Yassaviy hikmatlari haqida
Yassaviy hikmatlari haqida
DO`STLARGA ULASHING:
Oʻzbek mumtoz adabiyotida ishq talqinlari koʻp uchraydi. Jumladan, Ahmad Yassaviy hikmatlarida ishq va oshiq mavzusi boshqa mumtoz adabiyot namoyandalaridan farqli – oʻziga xos tarzda tasvir etiladi. Ahmad Yassaviy Allohga boʻlgan ishqni haqiqiy sanaydi. Chin oshiqning sifatlariga diqqat qaratadi. Xoʻsh, chin oshiq kim? Shoir nazdida chin oshiq boʻlish uchun “Alloh debon ichga nur”ni toʻldirish, butun tanadagi tomir-u suyaklar larzaga kelgan holda “Haq zikri”ni qilish, rohat farogʻatdan kechish lozim boʻladi. Shoir ishqni bebaho dur-gavharga oʻxshatadi. Biroq bunday gavharni ishqsiz, nafs qutqusiga uchragan “har nomardga sotib” boʻlmaydi.
Shu oʻrinda Ahmad Yassaviyning barcha hikmatlariga xos yana bir xususiyatni taʼkidlash oʻrinli boʻladi. Bu – nafsga qarshi kurash masalasi. Shoir hamma vaqt nafsdek baloyi azimni yenga olmagan odamga achinadi, unga tanbeh beradi. Nafsini jilovlagan odam sabr-qanoatga erishadi. Agar oshiq boʻlsa, bunday sabrli ishq egasining “mahshar kunida armoni” boʻlmaydi. Ishq muhokamasiga doir ushbu hikmatning boshqa bir bandida “Nafsni tepib dargohiga loyiq boʻlgʻil” deb taʼkidlanadi. Bu ham nafsini yenggan va uning istaklarini bartaraf etgan odamgina chin oshiqlik martabasiga koʻtarila olishiga doir mulohazadir.
Ishqqa tushding, oʻtga tushding, kuyib oʻlding,
Parvonadek jondin kechib axgar boʻlding,
Dardga toʻlding, gʻamga toʻlding, telba boʻlding,
Ishq dardini soʻrsang hargiz darmoni yoʻq.
Ahmad Yassaviyning “Rabbim yodi ulugʻ yoddur aytur boʻlsam” deb boshlanadigan hikmati unchalik murakkab emas. Birinchi misradayoq sheʼr mavzu yoʻnalishini anglab olish mumkin. Zotan, Yaratguvchini yodlash odamni xotirjam qiladi, achchiq tili shirin tilga aylanadi.
Rabbim yodi ulugʻ yoddur aytur boʻlsam,
Asal yangligʻ suchuk boʻlur tilim mening.
Oʻzim faqir, qildim muqir, boʻldim haqir,
Qanot qoqar uchar qushdek koʻnglim mening.
Shoir oʻzini juda kamtar tutadi va shu kamtarligi ortidan koʻngli yuksaklikka parvoz qiladi. “Muqir” arabcha soʻz boʻlib “iqror boʻlmoq, boʻyniga olmoq” maʼnolarini anglatadi. Shoir faqatgina faqir-u haqirligini emas, balki Yaratguvchiga banda ekaniga iqror boʻladi. Adib hikmatning har bandida ichki qofiyalarni qoʻllab, oʻz ichki kayfiyati, holini oʻynoqi bir uslubda bayon qilar ekan, shu mamuniyat sabablarini ham “nafsim qochdi” deb oʻz nafsini yengganiga olib borib bogʻlaydi; oʻzini tuproqqa tenglashtiradi.
Yassaviy har vaqt nafs haqida gapirganida unga insonning kamolotiga xalaqit beradigan yovuz va yaramas kuch sifatida baho beradi. Nafsga “shum” sifati beriladi. Shuningdek, shoir “nafsi bad”, “nafs yoʻli”, “nafs ilgi” singari istioralarni ham qoʻllaydi. Adib toʻgʻridan toʻgʻri nafsga qarshi kurashni, uning yoʻrigʻiga yurmaslikni targʻib qiladi. Nafsning domiga ilinish insonni qanchalik yer bilan yakson qilishini juda yorqin ifodalarda koʻrsatib beradi.
Boshqa bir sheʼrida shunga urgʻu berib yozadi:
Nafs yoʻligʻa kirgan kishi rasvo boʻlur,
Yoʻldan ozib, toyib, toʻzib gumroh boʻlur.
Yotsa, qoʻpsa shayton bilan hamroh boʻlur,
Nafsni tepkil, nafsni tepkil, ey badkirdor.
Ahmad Yassaviy sheʼriyatining keng tarqalishi va xalq orasida sevib oʻqilishining asosiy sabablaridan biri uning xalq ogʻzaki ijodiga nihoyatda yaqinligidadir. Hikmatlar, asosan, toʻrtlik va murabbaʼ shaklida bitilgan.
Rohat tashlab, jon mehnatim xushlagʻanlar,
Saharlarda jonin qiynab ishlagʻanlar,
Ho-yu havas, moumonni tashlagʻanlar
Chin oshiqdir, hargiz oni yolgʻoni yoʻq.
Ahmad Yassaviy hikmatlarining tasavvuf falsafasiga tegishli jihatlari ustida mulohaza yuritganda, oshiqning shariat, tariqat, maʼrifat bosqichlaridan oʻtib haqiqat martabasiga yetishini eslash oʻrinli boʻladi. Shoir bu bosqichlarda islom dini hukmlarini oʻzida mujassam etgan shariatni yaxshi bilish zarurligini oʻqtiradi. Shuning uchun ham “Shariatsiz tariqatga kirib boʻlmas”, “Tariqatga shariatsiz kirganlarni, Shayton kelib imonini olur ermish” yoki “Soʻfinaqsh boʻlding valek hargiz musulmon boʻlmading” kabi misralarni yozadi. Insonning soʻzi amaliga, tashqi koʻrinishi ichki olamiga mos kelishi lozim. Tashqaridan qaraganda odam taqvodor soʻfiga oʻxshash – soʻfinaqsh boʻlishi, lekin u amalsiz boʻlishi mumkin, bundaylarga Yassaviy tanbeh berib “hargiz musulmon” boʻlmading deydi.
Ahmad Yassaviy sheʼriyatidagi obrazlar tizimi ham tasavvuf taʼlimoti hamda xalq ogʻzaki ijod anʼanalari bilan chambarchas bogʻlanib ketgan. Pir, darvish, oshiq, obid, oqil, zohid, ishq, tolib, ummat, rasul, shayton, iymon kabi obrazlar bevosita sharq diniy-islomiy falsafasi, yoʻl, rabot, karvon, oʻq kabilar esa ogʻzaki ijod anʼanalari bilan aloqadordir.
Zohid boʻlma, obid boʻlma, oshiq boʻlgʻil,
Mehnat tortib ishq yoʻlida sodiq boʻlgʻil,
Nafsni tepib, dargohiga loyiq boʻlgʻil,
Ishqsizlarni imoni yoʻq ham joni yoʻq.
Ahmad Yassaviy bunday sheʼrlarida soʻzlar takrori ohangdoshlikni nihoyatda kuchaytiradi va oʻquvchiga estetik zavq beradi. Adib hikmatlarining barmoq vaznida yozilgani ham ularni ogʻzaki ijodga yaqinlashtiradi.
“Adabiyot” (Boqijon Toʻxliyev, Bahodir Karimov, Komila Usmonova. Oʻrta taʼlim muassasalarining 10-sinfi va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining oʻquvchilari uchun darslik-majmua. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, Toshkent–2017) darsligidan.
Yassaviy hikmatlari haqida