Yo‘lbars, kiyik va tulki
Bir kuni yo‘lbars tog‘ etagida aylanib yurib daraxtlar ostidagi ko‘m-ko‘k maysalarni yeb yurgan kichkinagina kiyikchani ko‘rib qolibdi. Kiyikcha yo‘lbarsni ko‘rib, qo‘rqqanidan turgan yerida qotib qolibdi. Hech qayerga qochib bo‘lmas ekan-da! Yo‘lbars, kiyik va tulki
DO`STLARGA ULASHING:
Shunda kiyikcha butun jasoratini to‘plabdi-da, yo‘lbarsni aldashga qaror qilibdi. U bu yo‘lbarsning tirik kiyikni ilgari hech ko‘rmaganligini bilarkan. Shuning uchun o‘zini yo‘lbarsni ko‘rmaganlikka solibdi-da, teskari qarab indamay o‘tlab yuraveribdi.
Yo‘lbars bu g‘alati hayvon nega qochmadiykin, deb ajablanibdi. Keyin yaqinroq kelib:
— E birodar, boshingizdagi shoxingiz nima uchun kerak? — deb so‘rabdi.
Kiyikcha kulimsirab:
— Yo‘lbarslarni tilka-pora qilish uchun, — deb javob beribdi.
— Nima uchun biqinlaringizda xollar juda ko‘p? — deb so‘rabdi tag‘in yo‘lbars.
Kiyikcha unga:
— Har safar yo‘lbarsni yeganimda bittadan oq xol paydo bo‘laveradi. Sendaqalardan shunchalik ko‘p yedimki, endi bu xollarni sanasam adashib ketaman, — debdi.
Bu so‘zlarni eshitgan yo‘lbars qo‘rqib qochib ketibdi. Yo‘lda tulkini uchratibdi-da, unga qo‘rqqanining sababini aytib beribdi. Tulki qah-qah otib kulibdi.
— Kiyikcha seni rosa mazax qilibdi-ku! — debdi u. Biroq yo‘lbars uning gapiga ishonmay qo‘rqqanidan dag‘-dag‘ titrayveribdi.
— Agar shunchalik qo‘rqsang, ijozat ber, ustingga minib olay, ikkimiz kiyikchaning oldiga boramiz-da, hammasini aniqlaymiz, — debdi tulki.
Kiyikcha tulki bilan yo‘lbars ning birga kelayotganini ko‘rib, tulki haqiqatni aytib berganini payqabdi. Endi qanday qilib ulardan qutulish kerak?
Shunda u to‘satdan ovozining boricha baqira boshlabdi:
— Yasha tulkivoy, rahmat senga! Kecha «kattakon yo‘lbarsni haydab kelaman», degan eding, bugun keltiribsan, qoyilman, so‘zingning ustidan chiqar ekansan! Juda chiroyli yo‘l¬barsni keltiribsan-da! Ayni tushlik vaqtida yetkazib kelibsan-a!
Bu gaplarni eshitgan yo‘lbars bir sakrab bechora tulkini tishlab olibdi-da, tiraqaylagancha qochib ketibdi.
kiyik va tulki, Yo‘lbars