Yaponiyadagi SPI testlari haqida bilishingiz kerak bo’lgan hamma narsa
Yaponiyadagi SPI testlari haqida bilishingiz kerak bo’lgan hamma narsa
Yaponiyada ishga kirish onson emas — buni inkor etib bo’lmaydi. An’anaviy yapon kampaniyalariga ishga topshirish vaqtida sizdan 4-5 marotaba suhbat jarayonidan o’tishdan tashqari, qobiliyatni tekshirish imtihonini topshirish ham talab qilinadi. Qobiliyatni tekshirish imtihonlari orasida eng ko’p ishlatiladigan turi bu SPI testi hisoblanadi. Bugun biz aynan shu test haqida gaplashamiz.
SPI testi nima?
SPI testi (Synthetic Personality Inventory) koʻp tanlovli qobiliyat imtihonidir. U asosan yangi universitet bitiruvchilarining umumiy qobiliyatlarini sinash uchun ishlatiladi. Testning ingliz tilidagi versiyalari kam uchraydi va ko’plab kompaniyalar chet ellik nomzodlardan aynan yapon tilida topshirishni talab qilishadi.
Ushbu imtihon ko’p tanlovli test savollardan iborat bo’lib, u Recruit Career Co kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. SPI testi hozirda Yaponiyada taxminan 12 000 kompaniyalar tomonidan qo’llaniladi. SPI testi asosan nomzodning shaxsiyati haqida suhbatda o’lchab bo’lmaydigan jihatlarni baholashga qaratilgan. Biron bir ishga ariza topshirganingizda, sizni suhbatga taklif qilishdan avval ushbu testni topshirishingizni so’rashadi. Ba’zi katta kompaniyalarga ariza beruvchi nomzodlarning soni ko’p bo’lganligi sabab, aynan shu SPI testni topshirish jarayonida ko’pgina nomzodlarni saralab oladilar.
Qanday vaziyatlarda SPI testini topshirish so’raladi?
Yuqorida aytib o’tganimdek, ushbu testlar an’anaviy yapon kompaniyalarida keng tarqalgan. Agar siz xalqaro kompaniyalarga dasturchi yoki UI/UX dizayneri kabi ishlarga ariza topshirmoqchi bo’lsangiz, ehtimol sizdan SPI testini topshirish so’ralmaydi. Bundan tashqari, bu startaplarda kamroq uchraydi, shuning uchun agar siz kichik, endi o’sib borayotgan kompaniyaga ishga kirmoqchi bo’lsangiz, SPI testini topshirishingiz shart emas.
Agar sizdan ishga kirish jarayonida SPI testini topshirish talab qilinsa va siz o’zingizni undan yaxshi o’tmagandek his qilsangiz, ko’p tashvishlanishingizga hojat yo’q. Ko’pgina kompaniyalar buni tushunishadi — ayniqsa siz hali ham yapon tilini o’rganayotgan bo’lsangiz. Odatda ular sizning SPI testingiz natijalaridan ko’ra ko’proq mahoratingiz va tajribangiz haqida qayg’uradilar.
SPI testi nimalardan tashkil topgan?
SPI testi ikkita asosiy bo’limdan iborat.
Birinchi bo’lim sizning yapon tili bo’yicha umumiy bilim va ko’nikmalaringizni sinab ko’rish uchun mo’ljallangan bo’lib matematik va mantiqiy savollarni ham o’z ichiga oladi.
Ikkinchi bo’lim esa sizning shaxsiyatingiz haqida bo’lib, uning asosiy maqsadi sizning xarakteringizni baholash, shuningdek, his-tuyg’ularingizni qanchalik yaxshi boshqarishingizni tekshirishga mo’ljallangan.
Keling, ikkala bo’limni ham batafsil ko’rib chiqaylik.
Birinchi bo’lim
Umumiy ko’nikmalaringizni baholaydigan testning birinchi bo’limi ikki qismdan iborat. Birinchi qism yapon tiliga, ikkinchisi esa matematika va mantiqqa tegishli.
Yapon tili boʻlimida siz lugʻat, sinonimlar va idiomalar haqidagi koʻp tanlovli test savollarga javob berishingiz kerak boʻladi. Shuningdek, yapon tilidagi matnlarni tushunishga qaratilgan bo’lim ham bo’lib, ushbu bo’limda har bir savol uchun kichik paragraflar beriladi va sizdan matnlarga muvofiq savollarga javob berish so’raladi.
Matematika qismi sizning muammoni hal qilish qobiliyatingizni baholashga qaratilgan. Siz oddiy hisob-kitoblarni talab qiladigan matematik masalalarga, shuningdek, ehtimollik va mantiqqa oid savollarga javob berishingiz kerak bo’ladi.
Ikkinchi bo’lim
Testning ikkinchi qismi sizning shaxsiyatingizni aniqlashga qaratilgan. Ushbu bo’limda siz o’zingizning xarakteringiz, his-tuyg’ularingiz va xatti-harakatlaringiz haqidagi savollarga javob berasiz. Ushbu bo’limda 300 ta savol mavjud bo’lib, savollarning tuzilishi biroz boshqacha shaklda bo’ladi.
Shaxsiyatga tegishli test savollari ham ikki qismga bo’linadi. Birinchi qismda siz rozi bo’lgan ikkita bayonotdan birini tanlashingiz kerak. Ikkinchisida sizga bayonot beriladi va siz rozi yoki rozi emasligingizni tanlashingiz kerak.
Bunga qo’shimcha ravishda, ba’zi testlar taxminan 20 daqiqa davom etadigan alohida ingliz tilini tekshirish uchun mo’ljallangan bo’limni ham o’z ichiga olishi mumkin. Ba’zi kompaniyalar sizdan faqatgina shaxsiyatingizni tekshirishga oid test sinovini olsa, ba’zilari barcha bo’limlarni topshirishingizni talab qilishi mumkin.
Vaqt muhim ahamiyatga ega
Testning birinchi bo’limida har ikkala qismdagi barcha savollarga javob berish uchun odatda 35 daqiqa vaqt beriladi. Ba’zi hollarda sizga ushbu bo’lim uchun atigi 30 daqiqa vaqt berilishi mumkin.
Ikkinchi qism, ya’ni shaxsiyat testi uchun sizdan 30 daqiqada 300 ta savolga javob berish so’raladi. Bundan ko’rinib turibdiki SPI testini topshirishda vaqt eng muhim omil hisoblanadi. Savollarning o’zi unchalik qiyin emas, ammo testdan o’tish uchun vaqtni boshqarish bo’yicha yaxshi ko’nikmalarga ega bo’lishingiz kerak.
Chet ellik sifatida, ayniqsa, yapon tili darajangiz unchalik yaxshi bo’lmasa, siz ko’p vaqtingizni faqat savollarni o’qib ularni tushunishga sarflab qo’yasiz. Shuning uchun, imkon qadar ko’proq yapon tili darajangiz ustida ham ishlang.
SPI testi qanday topshiriladi?
Odatda SPI testini topshirishning to’rtta usuli mavjud. Qaysi usulda topshirishingiz siz ishga kirmoqchi bo’lgan kompaniyaga bog’liq. Kompaniya sizdan kompyuterda yoki qog’ozda test topshirish uchun kompaniya binosiga kelishingizni so’rashi mumkin. Shu bilan bir qatorda, siz testni kompyuterdagi test markazida yoki uyda shaxsiy kompyuteringizda topshirishingiz ham mumkin. Agar siz testni komyuterda emas balki qog’ozda topshirishingiz kerak bo’lsa unda sizga imtihonning umumiy vaqtini odatdagi 65 daqiqadan 70 daqiqaga ko’tarib berishadi.
Test natijasi shaxsiydir
SPI testini topshirganingizdan so’ng, ballaringizni tekshira olmaysiz. Sizning ballingiz faqat siz topshirgan kompaniyaga ma’lum bo’ladi va siz qanchalik testni yaxshi ishlaganingizni aniq bilolmaysiz.
Test natijalari shaxsiy hisoblanadi va xech kimga bu haqida ma’lumot berilmaydi. Bu natijalar sizni to’g’ri lavozimga, to’g’ri bo’limga joylashtirishga yordam beradi. Misol uchun, agar sizning natijalaringiz ishni yolg’iz bajarilishi mumkin bo’lgan vazifalarni bajarishda a’lo darajada introvert odam ekanligingizni ko’rsatsa, kompaniya sizni asosan o’zingiz ishlashingiz mumkin bo’lgan lavozimga qo’yadi.
Xuddi shunday, agar kompaniya yaxshi matematik qobiliyatga ega nomzodni qidirayotgan bo’lsa va siz ushbu bo’limni yaxshi yechaolmagan bo’lsangiz, kompaniya sizning arizangizni rad qilishi mumkin.
SPI testlariga qanday tayyorlanish kerak
Har qanday test singari, SPI testi ham mahsus tayyorgarlikni talab qiladi. Bu juda oson imtihon bo’lsa-da, eng katta qiyinchilik vaqtni to’g’ri belgilashdir. Ushbu testlarini ishlashda imkon qadar vaqtni to’gri taqsimlashni maslahat beraman.
Shu bilan bir qatorda, siz juda qisqa vaqt ichida ko’p yapon tilidagi savollarni o’qishingiz va uni tushunishingiz kerak bo’ladi. Shu sabab yapon tili bilan ham muntazam shug’ullanishni tavsiya qilaman. Yapon tili bo’yicha JLPT imtihoniga qanday tayyorlanayotgan bo’lsangiz, ushbu SPI testlarining yapon tili qismi uchun ham shunday tayorlansangiz bo’ladi.
Matematik bo’limga kelsak, iloji boricha ko’proq testlarni yechish eng yaxshi yo’l. Agar bir savolda uzoq vaqt qolib ketsangiz, darrov o’ylanib o’tirmasdan keyingi savolga o’tganingiz yaxshi. Chunki aynan shu savol sabab juda ko’p vaqt yutqazishingiz mumkin.
Shuningdek, siz SPI testiga tayyorgarlik bo’yicha ko’plab kitoblarni Internetda va Yaponiyadagi kitob do’konlarida topishingiz mumkin. Ushbu kitoblar odatda savollarning umumiy tuzilishi qanday bo’lishi haqida katta ma’lumot beradi.
Undan tashqari SPI testlariga tayyorgarlik ko’rishdan avval siz ishga kirmoqchi bo’lgan kompaniyani aniqlab olib, ulardan qaysi turdagi testni talab qilishini tekshirishni unutmang. Chunki yuqorida aytib o’tganimdek, ba’zi kompaniyalar SPI testining faqat matematika va mantiqga aloqador bo’limini talab qilsa, ba’zilari faqatgina shaxsiyatingizni tekshirishga mo’ljallangan bo’limni talab qilishi mumkin.
Sizlarga Yaponiya kompaniyalari tomonidan ko’p so’raladigan SPI testi haqida bermoqchi bo’lgan ma’lumotlarim shulardan iborat. Albatta kamchiliklar bo’lishi tabiiy, buning uchun sizlardan oldindan uzr so’rayman. Agar sizga yanada ko’piroq ma’lumot kerak bo’lsa Google Amakidan so’rashingiz mumkin.
Yaponiya kompaniyalariga ishga kirishda sizlarga omad tilab qolaman!
Ta‘lim
Yaponiyadagi SPI testlari haqida bilishingiz kerak bo’lgan hamma narsa