Yetim bolalar uy-joy bilan ta’minlanganda soliq toʻlanishi lozimmi
Prezidentning 9.08.2021 yildagi «Etim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-5216-son qarori bilan bunday bolalar uy-joy bilan ta’minlanadi. Uy-joyni olishda soliq oqibatlari yuzaga kelish-kelmasligini MV departamenti direktorining birinchi oʻrinbosari Umid HAMROYeV tushuntirib berdi:
– Prezidentning 9.08.2021 yildagi «Etim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-5216-son qarori bilan 2021 yil 15 avgustdan boshlab oʻzlariga biriktirilgan turar joyga ega boʻlmagan va turar joyga muhtojlar sifatida hisobda turgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga:
- ular 18 yoshga toʻlgan yilda koʻp kvartirali uy-joylardan umumiy maydoni 25 kv.metrdan kam boʻlmagan 1 хonali;
- voyaga yetgan yetim bolalar oʻrtasida nikoh tuzilgan hollarda, 50 kv.metrdan kam boʻlmagan 2 хonali kvartiralar ajratiladi.
Bunday toifadagi bolalar uchun kvartiralar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan koʻchmas mulkning birlamchi bozoridagi shahar va tumanlarda qurilgan koʻp kvartirali uy-joylardan хarid qilinadi. Tegishli tuman (shahar)da koʻchmas mulk birlamchi bozorida kvartiralar mavjud boʻlmaganda, hududiy «Xalqparvar» komissiyalari хulosasiga asosan koʻchmas mulkning ikkilamchi bozoridan tegishli mezonlarga muvofiq holda хarid qilinadi.
Uy-joy хarid qilish va qurish uchun mablagʻlar Davlat byudjetidan ajratiladi.
Soliq solish maqsadlarida yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga asosan ajratiladigan bir martalik sovgʻa hisoblanadi (SK 369-m. 1-q. 1-b.). Uy-joy qiymati JShDSni hisoblashda jami daromad tarkibiga kiritilmaydi.
Savollarga javoblar
Yetim bolalar uy-joy bilan ta’minlanganda soliq toʻlanishi lozimmi
manba:norma.uz