Yaponiya universitetlariga topshirish
Bugun sizlar bilan Yaponiya universitetlariga bakalavr bosqichiga hujjat topshirish, so’raladigan talablar va Yaponiya universitetlari haqida o’z bilganlarim bilan bo’lishmoqchiman.
Yaponiyadagi universitetlarning turlari
Yaponiyada universitetlar 3 turga bo’linadi.
1. Milliy universitetlar (National University — 国立大学 — kokuritsu daigaku)
Yaponiya hukumati tomonidan tashkil etilgan.
2. Davlat universitetlari (Public University — 公立大学 — kouritsu daigaku)
Mahalliy davlat tashkilotlari tomonidan tashkil etilgan.
3.Xususiy universitetlar (Private University — 私立大学 — shiritsu daigaku)
Ta’lim korporatsiyalari tomonidan tashkil etilgan.
Ma’lumotlarga ko’ra Yaponiyada xususiy universitetlar barcha universitetlarning deyarli 80% tashkil qilar ekan.
Yaponiyada talabalar yapon yoki ingliz tilida o’qishadi. Hamma universitetlarda ham ingliz tilida bakalavr, magistr yoki doktorlik bosqichlarida o’qib bo’lmaydi. Ba’zi universitetlarda umuman yo’q bo’lsa, ba’zilari muayyan yo’nalishlardagina ingliz tilida u yoki bu boshqichda turli xil yo’nalishlar taklif qilishadi. Aytaylik siz ma’lum bir yo’nalishda ma’lum bir universitetda ingliz tilida o’qimoqchisiz. Har
doim ham siz xohlagan yo’nalish siz xohlagan universitetda ingliz tilida bo’lmasligi mumkin.
Yaponiyada o’quv yili aprel oyida boshlanadi va kelasi yilning mart oyigacha davom etadi. O’quv yili 2 semestrga bo’linadi. 1-semestr aprel oyidan avgust-sentyabr oylarigacha, 2-semestr oktyabr oyidan yanvar-fevral oylarigacha bo’ladi. Odatda universitetlarda yangi o’quv yili aprel oyidan boshlanadi lekin ba’zi universitetlar sentyabr va oktyabr oylarida ham yangi o’quv yilini boshlashadi. Ko’pincha ingliz tilida o’qimoqchi bo’lsangiz shu oylarda ham o’qishni boshlashingiz mumkin. Yana bir narsani takidlash kerakki, siz aprel yoki sentyabr oylarida o’qishni boshlash uchun ancha oldin hujjat topshirishingiz kerak.
Ingliz tilida o’qishga topshirish
Agar siz ingliz tilida universitetga topshirmoqchi bo’lsangiz sizdan yapon tili bilish darajasi so’ralmaydi. Albatta yapon tilini bilishingiz sizning Yaponiyadagi hayotingizni ancha yengil qiladi. Masalan part time (アルバイト — arubaito) ish topishingiz onson bo’ladi. Ba’zida turli xil tashkilotlar stipendiyalar taklif qilishadi va stipendiya olish talablari orasida yapon tili ham bo’ladi. Stipendiya olish mavzusiga alohida keyingi postlarda batafsil to’xtalib o’tamiz yana.
Ingliz tilida topshirish uchun albatta sizdan ingliz tilini bilish darajasi so’raladi. Bunda siz IELTS yoki TOEFLxalqaro test sertifikatlarini topshirsangiz bo’ladi. Agar siz muhandislik yoki aniq fanlarga (engineering & science) yo’naltirilgan fakultetlarda o’qimoqchi bo’lsangiz sizdan SAT ham so’raladi. Albatta bu talablar hamma universitetlarda har xil. Undan tashqari topshirilayotgan universitetga qarab talabalar kirish test sinovlari, online suhbatlar yoki faqat hujjat tekshirish (document screening) orqali qabul qiliniladi. Jarayon va talablar haqida to’liq ma’lumotni har bir universitetning web sahifasidan olishingiz mumkin.
Yapon tilida o’qishga topshirish
Yapon tilida universitetga topshirish uchun albatta sizdan Yapon tili bilish darajasi so’raladi. Yapon tili darajasi ham universitetga qarab har xil so’raladi. Ba’zi xususiy universitetlarga JLPT testidan N3 bo’lsa ham kirsa bo’ladi. Ba’zilariga umuman rasmiy daraja bo’lmasa ham kirsa bo’ladi. Bunda albatta siz yaponiyada til maktabi yoki kasbga yo’naltirilgan kollejlarni bitirib topshirayotgan bo’lishingiz kerak.
Lekin ba’zi universitetlarga kamida N2 darajasi va EJU (Japanese University Admission for International Students) xalqaro talabalar uchun Yaponiya universitetlariga kirish uchun mo’ljallangan test sinovi sertifikati bo’lishi kerak. Undan tashqari agar siz yaponiyada til maktabi yoki kasbga yo’naltirilgan kollejlarni bitirib topshirayotgan bo’lsangiz sizdan universitet oldingi o’qish joyingizdan davomat ham so’raydi. Davomatingiz yaxshi bo’lmasa qabul qilishmaydi. Shu sabab agar siz Yaponiyada til maktabida yoki kollejda o’qiyotgan bo’lsangiz darslarni qoldirmang.
Kirish intixonlari ham universitetga qarab turli xil. Siz bilan suhbat qilishadi, ma’lum bir mavzuda yozma insho olishadi. Ba’zi universitetlarda yo’nalishga qarab o’zlarining kirish intixonlari bo’ladi.
Universitet kontrakt to’lovlari
Yaponiyada universitet kontrakt pullari ham turli xil. Googledan o’rtacha narxlar ma’lumotini oldim. Unda yozilishicha:
Milliy Universitetlarda yillik kontrakt to’lovlari 535,800 yen. Bu Yaponiya hukumati tomonidan belgilab qo’yilgan. Deyarli barcha milliy universitetlarda to’lov pullari shunaqa.
Davlat Universitetlaridayillik kontrakt to’lovlari 535,800 yen dan 1 000 000 yen gacha borar ekan.
Xususiy Universitetlarda esa 900 000 yen dan 2 000 000 yen gacha borar ekan.
Albatta bu ko’rsatkichlar o’rtacha narxlar. Aniq ma’lumotni har bir universitetning o’z web sahifasidan olsangiz bo’ladi.
Qisqacha Yaponiyada universitetga topshirish haqida o’z bilganlarim bilan bo’lishishga harakat qildim. Kamchiliklar uchun oldindan uzr so’rayman. Oz bo’lsa ham ma’lumot bera olgan bo’lsam xursandman.
Ta‘lim
Yaponiya universitetlariga topshirish