurkiragan yam-yashil daraxt. Ammo ora-sira bir-yarim quruqshoq novdalari ham bor. Odam ba’zan o‘sha shoxchalarga osilib oladi. Holbuki, ularni gulqaychi bilan beozorgina butash kerak. Shuningdek, ayrim behayo, yalang‘och epizodlarni par­dalash, o‘zbekning qiyl-u qoli va mukarram holiga noloyiq ayrim tasvirlarni badiiy adabiyotning ramzlar tiliga ko‘chirish lozim ham edi. Yumshoq qilib, ayab aytganda, go‘yo arzimas bo‘lib ko‘ringan bunday nuqtalar asarning umumpafosiga zaha yetkazadi. Yoshlikka bahor va yashillik yarashadi. Yoshlik ehtiroslar, orzular, tuyg‘ular, yaxshilik va yashillik bilan birga tug‘ishgan bo‘ladi. Orzular bahor bilan aka-uka, opa-singil tutinadi. “Qo‘rqma” yosh yozuvchining shunday palladagi ijod mahsulidir.

Xulosaga keldim. Zamonaviy o‘zbek adabiyoti tarixida sanab o‘tiladigan, o‘qishga tavsiya qilinadigan asarlar bor. Ular nomini ko‘pchilik biladi. Takrorlashga zarurat bo‘lmasa kerak. Menimcha, “Qo‘rqma” kelgusida shu sanoqli romanlar qatoridan joy oladi. O‘zbek adabiyoti tari­xining uzun yo‘li va yo‘llarida muhta­sham ma’naviyat bekatlari bor. “Qo‘rqma” adabiyotchilarni Javlon Jovliyev bekatida bir to‘xtab, o‘ylashga undaydigan, va hatto majbur qiladigan roman, menimcha.

Yolg‘onchi va qo‘rqoq xalqqa aylanib qoldik – “Qo‘rqma” romani muallifi bilan suhbat

Yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi. 10 yillarkim kattalardan shu gaplarni eshitib keldik. Ba’zan o‘ylab qolamiz, bu davr bilan bog‘liq hodisami yoki asar bilan. O‘zgargan, tezlashgan, texnogiyalashgan dunyoning bugungi yoshlariga mos asarning o‘zi bormi? Yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi, deb ularni oson ayblashga asosimiz-chi?

Yosh yozuvchi Javlon Javliyevning “Qo‘rqma” romani ko‘pgina kitob ixlosmandlarining e’tiborini qozonibgina qolmay, umuman kitob o‘qimay qo‘yganlarni ham yana kutubxonaga qaytardi. Roman chop etilishi bilan 21 kunda rekord darajada sotildi. Ushbu asarni yozishda muallifda qo‘rquv bo‘lganmi? Yillar o‘tib kitob zapretga tushishi mumkinmi? Kitob nega tarix haqida? Biz mustaqillikdan so‘ng, jadidlarni tanimadik va tanitmadik. Muallif jadidlar hayotini va ijodini qalamga olishidan maqsad nima edi? Shu kabi savollarga javob olish maqsadida QALAMPIR.UZ yosh yozuvchi Javlon Javliyev bilan suhbatlashdi.

“Qo‘rqma” asarining muallifi Javlon Javliyev bilan to‘liq intervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Sardor Ali Nurmatov, jurnalist: — Javlon aka, siz yozgan “Qo‘rqma” asari ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. “Qo‘rqma”ni yozishda qo‘rqmadingizmi?

Javlon Javliyev, yozuvchi: — Insonda har doim qo‘rquv bo‘ladi. Hammada o‘zining qo‘rquv chegaralari bor. O‘sha chegaralarining ko‘payib yoki kamayib borishi kishining o‘ziga bog‘liq, deb o‘ylayman. Bizda shunday qarash bor: yoshlar roman yozishiga hali erta, katta yoshdagi odamlar roman yozishi kerak. Lekin dunyoda hali 30 yoshga kirmay, katta-katta roman yozgan yozuvchilar bor. Shu orqali men ham bugungi kunga oyna tuta oladigan, millatning fojiasini ko‘rsata oladigan roman yozishga harakat qilganman.

S.N.: — Bugun yoshlar ko‘proq boy bo‘lishni o‘rgatadigan kitoblarni o‘qishmoqda. Siz nega aynan tarix mavzusida roman yozdingiz?

J.J.: — Boy bo‘lishga oid kitoblarning aslida adabiyotga aloqasi yo‘q. Ular faqat maslahat beradi. Adabiyot esa doim inson haqida gapiradi, insonni tahlil qiladi. Adabiyot millatning dardi nima ekanligini, nima uchun tuzalmayapti, dunyodagi yechimini topa olmayotgan muammolarni yoritadi. Mening ham maqsadim millatning dardini ko‘rsatish bo‘lgan.

S.N.: — Biz mustaqillikdan so‘ng, jadidlarni tanimadik va tanitmadik. Siz ularni yoritishdan maqsadingiz nima edi?

J.J.: — To‘g‘ri aytdingiz! Yaqin-yaqingacha jadidlarni kim sotgani va ko‘pgina sirlarni yashirib keldik. Balki buning siyosiy tomoni bordir. Lekin, biz ko‘p narsa yo‘qotdik, deb o‘ylayman. Yangi jadidlar tug‘ilishi uchun jadidlar eslanishi kerak. Ular hikoya qilinishi, kinolarda yoritilishi lozim. Jadidlarning ko‘pini tanimasligimiz – bu bizning falokatimiz.

Bizning avlod jadidlarning ko‘pchiligini tanimasligi – bu fojiamiz! Lekin hamma yoshlar ham tanishi shart emas. Mamlakatni ushlab turadigan, davlat kelajagi aynan ularning qo‘lida bo‘lgan 5 foiz qatlam bor. O‘sha qatlam ziyollar. Ana shu odamlar jadidlarni tanishi kerak.

Meni kitob yozishga undagan narsa shuki, biz ma’lum bir jadidlarni bilamiz, xolos! Biz ko‘p hollarda 37 yillardagi qatag‘onda vafot etgan Fitrat, Cho‘lpon va Usmon Nosirlar bilan cheklanamiz. Ammo mana shu qatag‘onda juda katta-katta jadidlarimiz vafot etgan. Har bir sohadagi katta liderlar qirib tashlangan.

S.N.: — Nima uchun bugun ular eslanmayapti?

J.J.: — Eslashga harakatlar boshlangan, eslanyapti ham. Bozor qonuni bor-ku, taklif bo‘lsa, talab ham bo‘ladi! Jadidlar hayoti bo‘yicha Shahidlar xotirasi muzeyi har yili kitob chiqaradi. Jadidlar haqida oldin ham maqola yozilardi, suratlarda aks ettirilardi, lekin keng jamoatchilik unchalik ham qiziqmasdi. Ularning hayotini, kerak bo‘lsa, kinolarda yoritishimiz kerak.

Adabiyot – o‘quvchini o‘ziga qiziqtirib, o‘z olamiga olib kiruvchi vosita. U o‘quvchini sehrlash qobiliyatiga ega. Adabiyotning qudrati ham shunda. Jadidlarni biz ko‘proq targ‘ib qilishimiz, targ‘ib qilishni ham eski usulda emas, XXI asrga mos tarzda amalga oshirish kerak. Ularni har kim targ‘ib qilishi mumkin. Masalan, jadidchilik bilan bog‘liq bittagina so‘zni Instagram sahifangizga joylash orqali ham ularni targ‘ib qila olasiz. Ularni targ‘ib qilish bir kishiga bog‘liq narsa emas. Jadidlarni eslashimiz – bu kelajakni o‘ylshimiz.

S.N.: — “Qo‘rqma”da yuz yil oldingi Turkiston xalqining uyquda ekanini yozgansiz. Bugun ham o‘zbek xalqi uyqudami?

J.J.: — Yuz yil oldin xalqimizda “uyg‘onmoq” g‘oyasi bo‘lgan. Jadidlarning ko‘p she’rlariga e’tibor bersangiz, uyg‘onish kerakligi haqida aytiladi. Bugun xalqimizni uyg‘onmagan, deb ayta olmayman. Chunki xalqimiz uyg‘ongan va nima qilayotganini biladi. Xalqimiz aqlli bo‘lib bormoqda. Bundan buyog‘iga biz harakat qilishimiz kerak. Uyg‘onish hech narsa emas ekan. Biz uyg‘ondik. Bugun savodimiz bor, bilimimiz bor. Harna maktab ko‘rganmiz va keyingi avlodimiz ham ta’lim olmoqda. To‘g‘ri, biz uyg‘ondik! Lekin ta’limdan chiqayotgan shuncha kadrlar qayerga ketyapti?! Qator diplomlarimiz bor, lekin ularning sifati yo‘q. Bizga jur’at va qo‘rqmaslik shijoati kerak. Biz kishanlangan qobiqlardan chiqishimiz kerak. Shundagina biz o‘zgarishimiz mumkin. Fitrat yuz yil oldin “Najot – ta’limda”, degan edi. Hamon bizning najotimiz ta’lim.

S.N.: — Najotimiz ta’limda ekan, nima uchun ta’limga e’tibor berilmayapti?

J.J.: — Ta’limga e’tibor ko‘proq bo‘lishi uchun e’tibor beradigan mutaxassislar kerak. Biz najotni ta’limda ko‘ryapmizu hali ham ta’limga eskicha munosabatda bo‘lyapmiz. Asarim qahramonlari bevosita bugungi kundagi ta’lim tizimidagilar. Ularning ko‘pchiligida maqsadsizlik bor. Universitetlarga borib ko‘rsangiz, ko‘pchilikning orzusi chetda o‘qish. U yerda qolib ketish, demayapman ularning orzusi chet elda o‘qish. Buning sababi o‘zimizdagi ta’limdan qoniqmaslik va ishonmaslik.

S.N.: — Mana shu gaplaringizdan kelib chiqib, bir narsani aytishim kerakki, 1990 va 2000 yillar, ya’ni 10 yil oralig‘ida “Umid” fondidan 800 nafar yoshlar Amerika, Germaniya va Italiyaga o‘qish uchun jo‘natilgan. Lekin, ularning ko‘pchiligi qaytib kelmagan. Bunga sabab nima edi?

J.J.: — Juda o‘rinli savol berdingiz. “Umid” jamg‘armasining bolalari ham juda ko‘p qiynalgan. Bugun ularning ko‘pchiligi O‘zbekistonning lider kadrlariga aylangan. Aksariyati qaytib kelmagan. Chunki ular bu yerga qaytib kelganidan keyin turli to‘siqlarga uchrashini bilgan. Turkiyaga borib kelgan ayrim yoshlar Vatanga qaytganidan keyin turli tazyiqlarga uchragan. Bu kabi holatlar arxivlar asosida keyinchalik, albatta, o‘rganiladi. Ularning ko‘pini dardi bor. O‘ylashimcha, ularning ichida shaxsiy manfaati ustunlik qilgan insonlar ham bo‘lgan. Ya’ni, pul qayerda bo‘lsa, o‘sha yerni Vatan deydiganlar ham bor.

Biz 1920-1922 yillarda yuborgan talabalarimizni 1937 yilda otib tashlashlariga indamay qarab turgan xalqmiz. 1991 yilda ketgan talabalarimizni ham shunchaki kuzatdik, taqdiriga qiziqmadik. Ko‘pchiligining umri boshqa mamlakatlar uchun sarf bo‘lyapti. “Umid” jamg‘armasidan ketib, O‘zbekistonga qaytib kelmaganlar aynan hozir Vatan uchun hissa qo‘shishlarini xohlayman.

S.N.: — Hozir ko‘p davlatlar ta’lim grantlarini ajratib, dunyoning boshqa mamlakatlaridagi eng yaxshi o‘quvchilarni jamlab olyapti. Bizda ko‘pchilik Yevropada ta’lim olishni va o‘sha yerda qolishni xohlaydi. Bunga sabab nima?

J.J.: — Masalan, men shifoxonaga borsam, tizimdan juda ham jahlim chiqadi. Chunki u yerda odamlarning xorligini ko‘rasiz. Yaqinda Telegram kanalimda o‘z fikrlarimni yozgandim. Biror xalqning qanday ekanligini bilmoqchi bo‘lsang, bozoriga bor, mozoriga bor, degan gaplar eskirdi. O‘zbek xalqining qanday ekanligini bilmoqchi bo‘lsang, shifoxonasiga bor, to‘yxonasiga bor. Odamlarning to‘yda qanchalik sarf-xarajat qilib, o‘ziga zarar qilayotganini, shifoxonalarda qiynalayotgan xalq qatlami borligini, ularning qanchalik madadga tashna ekanini ko‘ring. Bu bir jabha. Kadrlar biror to‘siqqa uchrayaptimi, biror jabhada o‘z imkoniyatini ko‘ra olmayaptimi, u chetga chiqishga intiladi. Chetda o‘qiyotgan odamlarning chiroyli postlarini o‘qiyapti, suratlarini ko‘ryapti va unda ham chetda o‘qish istagi paydo bo‘lyapti. Undaylar millionlab topiladi. Bu tabiiy hol. Barcha kuchli kadrlarimiz ketaversa, O‘zbekiston qachon rivojlanadi? Agar yaxshi shifokor bo‘lmasa, biz davoni kimdan topamiz? Yuz yil oldingi xatolarimizni yana takrorlashda davom etyapmiz. Biz “oltin” kadrlarni saqlab qolishni bilmayapmiz. Bu kadrlar millatning qon tomirlari. Mamlakatni hech qachon balandparvoz gaplar o‘zgartirmaydi.

Men 1950 yillar adabiyotlarini o‘qib ko‘rdim. Faqat shior gaplar yozilgan. Mustaqillik davrida ham biz faqat “ura-ura” gaplarni yozishni eplay oldik. Xuddiki, o‘sha davr (SSSR davri – tahr.)dagi “Partiyamiz uchun”, degan so‘z boshqa so‘zga almashib qolgandek. Menimcha, bugun bizda qaysidir ma’noda so‘z erkinligi va ijod erkinligi bor. So‘z erkinligi bo‘lgani uchun ham mana shu roman yozildi. Agar so‘z erkinligi bo‘lmaganda, yozilmasdi ham, chop etilmasdi ham.

S.N.: — Agar tarixga qaraydigan bo‘lsak, Yevropa bizning eng buyuk ajdodlarimiz Al-Beruniy, Al-Xorazmiy, Ibn Sinolarning kitoblarini o‘z tiliga tarjima qilgan va hayotga samarali tatbiq qila olgan. Biz esa og‘iz ko‘pirtirib, ajdodlarimizni maqtashdan uyog‘iga o‘tganimiz yo‘q. Nima uchun biz bugun ajdodlarimiz kitoblarini o‘qiy olmayapmiz? Ularni tarjima qilmayapmiz? Vaholanki, ular bizning ajdodlarimiz!

J.J.: — Ajdodlarimizning juda katta qo‘lyozmalari bor. Ularning juda kam qismi o‘rganilgan. Birinchidan, “oltin” kadrlarning yo‘qligi sababli! Bu asarlarning ko‘pi arab tilida, fors tilida yozilgan. Ularni tarjima qilib, chop etadigan tizim yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. Bilaman, u yerda olimlar juda katta qiyinchiliklar bilan ishlashadi va ularning soni juda kam. Nafaqat bu asarlar, balki dunyoning eng yaxshi ilmiy asarlari matematika, fizika, falsafaga oid, umuman bizni yuksaltiradigan kitoblar o‘zbek tiliga tarjima qilinmagan.

S.N.: — Demak, XII-XV asrlarda sivilizatsiya o‘chog‘i bo‘lgan Movarounnahr hozir uyquda.

J.J.: — Uyqudan uyg‘onishni istayotgan holatda. U uyqudan turishni istayapti, lekin mudroq.

S.N.: — Yoshlar orasida ma’lum bir vaqt kitobga bo‘lgan mehr tushib ketdi. Bunga sabab nima deb o‘ylaysiz?

J.J.: — Birinchidan, mamlakat fuqarolarining qiyinchilikda yashayotgani! Ota-ona kun bo‘yi tirikchilik uchun tirishadi, mehnat qiladi va farzandiga kitob tutishga vaqti bo‘lmaydi. Otalar chetga ishlash uchun ketadi, onalar uy-ro‘zg‘or ishlari bilan band. O‘z-o‘zidan xonadonlarga kitob kirib bormay qoldi. Qolaversa, 2006 yilgacha yaxshimi, yomonmi, O‘zbekistonda 17 000 ta kutubxonalar bo‘lgan. Biz bugun 17 000 ta kutubxonani yo‘qotdik.

N.S.: — Sabab?

J.J.: — Kutubxonalar yopilgan. Hukumat qarori bilan 2006 yilda barcha kutubxonalar kollej kutubxonalari va axborot resurs markazlari bilan birlashtirib yuborilgan. Oddiy kutubxonalarga hamma borishi va kitob o‘qishi mumkin bo‘lgan. Lekin u kollej kutubxonalari bilan birlashtirib yuborilganidan so‘ng, u qo‘riqlanadigan hududga aylandi. Hamma ham yurak yutib, u yerga kirib bora olmagan. Kollej ham 6-7 ta qishloqning o‘rtasida joylashgan. Avvallari esa qishloq kutubxonasi, kolxoz kutubxonasi, bolalar kutubxonasi bo‘lar edi. Men tug‘ilgan Qamashi tumani G‘ishtli qishlog‘ida 3 ta kutubxona bo‘lgan. Ularning har biri katta fondga ega edi. Bugun esa bitta ham yo‘q. Ularning barchasi ko‘chish jarayonida yo‘qolgan.

Alisher Navoiyning ayrim asarlari “Yosh gvardiya” jurnalida chiqardi. Mustaqillikdan keyin bu kabi jurnallarni ayrim savodsiz kutubxonachilar uylariga olib borib, yoqishgan. “Sovet” so‘zi bilan bog‘liq nimadir ko‘rishsa, yoqaverishgan. “U balki yaxshi asardir”, deb o‘ylab ham ko‘rishmagan. Bu kitoblar xalqimizning puliga, mehnati evaziga kelgan edi.

Hozir kitobxonlikni targ‘ib qilyapmiz, lekin mahallalarda kitob o‘qiydigan joyning o‘zi yo‘q. “Yoshlar kitob o‘qimayapti”, deyishdan uyalishimiz kerak. Biz ularga kitob beraylik. Men “Qo‘rqma” romanimdan keyin shuni angladimki, kitob o‘qiydiganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Biz ularga kitob berishimiz kerak.

S.N.: — Kitob o‘qish individual masalami?

J.J.: — Avvalo, inson kitobni o‘zi uchun o‘qiydi. Uning kitob o‘qishiga jamiyatdagilar ham ta’sir qilishi mumkin. Masalan, kitob o‘qigan inson yaxshi yashayotgan bo‘lsa, unga qarab siz ham kitob o‘qiysiz. Kitob o‘qigan odam tushgacha dars o‘tib, tushdan keyin mardikorlik qilayotgan bo‘lsa, albatta, hech kim kitob o‘qishni istamaydi. Kitob o‘qish jamiyat bilan bevosita bog‘liq masala.

S.N.: — Kitob o‘qiyotganlarga e’tibor 10 yil oldin qanday edi-yu hozir qanday?

J.J.: — Yaqinda tashkil etilgan “Yosh kitobxon” tanlovi juda katta masshtabli ish bo‘ldi. U juda ko‘pchilik yoshlarni kitobga qaytardi. Spark olaman, degan millionlab yoshlar ariza topshirdi. Biz o‘qigan davrlarimizda o‘sha paytdagi Prezidentning kitoblarini yodlatishardi.

S.N.: — Demak, bosim bo‘lgan!

J.J.: — Yo‘q, buni bosim deb bo‘lmaydi. “Prezident asarlari” degan darslik bo‘lardi. Biz o‘sha kitobni yodlardik. Bitta kursdoshim kitobning har bir bob, har bir betini nuqta-verguligacha yodlab chiqqandi. Demoqchimanki, kitob hech qachon majburan o‘qitilmasligi kerak. U yaxshi bo‘lsa o‘qiysiz, bo‘lmasa yo‘q. O‘qiysiz, u yoqsa do‘stlaringizga tavsiya qilasiz yoki targ‘ib qilasiz.

S.N.: — Uyda kitob o‘qib o‘tirsam, dadam kelib, “Undan ko‘ra foydali ish qilsang bo‘lmaydimi?”, der edilar. Nima deb o‘ylaysiz, ularda bunday fikr qanday shakllanib qolgan?

J.J.: — Menda ham xuddi shunday bo‘lgan. Lekin menda bir savol bor: kitob o‘qimasdan qanday olim bo‘lish mumkin? Kitob o‘qiyotgan insonlarning jamiyatdagi o‘rni, hurmati va obro‘si bo‘lsa, u sharaflanadi. “Yosh kitobxon” degan tanlov boshlangandan keyin maydonga “kitobxon”, degan so‘z ham chiqdi. “Kitobxon” degan qahramonlar paydo bo‘la boshladi! Bizning davrimizda bunday qahramon yo‘q edi. Yaqin 10 yillikda bunaqa qahramon bo‘lmasdi. “Kitobxon” degan qahramon millatimizdan uzoqlashib qolgandi. U qahramon emasdi. Xalqimizda unga “shoirtabiat”, “xayolparast” degan so‘zlarni ishlatishardi. Lekin hozir kitobxon degan qahramon bor. U o‘zining ortidan boshqa yoshlarni ham ergashtiryapti.

S.N.: — “Qo‘rqma” romani so‘z erkinligining mahsulimi?

J.J.: — Aynan “Qo‘rqma” romani – so‘z erkinligining mahsuli. Asarni 2016-2017 yillarda yozishni boshlaganman. Bu kitobda yuz yil oldingi va bugungi fojialar hamda ko‘pgina ochiq-ochiq gaplar bor. Kitobim chop etilmaydi, ko‘plab tazyiqlarga uchraydi, deb o‘ylaganman. Lekin hech joyi qisqarmay chop etildi.

S.N.: — Demak, senzura qilinmadi?

J.J.: — Aslida O‘zbekistonda rasmiy senzura yo‘q. Senzura degan tizim Sovet davrida va mustaqillik yillarida bo‘lgan. Haqiqiy senzura –muallifning o‘zi. Jamiyat shunday asarlarni ko‘tara olyapti va kerak ekanligini bilmoqda.

S.N.: — Siz yoritgan mavzu juda o‘g‘ir va nozik. Kitobingiz yillar o‘tib zapretga tushishidan qo‘rqmaysizmi?

J.J.: — Biz yashayotgan davr yuz yil oldingisiga o‘xshab ketadi. Ya’ni yuz oldin ham mana shunday erkinliklar, yuksalishlar bo‘lgan. Buni vaqt ko‘rsatadi. Lekin har bir asarda yorug‘lik, umid bo‘ladi. Chingiz Aytmatov “Mening qahramonlarim dardchil odamlar, lekin ularning ko‘ksida umid bor”, deydi. Menda ham umid bor: biz hech qachon so‘z erkinligidan qaytmaymiz. Buyuk ajdodimiz Cho‘lpon aytganidek, “Xalq dengizdir, xalq to‘lqindir, xalq kuchdir”. Mana shu xalq uchun yozamiz.

S.N.: — O‘zbekistonda yozuvchilarga e’tibor qanchalik kuchli?

J.J.: — Hozir e’tibor yaxshi, lekin zo‘r emas. Yozuvchi uchun eng katta baxt – uning kitobi chop etilishi. Ba’zida yozuvchining chop ettirmoqchi bo‘lgan kitobi PDF shakli tarqab ketadi. Asarni muhofaza qilish va mualliflik huquqini himoya qilish ancha qiyin. Davlat nashriyotlari esa juda kam qalam haqi evaziga chop etadi. Bu mablag‘ yozuvchining bir oylik maoshiga teng bo‘lishi ham mumkin! Ya’ni, 2-3 million so‘m evaziga necha yillik mehnatini berishiga to‘g‘ri keladi.

Roman yozish katta vaqt talab qiladi. O‘zini hurmat qilgan ko‘pchilik yozuvchilar yaxshi mablag‘ olmaganidan boshqa yo‘nalishga o‘tib ketishdi. Ayrimlari esa maddohlikni tanlashdi. Chunki ular quruq maqtov va buyurtma asarlar yozayotganlarning yaxshi yashayotganini ko‘rdi. Ularning kitoblari chop etilib, yaxshi rag‘bat berilayotgani sababli shundaylar ko‘payib ketdi. Yoshlar orasida ham juda ko‘p. Ya’ni yosh bo‘la turib maddohlikka intilyapti. Aslida shoir yoki yozuvchi o‘jar xalq bo‘lishi, haq gapni gapirishlari kerak. Lekin bugun shoir va yozuvchilar emas, ko‘proq bloger va jurnalistlar to‘g‘ri gapni gapiryapti. Ular nima uchun maddohlikni tanlamoqda? Chunki ular yozayotgan kitoblari uchun yetarli rag‘bat ko‘rmayapti. Agar biz gonorar va yetarli qalam haqi tizimini to‘g‘ri yo‘lga qo‘ymas, yozuvchining kitobini muhofaza qilmas ekanmiz, bu muammo yechilmaydi. 20 yil oldin ham shunday edi, hozir ham shunday. lekin bitta katta ish bo‘lgan. Bu ham bo‘lsa, Yozuvchilar uyushmasi va Adiblar xiyoboni tashkil etilgani.

S.N.: — O‘zbek adabiyotining bugungi davrini qanday baholaysiz? U jarlikka kelib qolmadimi?

J.J.: — Bugun faqat adabiyot emas, ko‘pgina sohalar jarlikka kelib qolgan. Adabiyotni jarlikka tushirib yuborish ham, uni saqlab qolish ham o‘z qo‘limizda! Bu esa bevosita yosh avlod bilan bog‘liq masala. Katta-katta ustozlarimiz bor va ular yosh avlodni ruhlantirishi, adabiyotga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirishi kerak.

O‘zbekistonni shoirlar mamlakati, desak ham bo‘ladi. Chunki yosh shoir va yozuvchilarimiz juda ko‘p! Ularning ko‘pi iste’dodli. To‘g‘ri, yoshligidan maddohlikka intilayotganlari ham bor, lekin kuchli shoirlarimiz juda ko‘p. Yozuvchilarimiz orasida kamdir, lekin shoirlar orasida kuchlilar juda ko‘p! Biz ularga yangi qon bo‘lib, adabiyotni jarlikdan olib chiqishimiz kerak.

N.S.: — Demak maqsadingiz o‘zbek adabiyotini jarlikdan olib chiqish?!

J.J.: — Hali jarlikka tushmagan. Uni qutqarishga urinayotgan kuchli odamlar bor. Biz bugun jar yoqasiga kelib qolgan o‘zbek adabiyotini yuksaklikka olib chiqmoqchimiz. Bizning adabiyot – dunyo miqyosiga chiqishga munosib adabiyot.

S.N.: — Barchamizga ma’lumki, O‘zbekistonda qizlar uchun “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti ta’sis etilgan. Bunga loyiq ko‘rilgan qizlarga ushbu mukofot beriladi. Lekin ular chiqargan kitoblarga e’tibor qaratsangiz, saviya yo‘q! Lekin ular o‘zlarini buyuk shoira ekanliklarini aytishadi. Siz bunga qanday qaraysiz?

J.J.: — Bu savolingizni ushbu mukofotni berayotganlarga bersangiz to‘g‘riroq bo‘ladi. Bu mukofot bilan uchalik ham qiziqmayman. Ularning orasida ham yaxshi shoiralar bor. To‘g‘ri, ko‘pchiligi “haybarakallachi” bo‘lib ketmoqda. Chunki bizga shunday odamlar kerak.

“Zulfiya” mukofotini olish uchun ariza topshiriladi, to‘g‘rimi?! Nazarimda, mukofot beruvchilarning o‘zi ushbu mukofotga loyiqlarni qidirib topishi kerak. Mukofot uchun ariza topshirildimi, demak uning tagida qandaydir manfaat yotadi. “Zulfiya” mukofotini olish ham shaffoflashishi kerak. Zulfiyaga munosib, iste’dodli qizlar juda-juda ko‘p.

S.N.: — Nima uchun odamlarda Vatanga muhabbat kamayib ketdi?

J.J.: — Zo‘r savol berdingiz. Biz 70 yil qattiq rejimda yashaganmiz. Biz mustamlaka tuzumida ezilgan xalqmiz. Biz mag‘lub etilgan xalqmiz. Afsusuki, shunday! Biz Temurning yuragidagi navqironlik, uning yuragidagidek kuch, gap qaytara olish, yovga tik boqa olish, o‘limdan qo‘rqmaslik kabi sifatlarimizni yo‘qotib bo‘ldik. Birgina Ozarbayjon xalqining, Kavkaz xalqining yovqurligiga qarang! Biz ham ulardan farq qilmaydigan darajada yovqur edik.

Maqsud Shayxzodaning “Jaloliddin Manguberdi” deb nomlangan dramasi bor. Qizning eri Samarqand shahri hokimi edi va bu shahar yengiladi.

Shu qizning eri bilan suhbatiga e’tibor bering:

— Samarqandga nima bo‘ldi?
— Samarqand mag‘lub bo‘ldi!
— Sen nega unda tirik kelyapsan? Men Vatan himoyasi yo‘lida o‘lgan askarlarning jasadi ustida yig‘layotgan kanizak va cho‘rilarga havas qilaman. Sen menga oltinu javohirlar olib kelibsan. Qani edi, qon bilan bo‘yalgan mo‘g‘ul kallasini olib kelganingda! Qani edi, men hozir sening yaralaringni bog‘lasam, Vatan urushida qo‘llaring kesilganda edi.

Qarang, bizni qanday onalar tarbiya qilgan. Hozir esa, aksincha! Bolaning yoshligidan noto‘g‘ri tarbiya qilishadi: siyosatga aralashma, unday qilma, bunday qilma, deb bolani cheklashadi. Biz bu holatga o‘z-o‘zidan kelib qolmadik, bizni shunday tarbiyalashgan. Chunki 37-yillarda siyosatga aralashganlar otilgan. 53-yilda yana qayta shunday bo‘lgan. 80-yillarda yana qirg‘in bo‘lgan. Buning natijasida esa biz o‘z-o‘zidan qo‘rqoq bo‘lib qoldik. To‘g‘ri gapni aytmaslikka, oson chekinishga, qaysidir ma’noda yolg‘onchiga aylanib qolganmiz. Shunga o‘xshash bir asar ham bor: “Yolg‘onchilar mamlakati”, degan. Jamiyatimizga ham qarang, hech kim bir-biriga ishonmaydi. Nega ishonmaymiz? Bizni aldab ketishidan qo‘rqamiz. Bu xalqimizga singib qolgan juda yomon illatga o‘xshaydi. Aslida biz bunday xalq emasmiz.

S.N.: — Asaringizda “Ona qornidan tug‘ildingmi, demak siyosatga aralashibsan”, deb yozgansiz.

J.J.: — Ha, shunday yozilgan. “Ona qornidan tug‘ildingmi, demak siyosatga aralashibsan. Agar siyosatga aralashishni istamasang, onangni qornida tug‘ilmaslik uchun oyog‘ingni tirab, turib ol”, degan jumlalar mavjud. Ya’ni, tug‘ildingmi, albatta siyosatni ichidasan. Jorj Oruell “Siyosatga aralashmayman, degan gapning ichida ham siyosat bor”, degandi. Biz tug‘ildik, sal katta bo‘lamiz va maktabga boramiz. Bu ham siyosat. Shifoxonaga boramiz – siyosat. Intervyu beramiz – siyosat. Biz o‘z huquqlarimizni taniganimizda yaxshi jamiyat tuza olamiz, deb o‘ylayman. Huquqlar tanilgan va qonunlar ishlaydigan mamlakatda rivojlanish bo‘ladi.

S.N.: — Tohir Malik, Said Ahmad yoki Abdulla Qodiriy kabi qalami o‘tkir yozuvchilar o‘zbek xalqidan yana yetishib chiqadimi?

J.J.: — Albatta yetishib chiqadi. O‘zbek xalqi tarixlarni yana qayta tug‘averadi. Biz ularni asrashimiz, avaylashimiz kerak. Oqqan daryo, oqmay qolmas, deyishadi-ku! Biz ularni “gastarbayter” bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak.

N.S.: — Yosh iste’dodlarni asray olyapmizmi?

J.J.: — To‘la-to‘kis emas. Umuman olganda, adabiyot sohasida inson o‘zini o‘zi asrab qolishi kerak. U yozuvchi sifatida o‘zini o‘zi asrab qolmas ekan, yengiladi. Ijodkor yoshlarni asrab qolish uchun biz ularga yanada yaqinlashishimiz kerak.

S.N.: — Yozuvchilikni tanlaganingizdan afsuslangan paytlaringiz bo‘lganmi?

J.J.: — Yo‘q, afsuslanmaganman! “Qo‘rqma” romanim chiqishidan oldin o‘z oldimga qo‘ygan maqsadim bor edi. Yozishim kerak bo‘lgan mavzularni reja qilib olganman. Shuni yozmasam bo‘lmaydi, deb o‘zimga ahd qilganman. O‘qiyotgan paytimda ham yozuvchi bo‘lishni maqsad qilgandim va boshqa yo‘nalishda o‘zimni tasavvur qila olmayman. Menga boshqa yo‘l yo‘q ekanligini, menga Alloh bergan qismat, men bajarishim kerak bo‘lgan missiya shu ekanligini anglab yetganman. Boshqa bahona yo‘q.

“Qo‘rqma” asarining muallifi Javlon Javliyev bilan to‘liq intervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Sardor Ali Nurmatov

Qiziqarli malumotlar
Yolg‘onchi va qo‘rqoq xalqqa aylanib qoldik – “Qo‘rqma” romani muallifi bilan suhbat