Yelkan va kema

Yelkan va kema

Yelkan va kema

Yelkanning ajdodi juda qadimdayoq, odam endigina qayiqlar yasab, dengizga chiqishga jur’at etgan zamonlardayoq paydo bo‘lgan deb hisoblanadi. Dastavval yelkan sifatida yog‘ochlarga mahkamlab bog‘langan hayvon terisi xizmat qilgan. Qayiqda turgan odamga uni doimiy qo‘lda tutib turishga va shamol yo‘nalishiga muvofiq burib — sozlab borishga to‘g‘ri kelgan. Odamlar yelkanlarni mahkamlash uchun machta va to‘sinlardan foydalanishni qachon ixtiro qilgani noma’lum. Lekin, davrimizgacha yetib kelgan qadimgi Misr malikasi Xatshepsut kemalarining tasvirlaridayoq yog‘ochdan ishlangan kema machtasi va to‘sinlarini, shuningdek shtag (machtani orqasiga ag‘anab ketishidan tutib turuvchi chilvir arqonlar) hamda, yelkanni ko‘tarib, tushirishga mo‘ljallangan moslamalarni ko‘rish mumkin. Shu tufayli Yelkanli kemalarning paydo bo‘lishini ham juda qadim zamonlarga bog‘lash o‘rinli. Bu borada ilmiy jamoatchilikning aniq fikri yoq.

Qadimgi Misr kemasiKo‘p faktlarning guvohlik berishicha dastlabki yelkanli kemalar qadimgi Misrda paydo bo‘lgan va Nil daryo transport qatnovi rivojlanishiga yo‘l ochgan ilk daryo bo‘lgan. Har yili iyuldan noyabrgacha bu azim daryo o‘z qirg‘oqlaridan toshib chiqib, chor atrofni suvga bostirgan. Qishloq va shaharlar xuddi orollar misol bir-birlaridan uzilgan holatga tushib qolganlar. Shu tufayli qadimgi Misr aholisi uchun kemalar hayotiy zaruratga aylangan. Kishilar xo‘jalik faoliyati munosabatlarida suv transporti g‘ildirakli transportlardan ko‘ra muhimroq ahamiyatga ega bo‘lgan. Shunday Misr kemalaridan biri, eramizdan avvalgi 5 — ming yillikda paydo bo‘lgan — Barka hisoblanadi. U zamonaviy olimlarga bir necha namunalarda ma’lum bo‘lib, bu namunalar asosan ehromlar ichkarisida o‘rnatilgan nusxalardan olingan. Misr yog‘och yetishtirish mumkin bo‘lgan o‘rmonlarga boy emas. Shu sababli, Misrliklar kemasozlikda asosiy qurilish ashyosi sifatida Papirusdan foydalanishgan. Mazkur xom ashyoning fizik xususiyatlari misrliklar kemalarining konstruksiyasini belgilab bergan. Bupapirus bog‘lamlaridan iborat, yoysimon shakldagi, quyruq va tumshuqlari yuqoriga keskin qayrilgan ko‘rinishdagi suv transporti bo‘lgan. Kemaning mustahkamligini oshirish uchun, chilvirlar bilan ko‘ndalangiga bog‘lab chiqilgan. Keyinroq, Misr va Finikiya o‘rtasida muntazam savdo aloqalari yo‘lga qo‘yilganidan so‘ng, mamlakatga Livan qarag‘ayi yetkazib keltirila boshladi va kemasozlikda yog‘ochdan keng ko‘lamda foydalanish imkoniyati

Bu davrda qanday kemalar yasalganligi haqidagi tasavvurni, Sakkara yaqinidagi nekropol devoriga o‘yib ishlangan relyef shakllaridan olish mumkin. Eramizdan avvalgi 3-ming yillikka tegishli bo‘lgan bu kompozitsiyada qadimgi kemaning alohida qismlarining qurilish jarayonlari tasvirlangan. Tagida tekis joyi bo‘lmagan, kemaning qarama qarshi bortlarini birlashtiruvchi ko‘ndalang shpangoutlarsiz bu kemalar oddiy qilib kesilgan yog‘och doskalardan yig‘ilgan hamda, yana o‘sha «qadrdon» papiruslar bilan qoplab chiqilgan. Kema korpusi perimetr bo‘ylab aylantirib bog‘langan arqonlar yordamida mahkamlangan. Bunday kemalar dengizda yaxshi suzmagan. Lekin, daryo bo‘ylab suzish talablari uchun to‘liq mos kelgan. Misrliklar foydalangan to‘g‘ri yelkan, kemani faqat shamol yo‘nalishi bo‘ylab suzish uchun harakatga keltira olgan xolos. Yelkanni tortib turuvchi richagli uzatmalar ikki oyoqli machtaga biriktirilib, machta esa kema markaziy qismiga perpendikulyar holatda o‘rnatilgan. Yuqori qismida esa ikkala machta yog‘ochlari mustahkam biriktirib qo‘yilgan. Kema tumshug‘iga yo‘g‘on arqonlar bilan bog‘langan bunday yelkanlarni agar mabodo shamol yon tarafdan esa boshlasa tezkorlik bilan tushirib qo‘yish zarur edi. Chunki, aks holda, kema to‘ntarilib ketishi ehtimoli yuqori bo‘lgan. Keyinroq, taxminan eramizdan avvalgi 2600 yilda ikki oyoqli machta o‘rniga, hozirda ham qo‘llaniladigan bir ustunli machta paydo bo‘ldi. Bunday machta kema komandasiga yelkanlar bo‘ylab oson boshqaruvni va kemalarga manyovr qilish uchun qulayliklarni ta’minlab berdi. Lekin, bunda foydalanilayotgan to‘g‘ri burchakli yelkanlar faqat yo‘nalishdagi shamoldangina foydalanishi mumkin edi va shu tufayli ishonchli hisoblanmagan. Kemaning asosiy dvigateli — eshkak eshuvchilarning qo‘l mehnati bo‘lib qolavergan. Aftidan, eshkaklardagi bortga mahkamlanuvchi detallar va qayrilma joylarni ham aynan qadimgi Misr kemasozlari ilk bor qo‘llab ko‘rishgan ko‘rinadi. Misr fir’avnlarining saralangan eshkakchilari har daqiqasiga 26 marta eshkak eshishgani, bu esa kemaga tezlikni 12 km/soatgacha orttirishga imkon bergani tarixiy manbalardan ma’lum. Bunday kemalarni quyrug‘ida joylashgan maxsus rul — eshkaklari orqali boshqarishgan. Keyinchalik esa bunday eshkaklarni palubadagi supachaga qotirib, aylantirish orqali kerakli yo‘nalishni belgilaydigan qilib — rul ko‘rinishiga keltirilgan. Bu boshqaruv usuli hozirgi kungacha o‘zgarmagan. Qadimgi Misrliklar yaxshi dengizchi bo‘lishmagan. Lekin baribir ular o‘z kemalarida ochiq dengizga chiqishga jur’at qilishgan. Shunday bo‘lsa-da, ularning kemalari qirg‘oqlar bo‘ylab uzoq safarlarga dosh bergan. Xuddi shunday dengizga chiqishlardan biri haqida malika Xatshepsut maqbarasida qaydlar mavjud. Bu dengiz safari eramizdan avvalgi taxminan 1490-yilda amalga oshirilgan bo‘lib unda, hozirgi Somali hududlariga to‘g‘ri keluvchi, «Sirli va xushbo‘y mamlakat» — Puntga borilgani haqida bitiklar mavjud.

Kemasozlik rivojidagi keyingi muhim qadamni Finikiyaliklar tashlashdi. Misrliklardan farqli ravishda Finikiya kemasozlari o‘z mamlakatlarida kema yasash uchun materiallarni keragidan ortiqcha miqdoriga ega edilar. Ularning davlati o‘rat yer dengizining sharqiy sohili bo‘ylab tor lekin shimoldan janubga uzun cho‘zilgan maydonda bo‘lib, keng va quyuq qarag‘ay o‘rmonlari shundoqqina sohil yaqinida bo‘y cho‘zib turardi. Juda qadimdayoq Finikiyaliklar ulardan bir kishilik o‘yma qayiqlar yasashni va ularga o‘tirib qo‘rqmasdan dengizga chiqishni o‘zlashtirib olgan edilar. Eramizdan avvalgi 3 ming yillik boshlarida Finikiyaliklar dengiz orqali savdoni rivojlantirish maqsadlarida katta kemalar qurishni boshladilar. Dengiz transporti qayiqdan keskin farq qiladi. Uning konstruksiyasiga o‘ziga xos yondoshuv zarur. Bu borada kemasozlikning keyingi butun taqdirini belgilab bergan o‘ta muhim kashfiyotni aynan Finikiyaliklarga tegishli. Ular hayvonlar skletlaridagi suyaklarning joylashuviga e’tibor berib, kemalarning ichki konstruksiyasidagi yog‘ochlarni ham shu ko‘rinishda mahkamlansa, mustahkamlik ortib, kema puxtaroq bo‘lishini amalda ishlab ko‘rishdi. Shu tarzda kemasozlik tarixida birinchi marotaba shpangoutlar ishlatila boshlandi. Xuddi shu usulda Finikiyaliklar kemaga killi kemalarni qurishgan. Kil kemaga ko‘ndalang va bo‘ylama bo‘laklarni puxta ravishda bir biriga mahkamlagan va kemaning mustahkamligi ortgan. Bu muvaffaqiyatlar kemasozlikning keyingi rivoji uchun katta turtki bo‘lib xizmat qildi va keyingi avlod kemalarining shakl-shamoilini belgilab berdi.

Eramizdan avvalgi 2 — ming yillik o‘rtalaridan boshlab, Finikiya shaharlarining jadal ravishda rivojlanishi hamda iqtisodiy — ijtimoiy gullab yashnashi, ularning kemasozlikdagi yutuqlari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, o‘rta yer dengizi bo‘ylab qilingan dengiz savdolari bunga asosiy sabab bo‘lgan. Ular dengizda barcha yo‘nalishlarda suza boshlaganlar va uzoq dengiz safarlaridan katta o‘ljalar va boyliklar bilan qaytganlar. Qo‘lga kiritilgan katta miqdordagi boylik va o‘ljalar Finikiyaliklarni yanada yangidan yangi safarlarga rag‘batlantirgan. Uzoq yerlarda ular o‘zlarining koloniyalari hamda faktoriyalarini tashkil qilganlar va ular ham vaqt o‘tishi bilan kuchli va chiroyli shaharlarga aylanib borgan. Ularning dengiz yo‘llari Hindistondan Afrikaga va hattoki Britaniyagacha yetib borgan. Eramizdan olti asr muqaddam bir nechta Finikiya kemalari Qizil dengizdan yo‘lga chiqib, butun Afrika qit’asi sohillari bo‘ylab suzib o‘tib, Gibraltar bo‘g‘ozi tarafdan o‘rta yer dengiziga kirib kelishigini va o‘z vatanlariga shu tarzda qaytishgani ma’lum. Finikiyaliklar faqat savdo kemalari qurish bilan chegaralanishlari mushkul edi. Savdo kemalarining qo‘riqlash yoki, begona qirg‘oqlarda jang qilish uchun ular, qudratli harbiy kemalarni ham yasashgan. Bunday kemalar o‘z davrining eng qudratli qurollari bilan ta’minlangan. Aynan Finikiyaliklar birinchi bo‘lib kema tezligini qanday qilib oshirish haqida bosh qotirgan bo‘lishsa kerak. Yelkan faqat yordamchilik vazifasini bajargan o‘sha vaqtlarda, dushmanni ta’qib qilish yoki chekinish vaqtida barcha umid faqat eshkakchilardan bo‘lib, shu tufayli kema tezligi eshkakchilar soniga bog‘liq bo‘lib qolardi. dastavval kema uzunligini kerakli miqdordagi eshkaklar sonidan kelib chiqib belgilashar edi. Lekin uni cheksiz ravishda orttirishning imkoni yo‘q. Muammoning yechimi ikki qavatli kemalarni yasay boshlash bilan hal bo‘ldi. Dastavval ikki qavatli kemalarni biri ikkinchisining ustida joylashgan qavatlar tarzida bunyod etishgan. Ikki yarusli kemaning dastlabki tasviri qadimgi Ossuriya podshosi Saanxaribning saroyidan topilgan. Quyi qator eshkakchilari bu tasvirda paluba ostda o‘tirgan holda tasvirlangan bo‘lsa, yuqori qator palubada joylashgan edi. Keyinchalik uch yarusli kemalar — Triremlar paydo bo‘ldi. Bunday kemalar tarixda eshkakli kemalarning nisbatan optimal varianti sifatida namoyon bo‘ladi. Bu anchayin katta hashamatli, yirik kemalar bo‘lib, yaruslari bir-biri ustidan shaxmat tartibida joylashgan edi. Eshkaklar ham qatorlarga ko‘ra uzun yoki qisqa bo‘lib, eshkakchi jismoniy kuchidan ratsional foydalanishga xizmat qilgan. Eng kuchli eshkakchilar yuqorida, uzun eshkaklar bilan joylashishgan. Trimerlar juda yaxshi suzish xususiyatiga ega bo‘lgan, manyovr qilish hamda tezlik borasida ham o‘zidan avvalgi namunalardan bir pog‘ona ustun turgan. Finikiyaliklar namunalari bo‘yicha o‘rta yer dengizi sohili xalqlari ham o‘zlariga xos dengiz transportlarini yasay boshlaganlar.

Eshkakchi qatorlar sonini yanada oshirishga urinishlar ham Ko‘p takrorlangan. Makedoniya podshosi Demetriy Poliorket tasarrufida 6 va 7 qavat eshkakchi qatorli kemalar mavjud bo‘lgan. Misr podshosi Ptolomey Filadelfda 30 qavat eshkakchi qatorli, Misrning boshqa podshosi Ptolomey Filopatrda esa 40 qavat eshkakchi qatorli kemalar bo‘lgan ekan. o‘lchamlariga ko‘ra ular hozirgi zamonaviy dengiz laynerlaridan hech ham qolishmagan va 4 ming kishilik eshkakchilar, 3 ming kishilik ekipaj hamda 400 ta xizmatkorga ega bo‘lgan. Lekin bunday kemalarning barchasi o‘ta qo‘pol va burilmaydigan bo‘lgan. Keyinchalik Rimliklar o‘zini faqat yaxshi tomondan namoyon etgan Trimerlarga qaytishgan va bunday kemalar butun antik davr mobaynida asosiy dengiz transporti bo‘lib insonlarga xizmat qilgan.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Ixtirolar tarixi
Yelkan va kema

Manba:orbita.uz