Yalmog‘iz kampir to’liq malumot oling

Yalmog‘iz kampir to’liq malumot oling

Bor ekanda, yo‘q ekan, och ekanda, to‘q ekan. Burungi zamonda chol-u kampir bor ekan. Bularning bir o‘g‘li bor ekan. O‘g‘lining bir oltin soqqasi bor ekan. Kunlardan bir kun tirama bo‘lib sovuq tushib qolibdi. Bular yaylovdan qishloqqa ko‘chibdi. Bolaning oltin soqqasi yaylovda esidan chiqib qolibdi. Keyinchalik esiga tushib:
— Ena, ena, oltin soqqam qayerda? — debdi. Enasi:
— Otangdan so‘ra, — debdi. Bola otasi oldiga borib:
— Ota, ota, oltin soqqam qayerda? — debdi. Otasi:
— Ey, bolam, yaylovda qolibdi, ola toyingni minib, olib kela qol, — debdi.
Bola darrov ola toyni egarlab, ustiga minib, yaylovga qarab otini choptirib ketibdi. Kun ham botay deb qolibdi. Yaylovga borsa, bir yalmog‘iz kampir bolaning oltin soqqasini o‘ynab o‘tirgan emish. Bola kampirni ko‘rib qo‘rqib, orqasiga qaytay desa, oltin soqqasini ko‘zi qiymabdi. Shu turgan joyida yalmog‘iz kampirdan:
— Oshig‘imni bering, — deb so‘rabdi. Yalmog‘iz kampir:
— Ey, bola, men o‘zim o‘lib borayotgan kampirman, oshig‘ingni olib berguday holim yo‘q. O‘zing toyingdan tushib ol, — debdi. Bola toyidan tushishga kampirdan qo‘rqib:
— Olib ber, deyman, — deb kampirning yaqinrog‘iga toyni hezlab boribdi. Kampir yana:
— O‘zim o‘lib borayotibman, senga soqqani olib berishga holim kelmaydi, mana, o‘zing ola qol, — deb soqqani beriroqqa qo‘yibdi. Bola toyini hezlab kelib oltin soqqani olib qochibdi. Yalmog‘iz kampir dadil o‘rnidan turib bola orqasidan quvib ketibdi. Bola toyini choptirib qocha beribdi. Yalmog‘iz kampir quva beribdi. Ola toy charchab qolib, yalmog‘iz kampir bolaning orqasidan yetay deb qolibdi. Oqshom o‘tib tong otay deb qolibdi. Bolaning oldidan bir yaxshi to‘qimlangan eshak chiqib qolibdi. Bola toyni shu yerga tashlab, eshakka minib yana qocha beribdi. Eshak ham charchab, yalmog‘iz kampir yetay deb qolibdi. Bolaning oldidan egar-yuganlangan bir yaxshi ot kishnab chiqib qolibdi. Bola eshakdan tushib, otga minib yana qocha beribdi. Yalmog‘iz kampir quvlayveribdi. Shu kuni oqshomgacha chopib, ot ham charchab qolibdi. Yalmog‘iz kampir yana bolaga yetay deb qolibdi. Bola oldidan jihozlangan nor tuya chiqib qolibdi. Bola otni shu yerga tashlab, tuyani minib qochibdi. Kampir quva beribdi. Shu kuni tuni bilan yurib tuya ham charchab qolibdi, yalmog‘iz kampir ham yetay deb qolibdi. Bir joyga borsa, yo‘lda ko‘p poda uchrabdi. Bola tuyani shu yerga tashlab, poda ichiga kirib minay desa, hech qaysisi mindirmabdi. Bolaning ko‘ziga bir buzoq ko‘rinibdi. Bola borib darrov buzoqqa minib qochaveribdi. Kuni bilan qochib, kun kech bo‘lib qorong‘i govgum bo‘lib qolibdi. Kampir yana yetay deb qolibdi. Buzoq og‘zini ochib nafasini yuborgan ekan, tuman tushib qolibdi. Yalmog‘iz kampir bolaning qorasini ko‘rmay adashibdi. Buzoq bolani bir tog‘ning kamariga olib boribdi. Bola buzoqning ustidan tushib, belidagi kamari bilan buzoqni bog‘lamoqchi bo‘libdi. Buzoq bolaga:
— Meni bog‘lama, men hech qayerga ketmayman, sen bilan jo‘ra bo‘laman, — debdi. Bolaning qorni ochib, uyidan beliga o‘rab chiqqan nonidan yeb, qolganini yana beliga tugib qo‘yibdi. Shu yerda bola bilan buzoq uxlab, oqshom o‘tib tong otibdi. Buzoq o‘tlab kelaman deb tog‘ ustiga chiqib ketibdi. Tog‘ga chiqib qarasa, tog‘ning narigi tomonida katta qo‘rg‘on, atrofi mevazor ekan. U yerga har yili yozda podshoh ko‘chib kelib shikor qilar ekan. Buzoq o‘tlab-o‘tlab shu podshohning qo‘rg‘oniga borib qolibdi. Podshoh qizining qirqta cho‘risi bor edi, hammasi ham sho‘x-sho‘tanoq qizlar edi. Buzoqni ko‘rib ushlab olishdi. Ustiga chopon solib minib, hovlining ichida u yoqdan-bu yoqqa o‘ynay boshlashdi. Podshohning qizi ko‘shkida o‘tirib bularni tomosha qilayotsa, cho‘rilar kelib:
— Siz ham buzoqqa mining, — deyishdi. Podshohning qizi buzoqqa minishni nomus qilib:
— O‘zlaring minib o‘ynay beringlar, men shu yerda tomosha qilib qarab o‘tiraman, — dedi. Cho‘ri qizlar yana:
— Mining, juda mingich ekan, — deb qo‘ymagandan keyin:
— Ha, bir minib ko‘ray-chi, — deb buzoq ustiga minibdi. Buzoq hozlining goh u boshiga, goh bu boshiga yo‘rg‘alab yuribdi. Podshohning qizi:
— Ha, bu juda yuvoshgina buzoq ekan-da, — deb kechgacha buzoq ustida yuraveribdi. Kun kech bo‘lganda buzoq chopib darvoza oldiga borib, bir og‘zini ochib, nafasini chiqaribdi. Tuman tushib, cho‘rilarning ko‘ziga podshohning qizi ko‘rinmay qolibdi. Buzoq podshoh qizini olib, tog‘dan oshib, do‘stining oldiga qizni olib kelib:
— Mana, bu qizni senga olib keldim. Endi meni so‘y, ikki ko‘zimni bir joyga, butun tanamni bir joyga ko‘m, — debdi. Bola buzoqning gaplarini qulog‘iga olib buzoqni so‘yibdi. Butun tanasini bir joyga, ikki ko‘zini bir joyga ko‘mibdi. Bola bilan qiz ertasi uyqudan tursa, buzoqning ikki ko‘zi ikkita tozi bo‘libdi, butun tanasi yaxshi bir hovli bo‘libdi. Ravotning ichiga har turli kashtali gilamlar to‘shalgan, har xil jihozlar bilan yasatilgan. Qiz bilan yigit shu ravotda yashay beribdi. Yigit ikkita tozi itini ovga olib chiqibdi. Ovlab borib bir daryo labiga kelib qolibdi. Qarasa, daryo labida yalmog‘iz kampir turibdi. Yalmog‘iz kampir bolani ko‘rib, qochib suvga tushib ketibdi. Bola tozilariga:
— Ol, shu kampirni, qo‘yma! —debdi. Tozilari bolaga qarab:
— Biz suvga tushamiz, suvning betiga qon chiqsa, quvonaver, yiring chiqsa, yig‘layver, — deb yalmog‘iz kampir orqasidan suvga tushib ketibdi.
Oradan ancha vaqt o‘tgandan keyin, suvning betiga yiring chiqibdi. Bola yiringni ko‘rib yig‘layveribdi. Darrov suvning betiga qon chiqib, daryoning hamma suvi qip-qizil bo‘lib ketibdi. Bola quvonib tursa, tozisi yalmog‘iz kampirning ikki oyog‘idan sudrab chiqib qolibdi. Bolaning dushmani o‘lib, quvonib ravotiga qaytibdi. Qarasa, uyida mehmonlar. Podshoh qizini izlab amaldorlari bilan kelib qolgan ekan. Podshoh sevinib qizini to‘y-tomoshalar bilan bolaga nikohlab beribdi, uni o‘z taxtiga o‘tqazibdi. Bir kuni bolaning ota-onasi ham o‘g‘lini qidirib yurib shu ravotga kelib qolibdi. Chol bilan kampir shunday baxtga erishgan bolasini ko‘rib, vaqtlari chog‘ bo‘libdi, yaxshi kelin topib murod-maqsadlariga yetibdi.

Ertaklar
Yalmog‘iz kampir