YENOTSIMONLAR haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
YENOTSIMONLAR haqida malumot bilib oling.

YENOTSIMONLAR (Procyonidae) – yirtqich sut emizuvchilar turkumi oilasi. Tashqi koʻrinishi besoʻnaqay, oyoqlari kalta, tovonda yoki yarim tovonda yuruvchi besh barmoqli hayvonlar. Moʻynasi qalin, yumshoq. Dumi uzun (faqat katta pandada kalta), koʻpchiligida — qoramtir halqali, kinkaju turida — tutuvchi. 8 urugʻi (kakomisli, yenotlar, uzunburunlilar, olingo, kinkaju, kichik pandalar va b.), 15 turi maʼlum. Oxirgi ikki urugʻi baʼzan ayiqsimonlar oilasiga kiritiladi. Koʻpchilik turi Shim., Markaziy va Jan. Amerikada, faqat kichik va katta pandalar Jan.-Sharqiy va Markaziy Osiyoda uchraydi. Kichik panda Jan.Gʻarbiy Xitoy, Nepal, Shim. Myanma va Shim.-Sharqiy Hindistonda, katta panda Xitoyning Sichzan, Shensi, Gansu viloyatlari va Tibetda tarqalgan.

Shim. va Markaziy Amerikada yashaydigan chayuvchi yenot (Procyon lotor), Ozarbayjon, Belorussiya, Oʻrta Osiyo va Uzoq Sharqda iqlimlashtirilgan. Aralash oʻrmonlarda yashaydi. Shim. hududlarda qishda uyquga ketadi. Har yili bir marta tullaydi. Tuproqda qazigan inida, baʼzan daraxtlarning kovagida 2 tadan 8 tagacha bolalaydi. Qimmatli moʻynasi uchun ovlanadi. Katta panda Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan.

Ensiklopediya.uz
YENOTSIMONLAR