“Yashirin shtamm”ning yangi belgilari “oshkor” bo`lmoqda
Koronavirusning “omikron” shtammi qisqa muddatda dunyoni “zabt” etgach, ko`p o`tmay uning yangi mutasiyalari keng tarqala boshladi. VA.2 — shulardan biri.
“Yashirin shtamm” nomini olgan mazkur subvariant hozirgacha dunyoning barcha qit`alarida qayd etilgan. Vaqt o`tishi bilan unga xos yangi alomatlar ham ma`lum bo`lmoqda, deya yozmoqda SSV.
Xususan, BA.2 belgilari nafaqat gripp va tumov, balki allergiya simptomlari bilan juda o`xshash.
Mutaxassislar fikricha, tekshiruv testlarisiz bemorning koronavirusni yuqtirgan yoki yo`qligini aniqlash imkonsiz.
BA.2 ning asosiy alomatlari shamollash singari namoyon bo`ladi: ko`pincha tomoq og`riydi, burun bitadi. Sababsiz bosh aylanishi, bosh og`rig`i va toliqish kuzatiladi.
Biroq bahorning ayni kunlarida ushbu simptomlarni allergiya belgilari bilan chalkashtirib yuborish hech gap emas. Negaki, bu shtammda COVID-19ga xos “an`anaviy” alomat — ta`m va hid bilish qobiliyati yo`qolishi kuzatilmaydi.
Buyuk Britaniyalik mashhur epidemiologik olim, professor Tim Spektor bu boradagi o`rganishlariga tayanib, BA.2 avvalgi shtammlarga qaraganda tezroq tarqalishi barobarida, aksariyat hollarda engil kechayotganini ta`kidladi.
Buni “omikron”ning ilk o`chog`i bo`lgan Janubiy Afrikada yangi mutasiyani yuqtirgan bemorlarning taxminan 40 foizi kasallikni hech qanday belgilarsiz boshdan kechirgani ham tasdiqlaydi.
Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
“Yashirin shtamm”ning yangi belgilari “oshkor” bo`lmoqda