Yangilanayotgan Konstitutsiya – mening Konstitutsiyam
Yangilanayotgan Konstitutsiya – mening Konstitutsiyam
DO`STLARGA ULASHING:
Konstitutsiyamiz mamlakatimizning Bosh huquqiy hujjati, hayotimizning mezonidir. Jamiyatning har bir jabhasi, odamlarning kundalik hayoti Bosh Qomusimizda belgilangan me’yorlar, normalar bilan chambarchas bog‘liq.
Mamlakatda demokratik tamoyillar qaror topganligining muhim xususiyatlaridan biri jamiyatda ko‘ppartiyaviylik tizimining mavjudligi bilan o‘lchanadi. Yurtimizda bu tamoyil, eng avvalo, konstitutsiyamizda mustahkamlangan. bugungi kunda siyosiy partiyalar konstitutsiyada belgilangan huquqlaridan foydalangan holda, mamlakat taraqqiyotida faol ishtirok etishi, jamiyatni yanada rivojlantirish uchun o‘z dasturiy g‘oyalaridan kelib chiqib, muqobil takliflar berishi, o‘z elektorati manfaatlarini samarali himoya qilish yuzasidan yanada tashabbuskor bo‘lishi talab etiladi. Bu esa, yangi demokratik huquqiy davlatni shakllantirish hamda fuqarolik jamiyatini qaror toptirish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi konstitutsiyasi ijtimoiy adolat, erkinlik va tenglik tushunchalari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, inson va davlatning huquqiy holatini belgilashda inson huquqlari ustuvorligi, davlat bilan fuqaroning o‘zaro siyosiy-huquqiy mas’ulligi prinsiplariga asoslanuvchi tamomila yangi konsepsiyaga tayangan bo‘lib, unda ilk bor inson huquqlari kategoriyasi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qo‘yilgan.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, yurtimiz mustaqil taraqqiyot yo‘lida dunyo jamoatchiligi tan olgan olamshumul yutuq va marralarni zabt etdi. Milliy iqtisodiyotimiz izchil rivojlanmoqda, uning barqaror o‘sish sur’atlari, aholi farovonligi yil sayin yuksalib bormoqda. Bir so‘z bilan aytganda, jahon hamjamiyatida mamlakatimiz obro‘-e’tiborining tobora yuksalib borayotgani zamirida, eng avvalo yangi tahrirdagi Konstitutsiya va uning insonparvarlik g‘oyalarini o‘zida to‘la mujassam etgan me’yorlari yotibdi.
O‘zbekiston taraqqiyotining muayyan bosqichlariga hamohang tarzda konstitutsiyamizga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu islohotlar zamirida jamiyat hayotini yanada demokratlashtirish asosiy maqsad qilib olindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev konstitutsiyamiz xaqidagi “Konstitutsiya har bir fuqaroning ongi va qalbidan chuqur joy olgan, ularni huquq va erkinliklarini to‘liq kafolatlaydigan haqiqiy hayot qomusiga aylanmoq lozim” degan so‘zlari bugun dasturil amal qilib olindi.
Davlat boshqaruvini demokratlashtirish, mazkur jarayonlarda fuqarolarning konstitutsion huquqlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan mazkur islohotlar pirovardida fuqarolarimizning huquq va erkinliklari kafolatlarini yanada mustahkamlamoqda.
Yangi tahrirdagi konstitutsiya yangi O‘zbekiston taraqqiyotida yangi davrni boshlab beradi. Muhtaram Yurtboshim ta’biri bilan aytganda, konstitutsiyaviy islohotni fuqarolarimiz fikri va qo‘llab-quvvatlashi asosida, referendum orqali amalga oshirsak, bu tom manoda xalqimiz xohish irodasining ifodasi – haqiqiy xalq konstitutsiyasi bo‘ladi. Haqiqatda ham Konstitutsiyaviy qonunda belgilangan normalar sizu bizning huquq va manfa’atlarimiz himoyasiga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Jumladan, yangi Konstitutsiyamizning 54-moddasida “Insonning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadidir. Davlat inson hamda fuqaroning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi”deb ko‘rsatib o‘tilganligidan inson qadri uchun g‘oyasi mujassam ekanligini ko‘rish mumkin.
O‘zbekiston — yoshlar mamlakati. Shu bois, yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kamolotiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Eng avvolo, bu sohadagi ishlarni tashkil etishning huquqiy asoslari takomillashtirilib borilmoqda. Yangi Qomusimizning 79-moddasida “Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi. Davlat yoshlarning intelektual, ijodiy, jismoniy va ahloqiy jihatdan shakllanishi va rivojlanishi uchun, ularni ta’lim olishiga, sog‘lig‘ini saqlashda, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi” deyilganining zamirida yoshlarning huquqiy va ijtimoiy muhofaza qilish, iste’dodini qo‘llab-quvatlash turganligiga amin bo‘lamiz.
Yangi Konstitutsiya Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida yangi davrni boshlab beradi. “…. Xalq deputatlari Kengashiga uning deputatlari orasidan qonunga muvofiq saylanadigan rais boshchilik qiladi. Viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari Kengashining raisi lavozimini egallashi mumkin emas…” deb 120- moddasida ko‘rsatib o‘tilganligi davlat boshqaruvini yanada demokratlashtirish, davlat hokimiyati sub’ektlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy islohotlarni amalga oshirish, mamlakatni yangilash, modernizatsiya qilishda parlament hamda jamoat nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Yangilangan Bosh Qomusimizda inson va fuqaroning huquq, erkinlik va majburiyatlari tenglik hamda teng huquqlilik asosida amalga oshiriladi. Shunday ekan, uning har bir moddasi inson qadr-qimmatini himoyalaydigan, Yangi O‘zbekistonning yangi taraqqiyotini belgilab beradigan Konstitutsiya to‘g‘risidagi referendumda “Yangi O‘zbekistonning yangilanayotgan konstitutsiyasi – mening konstitutsiyam” deb g‘urur va iftixor bilan qatnashaman.
Sardorbek Qosimov,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi,
Xalq deputatlari Andijon tumani
Kengashi deputati.
O‘zA
Yangilanayotgan Konstitutsiya – mening Konstitutsiyam