Xurshid Davron. Xotira she’rlari to’liq malumot oling

Xurshid Davron. Xotira she’rlari to’liq malumot oling

Xurshid Davron
Mundarija скрыть

XOTIRA SHE’RLARI

Xurshid Davron. Xotira she’rlari

1941 YIL. 22 IYUN`. TONGOTAR

Ularni otishdi tong pallasida…

Otasin qo’lini ushlagan go’dak

Miltiqlarga qarab sekin so’radi,

So’radi: «O’q tegsa og’rirmi, dada?»

Uning ovozini bosdi guldurak…

Bahorda jarlikni qoplar o’t-o’lan,

O’tlar uzra suzib o’tar oq bulut

Va shunda bir chechak achchiq dard bilan

Tinmasdan shivirlar: «Og’rirkan, dada!»

Bu nola hech qachon bo’lmaydi unut…

* * *

Ikkinchi jahon urushida halok bo’lgan Nuriddin tog’amga

…Sovuq shamol meni quvadi,

Sokin shahar ko’chalarida.

Qizlar esa meni sevadi

Olis bahor kechalarida.

Sizni sevgan u qiz tirikmi?

Qiynaydimi xotira rasmi?

Tunlar uning boshi egikmi,

Nuriddinmi o’g’lining ismi?

1977

* * *

Qo’shoq aka, uxlamaysiz,

Qishning uzun kechasi,

Yoki o’ylab qiynalarsiz

Qo’ldagi o’q parchasin.

Rajab aka, siz ham uyg’oq,

Yengolmassiz qiynoqni,

Sog’indimi yo o’ng oyoq

Kesilgan chap oyoqni.

Yarim tunda, qishloq aro

Uchar g’amgin xayollar,

Erlarini, o’g’illarin

Yod etadi ayollar…

1972

* * *

Beva hovlisiga tun oldin kirar,

Quyuqlashib borar dilda xotira.

Devorda, suratda: bir yigit kular,

Yonida jilmayar bir qiz bokira.

Beva eng chiroyli ko’ylagin kiyib,

Ochiq derazadan termular g’amgin.

Xona burchagida g’amdan entikib,

Eski plastinka g’ijillar tag’in.

Oqshomlari qiyin bo’lar bevaga:

Xotiralar dilga kirar quralash.

Og’ir bo’lsa hamki, tasvir bo’lsa ham

Suratga jilmayar ko’z yosh aralash.

1974

FRONTOVIK HAQIDA BALLADA

Urr-a-a!

Qichqirar, bo’g’ilar yarim tunda u,

Xotini dahshatdan turadi sapchib.

U esa emaklar, (emaklaydi tun),

Yelkada yarador do’stin opichib.

Tun uyqusiraydi.

Tun baqiradi:

“Batal`on, orqamdan!”

Ingraydi asta.

Kimnidir bo’g’ilib u chaqiradi.

Eski yaralarning kuyi ostida

Va yana oldinga, yana oldinga,

Musht bo’lib tugilar titroq qo’llari.

Xira qorachiqdan kinolentadek

O’ta boshlar olis urush yo’llari.

Xotini uyg’otar…

Biroq urushning

Vahmidan qutulib ketolmas qalbi.

Qo’lda papirosning rangin qutisi

G’ijimlanar so’nggi oboyma kabi.

1975

JIGARLARIM

Vatan chegaralarini himoya qilib qurbon bo’lgan o’zbek o’g’lonlari xotirasiga

Vatan uchun jonin bergan jigarlarim,

Hurlik uchun qonin bergan jigarlarim,

Xoinlarni itday qirgan jigarlarim,

Unutmaydi nomingizni ona Vatan.

Volidangiz:«Farzandimdan roziman» — der,

Rizoligin aytar sizga shu ona yer,

Ey,Boburjon, ey,Ulug’bek, ey Alisher,

Nomingizni unutmaydi ona Vatan.

Ortingizda o’zbek degan millat qoldi,

O’zbekiston degan ulug’ davlat qoldi,

Sizdan meros jasoratu shiddat qoldi,

Sizni aslo unutmaydi ona Vatan.

Siz tufayli uyim tinchdur,baxtim omon,

Siz tufayli kunlar kelar dorilomon,

Ey G’afurjon, ey Mahmudjon, ey Elomon,

Unutmaydi,unutmaydi sizni Vatan.

Sadoqatni jo aylab siz dilingizga,

Belbog’ boylab shijoatdan belingizga,

Ko’kragingiz qalqon bo’ldi elingizga,

Sizni abad unutmaydi ona Vatan.

Toki o’zbek, O’zbekiston dunyoda bor —

Sizlar ila qilar faxr va iftixor,

Ey Qahramon, ey Ma’rufjon, ey Sayyor,

Unutmaydi, unutmaydi sizni Vatan.

Haqqingizga duo aytar Temur bobo,

Duo aytar To’marisdek qutlug’ momo,

Duo aytar qoningizni ichgan giyoh,

Unutmaydi nomingizni ona Vatan.

Endi sizga Alpomishlar yo’ldoshu yor,

Endi sizga abadiyat aytar alyor,

Ey Yunusbek, Abduxalil, ey Doniyor,

Unutmaydi,unutmaydi sizni Vatan.

Vatan uchun shahid ketgan jigarlarim,

Or-nomusni baland tutgan jigarlarim,

Abadiyat sari ketgan jigarlarim,

Unutmaydi nomingizni ona Vatan.

XOTIRA MAYDONI

Serzarda zamonlar o’tdilar qator,

O’tdilar yillaru oylar rang-barang.

Moziydan bugunga yetmasdi ovoz,

Bo’lmaganda ,xalqim,sening xotirang.

Sen o’zing naqsh etding hayot qissasin,

Sen o’zing so’ng uni aylading bayon.

Olis bobolarning bosgan har izin

O’zing avlodlarga etding namoyon.

Dillardan zulmatni quvay deb yongan

Navoiy qalamin yoritgan chiroq,

Hazrat Sohibqiron tuzuklaridan

Ko’chib,fikrlarni yoritgan chaqmoq,

Ona To’marisning shonli qismati,

Jaloliddin tig’i taratgan jarang,

Bizning yurakkacha, balki, yetmasdi,

Bo’lmaganda,xalqim,sening xotirang.

Imom Buxoriyning shaffof imoni,

Ulug’bek fikrida balqigan yulduz,

Mahmud Torobiyning muqaddas qoni

Sening xotirangda saqlanar hanuz.

Shu bois nomingni yo’q etay deya

Yovlaring xotirang buzmoqchi bo’ldi,

Yolg’onu tuhmatlar, uydirma ila

Tarixing qaytadan tuzmoqchi bo’ldi.

Seni johil dedi,savodsiz dedi,

Aldamoqchi bo’lib butun dunyoni.

Dunyo bilar edi — unga sen berding

Buyuk Xorazmi-yu ulug’ Sinoni.

Istiqlol bayrog’i yuksaldi baland,

Yana nasib bo’ldi ozod istiqbol,

Uch ming yillik ko’hna tarixingni ham

Bag’ringga qaytardi shonli istiqlol.

Istiqlol qadimiy o’zbek nomini

Qaytadan kashf etdi ahli jahonga.

Qadrlab har mudom o’zbek shonini,

Dunyoni qaratdi O’zbekistonga.

Dilda Xotirani imondek saqlang,

Dilda bo’lsin ota- onaning yodi.

Chechakday ko’karsin qalblar bog’ida

Olis ajdodlarning so’ngan hayoti.

Unutmang,yashamay yigit yoshini,

Bo’sa mazasini bilolmay hatto,

Necha erlar yerga qo’ydi boshini

Jonini yurtiga qilgancha fido.

Ularning yodini e’zozlab yashang,

Safda yurganlarni qadrlang mudom.

Xotira maydonin lavhalarida

Bitilsin har bitta unitilgan nom.

Motamsaro Ona qoshiga boring,

Yashirmay ko’zlardan oqqan yoshingiz.

Shahidlar yodini eslab,bir lahza

Oyog’i ostiga qo’ying boshingiz.

Xotira bor ekan,tirikdir millat,

Tirikdir iftixor,tirikdir g’urur.

Xotira — elni xalq etguvchi qudrat,

Xotira — ertani yoritguvchi nur.

Hatto maysaning ham xotirasi bor,

Maysa xotirasi — nurga intilmoq.

Ko’karsa — ikkiga bo’lib tashlaydi

Yo’lining ustida tursa hatto tog’.

To quyosh osmonda porlab turarkan,

Osmonday mangusan,ey, ona xalqim!

Har bir fojiaga,har bir sharafga,

Baho bermoqqa ham yolg’iz sen haqli!

Zamonlar o’tajak quyun singari,

Necha yulduz so’nib,tamom yitajak.

Sening yoding borki,yorug’ kunlarga

Bizning ko’zlar ila boqar kelajak.

Ishonaman, o’sha olis ertada —

Fasli novbahorning mas’um pallasi

Xotira bog’iga kelib bosh egar

Olis kelajakning erka bolasi.

Uning ko’zlarida yongan shuurda

Navoiy hikmatin nuri ko’ringay,

Uning yuragida jo’shgan g’ururda

Bobolar yuragin qo’ri ko’ringay!

xurshid davron xotira sherlari 3

Sherlar
Xurshid Davron. Xotira she’rlari