YEVROPA MARKAZIY BANKI haqida

YEVROPA MARKAZIY BANKI haqida

YEVROPA MARKAZIY BANKI

YEVROPA MARKAZIY BANKI (YEMB) — Yevropa valyuta ittifoqining asosiy muassasasi. Yevropa Ittifoqi qaroriga koʻra 1998-y. 1-iyunda tashkil etilgan. Boshqaruvi Germaniyaning Frankfurt-Mayn sh. da joylashgan. Asosiy vazifasi yagona valyuta — yevroni muomalaga kiritgan Yevropa valyuta ittifoqiga aʼzo mamlakatlar pul siyosatini amalga oshirishdan iborat. YEMB tizimi ikki bosqichli boʻlib, yuqori bosqichda YEMB va quyi bosqichda Yevropa iqtisodiy va pul hamjamiyatiga aʼzo mamlakatlarning milliy Markaziy banklari turadi. Bu Markaziy banklar ayni paytda YEMB bilan birga Yevropa Markaziy banklari tizimini hosil qiladi. YEMB va milliy Markaziy banklar boshqa har qanday Yevropa yoki milliy organlarning koʻrsatmalaridan foydalanmaydi yoki ularga amal qilmaydi. Bank barcha hisob-kitoblarni yevroda olib boradi va uning barqarorligini taʼminlashga xizmat qiladi. 1999-y. 1 yanv. dan boshlab pul siyosatini tartibga solish YEMB boshqaruvchilari Kengashining mutlaqi vakolatiga kiradi. Milliy Markaziy banklar boshqaruvchilari Kengash aʼzolari hisoblanadi.

Ensiklopediya.uz
YEVROPA MARKAZIY BANKI