YEVROVIDENIE haqida
YEVROVIDENIE
YEVROVIDENIE (Yevropa koʻrsatuvi) — Yevropa radioeshittirish uyushmasi doirasida televizion dasturlarni xalqaro ayirboshlash boʻyicha tashkiliytexnik tizim. 1954-y. da tashkil topgan. Yevrovideniyega 50 mamlakatdan 69 televizion tashkilot hal qiluvchi ovoz b-n, 49 tashkilot maslahat ovozi bilan ishtirok etadi (2002). Barcha koʻrsatuvlarni ayirboshlashni Yevropa teleradioeshittirish uyushmasi muvofiqlashtiradi. U 1991-y. ning 1 yanv. dan Intervideniye xalqaro televizion tarmoq bilan qoʻshilib, umumevropa tashkilotiga aylandi. Uyushma istalgan paytda Yer kurrasining istalgan nuqtasidan muhim voqea-hodisalarni olib koʻrsatish imkoniyatiga ega. Uning yoʻldosh tarmogʻi orqali qitʼadagi barcha poytaxt shaharlar radiotelekanallar b-n oʻzaro bogʻlangan. Yevrovideniyening dasturiy muvofiqlashtirish markazi Jenevada, Texnik markazi Bryusselda. Yevrovideniye dasturining yarmidan ortigʻini kundalik axborot ayirboshlash (1958-y. dan) tashkil etadi, ularning asosiy taʼminotchisi Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, AQ. Sh teletashkilotlari.
Oʻzbekiston teleradiokompaniyasi Ye. bilan oʻzaro hamkorlik aloqalarini oʻrnatgan. U MDH mamlakatlari orasida Rossiya telekompaniyalaridan keyin ikkinchi boʻlib Yevrovideniyening yoʻldosh aloqa tizimiga toʻla koʻlamdagi chiqish va undan foydalanish litsenziyasiga ega boʻldi (2001). Bu qulaylik OʻzRga dunyo miqyosida tezkor axborot ayirboshlash tizimidan foydalanish imkoniyatlarini yaratdi.
Anvar Karimov.
Ensiklopediya.uz
YEVROVIDENIE