YANGON haqida

YANGON haqida

YANGON

YANGON, Rangun — Myanma davlati poytaxti. Mamlakatning eng muhim iqtisodiy va madaniy markazi, eng katta shahri. Yangon viloyatining maʼmuriy markazi. Aholisi 2,5 mln. kishi (1990-y. lar boshi). Yangon daryosi boʻyida, Andaman dengizining Moutama qoʻltigʻi yaqinida joylashgan. Iqlimi tropik, mussonli, yanv. ning oʻrtacha t-rasi 27°, apr. niki 29°, yiliga 2000 mm dan ziyod yogʻin yogʻadi. Transport yoʻllarining muhim chorrahasi. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Yangon portiga okean kemalari ham kira oladi. Mamlakatning asosiy sanoat korxonalari Yangon va uning atrofida joylashgan. Sholi oqlash, taxta tilish, yogʻmoy, toʻqimachilik, farmatsevtika, jut, neftni qayta ishlash, poʻlatprokat, tayyor qismlardan avtomobil yigʻish, kemasozlik va kema taʼmirlash korxonalari mavjud. Hunarmandchilikda anʼanaviy badiiy buyumlar va turli matolar, poyabzallar tayyorlanadi. Yangonda mamlakatning savdotransport va bankmoliya ishlari amalga oshiriladi. Unt, muzeylar, milliy kutubxona, nafis sanʼat maktabi va boshqalar bor. Shahar ilk bor buddaviylarning muqaddas joyi — Shuedagoun stupasi (ibodatxonasi) atrofida qishloq sifatida (avval Okkala, keyinroq Dagon deb atalgan) vujudga kelgan. 1852-yilda inglizlar bosib olgan. 1862-yildan inglizlarning Myanma mustamlakasining maʼmuriy markazi. 1948-yilda shaharda mamlakat mustaqilligi eʼlon qilingan. Meʼmoriy yodgorliklardan Shuedagoun pagodasi majmuasi (mil. av. 5-asr) saqlangan.

Ensiklopediya.uz
YANGON